Ijro jarayonida axborot texnologiyalari
02.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Xorijga safarga chiqishni rejalashtiryapsizmi? Unda suddep.uz saytiga kirib, sizga mamlakatdan chiqish taqiqlanganmi yoki yo‘qmi aniqlab oling. Chunki hozirgi paytda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy ta’minlash departamentining shu saytida qarzdorligi ko‘paygan va uni sud tomonidan undirilishi belgilangan holatda qarzdorga chetga chiqish cheklab qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlar jamlangan.

Bundan tashqari, saytda o‘nga yaqin boshqa interaktiv xizmatlar, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Tizimda yagona axborot-komputer tarmog‘i va uning tarkibiy qismlari, jumladan, ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, elektron hujjat almashish yo‘lga qo‘yilgani sud departamenti organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning o‘z muddatida ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizda sud va boshqa organlar qarorlarini ijro etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida shular haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etuvchi alohida tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuni bunda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sud departamenti ushbu qonun ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotir. 2009-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida ijro hujjatini o‘z vaqtida ijro etmaganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilgani sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir. Ushbu qonunda sud hujjatlarini ijro etmagan jismoniy shaxslarning javobgarligi belgilanib, bunday qilmishni sodir etgan mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi.

Bu mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijro etilishi, jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Tizimda keyingi yillarda surishtiruv va ma’muriy amaliyot bo‘limi, surishtiruv sektorlari hamda sud ijrochilarining faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni ta’minlash maqsadida axborot ta’minoti va mol-mulkni qidiruv bo‘limi va sektorlari tashkil etildi. Hujjatlarning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashga qaratilgan o‘zaro elektron axborot almashish hamda sud ijrochilarining ishini nazorat qilish, monitoringini amalga oshirish imkonini beruvchi “E-ijro” elektron dasturi yaratildi.

Sud departamentining takomillashtirilgan rasmiy veb-sayti ishga tushirilgani, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari kuchaytirilgani, ijtimoiy videoroliklar tayyorlanib, omma e’tiboriga havola etilayotgani aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, muhimi, ijro samaradorligi oshishiga ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Tadbirda yuridik va jismoniy shaxslarning soliq va kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligini undirishning ahvoli, ijroga yo‘naltirilayotgan hujjatlarni o‘z vaqtida ijro etish yuzasidan hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq ishlar muhokama etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq