“O‘zbekiston Respublikasida radioelektron vositalardan foydalanishni tartibga solish jihatlari” mavzuida seminar tashkil etildi
21.05.2015
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
19 may kuni poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tadbirkorlik sub’ektlari, davlat idoralariga mobil ishlanmalar, tezkor aloqa qurilmalarini yetkazib beruvchi yirik kompaniya hisoblangan Motorola Solutions bilan hamkorlikda radioelektron vositalardan foydalanishni tartibga solish jihatlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminarda 100 dan ziyod, aloqa, axborotlashtirish, bank-moliya, sog‘liqni saqlash, transport, sanoat ishlab chiqaruvchilari, xususan Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, «O‘zbekenergo», «O‘zbekneftegaz» va boshqa vazirlik-idoralar mutaxassislari ishtirok etdilar. O‘quvda Motorola Solutions kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘linmasi ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasidagi hamkorlari qatnashdilar.
O‘quv-seminarida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va boshqa idoralar mutaxassislarining mamlakatimizda radioelektron vositalardan, radiochastota polosalaridan foydalanish, telekommunikatsiya sohasida litsenziyalash va ro‘yxatga olish, radiotexnika qurilmalaridan foydalanish va buning uchun ruxsat olish hamda zarur hujjatlarga oid ma’ruzalari tinglandi.
Seminarning amaliy qismida Motorola Solutions mutaxassislari tomonidan raqamli radioaloqaning zamonaviy avlodi bo‘lgan TETRA va MotoTRBO standarti imkoniyatlari, bugungi talab va ehtiyojga mos radiointerfeys va dasturiy ilovalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, o‘quv mobaynida Motorola Solutions kompaniyasi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga mobil va simsiz aloqa yo‘nalishlariga ixtisoslashgan o‘quvlarda foydalanish uchun MotoTRBO tizimida ishlaydigan DMR (Digital Mobile Radio) raqamli radioelektron vositalarni taqdim qildi.