Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish elektron tizim orqali 24 soat ichida bajariladi
30.05.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2012-2014- yillarda xususiy mulk mavqeini oshirish va uni himoya qilish, ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining o‘n beshdan ortiq qonuni, jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida (yangi tahrirda)”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida” va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000- yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56 foizga yetdi, ish bilan band aholining 77 foizi ushbu sohada mehnat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga qaratilgan.

Farmonga muvofiq xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, ularning jadal rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishning to‘rtta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha asosan joriy yilda amalga oshiriladigan o‘ttiz uchta aniq chora-tadbirni ko‘zda tutuvchi kompleks Dastur tasdiqlandi. Chora-tadbirlar dasturida xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish hisobidan tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, agar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) ilk marotaba sodir etib, jinoyat aniqlangan kundan 30 kun davomida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa moliyaviy jarima turlarini to‘lagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligi va shaxs javobgarlikdan ozod etilishini nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda.

Dasturda barcha turdagi ro‘yxatga olish va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish borasida kompleks chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Masalan, endilikda qonunchilikda tadbirkorlik sub’ektlari uchun ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklardan foydalanishda turli yozma arizalar bilan murojaat qilishning hojati yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasining maxsus axborot portali vositasida o‘tkaziladigan elektron savdolar orqali tadbirkorlik sub’ektlaridan birlamchi ehtiyojdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi soddalashtirildi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yish O‘zbekiston Respublikasi interfaol davlat xizmatlari Yagona portaliga integratsiya qilingan internet tarmog‘ida avtomatlashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yish tizimi orqali 24 soat uzluksiz amalga oshiriladi. Davlat xizmatlaridan foydalanishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, arizachilarning xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi mansabdor shaxslar bilan bevosita aloqasini istisno qilish maqsadida bugungi kunda turli idoralar qoshida faoliyat yuritayotgan, alohida davlat xizmatlari ko‘rsatayotgan “bir darcha” xizmatlarining o‘rniga tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari negizida “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish Yagona markazlari tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan farmoni ijrosini ta’minlash kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, biznes muhitni yaxshilash, O‘zbekiston iqtisodiyotiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni yanada keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, pirovardida, xalqimiz farovonligini yuksaltirish imkonini beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq