Blogerlik faoliyati rivojlanmoqda
30.05.2015
Rukn: Internet, Yangiliklar.
Muallif: .

XXI asr globallashuv, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internet, xalqaro makon va xalqaro bozorda tobora o‘sib borayotgan raqobat asriga aylanmoqda. Mazkur sharoitda intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda internet-bloging sohasi va blogerlik faoliyatini rivojlantirish, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoni boshqarib borayotgan axborot almashinuvi davrida ijtimoiy mas’uliyatli blogerlarni rag‘batlantirish maqsadida blogerlar chempionati tashkil etilgan.

Poytaxt biznes markazida mazkur chempionat g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, “UZINFOCOM” davlat unitar korxonasi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda faol blogerlar ishtirok etdi.

Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullayev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi I.Halimbekov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda milliy internet makonini yanada rivojlantirish, yangi kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, internetning imkoniyatlaridan foydalanishda yoshlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Aholi uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot manbalaridan keng foydalanish imkoniyatlari yaratilgan. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot xizmatlari tashkil etilib, internet tarmog‘ida maxsus veb-saytlar ishga tushirilgan.

Tashkil etilgan navbatdagi blogerlar chempionatining birinchi bosqichiga jami 266 nafar blogerning 319 blogposti taqdim etildi. Shundan 43 blogpost ikkinchi bosqichda ko‘rib chiqildi. Chempionatning yakuniy bosqichiga 10 blogpost taqdim etildi.

Chempionatda Maqsud Salomov birinchi o‘ringa loyiq topildi. Aziz Qarshiyev ikkinchi, Nosir Azizov uchinchi o‘rinni egalladi.

– Mazkur chempionat sovrindori bo‘lganimdan baxtiyorman, – deydi N.Azizov. – O‘tkazilgan uch bosqichda “Tarozi”, “Otamni otgan qahramon”, “Immunitet” kabi blogpostlarimni taqdim etdim. Ijodiy ishlarim asosan jamoatchilik fikri, ayniqsa, yoshlarni yot g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” ta’siridan muhofaza qilish, yurtimiz tinchligi va farovonligini asrash, yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar mavzulariga bag‘ishlangan.

“Vatanparvarlik mavzusida yozilgan eng yaxshi ish”, “O‘zbekistonda yoshlar hayotini yoritgan eng yaxshi bloger”, “Ijtimoiy muammolarni noodatiy tarzda yoritgan bloger”, “Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan eng yaxshi bloger”, “IT blog” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq