Richard Kerbi: O‘zbekistonda “e-hukumat”ni rivojlantirishning huquqiy asosi ishlab chiqilgan
30.04.2015
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

gov_30_04_2015

BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo’yicha departamentining hududlar aro Bosh maslahatchisi Richard Kerbi kuni kecha jurnalistlar bilan uchrashib elektron hukumat hamda Ochiq ma’lumotlar portal haqidagi ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Bugungi mamlakatlar rivojlanish yo‘lida “e-hukumat” tizimi imkoniyatlaridan qanday foydalanmoqdalar? “E-hukumat” tushunchasi bugungi jadal rivojlanayotgan zamonda nimani ifodalamoqda?

Richard Kerbi: O‘ylashimcha, bugun barcha mamlakatlar “e-hukumat”dan jamoatchilikni hukumat doirasida olib borilayotgan ishlardan boxabar qilish, qabul qilinayotgan qarorlarni izohlash, bunga nisbatan jamoatchilik fikrini o‘rganish va choralar ko‘rish yo‘lida unumli foydalanmoqdalar. Bu o‘z navbatida davlat tomonidan olib borilayotgan tadbirlar samaradorligini, fuqarolar oldidagi davlatning hisobdorligini oshirmoqda. Bunda nafaqat e-xizmatlar, balki ijtimoiy mediadan ham keng foydalanilmoqda.

“Elektron hukumat” davlat va fuqarolar, davlat va tadbirkorlik sub’ektlari, davlat va xizmatchilar o‘rtasidagi yuqori kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan o‘zaro interaktiv muloqot. “E-hukumat” fuqarolarning turli hujjatlarni rasmiylashtirish va olish uchun idoralarga borishi va navbatda turishini, shuningdek, ba’zi bir keraksiz hujjatlar sonini ham imkon qadar qisqartirib, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro elektron munosabatlarni rivojlantirishga zamin yaratadi. Ma’muriy nuqtai nazardan esa “elektron hukumat” qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirib, davlat apparati faoliyati samaradorligini oshiradi, sarf-xarajatlarni qisqartiradi. Shu ma’noda, bugun “e-hukumat” birinchi o‘rinda aholi manfaatlari, haq-huquqlarining mustahkam kafolatini anglatadi.

Ba’zi mamlakatlar “e-hukumat” tizimidan so‘ng davlat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarda boshqaruvning yangi shakllari – “aqlli hukumat” yoki “mobil hukumat” tizimlarini yaratishga urinishmoqda. Bu “e-hukumat” tizimining to‘laqonli ravishda faoliyat ko‘rsatayotganiga asos bo‘la oladimi? 

Richard Kerbi: Hattoki “elektron hukumat” tizimini yaratishda yetakchi hisoblangan mamlakatlarda bu tizim tamomila to‘liq ishlayapti, deyish ham noto‘g‘ri. Hatto ular ham hali barcha imkoniyatlarni ishga solishayotgani yo‘q. Ayniqsa, bugun – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yangiliklar bir-biri bilan poyga o‘ynab, har kuni yangi nimadir ixtiro qilinayotgan bir paytda mukammal faoliyat ko‘rsatayotgan elektron boshqaruv tizimini yaratishning iloji yo‘q. “Elektron hukumat” – har kungi imkoniyatlar bilan muntazam rivojlanishga muhtoj tizimdir.

Shu o‘rinda “e-hukumat”ni takomillashtirish bo‘yicha rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan muhim vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Richard Kerbi: Birinchi vazifa – ichki to‘siqlarni yo‘q qilish. Bu avvalo, hukumatda mavjud axborotni xalq bilan “baham” ko‘rish yoki o‘rtoqlashishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yishni anglatadi. Qolaversa, AKT xizmatlarini ko‘rsatish qimmatligi ham “e-hukumat” rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Yana bir jiddiy to‘siq – inson resursidir. Ma’lumki, biror mamlakatdagi “e-hukumat” tizimining rivojlanish ko‘rsatkichlari o‘rganilayotganida yaratilayotgan tizimda “fuqaro ishtiroki” ham alohida o‘rganiladi. Bu esa birinchi navbatda o‘sha mamlakatdagi aholi savodxonligi, xususan fuqarolarning AKT savodxonligi bilan chambarchas bog‘lanadi.

Bu muammolarni hal qilishning optimal usullari nimalardan iborat? 

Richard Kerbi: Avvalo, tizimning huquqiy asosini hamda istiqboldagi loyihalar dasturini ishlab chiqish zarur. Mana shu strategik reja inson resursini rivojlantirish, AKT dan foydalanishni ommalashtirish, ma’lumotlar bazasi va axborot tizimlarini yaratish, interaktiv xizmatlarni joriy qilish kabi maqsadlarni tarkibiga olishi zarur.

Ba’zi bir mamlakatlar “e-hukumat” tizimini yaratishda qisqa muddatda muvaffaqiyatga erishishni rejalashtirishadi.

Richard Kerbi: Bugun bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan barcha davlatlar bunga yillar davomida, bosqichma-bosqich erishganlar. Elektron hukumat tizimini yaratishda “katta sakrash” siyosati o‘zini oqlamaydi. Bunda natijaga erishishning asosiy sharti – strategik dastur asosida harakatlanishdir.

Janob Kerbi, xabaringiz bor, O‘zbekistonda ham “e-hukumat” tizimini samarali joriy qilishda yuqori sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Siz bu harakatlarni qanday baholaysiz?

Richard Kerbi: O‘zbekistonda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ijobiy natijalar va istiqbolli jihatlarini ko‘rish mumkin. Misol tariqasida mamlakatda aloqa infratuzilmasi rivojlanayotgani, aholining “e-ishtiroki”ni, AKT dan foydalanish ko‘rsatkichlarini keltirish mumkin. Eng muhimi, O‘zbekistonda “e-hukumat”ni rivojlantirishning huquqiy asosi ishlab chiqilgan, xalqaro tajriba asosida muhim loyihalar va dasturlar belgilab olingan. Navbatdagi vazifa qabul qilingan strategik rejadagi vazifalarni, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishdir.

“E-hukumat” tizimi rivojlanishini baholashning mezonlari qanday?

Richard Kerbi: Muhim mezonlar – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida davlat idoralari bo‘linmalari, davlat xizmatlarining, xususan biznes reinjeneringi xizmatlarining yagona nuqtaga integratsiyalashganlik ko‘rsatkichlaridir. Shuningdek, “e-hukumat”ning joriy qilinishini baholashda elektron boshqaruv uchun zarur dasturiy mahsulotlarning ishlab chiqarilishiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boisi dasturiy ta’minot vositalari davlat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarda samaradorlikni oshiruvchi muhim omildir. Qolaversa, aholini turli masalalar yuzasidan davlat organlari, idora va davlat rahbarlari bilan bog‘lab turadigan resurslarning mavjudligi ham muhim omildir. Yuqorida qayd etganimdek, mazkur jarayonda fuqarolarning e-ishtiroki juda muhim. Bu aholiga elektron ravishda ma’lumot taqdim qilish, maslahat berish va elektron qaror qabul qilishlariga imkoniyat yaratishni anglatadi.

Garchi elektron xizmatlar fuqarolarga ko‘plab imkoniyatlarni yaratsa ham, odamlar negadir davlat bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ko‘p hollarda qog‘ozdan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Aholini elektron xizmatlarga jalb qilishda xalqaro tajriba qanday?

Richard Kerbi: Odamlarni ular o‘rganib qolgan an’anaviy turmush tarzidan ikkinchisiga o‘tkazish oson ish emas. Chunki biz o‘zimiz o‘rganib qolgan, bilgan yo‘ldan borishni afzal ko‘ramiz. Shuning uchun fuqarolarni e-xizmatlarga jalb qilishning marketing rejasini ishlab chiqish zarur. Ba’zida aholi mavjud interaktiv xizmatlardan bexabar qolib ketadi. Ularning xabardorligi va savodxonligini oshirishga qaratilgan qo‘llanmalar, flayerlar tarqatish, ijtimoiy media orqali teleradio lavhalar berib borish kerak. Bu materiallarda elektron xizmatlardan foydalanganlar uning qulayliklarini tavsiflab berishsin.

Yana bir muhim chora-tadbir – aholi ehtiyojini o‘rganish. Bunda fuqarolar – buyurtmachi, davlat esa amalga oshiruvchi hisoblanadi. Koreya Respublikasi, Niderlandiya kabi bu yo‘nalishda rivojlangan mamlakatlar aholi talab-istaklaridan kelib chiqib, elektron boshqaruvga oid loyihalarni amalga oshirganlar.

Bizga ma’lum, bu Sizning O‘zbekistonga uchinchi marotaba tashrif buyurishingiz. O‘zbekiston haqidagi taassurotlaringizni o‘rtoqlashsangiz. 

Richard Kerbi: O‘zbekiston – barqaror rivojlanish yo‘lidan borayotgan mamlakat. O‘zbekistonliklar deganda ko‘z o‘ngimda ochiq chehrali, istarali odamlar gavdalanadi. Toshkent menga manzur bo‘lgan go‘zal shaharlardan biridir. Har safar bu yurtga tashrif buyurganimda bir olam zavq olaman. Fursatdan foydalanib, barcha o‘zbekistonliklarga omad, farovonlik tilab qolaman.

Suhbatdosh: Axborot xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha mutaxassisi Shuhrat Sattorov

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq