Milliy teleradiokompaniya korxonalari uchun kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari
03.06.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Isomiddin Parmankulov, Faxriddin Nuraliyev.

tele_3_06_2015

O‘zbekistonda mustaqillik tantanasi bilan ommaviy axborot vositalarining rivojlanishiga keng yo‘l ochildi. Jumladan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyaning (O‘zMTRK) barcha korxonalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Biro mazkur asbob-uskunalarni samarali ishlata oladigan va ta’mirlay oladigan malakali kadrlar respublikamizda yetishmas edi.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida yuqori texnologiyali teleradiouskunalardan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1088 sonli Qarori asosida 2009 — 2010 o‘quv yilidan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida Televizion texnologiyalar fakulteti tashkil etildi. Fakultet zimmasiga O‘zMTRK korxonalari uchun bakalavriatning beshta ta’lim yo‘nalishi: kinoteleoperatorlik, maxsus yoritish texnologiyalari, audio-video texnologiyalar, kompyuter grafikasi va dizayn hamda ovoz yozish texnologiyalari bo‘yicha malakali yetuk kadrlar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

tele_3_06_2015_1

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi korxonalarida amaliy jihatdan tajribali o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislarning ishlayotganligi e’tiborga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 4-iyundagi «Oliy ta’lim muassasalariga 2009–2010 o‘quv yillariga qabul qilish to‘g‘risida»gi PQ-1123 sonli Qarori bilan yuqorida keltirilgan beshta yo‘nalish bo‘yicha uch yillik maxsus sirtqi ta’lim tashkil etildi. Fakultetga 2009–2010 o‘quv yilidan boshlab birinchi bosqichga kunduzgi va maxsus sirtqi ta’lim bo‘yicha talabalar qabul qilindi. Yangi fakultetda o‘quv jarayonini tashkil etishda universitet rahbariyati va o‘quv-metodik boshqarma tomonidan alohida e’tibor berildi, ayniqsa, o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘i A. Q. Ergashev, fakultetning birinchi dekani A. D. Abdurahimov, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini F. M. Qodirovlarning o‘quv jarayonini tashkil etishda olib borgan ishlari maqtovga loyiqdir. Yana shuni ta’kidlash lozimki, 2010–2011 o‘quv yilida 2-bosqich maxsus sirtqi va kunduzgi ta’lim bo‘limi talabalari uchun ixtisoslik fanlarini o‘qitishda «Fizika» kafedrasining mudiri fizika-matematika fanlari doktori, professor Q. P. Abdurahmanov, «Kompyuter tizimlari» kafedrasig mudiri texnika fanlari doktori, professor M. M. Musayev, «Televideniye va radioeshittirish» kafedrasi mudiri professor T. G. Rahimov va shu kafedraning dotsenti M. Z. Zuparov, «Axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minoti» kafedrasi mudiri texnika fanlari doktori, professor A. X. Nishanovlarning beg‘araz xizmatlari katta bo‘ldi.

tele_3_06_2015_2

2011–2012 o‘quv yilidan boshlab fakultet tarkibida beshta kafedra: «Fizika», «O‘zbek va rus tillari», «Jismoniy tarbiya va sport» hamda yangi tashkil etilgan ikkita mutaxassislik — «Televideniye va radioeshittirish studiyalari va jihozlari», «Kompyuter grafikasi va dizayn» kafedralari faoliyat yuritdilar. «Televideniye va radioeshittirish studiyalari va jihozlari» kafedrasida — ikkita ta’lim yo‘nalishlari: «Kinoteleoperatorlik» va «Maxsus yoritish texnologiyalari»; «Kompyuter grafikasi va dizayn» kafedrasida — uchta ta’lim yo‘nalishlari: «Audio-video texnologiyalar», «Kompyuter grafikasi va dizayn» hamda «Ovoz yozish texnologiyalari» bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bunda shuni alohida ta’kidlash lozimki, «Maxsus yoritish texnologiyalari», «Audio-video texnologiyalar», «Kompyuter grafikasi va dizayn» hamda «Ovoz yozish texnologiyalari» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublikada birinchi marta bakalavrlar tayyorlanmoqda.

2012-yilda birinchi marta maxsus sirtqi ta’limning 37 nafar talabasi va 2013-yilda birinchi marta kunduzgi bo‘limning 81 nafar talabasi beshta yo‘nalish bo‘yicha bitiruv–malakaviy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, bakalavr diplomiga sazovor bo‘ldilar. Hozirgi kunda ularning aksariyat qismi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyaning Toshkent shahridagi va viloyatlardagi korxonalarida samarali mehnat qilmoqdalar. Xalq xo‘jaligi sohalarning rivojlanish sur’ati axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)ning ishlab chiqarishda qanday darajada qo‘llanilayotganiga bog‘liq ekanligi hozirgi davrda hech kimga sir emas. Shu sababli keyingi yillarda Respublikada AKT’ni rivojlantirish, AKT sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilgan.

tele_3_06_2015_3

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlari qabul qilindi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-martdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-1942 sonli va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallarining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risidagi 188-sonli qarorlarining ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibidagi barcha fakultetlar yangidan qayta tashkil etildi. Jumladan, Televizion texnologiyalar fakultetiga umumta’lim kafedralari: «Fizika», «Energiya ta’minlash tizimlari» hamda «Televideniye va radioeshittirish studiyalari va jihozlari» va «Kompyuter grafikasi va dizayn» kafedralari asosida qayta tashkil etilgan mutaxassislik kafedralari: «Telestudiya tizimlari va ilovalari» va «Audiovizual texnologiyalar» kafedralari biriktirildi. Bu kafedralarga yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi «Televizion texnologiyalar (Telestudiya tizimlari va ilovalari, Audiovizual texnologiyalar)» bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash vazifasi yuklatildi. Mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari tomonidan bu yo‘nalishning ta’lim standarti zamon talablari asosida ishlab chiqildi va shu asosda namunaviy o‘quv reja va ishchi o‘quv rejalardagi umumkasbiy va ixtisoslik bloklariga butunlay yangi fanlar kiritildi.

Kafedralar professor-o‘qituvchilari tomonidan bu fanlarning namunaviy dasturlari va ular asosida ishchi dasturlar tayyorlandi. Albatta bu ishlar fakultet professor-o‘qituvchilari va kafedra mudirlarining sa’y-harakati asosida amalga oshirildi. 2013–2014 o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyetlar matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan test sinovlari topshirmoqdalar. Yuqori kurs talabalari uchun mutaxassislik kafedralar o‘qituvchilari tomonidan bitta yoki ikkita mutaxassislik fanlarining ma’ruzalari ingliz tilida o‘qilmoqda. Mutaxassislik fanlaridan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari «O‘zbekiston MTRK Mediamarkazi» korxonasida o‘tkazilmoqda. Fakultetda 3 yildan beri Navro‘z bayrami arafasida, muntazam ravishda, talabalarining o‘quv jarayonida tayyorlagan fotosuratlari ko‘rgazmasi o‘tkazib kelinmoqda. Eng yaxshi fotosuratlar mualliflari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanmoqda.

Televizion texnologiyalar fakulteti jamoasi qisqa vaqt ichida quyidagi ishlarni amalga oshirdilar. Telestudiya tizimlari va ilovalari kafedrasi mudiri B. J. Bazarbayev rahbarligida talaba T. Gimranov tayyorlagan hujjatli film — IX «Спорт в кино и на телeвидении» Toshkent Xalqaro festivali diplomi sovrindori, Telestudiya tizimlari va ilovalari kafedrasi mudiri B. J. Bazarbayev — Huawey kompaniyasi nomdor premiyasi sovrindori, Telestudiya tizimlari va ilovalari kafedrasi assistenti D. Umarova, AVT kafedrasi assistenti O. Narzullayev, ETT kafedrasi assistenti R. Rahmonberdiyev — Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlarida 4 oylik kurslarda malaka oshirib keldilar, AVT kafedrasining katta o‘qituvchisi S. Beknazarova — Eng yaxshi dasturiy ta’minot sovrindori, 3-kurs talabasi A. Jo‘raboyev va 2-kurs talabasi D. Ibragimova — Huawey kompaniyasi tomonidan Xitoyda tashkil qilingan 2 haftalik trening mashg‘ulotlari qatnashchilari, 2-kurs talabasi M. Mahhammadjonov — SAMSUNG KOIKA kompaniyasining sovrindori, 2-kurs talabasi Sh. Tashmetov — Huawey kompaniyasining nomdor premiyasi sovrindori bo‘ldilar. Fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun O‘zbekiston teleradiokanali bosh muharririning o‘rinbosari G. Ibragimova hamda taniqli kinoijodkorlar Sh. Abbosov, F. Davletshin va E. Davidovlar mahorat darslarini o‘tib berdilar.

Fakultet jamoasi oldida kelgusida bajariladigan ishlar juda ko‘p. Bular:

  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda yangi fanlar bo‘yicha darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, uslubiy ko‘rsatmalarni tayyorlash va chop ettirish;
  • laboratoriya xonalarini zamonaviy texnika vositalari bilan qayta jihozlash;
  • kafedralarning ilmiy salohiyatini oshirishdan iborat.

Mazkur vazifalarni amalga oshirishda fakultet professor-o‘qituvchilari rivojlangan chet el oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan (Janubiy Koreyaning KAIST, Inxa, Kung-Xi, Yongnam, Chung-Ang va Seul milliy fan va texnologiya universitetlari va Germaniyaning Oldenburg universiteti) hamda tuzilishi rejalashtirilayotgan (AQSH’ning Webster universiteti, Yaponiyaning Waseda universiteti) shartnomalar asosida, ularning o‘quv jarayoni tajribalarini o‘rganib, dars jarayonini zamonaviy axborot hamda pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etmoqdalar.

Fakultet jamoasining asosiy maqsadi Milliy teleradiokompaniya korxonalari uchun davr talabiga muvofiq zamonaviy yetuk kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan.

Adabiyotlar:
1. Постановление Президента Республики Узбекистан от 4 июня 2009 года №ПП-1123 «О приеме в высшие учебные учреждения Республики Узбекистан в 2009/2010 учебном году» (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 4-iyundagi «Oliy ta’lim muassasalariga 2009/2010 o‘quv yillariga qabul qilish to‘g‘risida»gi PQ-1123 sonli Qarori)
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-martdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-1942 sonli Qarori.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallarining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risidagi 188-sonli qarori.
4. И. П. Парманкулов, Ф. М. Нуралиев. О подготовке специалистов по направлению «Компьютерная графика и дизайн». — O‘zbekiston Respublikasida ta’limning uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash: yutuq va muammolar. Respublika ilmiy — amaliy anjumani ma’ruza va tezislari to‘plami. III qism — 2012-yil. 44–45 b.
5. А. Ergashev, F. Nuraliyev, I. Parmankulov, I. Nabiyev. «Kompyuter grafikasi va dizayn» sohasi mutaxassislarini tayyorlash muammolari. Ta’lim muammolari. 2013-yil №2, 51–53-betlar.
6. F. Nuraliyev. O‘quvi shlaridagi samaradorlik — «Sado» gazetasi. 2013-yil 23-may. №21.
7. А. Д. Абдурахимов. Факультету телевизионных технологий — 5 лет! «Хабар» газетаси. 2014 йил. 28 март №13.
8. Ф. Нуралиев. Пять лет деятельности факультета Телевизионных технологий ТУИТ. Журнал infoCOM.UZ. 2014 г. №6. Стр. 74–76.
9. www.lex.uz, www.norma.uz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq