Imkoniyatlar – yutuqlar zaminidir
03.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zafar Hakimov, E'zoza Karimova.

imk_3_06_2015

Davrimizning globallashuv jarayonlarida, oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlariga chuqur bilim berish, intellektual salohiyatini, ma’naviyatini yuksaltirish, qalblarida istiqlol g‘oyalariga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Shu maqsadda mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, o‘zligini, o‘z iste’dodlarini namoyon etishi, izlanishi uchun zarur imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Ma’lumki, talaba yoshlarga taqdim etilgan imkoniyatlar ularning ijobiy natijalarga erishishlarini ta’minlab, katta yutuqlar tomon yo‘l ochadi. Barkamol, ijodiy tafakkurga ega, yetuk mutaxassis kadr bo‘lib yetishishlari uchun taqdim etilayotgan bunday imkoniyatlar, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalari bilan olib borilayotgan ishlarda o‘z aksini topmoqda. TATUda ham iqtidorli talabalar bilan ishlash ta’lim muassasasining alohida e’tiborga molik vazifasidir.

Mamlakatimizda yoshlarga, ularning kelajagiga doim katta e’tibor qaratiladi. Zero, kelajak — yoshlar qo‘lida. Ajdodlardan meros xalqimiz ruhiyatini avlodlarga yetkazib beruvchilar ham, shu yurtga egalik qiluvchilar ham bugungi yoshlardir. Yoshlar — millat ishonchi, yurt ertasi, kelajak egalaridir. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Respublikamizda ma’nan yetuk va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat siyosati darajasidagi masala hisoblanadi.

Ma’lumki, talabalarning zamon talabiga mos mutaxassis sifatida shakllanishi va kelgusidagi muvaffaqiyati, ularning har tomonlama kamol topishi ko‘p jihatdan ta’lim sifati va ma’naviy muhitga bog‘liq. Respublikamizda amalga oshiralayotgan islohotlar, davlatimiz siyosatini o‘rganish, mazmunini talabalarga tushuntirish ularning dunyoqarashini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda zamon talabiga javob beradigan bilimli mutaxassislar tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar muhayyo qilinmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)da ta’limning tarbiya bilan uyg‘unlikda olib borilishiga katta e’tibor qaratilgan. Bu esa talabalarning ma’naviy-axloqiy va umumiy madaniy saviyasini oshirishlariga asos bo‘ladi.

Bugun TATU zamonaviy tipdagi, yuqori ilmiy-pedagogik salohiyat, ta’lim kommunikatsiyalarining keng turlari, xalqaro aloqalarning rivojlangan tarmog‘i, jamiyatda mutaxassislar tayyorlash darajasi bo‘yicha yuqori mavqega ega bo‘lgan universitetdir. Mustaqillik yillarida universitetda yaxshi an’analar soni ko‘payib bordi va yanada ortmoqda, jumladan, bakalavriat ta’limining yangi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ochildi, moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, yangi o‘quv binolari qurildi. Bu kabi amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi talabalarni yanada yaxshi natijalarga erishishlariga, yetuk mutaxassis bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishlariga zamin yaratadi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga hali universitet maqomi berilmasidan avval, 2001-yil 3-sentabrda (2002-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq, TEAI — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) deb atala boshlangan), iqtidorli talabalar ishini talab darajasida tashkil etish maqsadida, oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchi-mutaxassis-xodimlari tashabbusi bilan «Iqtidorli talabalar ishini tashkil etish va monitoringi (ITBI va M)» bo‘limi tashkil etilgan edi. Hozirda iqtidorli talabalar faoliyati bilan Ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi shug‘ullanib, «Ma’naviy-axloqiy tarbiya va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi» (MAT va ITBI) deb ataladi.

imk_3_06_2015_1

Bo‘lim o‘z oldiga maxsus tanlov asosida iqtidorli talabalar guruhlarini shakllantirish, ularga maxsus fanlarni chuqurlashtirilgan dasturga muvofiq o‘qitish, davlat va xo‘jalik hisobidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, magistratura va doktoranturaga kirish uchun ilmiy jihatdan salohiyatli kadrlar, malakali xodimlarni tayyorlash kabi vazifalarni belgilab, ularni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur vazifalar doirasida masalan, 2001-yilda universitetning 15 nafar talabasi Hindistonning Nyu-Deli shahrida Tata infotech loyihasi bo‘yicha tahsil olgandi. 2002-yilda bir magistrant va iqtidorli talabalardan biri Gonkongda o‘tkazilgan «TELEKOM ASIAN» yoshlar forumida ishtirok etish, iqtidorli talabalar 2003-yilda AQSH’da o‘tkazilgan 2 haftalik o‘quv kurslarida qatnashish, 2003-yil Jenevada o‘tkazilgan «ITU TELEKOM WORLD 2003» yoshlar forumida ishtirok etishga muyassar bo‘lganlar.

2003-yil 24-sentabrdagi 229-01-sonli «Iqtidorli talabalarni tanlash va qo‘shimcha darslar tashkil etish haqida»gi buyruqqa muvofiq 2002–2003 o‘quv yilidan boshlab shu davrga qadar, o‘qishdagi natijalariga ko‘ra, 1, 2 va 3-bosqich iqtidorli talabalaridan iqtidorli talabalar guruhi shakllantirilib, tasdiqlangan jadval bo‘yicha 2 va 3-kurs talabalari uchun «Chet tili», «Informatika», «Zamonaviy axborot texnologiyalari», «Raqamli televideniye», «Obyektga yo‘nal-tirilgan dasturlash» fanlaridan tasdiqlangan maxsus ishchi dasturlar asosida qo‘shimcha darslar olib borilmoqda va qishki sessiyada yakuniy nazorat qabul qilinib, qaydnomalar bo‘limga topshirilmoqda. Shuningdek, 3 va 4-bosqich talabalarini ilmiy rahbarlarga biriktirib, shaxsiy ish reja asosida ishlash masalasi hal etiladi.

Fakultetlarda talabalar qabul qilingan kunlardanoq iqtidorli talabalarni izlash, aniqlash va ular bilan ishlashga alohida ahamiyat beriladi. Jumladan, 1-kurs yakuni bo‘yicha va maxsus test sinovlari asosida iqtidorli talabalar guruhlari shakllantiriladi va ularga kafedralar tomonidan, tuzilgan maxsus ishchi dasturlar asosida, chet tili, Informatika, axborot texnologiyalari, fizika fanlaridan chuqur bilim beriladi. Universitet talabalari 3-kursdan boshlab, tegishli kafedralarga biriktirilib, ushbu kafedra professor-o‘qituvchilari bilan birga, talabalik ilmiy ishi va bitiruv malakaviy ishi mavzusi bo‘yicha izlanishlar olib boradilar, izlanish natijalarini talabalar ilmiy-texnik anjumanlarida muhokama qiladilar. Joriy o‘quv yilida, masalan, Axborot texnologiyalari fakultetida 13 nafar talaba 4ta kafedraning 8 nafar professor-o‘qituvchilariga, IBF’da 32 talaba 3ta kafedraning 10 professor-o‘qituvchisiga va RRT fakultetida 26 talaba 6 kafedraning 12 nafar professor-o‘qituvchisiga biriktirilganligi haqida buyruqlar rektor tomonidan tasdiqlangan.

imk_3_06_2015_2

Hozirgi kunda universitetda tahsil olayotgan talabalar safidan 324 nafar iqtidorli talaba test sinovlari asosida tanlab olingan bo‘lib, ulardan 14ta iqtidorli talabalar guruhi tashkil etilgan. Iqtidorli talabalarga tasdiqlangan reja asosida chet tili, Informatika, O‘zbekiston tarixi va maxsus fanlar qo‘shimcha o‘qitilishi bilan bir qatorda, 3–4 kurs iqtidorli talabalariga yetakchi professor-o‘qituvchilar safidan ilmiy rahbarlar tayinlanib, ular shaxsiy ish reja asosida ilmiy ish ham olib bormoqdalar. «MAT va ITBI» bo‘limi tomonidan o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq, iqtidorli talabalarning yanada keng imkoniyatlardan foydalanishlari uchun alohida e’tibor qaratiladi.

Iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida, o‘tgan yillarda O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (hozirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi), «O‘zbektelekom» AK hamda O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyalari joriy qilingandi. O‘tgan o‘quv yilida 8 nafar talaba O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining stipendiyasiga, 5 nafar talaba O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyalariga sazovor bo‘ldilar. 2013–2014 o‘quv yili yakuniga ko‘ra esa, jami 33 nafar talaba nomzodlari O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyalariga tavsiya etilib, ulardan 8 nafari O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyasini olishga muvaffaq bo‘ldilar. 2010–2011 o‘quv yilida universitetning bir talabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga, 2 nafar talabasi Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasining sohibi bo‘ldi. 2011–2012 o‘quv yilidan beri esa har yili universitetning 3 nafar talabasi Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasini olishga sazovor bo‘lmoqda.

Talabalarni rag‘batlantirishdan maqsad: mustaqil fikrga ega bo‘lgan, uddaburo, muomala madaniyatini egallagan, har taraflama yetuk, zakovatli, zamonaviy fan-texnika yangiliklari va amaldagi qonunchilikdan xabardor, turmush chorrahalarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda hodisalardan esankiramay, tez va to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan, jamoat ishlarida faol talabalarni aniqlash, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdir. TATU iqtidorli talabalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida soha korxonalari ham tashabbuskorlik qilmoqda, jumladan, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi ham iqtidorli talabalar uchun o‘z stipendiyasini ta’sis etgan bo‘lib, joriy o‘quv yili yakuniga ko‘ra, 15 nafar talabalar nomzodlari ushbu stipendiyaga tavsiya etilmoqda.

Isttelekom kompaniyasi ham 5 yildan buyon kompaniya stipendiyasini joriy etib, talabalarni taqdirlab kelayotgan bo‘lsa, Xitoyning XK MCHJ «Huawei tech. Invesment Tashkent» kompaniyasi TATU bilan 2012-yil 27-fevralda tuzilgan 5 yillik shartnomaga muvofiq, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun umumiy miqdori 100 mln. so‘mlik rag‘batlantirish mablag‘ini ajratgan. Bir yillik rag‘batlantirish mablag‘i miqdori 20 mln. so‘mni tashkil etadi. 2012-yilda har yili universitet fakultetlaridan va filiallaridan jami 4 nafar professor-o‘qituvchi hamda 10 nafar talaba rag‘batlantirishga tavsiya etilishi mumkin. Professor-o‘qituvchilar uchun 1 martalik rag‘batlantirish 2,5 mln. so‘mni, talabalar uchun esa 1 mln. so‘mni tashkil etadi. Taqdirlash rahbariyat va kompaniya bilan kelishgan holda rejalashtiriladi.

Universitet kafedralari va iqtidorli talabalar bo‘limi tomonidan bilimga intiluvchi talabalar orasidan ilm-fanning ilg‘or zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash ustida doimiy ravishda ish olib borilmoqda. Universitetning barcha kafedralarida o‘qitish, tarbiyaviy ishlar bilan barcha ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar olib boriladi. Universitet iqtidorli talabalari Respublikamizda fanlardan o‘tkaziladigan an’anaviy olimpiadalarda faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallamoqdalar. Keyingi yillarda asosan, Oliy matematika, Informatika, Fizika, Elektr zanjirlar nazariyasi, chet tili fanlaridan 1–3 o‘rinlarni egallab, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanmoqda.

TATU qator fanlar bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi bo‘lganligi sababli, rektor tashabbusiga binoan universitetda qator mutaxassislik fanlaridan, jumladan, «Informatika va axborot texnologiyalari», «Radiotexnika», «Televideniye, radioaloqa va radioeshittirish», «Telekommunikatsiya», «Axborot xavfsizligi», «Elektron tijorat» va «Pochta xizmati» fanlaridan respublika talabalar olimpiadasining ikkinchi bosqichini o‘tkazish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyrug‘iga muvofiq olimpiada tashkiliy qo‘mitasi tuzildi va uning ish rejasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda respublika olimpiadasi ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

«Ma’naviy-axloqiy tarbiya va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi» O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘iga asosan, Talabalar respublika fan olimpiadasi bosqich musobaqalarini ham o‘tkazib kelmoqda. 2012–2013 o‘quv yilida universitet bo‘yicha 26ta fandan birinchi bosqich musobaqalari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan talabalar olimpiadaning 2-bosqich musobaqalarida ishtirok etib, 2 nafar talaba («Kompyuter grafikasi», «Informatika va axborot texnologiyalari» fanlaridan) g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1-darajali diplomini, 1 nafar talaba («Oliy matematika» fanidan) esa 2-o‘rinni olib, O va O‘MTVning 2-darajali diplomini olishga muyassar bo‘lgan. 2013–2014-o‘quv yilida o‘tkazilgan fan olimpiadalari natijalariga ko‘ra esa 3 nafar talaba («Kompyuter grafikasi», «Informatika va axborot texnologiyalari», «Rus tili» fanlaridan) g‘olib bo‘lib, O va O‘MTV’ning 1-darajali diplomi sohibi bo‘ldilar.

2015-yilning 17–18 mart kunlari Dasturiy injiniring va Telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetida iqtidorli talabalarning dasturiy va texnik ishlanmalari ko‘rgazmasi o‘tkizildi. Ushbu ko‘rgazmada 90dan ortiq talabalarning ishlanmalari namoyish etildi. Ko‘rgazma davomida soha korxonalari bilan shartnomalar imzolandi. Bu albatta, talabaning imkoniyatlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorlarini namoyon etishlari uchun yaratilgan bir imkoniyatdir. 2015-yilning aprel oyidan boshlab, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan «Biz buyuk yurt farzandlarimiz» shiori ostidagi yoshlar festivalida universitetning 9 nafar talabasi o‘z yaratgan ixtirolari bilan ishtirok etmoqdalar.

«Ma’naviy-axloqiy tarbiya va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi» ish rejasida universitet iqtidorli talabalarini turli tanlovlar va jamg‘arma grantlarida ishtirok etishlarini ta’minlash vazifasi belgilangan. 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi e’lon qilgan grantlari uchun tanlovida ishtirok etish maqsadida universitet iqtidorli talabalari, magistr va yosh o‘qituvchilari safidan nomzodlar tavsiya etildi. Hozirgi kunda ushbu nomzodlarni Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun maslahat darslari tashkil etilib (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2004-yil 16-apreldagi 1-f sonli buyrug‘i asosida), 4ta kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan maslahat darslari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, Navoiy, Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyalariga nomzodlar tayyorlash, ular bilan muntazam ishlash oliy ta’lim muassasasi rahbariyatining doimiy diqqat markazida. TATU talabalari respublika fan olimpiadalarida har yili yuqori natijalarni qo‘lga kiritadilar. Har o‘quv yilida Universitetda «Yilning eng iqtidorli talabasi» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan iqtidorli talabalarning ilmiy maqolalari to‘plam holida chop ettiriladi. Bundan tashqari, barcha kafedralarda fan to‘garaklari faoliyat ko‘rsatadi. Kafedralarda turli mavzudagi ilmiy va ilmiy-texnik seminarlar, tematik ko‘rgazmalar tashkil etilib, iqtidorli talabalarni aniqlash tizimi amaliyotga qo‘llanilayapti. Xususan, magistrantlar va iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ular uchun maxsus grantlar ajratish maqsadida amaliy tadbirlar, ilmiy seminarlar o‘tkaziladi. Umuman, universitetda, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha o‘z qobiliyatlarini namoyon etish va rivojlantirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Universitet iqtidorli talabalari o‘qish va jamoat ishlaridan tashqari, ilmiy sohada ham ko‘plab natijalarga erishmoqdalar.

Bugungi yoshlarimiz Yurtboshimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan: «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart» iborasining mazmun-mohiyatiga muvofiq, har tomonlama barkamol, zukko, dono bo‘lishga intilib, Vatanimiz istiqboli yo‘lida ilgari odimlab bormoq-dalar. Ular nafaqat ilm-fan sohasida, balki san’at, sport, umuman ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida ham faol ishtirok etib, mamlakatimiz rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Bunday yoshlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. TATU iqtidorli talabalari ham soha fan yo‘nalishlarining istiqboliga xizmat qiluvchi bo‘lajak mutaxassislar sifatida, o‘zlarida chuqur ilmiy salohiyat va kasbiy mahorat malakalarini shakllantirishni maqsad qilganlar. Ularga mazkur ezgu-maqsadlari yo‘lidagi intilishlarida omad tilaymiz!

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq