Axborot texnologiyalari va dasturiy ta’minot ishlab chiqarish sanoatining rivoji
03.06.2015
Rukn: Internet.
Muallif: Aziz Azimov.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari jadal rivojlanib bormoqda. Ushbu xizmatlar hajmi so‘nggi besh yilda 3,3 baravar, 2014-yilda esa 24,5 foizga o‘sdi. Axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning asosi hisoblangan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish milliy iqtisodiyot rivojlanishining muhim sharti bo‘lib hisoblanadi. Shu sababli dasturiy ta’minot sanoatini shakllantirish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni, shu jumladan, mustahkam qonunchilik bazasini yaratishga e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2013-yil 20-sentabrdagi «Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq milliy reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar 2017-yil 1-yanvarga qadar muddatda barcha turdagi soliqlar hamda majburiy ajratmalar to‘lashdan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologiya hujjatlari, dasturiy ta’minot vositalariga boj to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilingani, ayniqsa, e’tiborlidir. Mazkur mablag‘lar dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchi xodimlarni rag‘batlantirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Hozirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari dasturiy mahsulotlarning faol iste’molchisi hisoblanadi. Keyingi vaqtda mamlakatimizda vazirlik va idoralar, yirik korxonalarning xarajat smetasi va biznes rejalarida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, axborot tizimlari va resurslarini yaratish, dasturiy mahsulotlar hamda interfaol davlat xizmatlarini joriy etishga qaratilgan xarajatlarni nazarda tutish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

2013-yildan e’tiboran, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlarini joriy etish, idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini yaratish, «Elektron hukumat» tizimini hamda Internet tarmog‘ining milliy segmentini shakllantirish bo‘yicha loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun davlat buyurtmasi shakllantirilib borilmoqda. Yuqori texnologiyali sohalarni rivojlantirishni jadallashtirish, iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) hamda dasturiy ta’minot vositalarini keng joriy qilish uchun sharoit yaratish, «elektron hukumat» axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari kompleksini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014-yil 19-sentabr kuni «Axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish sohasiga chet el investitsiyasini jalb qilish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorga muvofiq LG CNS Uzbekistan qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

Qo‘shma korxona quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarilishi, apparat-dasturiy komplekslarining o‘rnatilishi va joriy qilinishi, shuningdek, «elektron hukumat» tizimi doirasida va iqtisodiyotning real sektori uchun loyihaviy va texnik hujjatlar ishlab chiqilishini ta’minlash bo‘yicha tizimli integrator vazifasini bajarish;
  • «Elektron hukumat» tizimi hamda iqtisodiyotning real sektori uchun axborot tizimlari kompleksi va dasturiy mahsulotlarining ishlab chiqilishi va joriy qilinishini amalga oshirish doirasida, xalqaro talablar asosida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • «LG CNS Co., Ltd.» kompaniyasi tajribasi asosida xalqaro talablarga mos dasturiy mahsulotlar va loyihalarni tizimli integratsiyalash sohasida eksport salohiyatini yuksaltirish.

2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash, aholining davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatini elektron shaklda amalga oshirilishini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimida «yagona oyna» tamo-yilini joriy etish kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga olgan. Bu loyihalarni amalga oshirish, o‘z navbatida, milliy axborot-kommunikatsiya tizimining asosini tashkil etuvchi mahalliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishni taqozo etadi.

Ta’kidlash joizki, AKT sohasida jahonning yetakchi muassasalari bilan yaqindan o‘rnatilgan hamkorlik mamlakatimiz davlat boshqaruvi, iqtisodiyot jabhalari, aholi turmush tarzida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ilg‘or tajribalar asosida muvaffaqiyatli joriy qilish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq