“O‘zbekiston pochtasi” AJ AKTni faol joriy etmoqda
30.05.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

akt_30_05_2015

2015 yilning 27 may kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatida AKTni yanada keng joriy etish chora-tadbirlari va istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekiston pochtasi” AJ vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Matbuot tadbirida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2013 yilning 27 iyunida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida ham o‘z ifodasini topdi. Mazkur qarorga muvofiq, 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturi, shuningdek 2012 yil 21 martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida pochta aloqasi sohasini zamonaviylashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida xizmatlarning yangi turlarini joriy etish va rivojlantirish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, jamiyatning korporativ kompyuter tarmog‘idagi “Elektron pul o‘tkazmalari”, “To‘lovlarni qabul qilish tizimi”, “Pensiya to‘lovlari hisob-kitobi va nazorati tizimi”, “Ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalarini nazorat qilish tizimi” va “Obuna” avtomatlashtirilgan tizimlariga pochta aloqa ob’ektlari bog‘landi. Bugunda kompyuterlashtirilgan pochta aloqa ob’ektlari soni 1728 tani tashkil etib, shundan 1542 tasi pochta aloqa bo‘limlari, ya’ni 52 foizni tashkil etdi (jami 2988 ta aloqa bo‘limi). Pochta aloqa bo‘limlarini kompyuterlashtirish va avtomatlashtirish tizimlariga bog‘lash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Elektron pul o‘tkazmalari tizimiga 1722 ta pochta aloqa ob’ektlari bog‘landi. Ma’lumot uzatish kanallari mavjud bo‘lmagan pochta aloqasi bo‘limlarida gibrid pul o‘tkazmalari tizimi joriy etildi va pul o‘tkazmalarini respublika ichida to‘liq elektron shaklda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Xalqaro elektron pul o‘tkazmalari xizmatining IFS moliyaviy tizimi orqali Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston, Belorussiya, Moldova, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari bilan xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. “Pensiya to‘lovlari hisob-kitobi va nazorati avtomatlashtirilgan tizimi”ga 1726 ta pochta aloqa ob’ektlari bog‘landi. Qolgan aloqa bo‘limlarining ma’lumotlari pochta aloqa tarmoqlari orqali ushbu tizimga kiritib borildi. Pensiya jamg‘armasining «Pensiya» AT tizimi bilan elektron ma’lumot almashinuvi to‘liq yo‘lga qo‘yildi. «To‘lovlarni qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi» orqali “O‘zbekenergo” DAKning billing tizimiga 1722 ta pochta aloqa ob’ektlari bog‘landi. Qolgan pochta aloqa bo‘limlari ma’lumotlarni pochta aloqa tarmoqlari orqali tizimga kiritib bormoqda. “Obuna” avtomatlashtirilgan tizimiga 550 ta pochta aloqa ob’ektlari bog‘lanib, bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Pochta aloqasi xizmatlari sifatini oshirish maqsadida, e’tiroznoma tushgan xalqaro posilkalarni tez va samarali qidirish bo‘yicha Butunjaxon pochta ittifoqining «IBIS» xalqaro axborot tizimiga hamda xalqaro xat-xabarlarni (buyurtmali, qiymati e’lon qilingan va Express jo‘natmalarni) qidirishda e’tiroznomalarni pochta operatorlari o‘rtasida elektron shaklda almashish imkonini beruvchi «PRIME» tizimiga ulandi.

Xalqaro posilkalarni chet davlatlarga arzon tariflarda va tez yetkazib berish uchun optimal yo‘nalish rejasini tuzish imkoniyatini beruvchi «Xalqaro posilkalar yo‘nalish rejasini tuzishni avtomatlashtirish» dasturi joriy etildi.

Jamiyat xodimlari uchun ichki sayt (www.post.uz) faoliyat ko‘rsatib, korporativ tarmoq orqali bog‘lanib me’yoriy hujjatlar elektron bazasi, masofadan turib o‘qitish va boshqa resurslardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Jamiyatning veb-sayti (www.pochta.uz)ni modernizatsiya qilish bo‘yicha saytning yangi dizayni ishlab chiqildi. Shuningdek, “On-line” co‘mlik plastik kartalardan foydalangan holda “Yagona interaktiv davlat hizmatlari portali”ga integratsiyalash bilan Internet va “O‘zbekiston pochtasi” AJ sayti vositasida “Internet obuna” uchun “On-line” to‘lovini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda pochta aloqasi ob’ektlarida uyali aloqa operatorlarining dilerlik xizmatlarini tashkil etish uchun zarur texnikalarni sotib olish va ushbu xizmatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilayotgani ta’kidlanmoqda. Bundan tashqari avtomatlashtirilgan tizimlar ma’lumotlar bazasining eskirgan serverlarini almashtirish va zamonaviylashtirish uchun 2 dona yangi ixtisoslashgan server uskunalari va disk massivlarini sotib olish va «To‘lovlarni mobil qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi» dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov o‘tkazish yuzasidan hujjatlar tayyorlanmoqda.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’lumotlar olishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq