“O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” Aksiyasi — birgalikda tanlaymiz!
05.05.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

uz_4_05_2015

Yurtimizning turli hududlaridagi arxeologik majmualar, shahristonlar, qadimiy yodgorliklardan topilgan nodir ashyolar, metall va sopol buyumlar, libos va ziynatlar, devoriy bezaklar, uy-ro‘zg‘or anjomlari, mehnat qurollari, tarixiy materiallar muayyan davrga oid manzaralarni, har bir hududning o‘ziga xos tarixi, etnografik xususiyatlarini ko‘z o‘ngimizda yaqqol tasvirlaydi.

Qadimiy qo‘lyozma kitoblar, nodir nashrlar bu tabarruk zaminda ilm-fan, adabiyot, san’at gullab-yashnaganidan hikoya qilsa, naqshinkor o‘yma ustunlar, me’morlik ashyolari, bezakdor bosh kiyimlari, liboslar, turli ziynatlar milliy an’ana va qadriyatlarimiz, yurtimizdagi hunarmandlik maktablarining chuqur va mustahkam asosga tayanishidan darak beradi.
Bularni anglagan har bir yurtdoshimiz qalbida jonajon Vatanimizga, bunyodkor, tanti va saxovatli xalqimizga bo‘lgan mehr yanada ortadi. Shu yurt farzandi ekanidan qalbi cheksiz faxr-iftixorga to‘ladi.

Shu munosabat bilan “O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” Aksiyasini e’lon qilamiz. O‘zbekistonning boy madaniy merosini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilish va ularni asrab-avaylashda o‘z hissasini qo‘shishni xohlagan barcha ishtirokchilarni aksiyada faol ishtirok etishga taklif etamiz!

Аksiyani o‘tkazish manzili — ZiyoNET ta’lim tarmog‘ining “O‘zbekistonning madaniy merosi” bo‘limi. Aksiyada portalda ro‘yxatdan o‘tgan barcha faol foydalanuvchilar ishtirok etishi mumkin.

“O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” Aksiyasi uch bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich – ro‘yxatga qanday obyektlarni qo‘shish haqida foydalanuvchilardan takliflar yig‘ish.
2-bosqich – “O‘zbekiston hududlarida joylashgan yetti mo‘’jiza”ni aniqlash va ovoz berish.
3-bosqich – “O‘zbekistonning yetti mo‘’jizasi”ga ovoz berish va aniqlash.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ovoz olgan yettita obyekt rasmiy ravishda, “O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” sifatida tanlab olinadi. “O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” sifatida tanlangan obyektlar Aksiya so‘nggida o‘tkaziladigan tantanali marosimda e’lon qilinadi.

Tanlov tashkilotchilari Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq hamkorlik masalalari bo‘yicha barcha takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi va muhokama qiladi.
Aksiya haqidagi fikrlar ZiyoNET portali, uForum, Facebook, Fikr (#merosziyonet va #7mujizaziyonet xeshteglari ostida) internet sahifalarida muhokama qilib boriladi.

Aktsiya koordinatori ZiyoNET Resurs markazi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq