UMS bosh direktori Dmitriy Nagorniy bilan suhbat
13.05.2015
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

ums_13_05_2015

O‘zbekistondagi mobil aloqa bozorida yangi UMS operatori ishga tushirilganidan buyon 5 oydan ko‘proq vaqt o‘tdi. Dmitriy Nagorniy bosh direktor sifatidagi o‘zining birinchi intervyusida kompaniya ishga tushishidan oldin uning oldida qanday vazifalar turgani, bu yil abonentlarni qanday yangiliklar kutayotgani va “chiroyli” raqamlarning narxlari nimaga qarab belgilanishi haqida so‘zlab berdi.

— Dmitriy Gennadyevich, O‘zbekistonga kelguncha siz “MTS” OAJning Oltoy o‘lkasidagi filialiga rahbarlik qilgansiz. Bu yerda bosh direktorlik vazifasiga ko‘nikishingiz qiyin kechmayaptimi?
— Tan olishim kerakki, UMSni texnikaviy va tijoriy ishga tushirish – anchagina murakkab loyiha! Menda o‘ylab o‘tirishga vaqt bo‘lmadi. Kela solib ishga sho‘ng‘ib ketishimga to‘g‘ri keldi. Zero, atrofga alanglashga fursat yo‘q edi. Ikki oy ichida aktivlarni qabul qilish va inventarizatsiyadan o‘tkazish, Toshkent shahri va mintaqalar uchun sakkiz yuzta xodimni ishga saralab olish, aloqa markazini yaratish, dilerlar tarmog‘ini shakllantirish kerak edi… Shularning barchasini chop-chop bilan, dam olish kunlarisiz, amalda kecha-yu kunduz ishlab bajarishga to‘g‘ri keldi.

Shu tariqa, yangi iqlimga moslashish haqida o‘ylab ko‘rishga ham ulgurmay turib, bu bosqichdan o‘tib ketibman va hozir o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Bu yerda ijtimoiy faol, internetga ehtiyoji katta yoshlar ko‘p, katta avlod vakillari esa, imkoni bo‘lgan paytda bir-birlari bilan uzoq va mamnuniyat bilan so‘zlashishadi. Demak biz ular uchun shunday qulaylikni yaratib berishimiz kerak.

— O‘zbekistonda biznes yuritish Rossiyadagidan farq qiladi. Bu yerda birinchi navbatda nimalarga ko‘nikishingizga to‘g‘ri keldi?
— Men, oradagi farqlar ularga ko‘nikish zaruratini keltirib chiqardi, demagan bo‘lardim! Aniqrog‘i, mahalliy amaliy muhitning ayrim o‘ziga xos xususiyatlarini anglab yetish uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. O‘zbekistonda ish yuzasidan muloqot qilish uslubi biroz boshqacharoq: biznes bilan bog‘liq masalalar, qolaversa, boshqa har qanday jiddiy masala shoshma-shosharliksiz, og‘ir-vazminlik bilan, lekin eng nozik jihatlarigacha chuqur o‘ylab muhokama qilinadi. Chuqur o‘ylab, xotirjam ish ko‘rilishi oqilona va obyektiv qarorlar qabul qilishda juda yordam berayapti.

— Sizga bu lavozimni taklif qilishganida oldingizga qanday vazifalarni qo‘yishdi?
— Eng birinchi vazifa respublika mobil aloqa operatorini tezlik bilan va samarali tarzda ishga tushirishdan iborat edi. UMS komandasi, yuqorida aytib o‘tganimdek, eng qisqa muddatlarda uskunalarni ishga tushirish va chakana tarmoqni ochish borasidagi jiddiy ishlarni bajardi. Ikkinchi bosqich – biznesning samarali iqtisodiy modelini yaratish va zarar ko‘rmasdan ishlay boshlash. Biz 2015 yilni shu vazifaga bag‘ishlaymiz. Chamasi, oson bo‘lmaydi, lekin ayni qiziqarli vazifalarni hal etish imkoniyati telekommunikatsiya ishining va bu yo‘nalishda ishlashning biz qadrlaydigan jihatidir!

Kengroq doiradagi vazifalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mobil operator abonentlarning ehtiyojlaridan ortda qolmasligi lozim. Ularning talablari kun sayin o‘sib borayapti, biz esa, o‘z navbatida ular bizdan kutayotgan darajaga mos kelishga hamda ishimiz natijalariga bo‘lgan o‘z talabimizni beto‘xtov oshirib borishga, chin ma’nodagi aloqa operatoriga aylanishga intilayapmiz.

— O‘zbekistonda UMS ish boshlaganidan buyon 5 oydan ortiq vaqt o‘tdi. Dastlabki yakunlar qanday – abonentlaringiz ko‘payayaptimi yoki kamayib borayaptimi?
— Albatta ko‘payib bormoqda. Axir biz ish boshlaganimizda bironta ham abonentimiz yo‘q edi! 2014 yilning oxiriga keliboq kompaniya 180 000dan ziyod abonentga xizmat ko‘rsatayotgan edi. Hozir esa, ular soni kun sayin, buning ustiga ancha faol ko‘payib borayapti. O‘sish bizni qanoatlantirmoqda. Aytish mumkinki, UMS mobil operatori uchun eng yaxshi reklama – bu, abonentlarimiz aloqa sifatini o‘z qarindosh-urug‘lariga, do‘stlari va hamkasblariga maqtayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda odamlarga jo‘natayotgan yuqori ko‘rsatkichli speed-testlar skrinshotlaridir.

— UMS kompaniyasi O‘zbekiston hududida birinchi bo‘lib HD Voice texnologiyasini joriy qildi. Iltimos, keng polosali tovush haqida so‘zlab bersangiz, abonentlar uchun buning farqi qanchalik katta?
— HD-Voice – “Billur tovush” texnologiyasi bo‘lib, u nutqning aniqligini ta’minlaydi, suhbatdoshning ovozini buzmaydi va begona shovqinlarni yo‘qotadi.

HD Voice texnologiyasida chastotalar diapazoni — 50 Gts-7 kGts. Bu esa, hozir keng tarqalgan 300 Gts-3 kGts diapazonidan yaxshi tomonga ancha farq qiladi.

Bu texnologiyadan UMSning barcha abonentlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanadilar. Buning uchun biron-bir qo‘shimcha sozlashlar ham kerak emas. Buning uchun 3G tarmog‘ida ishlaydigan telefonga sim-kartani qo‘yilsa, kifoya. Agar so‘zlashayotgan har ikki abonent UMSning 3G tarmog‘i ta’siri zonasida bo‘lsa, “Billur tovush” samarasi ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi.

— Aloqa sifati bilan abonentlar so‘zlashuvi davomiyligi orasida, mobil internet tezligi bilan trafik sarflanishi orasida bog‘liqlik bormi?
— Aloqa sifati abonentga birinchi urinishdayoq bog‘lanish imkonini bersa, har bir so‘z yaqqol eshitilsa va takrorlash hamda ovozni balandlatishga hojat bo‘lmasa, biroz gaplashish bilanoq aloqa uzilib qolavermasa, odatda so‘zlashuv ham uzoq davom etadi. Ayni paytda, suhbatdoshlar bir-birini yaxshi eshitmasa, muloqot eng zarur axborotni imkon qadar tezroq berishdangina iborat bo‘lib qoladi. Lekin axir mobil telefon – bu, telegraf emas-ku! Demak, abonent o‘zi istaganicha muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Bu so‘zlarim Internetga ham taalluqli. Signal barqaror va tezlik katta bo‘lsa, axborotni tez topish va pochtani tekshirish bilan cheklanish shart emas. Bunda uzoq vaqt mobaynida turli saytlarga, jumladan ijtimoiy tarmoqlarga kirish, yangiliklarni o‘qishgina emas, videoyozuvlarni ko‘rish, onlayn-o‘yinlarni o‘ynash va boshqa katta hajmli ermaklardan foydalanish ham o‘rinli bo‘ladi.

— Nima deb o‘ylaysiz, UMS yaqin 2 yil ichida mobil aloqa bozorida peshqadamlikni qo‘lga kirita oladimi?
— Bu borada hozirdan katta ketish va bashoratlar qilish niyatim yo‘q. Shak-shubhasiz, UMS oldida ham, har qanday katta kompaniyada bo‘lgani kabi bozordagi o‘z o‘rnini rivojlantirish va kengaytirish maqsadi turibdi. Bizning kundalik ishimiz shunga bag‘ishlangan. Hozirning o‘zidayoq UMS abonentlarga jahon sifat standartlariga mos keladigan aloqa xizmatlarini ko‘rsatayapti, bozorda raqobatlasha oladigan tariflar, katta tezlikda ma’lumot jo‘natish xizmatlari, biznes uchun zarur servislar to‘plamini taklif qilmoqda. Bu esa, faqat boshlanishi, xolos.

— UMS xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlar soni 2015 yilda qanchaga yetishi mumkin?
— Men masalaning miqdorga emas, balki sifatga taalluqli tarafi haqida gapirib o‘tishni afzal ko‘rgan bo‘lardim. Garchi biz har bir yangi abonentning safimizga qo‘shilishidan quvonsak-da, vazifamiz – abonentlar soni geometrik progressiya bo‘yicha o‘sib borishiga intilish emas. UMS uchun bosh vazifa – mijozlarni eng yuqori darajadagi xizmatlar bilan ta’minlash, ularni ovozli va Internet-aloqadan faol foydalanishga rag‘batlantirish. Abonentlar doirasi rejalashtirilganidek kengayib borayotgani bizga quvvatlarni bosqichma-bosqich o‘stirish va tarmoqni modernizatsiyalash imkonini bermoqda.

— Siz 4G LTE texnologiyasi rivojlanishi istiqbollarini qanday baholaysiz?
— Menimcha, yaqin bir-ikki yil ichida, ya’ni mamlakatda shunday standartda ishlaydigan qurilmalar ko‘payib ketgach, bu masala dolzarb bo‘lib qoladi. Albatta, UMS shunday bo‘lishi ehtimolini ham ko‘rib chiqayapti va bu yo‘nalishda rivojlanish rejalari bor.

— Mavjud 3G tarmoqlarini modernizatsiyalash ishlari qanday borayapti?
— Hozirgi kunda 3G tarmog‘ini modernizatsiyalash uchun ikki imkoniyat bor. Chastotalar resursi kattalashtirilishi tayanch stansiya sektori sig‘imini kattalashtirish va Internetga kirish tezligini oshirish imkonini beradi. Shuningdek UMTS – HSPA+ (tezlik sekundiga 21 megabaytgacha), Dual va Triple Carrier – HSPA+ (tegishlicha sekundiga 42 va 63 megabaytgacha) standarti doirasida yangi texnologiyalarni ishga tushirish ham mumkin. Joriy 2015 yildayoq butun tarmoqda ana shu ikki usulni qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, sinovdan o‘tgan usul ham bor. Bu, qamrovni kengaytirish uchun qo‘shimcha tayanch stansiyalar qurishdir.

— UMSda abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifatini boshqarishning qanday usullari qo‘llanilayapti?
— Xizmat ko‘rsatish markazlarida va aloqa markazi orqali abonentlar murojaat qilganda bu murojaatlarning har bir turi uchun bizda xodimlar o‘zini qanday tutishi kerakligi va hatto mutaxassislarning nutqi aniq belgilab qo‘yilgan standartlar mavjud. Xususan, mijozlar bilan muloqot uchun butun boshli ssenariylar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda savollarga qanday javob berish kerakligi, axborotni qanday qabul qilish va qanday yordam berish lozimligi ko‘rsatilgan. Aloqa markaziga qo‘ng‘iroq bo‘lganda so‘zlashuv yozib olinadi. Bu haqda abonent albatta ogohlantiriladi. Bu ish servis darajasini oshirish uchun qilinadi.

— Mobil aloqa operatorlarining abonentlari aloqa sifatini ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilishadi. Kompaniyalar bunday fikr-mulohazalarga e’tibor berishadimi, ular haqida bosh qotirishadimi?
— Ijtimoiy tarmoqlar – kommunikatsiyalarning muhim kanali. Chunki ba’zan, abonent aloqa markaziga qo‘ng‘iroq qilib, muammoni bevosita mutaxassis bilan muhokama qilishdan ko‘ra, o‘z sahifasida yoki ommalashgan guruhda, ya’ni o‘zini erkin his qiladigan joyda “dardini dasturxon qilishi” ruhan osonroq kechadi. Biz buni tushunamiz va biz Internetni abonentlar bilan hamjihatlik uchun teng huquqli kanalga aylantirishni ham o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. Bu borada ish olib borilayapti.

Lekin shuni eslatib qo‘ymoqchimanki, har qanday holatda ham, kompaniyamizning aloqa markazi mutaxassisiga bevosita murojaat qilish masalaning ijtimoiy tarmoqdagi mavhum sharhlardan ko‘ra tezroq va samaraliroq hal etilishiga olib keladi.

— Ko‘pgina abonentlarda UMSning “chiroyli” raqamlari juda qimmatligi xususida ham savollar tug‘ilayapti. Bu narxlar nimaga qarab belgilanadi?
— Har qanday taklif va uning tavsiflari faqat va faqat bozordagi talabdan kelib chiqadi! “Chiroyli” raqamlar – bizning bozorda g‘oyat xaridorgir bo‘lgan va nufuzni ko‘rsatuvchi mahsulot. Ayni paytda, obyektiv sabablarga ko‘ra ularning soni chegaralangan. Ular ish bilan bog‘liq maqsadlarda o‘z bizneslariga shunday investisiyani yo‘naltirishga tayyor va shuni istaydigan odamlar uchun mo‘ljallangan. Aksar hollarda, kiruvchi qo‘ng‘iroqlar juda ko‘p bo‘ladigan xizmat ko‘rsatish sohasi, masalan, taksi yoki axborot markazlari uchun bunday raqamlar olinishi o‘zini oqlaydi.

— Bu yil UMS yana qanday loyihalarni amalga oshiradi?
— Biz asosiy kuchimizni xizmat ko‘rsatish sifatini yuksak darajada saqlab turishga, shuningdek ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yanada yaxshilash imkonini beruvchi yechimlarni joriy etishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqdamiz. Xususan, yangi abonentlar uchun bepul sovg‘a tarzidagi daqiqalar va SMSlar soni ko‘proq bo‘lgan bir qancha maxsus takliflar tayyorlayapmiz. Ko‘plab iltimoslarga binoan, alohida toifadagi raqamni tanlash xizmati uchun haqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini ham ko‘rib chiqayapmiz.

Texnologik masalalarga kelsak, Qamchiq dovonini o‘z xizmat doiramiz bilan qamrab olish bo‘yicha ijtimoiy loyiha amalga oshirilayapti. Bunday qilinishi mazkur joyda anchadan buyon mavjud bo‘lgan aloqa muammosini hal etish imkonini beradi.

Yana boshqa rejalar ham bor, lekin men ular haqida oldindan gapirmoqchi emasman. Axir, har bir ishning o‘z vaqti-soati bor!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq