Investitsiyalarni jalb qilish telekommunikatsiya xizmatlari rivojining muhim omilidir («O‘zbektelekom» AK misolida)
04.06.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Valixon Usmonov, Husanboy Ismailov.

Investitsiyalar iqtisodiyotning o‘sishini va ishlab chiqarishning rivojlanishini ta’minlovchi muhim omildir. Iqtisodiy islohotlarning samarasi oqilona va to‘g‘ri investitsiya siyosatini o‘tkazishga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Buning uchun ichki sarmoyalarni ham, tashqi kreditlarni ham, bevosita investitsiyalar va ularning barcha manbalarini ham ishga solish zarurdir. Bozor iqtisodiyoti sharoitida investitsiyalarni loyihaviy moliyalashtirish moliyalashtirishning eng taraqqiy etgan zamonaviy shakllaridan biridir.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga, shu jumladan, uning jadal rivojlanib kelayotgan — telekommunikatsiyalar sektoriga investitsiyalarni jalb qilishga yo‘naltirilgan choralarni amalga oshirish natijasida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Respublikada qulay investitsiya muhitini yaratuvchi «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida», «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida», «Chet ellik investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlari va choralari to‘g‘risida»gi Qonunlar kabi qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi, ular tomonidan chet ellik investorlarning huquqlari va kafolatlari hamda chet ellik investitsiyalar bilan korxonalar uchun qator imtiyozlar belgilab qo‘yildi, shu jumladan:

  • xususiy mulkning saqlab qolinishi kafolati, chet ellik investorlarning mablag‘laridan foydalanish va o‘tkazilishi, investitsiya faoliyati to‘xtatilgan hollarda mablag‘larning qaytarilishi;
  • soliqlar bo‘yicha qator imtiyozlar belgilab qo‘yilgan, misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarga kapital mablag‘lar kiritishni amalga oshiruvchi, chet el investitsiyalari bilan ishlab chiqarish korxonalarining ro‘yxatga olinishi kunidan birinchi yetti yil muddatga daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi va boshqalar.

O‘zbekistonning tuzulmaviy investitsiya siyosati qator vazifalar majmuini hal etishga qaratilgan bo‘lib, ularning eng muhimlari quyidagilar hisoblanadi:
1. Bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, korxonalarga yordam berish.
2. Iqtisodiyotning bir qancha istiqbolli tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va tarmoqlarni yaratish.
3. Ishlab chiqarishni texnologik qayta qurollantirishni rag‘batlantirish.
4. O‘tkazilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida iqtisodiy hayotimizda tadbirkorlik, innovatsion, investitsiya, lizing, auditorlik, dilerlik kabi yangi faoliyat turlarining vujudga kelishini ta’minladi.
5. Barcha korxonalarning faoliyati u yoki bu darajada investitsiya jarayoni bilan bog‘liqdir.

Xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimining muhim va barqaror sur’atlarida o‘sib borayotgan muhim tarkibiy qismlaridan biri xalqaro investitsiyalar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, mamlakatimizning salohiyati, qudrati va iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan navbatdagi muhim ustuvor yo‘nalish — bu asosiy yetakchi sohalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, transport va infratuzulma kommunikatsiyalarini rivojlantirishga qaratilgan strategik ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun faol investitsiya siyosatini olib borishdan iborat».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 20-iyul PQ-672 sonli «2007–2010 yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va chel el investitsiyalarini faol jalb etish bo‘yicha choralar to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, «O‘zbektelekom» AK iqtisodiyotning yetakchi sohalari aksiyadorlik jamiyatlari ro‘yxatiga kiritildi. Ularning aksiyalar davlat paketi, shu jumladan, nazorat paketi 2007–2010 yillarda Davlat tender komissiyasi qarori asosida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatbardosh, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha aniq investitsiya majburiyatlari bo‘yicha ommaviy savdolarda sotilishi kerak.

«O‘zbektelekom» AK bugungi kunda telekommunikatsiya faoliyatining barcha turlariga, shu jumladan, mobil, shaharlararo va xalqaro aloqa faoliyatiga 15 yillik muddatga litsenziyalarga ega. «O‘zbektelekom» AK o‘z tarmoqlari bilan O‘zbekiston Respublikasining deyarli butun hududini qamrab olgan. Kompaniyaning mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘i 1,9 mln.dan ortiq raqamli sig‘imga ega bo‘lgan 2 mingdan ortiq ATS’larga ega bo‘lib, ularning 90 foizi raqamli hisoblanadi. Mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarni raqamlashtirish elektr aloqasi tarmoqlari faoliyati sifatini ancha oshirishga imkon berdi. Tarmoq abonentlariga xizmatlarning yangi turlarini taqdim etishni ta’minladi hamda foydalanuvchilar keng doirasiga Internet tarmog‘iga yuqori tezlikda kommutatsiyali ulanishni tashkil etishga imkon berdi.

Quyida «O‘zbektelekom» AK’da keng polosali ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish loyihalari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. 2013–2014 yillarda «O‘zbektelekom» AK’da amalga oshirilgan tadbirlar:

  • Keng polosali tarmoq sig‘imi 184 foizga kengaytirilib, 696 545 portga yetkazildi, jumladan:
    • Buxoro viloyati — 22 784 port (o‘sish 173 foiz);
    • Xorazm viloyati — 12 518 port (o‘sish 105 foiz);
    • Farg‘ona viloyati — 26 256 port (o‘sish 197 foiz);
    • Toshkent shahar — 76 416 port (o‘sish 215 foiz).
  • 4 000 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurildi.
  • Toshkent shahrida bir vaqtda foydalanuvchilarga 128 ming zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini yetkazib berish imkoniyatini beruvchi qurilmalar ishga tushirildi.
  • Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi natijasida aholiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini yetkazib berish tezligi 20 barobarga (100mbit/s.) oshirish imkonini berdi.
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq