“Aloqa tarixi muzeyi”da xalqaro muzeylar kuni nishonlandi
04.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov.

aloqa_4_06_2015

Muzeylar aholi vakillari va mamlakatimizga tashrif buyurgan mehmonlarni quvonch bulan kutib oluvchi madaniy maskanlardan hisoblanadi. Respublikamiz poytaxti va turli shaharlarida ko‘p sonli muzeylar mavjud. O‘zbekistonimizdagi muqaddas asori-atiqalar qatorida, Toshkent shahridagi “O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi”, “Temuriylar tarixi Davlat muzeyi”, “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi”, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”, Termizda “Arxeologiya muzeyi” va boshqa muzeylar mamlakatimiz faxriga aylangan qadamjolardir. “Aloqa tarixi muzeyi” tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, yuqorida tilga olingan madaniy muassasalar qatoridan munosib o‘rin egallashga muyassar bo‘layotgan muassasadir. Jahondagi barcha muzey mutaxassis-xodimlari safida “Aloqa tarixi muzeyi” xodimlari tomonidan ham soha bayrami – Xalqaro muzeylar kuni munosib nishonlandi.

Ma’lumki, an’anaviy ravishda, har yil 18-may kuni jahondagi barcha muzeylar tashrif buyuruvchilarga o‘z eshiklarini mutlaqo bepul ochadi hamda bayram ruhi aks etgan ko‘rgazma zallarida eksponatlarni tanishtiradilar. Ushbu kun «Muzeylar — bu madaniyat almashinuvi, madaniyatni boyitish hamda o‘zaro hamfikrlilikni rivojlantirish va turli jahon xalqlari hamkorligining muhim vositasi» shiori o‘z mazmun-mohiyatini to‘liq oqlaydi. 18-may xalqaro muzeylar kunidir. Mazkur kasbiy bayramga bag‘ishlab, muzeylarda yangi ko‘rgazmalar, festival, mavzuli leksiyalar, sayohat, ilmiy anjumanlar, bolalar bilan maxsus mashg‘ulotlar, muzey-teatrlashgan tomoshalari tashkil etiladi.

aloqa_4_06_2015_1

Xalqaro muzeylar kuni butun dunyoda, 1977-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan — Xalqaro muzeylar kengashining XI ICOM (International Council of Museums) bosh konferensiyasi qaroriga muvofiq nishonlanib keladi. 1977-yilda Xalqaro muzeylar kuni barcha uchun qiziqarli mavzular sharhi bilan boshlab bergan. Masalan, 1997–1998 yillarda «Madaniy qadriyatlarni noqonuniy joylashtirilishiga qarshi kurash», 2005-yilda: «Muzey — madaniyatlararo ko‘prikdir», 2010-yilda: «Muzey ijtimoiy manfaat uchun» 2011-yilda: «Muzey va xotira», 2012-yilda esa: «Muzey o‘zgaruvchan olamda» mavzularida nishonlangan. 18-may allaqachon — Xalqaro muzeylar kuni sifatida an’anaga aylangan bo‘lib, bu kunda barchaga bepul ommaviy hordiq taqdim etiladi. Muzey bayramida hatto ish kuni bo‘lsada, doim juda ko‘p tashrif buyuruvchilar keladilar.

aloqa_4_06_2015_2

Barcha muzey va tarixiy madaniy yodgorliklarda bayramona ruh bilan tashrif buyuruvchilarni kutib oladilar. Bu yil Xalqaro muzeylar kuni bayrami jahon miqyosida nishonlanayotganiga 38 yil to‘ldi. Ma’lumki, muzeylar tarixiy, ilmiy va ma’naviy yodgorliklarni to‘plash, o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish ishlarini amalga oshiruvchi ilmiy-ma’rifiy muassasa bo‘lib, ekspozitsiya va ko‘rgazmalari vositasida tarbiyaviy sohaga o‘z hissasini qo‘shishdan tashqari, madaniy zavq ham ulashadi. Aynan 18-may kuni odamlar mazkur madaniyat muassasasiga quvonch bilan keladilar, yanada ko‘p axborot, bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lib, ko‘ngilli dam olib ketadilar. Muzey xodimlari doim tashrifchilarni xursandlik bilan kutib oladilar, biroq bayram kunida o‘zlarining o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyatlarini boshqalar bilan bo‘lishadilar.

Tarixdan ma’lumki, jahonda ilk muzey miloddan oldin III asrda Iskandariyada — qadimiy san’at yodgorliklari jamlanmasi sifatida tashkil etilgan. Bu davrga qadar ham turli yo‘nalishlarda, hukmdorlarning saroylari, aslzodalarning qasrlarida o‘z-o‘zidan noyob buyumlar va hujjatlarning to‘plamlari tashkil etilib turilgan. Masalan, rimliklar yunon ustalari yasagan buyumlarni nihoyatda qadrlaganlar hamda noyob amaliy san’atning turli asarlarini yig‘ib borganlar. Uyg‘onish davridagi nodir asarlarni, eng avvalo, qadimiy antik davrga oid asarlarni jamlash qayta tiklandi, keyinchalik mashhur muzeylarning o‘zagini tashkil etgan badiiy boyliklarni ongli ravishda to‘plash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. «Muzeum» atamasi paydo bo‘lgan.

aloqa_4_06_2015_3

Muzeum (lotin tilidan — museum) — ko‘p ma’noli tushuncha bo‘lib, san’at, fan yodgorliklari, qadimiy va nodir buyumlarning jamlanmasi mazmunini anglatadi. XVII–XIX asrlarda, ayniqsa, XX asrda yuz bergan tarixiy voqealar jamiyat hayotining barcha sohalari qatorida, muzeylar faoliyatiga ham o‘zgarish kiritdi. Dastlab ular faqat «alohida insonlar» uchun taqdim etilib, keyinchalik aholining barcha qatlamlari uchun barobar o‘z eshiklarini ochdi. Markaziy Osiyoda bugungi ma’nodagi muzeylarni, eng avvalo, arxeologiya, etnografiya, tasviriy san’at bo‘limlariga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi hamda san’at ko‘rgazmalarini tashkil etgan olimlarning sa’y-harakatlari bilan XIX asrning oxirida paydo bo‘ldi.

Mamlakatimizda muzeyshunoslik sohasining rivojlanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1998-yil 12-yanvardagi PF-1913-sonli «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq amalga oshirildi. Mazkur Farmon mamlakatimizdagi muzeylar soni va xizmat ko‘rsatish sifatining oshishi va soha ravnaqiga keng yo‘l ochib berdi. Farmondan ko‘zlangan maqsad: Respublikadagi barcha muzeylarni yagona bir tizimga birlashtirishdan iborat edi.

Mazkur muhim hujjatga muvofiq «O‘zbekmuzey» jamg‘armasi tashkil etildi va o‘z faoliyatining birinchi kunlaridanoq asosiy vazifalarni belgilab, amalga oshira boshladi. Oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga joriy etilishi bilan muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash yuzasidan bir qator ishlar olib borila boshlandi. Jumladan, Respublika «O‘zbekmuzey» jamg‘armasi tomonidan 2002-yil 16-mayda «XXI asrda O‘zbekiston muzeylari» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Muzeylarni milliy istiqlol g‘oyasiga asoslanib jihozlanishining ahvolini o‘rganish va bu borada ularga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi 2002-yil 11-iyundagi 07/105-282-sonli Qarori respublikamizdagi barcha muzeylarning faoliyatini o‘rganishga qaratildi. Shu bilan birga, muzeylar faoliyatini yanada yaxshilash, ularni zamonaviy shart-sharoitlar bilan ta’minlash masalasiga katta ahamiyat qaratildi.

2008-yil sentabr oyida qabul qilingan «Muzeylar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muzeylar faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. Ushbu Qonun bilan muzeylar tashkil etishning maqsadlari, davlat organlarining muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. Unda belgilangan vazifalar asosida yurtimizda mavjud muzeylar tizimini yanada takomillashtirish, ularning xalq, xususan, yosh avlod ma’naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzey zaxiralarida saqlanib kelinayotgan nodir eksponatlarni avaylab-asrash, o‘rganish, boyitib borish, jahon miqyosida olib chiqish va targ‘ib etish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, o‘quvchi-yoshlarning tarixiy bilimlarni egallashida muzey boyliklarining ahamiyati katta. Shu ma’noda ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ishlari samara bermoqda. Muzeylarda turli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi. Kasb-hunar kolleji hamda akademik litseylar bilan hamkorlikda olib borilayotgan mashg‘ulotlar o‘quvchi-yoshlarning milliy tariximizga oid bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muzeylar o‘tmish va bugunni bog‘lovchi ko‘prik sifatida beqiyos ma’naviy-ma’rifiy manbalar jamlanadigan muassasadir. Shu boisdan, mamlakatimizda mazkur soha rivojiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Fan, madaniyat, san’at va tarix sohalariga oid noyob eksponatlar yig‘ilgan yuzlab muzeylar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Muzeylarni tarixiy shaxslar va voqea-hodisalarni o‘rganish uchun ma’lumotlar majmuasidan tashkil etilgan asosiy markaz deb atash mumkin.

Muzeylarga istiqlol g‘oyalariga muvofiq ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va tarbiya muassasasi sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. «Aloqa tarixi muzeyi» ham shunday muassasalardan biri sifatida tashkil etilgan. O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasining tarixi hamda merosini o‘rganish, rivojlanishining tarixiy bosqichlari bo‘yicha targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, texnika vositalarining namunalari, fotolavhalari va boshqa eksponatlarni to‘plash, ularni avaylab-asrash, boyitib borish hamda namoyish etish maqsadida, sohaning yetakchi korxonalari, jamiyatlari va tashkilotlari, milliy va taniqli aloqa operatorlarining homiyligi asosida 2008-yilda «Aloqa tarixi muzeyi» binosining qurilishi boshlanib, 2009-yilda bitirildi va talabga muvofiq jihozlandi. Muzey rasman 2009-yilning 24-oktabr kuni ochildi va o‘z faoliyatini yurita boshladi. Muzey binosi 3 qavatdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 2654,1 m2., shu jumladan, ekspozitsiya — ko‘rgazma zallarining umumiy maydoni 1465,7 m2.ni tashkil etadi. Binoning birinchi, ikkinchi va dastlabki qavatida eks-pozitsiyalar o‘rnatildi, asosiy ko‘rgazma zali ikkinchi qavatda joylashgan. Binoning uchinchi qavatida 40 nafar kishiga mo‘ljallangan konferents-zal va 130 nafar kishiga mo‘ljallangan katta zal joylashgan. Viktorina o‘tkazish uchun kompyuter xonasi tashkil etilgan.

Muzeyning asosiy vazifasi — bu turli toifalardagi tashrifchilarni, ayniqsa, o‘smir-yoshlarni muzeyga jalb qilib, ular uchun sifatli va qiziqarli ekskursiyalar olib borishdir. Bu borada muzey xodimlari tomonidan quyidagi ishlar olib borilmoqda: soha tizimidagi o‘quv muassasalari bilan tashrif jadvallari tuzildi; tizimdagi ayrim kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bilan muzey pedagogikasi elementlarini bosqichma-bosqich tatbiq etish yuzasidan Kelishuv loyihasi ishlab chiqildi va ko‘rib chiqish uchun rahbarlariga yuborildi; TATU talabalarining bitiruv malakaviy ishlarini muzey bilan bog‘liq holda, amalga oshirilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida Universitet bilan hamkorlik shartnomasi imzolanib, dastlabki mavzular va yo‘nalishlar loyihasi muzey tomonidan taqdim etildi hamda 2015-yil uchun chora-tadbirlar rejasi imzolanib, ishlar boshlab yuborildi; muzey xodimlari tomonidan TATU bitiruvchi bosqich talabalariga «Muzeydagi o‘tgan asr 40–60 yillari radiolarini zamonaviy FM to‘lqinlariga moslashtirish» mavzusida taqdimot, taqdim etildi, hozirgi vaqtda ishning dastlabki bosqichi amalga oshirilmoqda. Muzeydagi eksponatlar soni 2015-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, 6307ta bo‘lib, undan namoyishga qo‘yilgan eksponatlar soni 4743tani tashkil etadi.

Hozirgi davrda kundalik hayotimiz axborot texnologiyalari taqdim etayotgan imkoniyatlar va yuqori tezlikda ishlovchi turli aloqa vositalari bilan boyib bormoqda. Mazkur texnika vositalarining bugungi kungacha bosib o‘tgan tarixiy yo‘li haqidagi axborotlarni o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish maqsadida, Toshkent shahrida joylashgan umumta’lim maktablari bilan hamkorlik o‘rnatilib, muzey va uning ekspozitsiyalari yaqindan tanishtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Muzeylarni qo‘llab-quvvatlash respublika «O‘zbekmuzey jamg‘armasi» tavsiyasiga muvofiq, madaniy-ma’rifiy va ta’lim faoliyatini amalga oshirishga zarur shart-sharoit yaratish yuzasidan samarali ishlar olib borilmoqda. Bu borada, Germaniya, Rossiya, Koreya muzeylarida yo‘lga qo‘yilgan muzey pedagogikasiga oid ishlar va orttirilgan tajribalari o‘rganilib, ularni o‘z amaliyotimizda amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Tashrifchilarning O‘zbekiston va jahon muzeylariga qiziqishlarini inobatga olgan holda, muzeyda 25–30 nafar kishiga mo‘ljallangan kinozal tashkil etilgan bo‘lib, tegishli texnik uskunalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda O‘zbekistondagi qadimiy me’moriy obidalar, muzeylar hamda eng sara jahon muzeylari haqida ma’lumot beruvchi videoroliklar va videofilmlar yig‘ish ishlari olib borilmoqda, shuningdek, tashrifchilarning xohishiga ko‘ra namoyish etish imkoniyatlari yaratilmoqda. Muzey binosining dastlabki qavatida texnik kutubxona tashkil etilgan. Texnik kutubxona fondidan o‘tgan asrda chop etilgan o‘quv qo‘llanmalar, sohaga oid kitoblar, texnik jurnallar va boshqa nashrlar o‘rin olgan. Muzey zamonaviy usulda barpo etilgan bo‘lib, eng yangi texnika vositalari bilan jihozlangan. Tomoshabinlar multimedia-axborot bazasi va teleekranlardan foydalanadilar. Ularga muzey ekspozitsiyalariga oid axborot bazasi va videoroliklar joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 12-apreldagi 68-sonli qarori bilan tasdiqlangan bir qator normativ-hujjatlar talablariga muvofiq Muzeyda saqlanayotgan muzey ashyolari va kolleksiyalarini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda. Axborotga boylik va qo‘shimcha bilimlarni berish usulining soddaligi har qanday muzey ekspozitsiyasiga nisbatan qo‘llaniladigan asosiy mezon hisoblandi. Muzey pedagogikasi odamlarni muzeyga jalb etishni maktab yoshidan ilgariyoq, boshlamoq, lozim deb hisoblaydi. O‘z mamlakati, shahari, qishlog‘i tarixiga daxldorlik tuyg‘usini tarbiyalash davlat muzey siyosatining yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi zarur. Buning uchun muzeylarning mavzu ekspozitsiya rejalari mamlakatda ta’lim tizimi talablariga muvofiq tuzilishi lozim. Vatanparvarlik, tarixdagi ijtimoiy muhim voqealarga qiziqish ruhida tarbiyalashda muzey pedagogikasi muhim ahamiyatga molik. Muzeylar ommaviy ma’naviy-madaniyat xazinasidan bahramand qilishga yordam berishi zarur.

Muzey pedagogikasi muzeyga tashrif buyurganlar tarkibini: katta yoshdagilar, mutaxassislar, imkoniyati cheklanganlar, umumiy ta’lim maktablarining o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, sayyohlar, yolg‘iz tashrifchilar va jamoa bo‘lib kelgan guruhlar tashkil etadi. Shu boisdan ham uning qiziqishi, dunyoqarashlarini inobatga olib, muzey materiallarini ularga moslashtirgan holda tayyorlash va yetkazib berish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Muzey pedagogikasining predmeti — muzey auditoriyasini turli tamoyil, metodlar yordamida o‘rganishdan iborat, uning asosiy obyekti sifatida esa — muzey kommunikatsiyasining madaniy, ma’rifiy va ta’lim aspekti, ya’ni muzeyda sodir bo‘layotgan dialog tarzidagi jarayonlarga alohida yondashuv bo‘lib, mamlakatimizda barkamol, erkin, ijodkor shaxsni shakllantirishda o‘z hissasini qo‘shib, muzey tashrifchisi dialogning faol qatnashuvchisi bo‘lishiga zamin yaratiladi. Muzeyga tashrif buyurgan o‘quvchi va talabalar ekskursiyadan so‘ng muzey konferens-zaliga taklif etilib, ular bilan turli viktorina, savol-javoblar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, ularga ekskursiyada berilgan qiziqarli ma’lumotlar bo‘yicha turli rangli rasmlar bilan boyitilib, pedagogik metodlar asosida ishlab chiqilgan mehnat varaqchalari tarqatiladi. Mehnat varaqchalarini shakllantirishda «aqliy hujum», «krossvord», «mantiqiy boshqotirma», «yopiq test», «ochiq test» va boshqa usullar keng qo‘llanilmoqda.

Muzeydagi ta’limiy mashg‘ulotlar davomida maxsus mehnat daftarlarini qo‘llash, bolalarda ekpozitsiya bilan tanishish jarayonida sust kayfiyatni bartaraf etish, predmetga bo‘lgan munosabatni shakllantirishga, ko‘rish va kuzatish, eslab qolish, o‘z fikrini bildirish qobiliyatini shakllantirishga, muzeyda olingan bilimlarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Hamkorlikdagi mashg‘ulot-darslarida, ko‘rgazma va tadbirlarda yosh avlodning muzeylarimizga, yurtimiz tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortib bormoqda. Muzeylarimizda turli ko‘rgazmalar tashkil etish an’anasi ham mavjud.

Muzey xodimlari, mutaxassislari oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda turli mazmundagi ko‘rgazmalar, targ‘ibot va tashviqot ishlari, mashg‘ulotlar, madaniy tadbirlar, o‘quv-seminarlar (shu jumladan, TATU talabalari ishtirokida) o‘tkazib borilmoqda. Muzey pedagogikasining elementlaridan biri bo‘lgan — «ish varaqchalari» ustida olib borilayotgan ishlar natijasi mazkur vazifalarni hal etish o‘quvchi va talabalarning katta qiziqishiga sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Shuni inobatga olgan holda, «ish varaqchalari» takomillashtirilib, varaqchalarning elektron shakli ishlab chiqildi hamda onlayn viktorina shaklida muzey veb-saytiga ikki tilda — o‘zbek va rus tillarida joylashtirildi. Shu bilan birga, mazkur elektron «ish varaqlari»dan muzeyga kelgan o‘quvchi-talabalar ham foydalanishlari uchun kichik kompyuter xonasi tashkil etildi hamda tashrifchilar muzeydagi ekskursiya davomida olgan bilimlarini mazkur xonada tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu o‘z o‘rnida o‘quvchi-talabalarning muzeyga maqsadli tashriflarini amalga oshirishga turtki bo‘luvchi vositadir.

Muzey pedagogikasining elementlaridan biri bo‘lgan «Muzey ish varaqlari»ni tatbiq etish yuzasidan quyidagilar amalga oshirildi: — umumiy ta’lim maktablarining 1–4, 5–9 sinflari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilariga mo‘ljallangan jami 30ta o‘zbek tilidagi «Ish varaqlari» qayta ishlanib, foydalanishga topshirildi; akademik litsey kasb-hunar kollejlari va universitet talabalari uchun jami 40ta yangi «Ish varag‘i» o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqildi. «Muzey ish varaqlari»dan tashqari, yosh tashrifchilar saviyasi va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda yangi usullar ham tatbiq etilmoqda. Jumladan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 2ta sohaviy mozaika tayyorlanib, foydalanishga topshirildi, universitet talabalariga mo‘ljallangan 3ta yangi krossvord tayyorlandi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, 2013-yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universiteti va «Aloqa tarixi muzeyi» o‘rtasida tuzilgan «Hamkorlik shartnomasi»ga muvofiq, muzey xodimlari tomonidan taqdim etilgan taklifga muvofiq, «Muzey ish varaqlari»ning elektron dasturi bitiruvchi kurs talabalari tomonidan ishlab chiqildi va foydalanishga topshrildi. Mazkur «Elektron ish varaqlari» dasturi sensor kioskka mo‘ljallangan holda, klaviatura bilan boyitildi hamda dasturning Internet sahifasida ham ishlatilishi inobatga olindi. Dastur o‘zbek tilida ham va rus tilida ham barobar ishlaydi. Hozirda dastur Internet sahifasiga joylashtirilgan. Muzeyda kompyuter xonasi tashkil etilib, mazkur dasturni yuklash ishlari oxiriga yetkazilmoqda.

Muzey o‘z www.aloqamuzeyi.uz veb-saytiga ega. Muzeyning rasmiy veb-sayti 2010-yil 28-iyulda o‘z faoliyatini boshlagan. Veb-sayt WordPress dasturida (3.1 versiyasida) shakllantirilgan. Mazkur dastur hozirgi kun holatidagi eng so‘nggi 3.9 versiyasiga o‘zgartirildi. Muzey veb-sayti Onlayn buyurtma, Virtual-tur, Qabul qilingan buyurtmalar, Bog‘lanish, E’lonlar, Galereya sahifalaridan hamda Yangiliklar, Aloqa tarixi ruknlaridan iborat.

Muzeyda yangi ekspozitsiyalar yaratish bilan bir qatorda, yosh tashrifchilarga hamda masofadagi foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish, ularga eksponatlarni yanada qiziqarli qilib, yetkazish maqsadida, muzeyning veb-saytida bir qator qulayliklar yo‘lga qo‘yilgan, jumladan, www.aloqamuzeyi.uz saytida guruhli tashrifchilar uchun «onlayn buyurtma» interaktiv xizmati: o‘zbek va rus tillarida joriy etilgan. Bunda buyurtmachi o‘zi haqida asosiy ma’lumotlarni hamda guruhli tashrif rejalashtirilayotgan oy, kun, soati, ekskursiya olib boriladigan til va ekskursiya turini tanlab, buyurtmalar jadvaliga o‘z tashrifini osongina qayd etish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur buyurtma qabul qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumot buyurtmachi tomonidan ko‘rsatilgan elektron manzilga yuboriladi. Shu bilan bir qatorda, muzeyning rasmiy veb-saytida «qabul qilingan buyurtmalar» rukni ochilgan, joriy oy uchun qabul qilingan guruhli ekskursiyalar ro‘yxati jadval holida joylashtirilib va kundalik qabul qilinuvchi tashriflar bilan to‘ldirib borilmoqda. O‘zbekiston muzeylari saytlari orasida ilk marotaba «Onlayn viktorina» ta’limiy, interaktiv tizimi 2014-yil iyul oyidan boshlab, tashrifchilar e’tiboriga havola etilgan.

O‘quvchi va talabalarning muzeyga yanada qiziqishlarini orttirish maqsadida, muzey faoliyatida yangi yo‘nalishlar qo‘llanilmoqda, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, muzeyning rasmiy veb-saytida muzey bo‘ylab virtual-tur joylashtirilgan. Buning ijobiy tomonlaridan biri, imkoniyati cheklangan shaxslar uyida o‘tirib, muzey ko‘rgazma zallarida namoyishga qo‘yilgan ekspozitsiyalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, saytda hamda ommaviy axborot vositalarida muzey faoliyatiga tegishli yangilik va soha tarixiga oid axborotlar muntazam ravishda joylashtirilib borilmoqda. 3D-formatda tayyorlangan virtual-tur 2012-yildan boshlab tashrifchilar e’tiboriga havola etib kelinmoqda. www.aloqamuzeyi.uz veb-sayti sahifalariga 2014-yilda 14 293ta tashrif amalga oshirilgan.

Aloqa tarixi muzeyi faoliyatida tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish asosiy vazifalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Masalan, o‘tgan 2014-yil mobaynida tashrif buyuruvchilarga jami 787ta ekskursiya tashkil etildi. Ularni zallarda namoyish etilgan eksponatlar bilan tanishtirish: o‘zbek, rus va lozim bo‘lgan hollarda ingliz tillarida olib borildi va bu borada 15 280 nafar (bu ko‘rsatkich 2013-yilga nisbatan 6,7 foizga o‘sgan) tashrifchilarga, shu jumladan, soha ta’lim tizimidagi akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va TATU’da tahsil olayotgan 5 136 nafar o‘quvchi va talabalar, shuningdek, 6 865 umumiy ta’lim maktablari o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatildi. Muzey ochilganidan, to shu kungacha (2009–2015) tashrifchilarning umumiy soni 68 200 nafarni tashkil etdi, ulardan 70 foizidan ortig‘i yosh avlod vakillaridir.

18-may Xalqaro muzeylar kuni mamlakatimizdagi barcha muzeylar qatorida «Aloqa tarixi muzeyi»da ham keng nishonlandi. Tashrif buyuruvchilar bayramona ruhda kutib olinib, muzeydagi barcha eksponatlar, shuningdek, yangi tashkil etilganlari bilan tanishtirildi. Qiziqarli uchrashuv va tarbiyaviy mashg‘ulot hamda suhbatlar, taqdimotlar bilan o‘tkazilgan bayram kunida tashrif buyurganlarga madaniyat va tarbiya muassasasining kelgusi rejalari haqida ham so‘zlab berdilar. Xalqaro muzeylar kuni arafasida «O‘zbekistion-Germaniya» do‘stlik jamiyati «Aloqa tarixi muzeyi» bilan birgalikda O‘zbekistonda radioaloqa tarixining 100 yilligi munosabati bilan hamda mashhur nemis fizigi va kashfiyotchisi Genrix Gertsga bag‘ishlangan «Aloqa sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk kashfiyotchilar» nomli ko‘rgazma tashkil etilib, tomoshabinlarga taqdim etilganligi, ayniqsa, tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.

«Aloqa tarixi muzeyi» xodimlari o‘z oldilariga qo‘ygan kelgusi rejalari muzey eksponatlarini ham mazmunan, ham tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb etishida jozibadorlik jihatidan ham boyitishga qaratilgan. Maqsad o‘sib kelayotgan avlodning ma’naviy va madaniy tarbiyasiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq