AKT sohasida “LG CNS Co.Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlik samarasi
29.04.2015
Rukn: Internet.
Muallif: Nigora Umarova.

lg_29_04_2015

Yuqori texnologiyalar sohalarini rivojlantirishni jadallashtirish, iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda dasturiy ta’minot vositalarini keng joriy etish uchun sharoit yaratish, «elektron hukumat» axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari kompleksini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014-yil 19-sentabr kuni PQ-2164-sonli «Axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish sohasiga chet el investitsiyasini jalb qilish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil Janubiy Koreyaga tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida aloqa-axborotlashtirish sohasida mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Xususan, bugungi kunda yurtimizda «elektron hukumat» tizimini joriy qilishda BMT’ning mamlakatlarda «elektron hukumat»ni rivojlantirish bo‘yicha davlatlar reytingida bir necha yillardan buyon peshqadam bo‘lib kelayotgan Koreya Respublikasi davlatimizning yaqin hamkori hisoblanadi.

2014-yil iyun oyida Janubiy Koreya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda axborot texnologiyalari sohasida Koreyaning yetakchi — «LG CNS Co.Ltd» kompaniyasi o‘rtasida «elektron hukumat» tizimi va O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining real sektori uchun axborot tizimlari, dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasini tashkil qilish to‘g‘risida anglashuv Memorandumi imzolangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Qaroriga muvofiq, «LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasi 2014-yil dekabr oyidan o‘z faoliyatini boshladi. Qo‘shma korxona quyidagi:

  • dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarilishi, apparat-dasturiy komplekslarining o‘rnatilishi va joriy qilinishi, shuningdek, «elektron hukumat» tizimi doirasida va iqtisodiyotning real sektori uchun loyihaviy va texnik hujjatlar ishlab chiqilishini ta’minlash bo‘yicha tizimli integrator vazifasini bajarish;
  • «Elektron hukumat» tizimi hamda iqtisodiyotning real sektori uchun axborot tizimlari kompleksi va dasturiy mahsulotlarning ishlab chiqilishi va joriy qilinishini amalga oshirish doirasida xalqaro talablar asosida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • «LG CNS So.Ltd» kompaniyasi tajribasi asosida xalqaro talablarga mos dasturiy mahsulotlar va loyihalarni tizimli integratsiyalash sohasida eksport salohiyatini yuksaltirish vazifalarini amalga oshiradi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) uchun xalqaro standartlarga mos dasturiy ta’minot vositalarini respublikada ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, sifatli, raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan mamlakatimiz ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni kuchaytirish, shuningdek, ularning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda ildam ilgari surishga ko‘maklashish maqsadida mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarga qator imtiyozlar berilmoqda. Qarorda «LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasi mazkur bojxona va soliq to‘lovlari, O‘zbekistonda «elektron hukumat» tizimini samarali joriy qilishga oid qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan imtiyozlaridan foydalanishi ko‘zda tutilgan.

2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash, aholining davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatini elektron shaklda amalga oshirishini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimida «yagona oyna» tamoyilini joriy etish kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga olgan. Bu loyihalarni amalga oshirish, o‘z navbatida, milliy axborot-kommunikatsiya tizimining asosini tashkil etuvchi mahalliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishni taqozo etadi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (hozirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi deb nomlanadi), «LG.CNS.Uzbekistan» korxonasi hamkorlikda mahalliy dasturiy mahsulot ishlab chiquv-chilarini jalb qilgan holda mamlakatimizda ehtiyoj mavjud dasturiy mahsulotlarni mahalliylashtirish belgilangan.

LG korporatsiyasi tomonidan 1987-yilda asos solingan LG CNS kompaniyasi bugunga kelib, axborot texnologiyalari sohasining konsalting, tizim va tarmoq integratsiyasi, biznes jarayoni va axborot texnologiyalari autsorsingi, kompyuter injiniringi va boshqa qator yo‘nalishlarda jahonning yetakchi muassasalaridan biriga aylandi. LG CNS, ayni vaqtda, Koreya Respublikasida axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Koreya hukumati va iqtisodiyoti, aholi turmush tarzi va sanoatini avtomatlashtirishga oid tadbirlarning aksariyatini, xususan, Koreya milliy iqtisodiyot axborot tizimi, markaz-lashgan milliy soliq tizimi, milliy patentlashtirish tizimi, elektron pasport va fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimi, pochta va logistika tizimi va boshqa ahamiyatli loyihalarni amalga oshirgan.

Aytish mumkinki, AKT sohasida jahonning yetakchi muassasalari bilan yaqindan o‘rnatilgan hamkorlik mamlakatimiz davlat boshqaruvi, iqtisodiyot jabhalari, aholi turmush tarzida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ilg‘or tajribalar asosida muvaffaqiyatli joriy qilish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.

2015-yil mobaynida «LG CNS Co.Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda Koreya Respublikasining mutaxassislari hamda mamlakatimizdagi dasturiy ta’minot bo‘yicha yetakchi dasturchilarini jalb etgan holda 15ta loyiha amalga oshiriladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq