To‘lov tizimidagi takomillashuv naqd aylanmani qisqartirmoqda
15.05.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

cbu_15_05_2015

Pul muomalasi – bank-moliya tizimining qon tomiridir. Hisob-kitoblarning naqd va naqdsiz shakli iqtisodiyotning mo‘tadil faoliyat yuritishi uchun juda muhimdir. Shu bois mamlakatimiz rahbariyati tomonidan qabul qilingan direktiv hujjatlarda, bank tizimining rivojlanish strategiyasida pul muomalasini isloh qilish, takomillashtirishga ustivor vazifa sifatida qaralmoqda.

Aholi bo‘sh pul mablag‘larini bank aylanmasiga jalb etish, bank infratuzilmasini yaxshilash, kommunal to‘lovlar va boshqa xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, naqd pul tushumlarining bank kassalariga to‘liq tushishini ta’minlash maqsadida joylarda 2400 dan ortiq mini-bank va maxsus kassalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tijorat banklari va inkassatsiya bo‘limlari tomonidan chakana savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlarining naqd pul tushumlarini banklarga topshirilishi ustidan doimiy monitoring o‘rnatilgan. Shu yilning dastlabki uch oyida 1,1 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari inkassatsiya xizmatiga jalb etildi va ularning umumiy soni 115,6 mingtani tashkil etdi. Buning uchun respublika bo‘yicha 603 ta inkassatsiya yo‘nalishlari ochilgan.

Naqd pul muomalasini takomillashtirishda iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar tajribasi hisob-kitoblarni plastik kartochkalar asosida amalga oshirish afzalligini ko‘rsatdi. Hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirishga o‘tish banklarni banknotalar chop etish, tashish, sanash, qog‘ozbozlik kabi serxarajat ishlardan xalos etish, naqd pul muomalasi barqarorligini saqlash barobarida iqtisodiyotni zarur investitsion resurslar bilan ta’minlaydi, tegishli idoralarning jismoniy va yuridik shaxslar ustidan nazorat qilishini cheklaydi.

Kezi kelganda aytish o‘rinliki, Shimoliy Amerika va Evropa, Avstraliya va qator Osiyo mamlakatlarida plastik kartochkalar infratuzilmasini kengaytirish hisobiga muomaladagi naqd pullarni kamaytirish siyosati yuritilmoqda. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi to‘lovlarning elektron hamyonlar yordamida amalga oshirilishi natijasida ish haqlarining naqd pulda berilishi tobora qisqarib bormoqda. Masalan, ish haqlari hozirgi paytda Angliya va Frantsiyada 10, Germaniyada atigi 5 foizi naqd pulda to‘lanmoqda.

Markaziy bank pul massasini boshqarishda iqtisodiy o‘sish barqarorligiga sharoit yaratadigan, naqd pulsiz hisob-kitob tizimini kengaytirish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Mamlakatimizda qaysi bank xizmat ko‘rsatishidan qat‘i nazar, barcha savdo shoxobchalarida plastik kartochkalar yordamida yagona tartibda bank operatsiyalarini o‘tkazish imkonini beruvchi zamonaviy bank texnologiyalari ishlab chiqildi. Yagona umumrespublika protsessing markazi tashkil etildi, Banklararo to‘lov tizimi yaratildi. Plastik kartochkalarni qo‘llash orqali naqd pulsiz hisob-kitob qilishning zarur qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazasi shakllantirildi. Plastik kartochkalar, to‘lov terminallari va boshqa jihozlarni yuqori darajada himoyalash bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatildi.

Shu o‘rinda ta‘kidlash zarurki, jismoniy shaxslar ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar loyihasi asosida tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda plastik kartochkalarga texnik xizmat ko‘rsatishda boshqa mamlakatlardagidan farqli o‘laroq bizning banklarimiz xizmat haqi undirmaydi.

Hozirgi paytda respublikamiz bo‘yicha salkam 14 mln dona plastik kartochka muomalaga chiqarilgan. Elektron hamyondan to‘lovlarni uzluksiz qabul qilish uchun tijorat banklari tomonidan 163 mingdan oshiq chakana savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari to‘lov terminallari bilan ta’minlandi. To‘lov terminallarini chekka hududlardagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga ham o‘rnatish, eskilarini yangisi bilan almashtirish choralari ko‘rib borilmoqda. Aholi gavjum joylarda 2 mingga yaqin ko‘pfunktsiyali infokiosk va bankomatlar o‘rnatildi.

Plastik kartochka egalari undan universal to‘lov vositasi sifatida foydalanib, kundalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va maishiy mahsulotlar, pullik, shuningdek, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni har qanday masofadan turib, istalgan vaqda amalga oshirishlar mumkin. Bunday qulaylik savdo va servis sohalaridan tushumlardagi ulushni 50 foizga etkazish, oxirgi besh yil mobaynida esa butun to‘lovlar hajmini 3 marta oshishiga sharoit yaratdi. Ta’kidlash o‘rinliki, hozirgi paytda har oyda o‘rtacha 1,8 trln so‘mdan ortiq tovarlar va xizmatlar, shuningdek, 187 mlrd so‘m miqdoridagi kommunal to‘lovlar elektron tizimlar orqali amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda ish haqi va ijtimoiy to‘lovlarning bir oyda o‘rtacha 50 foizdan ortig‘i plastiklarga tushirib berilmoqda va zarur hollarda, mijozlarning talabiga ko‘ra, bank kassalaridan naqd pulda berib borilmoqda.

Plastik kartochka infratuzilmasining kengayib borishidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ham manfaat topmoqda. Bugungi kunda 73 mingdan oshiq tadbirkorlik tuzilmasi o‘zlarining ichki xo‘jalik ehtiyojlari uchun tovar va xizmatlarni sotib olish hamda xizmat safari xarajatlari bo‘yicha tezkor hisob-kitoblarni amalga oshirmoqdalar. Korporativ kartalar xo‘jalik sub’ektlariga dam olish kunlari yoki bank ish kunidan tashqari paytda ham terminallar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Banklar faoliyatida innovatsion texnologiyalarning dadil joriy etilishi bu nafaqat banklarning mijozlar uchun raqobatini anglatadi, bu bank faoliyat yuritayotgan ijtimoiy va ish muhitini yangicha fikrlashga da‘vatdir. Plastiklarning muomalaga kiritilishi bilan yangi xizmatlar turlarini joriy etishga, mijozlar bilan yangicha tusda muomala qilishga imkoniyat yaratildi va bank hisobvaraqlarini masofadan boshqarish tizimlaridan foydalanuvchilar soni ortib borishiga sharoit hozirlamoqda. Joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, 64 mingdan oshiq mijozlar internet-banking va “bank-mijoz” dasturiy majmuasi xizmatlaridan, 530 mingdan ziyod mijoz mobil-banking va sms-banking xizmatlaridan foydalanmoqda.

Plastik kartochkalardan foydalanish infratuzilmasini yanada kengaytirish maqsadida hozirgi paytda Markaziy bank tomonidan “Chakana to‘lovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish kliring tizimini yaratish hamda xizmat ko‘rsatuvchilarning billing tizimi bilan integrallashuvi” loyihasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda Markaziy bank huzurida Hisob-kitob bankini tashkil etish va bank mijozlarining majburiyatlari bo‘yicha banklarning vakillik hisobvaraqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri debetlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida Kliring tizimi bilan Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimi, “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik kompaniyalari, “Beeline” mobil aloqa operatorining billing tizimlari integratsiya qilinib, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar, elektr va gaz iste‘moli bo‘yicha to‘lovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Hozirgi paytda Kliring tizimi faoliyatini kengaytirish uchun “O‘ztelekom”, “Uzonline”, “Uzmobile”, “Ucell”, “Perfectum Mobile” telekommunikatsiya korxonalari, “Suvsoz”, “Issiqlik quvvati”, “Maxsustrans” unitar korxonalari billing tizimlari bilan ulanish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilarining ish haqi qaydnomalarini UzASBO dasturidan foydalangan holda xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochilgan Uzcard EMV plastik kartalariga elektron shaklda yuborish imkonini beruvchi yangi tizim yaratilmoqda.

Bu sira loyihalar ijrosi pirovardida mamlakatimizda pul aylanmasini yanada jadallashtirib, to‘lov tizimini mustahkamlab boradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq