Ilmiy salohiyatli magistrantlar – fan istiqbolining kafolati
29.04.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zafar Hakimov, Shavkat Redjepov.

tuit_29_04_2015

Kasb tanlash – har bir shaxsning o‘z hayotini to‘g‘ri shakllantirishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishida eng mas’uliyatli vazifadir. Oliy ma’lumotli kasb egasi bo‘lish uchun qaysi oliy ta’lim muassasasini tanlashda ko‘pchilik yoshlar bolalikdan shakllanib kelgan qiziqishlariga muvofiq, ayrimlari esa ikkilanib, biror tashqi ta’sir yoki shunchaki, yengil havaslariga ko‘ra yo‘l tutadilar.

Oliy ta’lim muassasasiga kirib, tahsil olgan, oliy ma’lumotli bakalavr diplomiga ega bo‘lib, amaliyotchi sifatida faoliyat boshlagan va jamiyatda o‘z o‘rnini topib, el hurmatiga sazovor bo‘layotganlarni ko‘rib, quvonamiz, havas qilamiz. Biroq erishgan natijasidan ko‘ra yuqoriroq yutuqlarga intiluvchi, nafaqat amaliy faoliyat, balki ilmiy salohiyatini yanada oshirishga intilgan yoshlar bakalavr diplomiga ega bo‘lgach, magistratura bosqichi tomon shaxdam qadam tashlaydilar. Ular tanlagan kasbiy mutaxassisliklari sohasida yanada ko‘proq bilim va malakalarga ega bo‘lish hamda o‘zlarini yetuk kadr sifatida namoyon etishga harakat qilib, magistratura ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olishni davom ettirishga intiladilar.

agistr — bu keng doiradagi bilimga ega, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan hamnafas, ilmiy-tadqiqot ishlarini yuritishga tayyor, malakali mutaxassisdir. Chuqur bilimga ega mutaxassis-magistrlarni tayyorlashdan asosiy maqsad, yuqori malakali ilmiy kadrlar salohiyatini yanada oshirishdan iborat. Shu boisdan ham, ta’lim muassasalari magistratura bo‘limlarida har jihatdan davr talabiga javob beradigan chuqur nazariy va amaliy bilimlarni egallagan, magistratura ta’lim dasturini tugatgan, magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan magistrantlar — magistrlik darajasiga erishganliklarini tasdiqlovchi diplomga ega bo‘ladilar.

tuit_29_04_2015_1

Ma’lumki hozirgi davrda magistrant muhim ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy muammoni hal etishi, fanning tegishli tarmog‘ini rivojlantirishda yangi fan yutuqlari bilan ishtirok etishi hamda jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan ilmiy asoslangan texnik, iqtisodiy va texnologik yechimlarni ta’minlaydigan ilmiy faoliyatni yuritishi lozim. Shuningdek, ulardan o‘zi tanlagan mutaxassislik yo‘nalishi rivojlanish odimlarining mazmun-mohiyatini chuqur bilishi, mutaxassislik bilimlarni puxta egallashi, ilmiy faoliyatni fan va ta’limning istiqbolli yo‘nalishlari bilan uyg‘un holda olib borishi, magistrlik dissertatsiyasini tayyorlashda nazariy, ilmiy va metodologik bilimlarni mukammal egallaganligini namoyon etishi, muammoni aniq tasavvur qilgan holda, ilmiy ma’lumotlar va materiallarni tahlil qilishi, tizimlashtirish, umumlashtirish va eksperi-mental tadqiqotlar olib borish qobiliyatiga ega bo‘lishi talab etiladi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ta’lim tizimining barcha turlarini, jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan, keng miqyosdagi ishlar amalga oshirila boshlandi. Mamlakatimizda 1997-yil 29-avgustda ta’lim yo‘nalishini dunyo standartlari darajasiga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida«gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi.

Mazkur qonun hujjatlariga ko‘ra, 1999-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasidagi bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’limning ikkinchi bosqichi magistratura bo‘limlari ochilib, magistrlar tayyorlana boshlandi. «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ga muvofiq Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)da 1999–2000 o‘quv yilidan boshlab magistratura bo‘limi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Toshkent axborot texnologiya-lari universiteti magistratura bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 10-sentabrdagi 190-sonli «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq alohida bo‘lim sifatida shakllantirilib, magistratura bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 36-sonli «Magistratura to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida faoliyat yuritmoqda.

tuit_29_04_2015_2

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (sobiq Toshkent elektrotexnika aloqa instituti) Vazirlar Mahkamasining 1953-yil 18-may 1291-sonli qarori, Aloqa Vazirligining 1955-yil 28-iyun 487-sonli buyrug‘i bilan tashkil etilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi PF-3080-sonli «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmoni bo‘yicha «Toshkent axborot texnologiyalari universiteti»ga aylantirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi PQ-91 sonli «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarori bilan Samarqand, Farg‘ona, Nukus, Qarshi va Urganch shaharlarida universitetning hududiy filiallari tashkil etilgan. Hozirgi kunda universitetda jami 6ta:

  • Kompyuter injiniringi;
  • Dasturiy injiniring;
  • Telekommunikatsiya texnologiyalari;
  • Televizion texnologiyalar;
  • Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iqtisodiyot va menejment;
  • Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi fakultetlari mavjud.

Samarqand va Farg‘ona filiallarida:

  • Kompyuter njiniringi;
  • Telekommunikatsiya texnologiyalari va kasb ta’limi fakultetlari.
    Nukus, Qarshi va Urganch filiallarida:
  • Kompyuter injiniringi fakulteti mavjud.

Ushbu fakultetlar Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi «Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 188-sonli qaroriga muvofiq tashkil topgan. Universitet va uning hududiy filiallari tashkiliy tuzilmasi yanada optimallashtirilgan holda yangi kafedralar tashkil etilgan. Universitetda kafedralar soni 28ta, shundan 10tasi magistrlar tayyorlash bo‘yicha muta-xassislik kafedralari hisoblanadi. Hozirgi kunda universitetda jami talabalar soni 6129 nafarni tashkil etib, shundan magistratura talabalari soni 320 nafar, hududiy filiallarda jami 124 nafarni tashkil qiladi. Universitetning 22 nafar magistranti Janubiy Koreya, Germaniya, Fransiyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-martdagi «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1942-sonli Qaroriga asosan, 2013–2014 o‘quv yilidan boshlab universitetda:

  • 5A350101 — Telekommunikatsiya injiniringi («Axborot uzatish tizimlari», «Telekommunikatsiya tarmoqlari», «Teleradiouzatish»);
  • 5A330501 — Kompyuter injiniringi(«Kompyuter tizimlarini loyihalash», «Amaliy dasturiy vositalarni loyihalash», «Axborot va multimediya texnologiyalari», «Axborot xavfsizligi, kriptografiya va kriptoanaliz»);
  • 5A350301 — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iqtisodiyot va menejment;
  • 5A330601 — Dasturiy injiniring;
  • 5A350601 — Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 26-iyundagi PF-2193 sonli Farmoniga muvofiq, 2014–2015 o‘quv yilidan boshlab universitetga yangi 2ta:

  • 5A330502 — Elektron hukumat tizimini boshqarish;
  • 5A350602 — Elektron kutubxona va arxivlar magistratura mutaxassisliklariga talabalar qabul qilingan.
  • Hududiy filiallarda 5A330501 — Kompyuter injiniringi («Kompyuter tizimlarini loyihalash») mutaxassisligi bo‘yicha magistr kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda TATU axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ-91 sonli Qaroriga muvofiq TATU axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

tuit_29_04_2015_3

Universitet va hududiy filiallar professor-o‘qituvchilari tarkibi 760ga yaqin bo‘lib, ular: 4 nafar akademik, 21 professor, 24 fan doktori, 226 nafar fan nomzodlari va dotsentlardan iborat. 2014-yilda universitetdan jami 66 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy davlatlar (Janubiy Koreya Respublikasi, Hindiston, Fransiya, Germaniya)ning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida 2–4 oylik kompyuter va dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida malaka oshirib kelgan.

Universitet kafedralarida magistratura o‘quv rejasidagi fanlarni olib borish va o‘tkazish uchun zaruriy o‘quv laboratoriyalari va xonalari mavjud bo‘lib, ular yetarli darajada zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Jumladan, universitetda mashg‘ulotlar olib borish uchun 45ta multimedia sinflari, 52ta kompyuter sinflari, va 43ta o‘quv va o‘quv-ilmiy laboratoriya xonalari mavjud.

O‘tgan yillar mobaynida, universitetda AKTRF, «O‘zbektelekom» AK, Xitoy Xalq Respublikasining ZTE, Huawei kompaniyalari, «Coscom» MChJ, KOICA tashkilotlari bilan hamkorlikda quyidagi:

  • «Samsung-KOICA»;
  • «AT-servis va parallel qayta ishlash»;
  • «Multimedia injiniring»;
  • «Axborot texnologiyalarining xavfsizlik servislari»;
  • «Tovush signallarini qayta ishlash»;
  • «Yosh dasturchilar»;
  • «Matematik modellashtirish va dasturlash» ilmiy-o‘quv laboratoriyalari;
  • «CDMA-450 standartidagi uyali aloqa tizimi»;
  • «Elektron kutubxona»;
  • «Elektron axborot ta’lim resurslari»;
  • «Interaktiv o‘qitish sinfi»;
  • «IPTV o‘quv laboratoriyasi»;
  • «GSM standartidagi mobil aloqa tizimlari»;
  • «Optik tolali liniyalar va qurilmalar»;
  • «Keng polosali simsiz aloqa tizimlari»;
  • «Zamonaviy telekommunikatsiya tizimi» NGN texnologiyasiga asoslangan o‘quv laboratoriyalari tashkil etilgan. Ushbu zamonaviy o‘quv laboratoriyalaridan magistraturada o‘quv jarayonini tashkil etishda keng foydalanib kelinmoqda.

Universitetda magistratura bo‘limi magistrantlarining mustaqil ishlashi uchun barcha sharoitlar yetarli, jumladan, universitet 45 Mbit/s. (TAS-IX), 8 Mbit/s. (tashqi kanal) tezlikda internet tarmog‘iga ulangan zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan 3ta elektron kutubxona va kafedralardagi 52ta kompyuter sinflari mavjud. Bundan tashqari, universitet hududida internet tarmog‘iga ulanish uchun simsiz aloqa vositalari (Wi-Fi) o‘rnatilgan. Universitetning http://www.tuit.uz sayti orqali elektron axborot resurslari bazasi (http://www.library.tuit.uz), Elektron ta’lim tizimi (etuit.uz), ZiyoNET ta’lim portaliga (http://www.ziyonet.uz), Respublika axborot-kutubxona tizimlaridan va boshqa oliy ta’lim muassasalari saytlaridan hamda mahalliy va xalqaro ilmiy axborotlar bazalaridan foydalanish uchun sharoitlar yaratilgan.

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolli vazifalaridan kelib chiqqan holda, oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sohasida, universitetda 2015-yilga qadar magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 2200 nafar yuqori malakali kadrlar tayyorlanib, magistr darajasini beruvchi diplomga ega bo‘ldilar.

Universitetda magistratura talabalarining o‘quv mashg‘ulotlariga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi korxona va tashkilotlardan yetakchi mutaxassislar, tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari yetakchi olimlari va boshqa OTMlaridan yuqori ilmiy-pedagogik salohiyatli professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalari mavzularining 80 foizi sohaning ustuvor yo‘nalishlariga va muammolariga bag‘ishlangan hamda ularga sohaning yuqori malakali yetakchi mutaxassislari ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchi etib belgilangan.

Magistratura bo‘limi talabalarining turli sohalarda erishgan muvaffaqqiyatlari universitet ma’muriyati tomonidan munosib taqdirlanib, yanada rag‘batlantirish maqsadida ularga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Universitetning istiqbolli rejasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida, professor-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli talabalar va magistrantlar jalb etilmoqda. Shuningdek, ularni «Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti»ga yo‘naltirish hamda ular tomonidan ishlab chiqilgan loyiha va texnik ishlanmalarini tanlov asosida «Yangi g‘oya. Investitsiya. Innovatsiya» yoshlar jamg‘armasi orqali moliyalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Universitet magistraturasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada samarali tashkil etish maqsadida, 2014-yil mobaynida Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlaridan 20dan ortiq professor-o‘qituvchilar, KOICA tashkilotining ko‘ngillilari, Samsung kompaniyasining 10dan ortiq yetakchi mutaxassislari (ko‘ngilli sifatida), TeliaSonera kompaniyasining mintaqaviy rahbarlari va menejerlari, «Coscom» MJCHning rahbar xodimlari universitet magistraturasi talabalari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdilar.

Chuqur bilimga ega bo‘lish, ilmiy izlanishlarga intilish xalqimizga xos xususiyatlardan biri hisoblanadi. Shu boisdan ham, ta’lim muassasalarida ma’lum bir bilim darajasini egallagan yoshlar o‘z kasbiy sohalari bo‘yicha kelajakda bundanda ko‘proq bilimga, kasbiy mutaxassisliklarining sir-sinoatlarini to‘liq egallashga, muntazam ravishda, yetuklik va mukammalikka intiladilar. TATU magistrantlari kelgusida respublikamiz miqyosida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasining yanada rivojlanishi uchun o‘z hissalarini qo‘shishlariga ishonchimiz komil.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq