Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi – “Elektron hukumat” tizimining ajralmas bo‘lagi
28.04.2015
Rukn: Internet.
Muallif: Aziz Azimov.

O‘zbekiston Respublikasida “Elektron hukumat” tizimini joriy qilish, uni rivojlantirish va samarali ishlashini ta’minlashda, mamlakat fuqarolari va chet el rezidentlari haqidagi muhim ma’lumotlarni yagona, markazlashgan ma’lumotlar bazasida saqlash va qayta ishlash dolzarb masala hisoblanadi.

«Elektron hukumat» tizimini joriy qilish va rivojlantirish doirasida mamlakatimizda jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish ishlari jadal sura’tlarda davom etmoqda. «Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi»ni yaratishning asosiy maqsadi — O‘zbekiston Respublikasidagi jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi unifikatsiyalangan ma’lumotlarni saqlash (O‘zbekistonda va chet elda istiqomat qiluvchi mamlakat fuqarolari, O‘zbekiston hududida muqim istiqomat qiluvchi chet el fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar) va ularni identifikatsiyalashdan iborat. Istiqbolda saqlanayotgan ma’lumotlarni boshqa axborot tizimlariga, shu jumladan, «Elektron hukumat» tizimi doirasida ishlovchi kompleks axborot tizimlariga taqdim etish nazarda tutilgan.

Albatta, «Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi»ni ishlab chiqishda jahon tajribasini o‘rganish asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. BMTning «Elektron hukumat» tizmini rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha tuzilgan reytingida yetakchilik qilayotgan bir qator xorijiy mamlakatlarda jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni unifikatsiyalash va ushbu ma’lumotlarni qayta ishlashda qulaylik yaratish maqsadida bir qator ishlar ketma-ketligini amalga oshirilgan. Jumladan, Finlandiyada fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimi 1969-yildan buyon amal qilib keladi. O‘tgan vaqt mobaynida tizim bir necha bor o‘zgarishlarga yuz tutdi va o‘tgan asr 70-yillariga kelib, tizimning faoliyati to‘liq avtomatlashtirildi. Finlandiyaning fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimi dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Fuqarolarni ro‘yxatga olish axborot tizimi ko‘chmas mulk obyektlari registirini ham o‘z ichiga olgan 60ta lokal reestrlardan iborat.

Fuqarolarni hisobga olishni tashkil etishning jahondagi eng sodda tizimlaridan biri Avstriyada joriy qilingan. 2003-yildan boshlab mamlakat hududida Yagona fuqarolar registiri (Zentrales Melderegister yoki ZMR) tizimi ishga tushirilgan. Uni yaratishda hech qanday tizimli reorganizatsiya ishlari amalga oshirilmagan, barcha birlamchi ma’lumotlar navbatdagi aholini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra registirga kiritilgan. Yagona fuqarolar registiridagi barcha shaxsiy ma’lumotlar real vaqt rejimida yangilanadi. Yuqoridagi tezkorlikni ta’minlash maqsadida, fuqarolarni ro‘yxatga olishning barcha hududiy boshqarmalarida terminallar o‘rnatilgan.

Aholini hisobga olish uchun Vengriyada, hukumat tashabbusi bilan 2001-yilda fuqarolarni ro‘yxatga olishning markazlashgan tizimi ishlab chiqilgan. Jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni saqlavchi yagona registir ishga tushirilgan va davlat organlari, moliyaviy xizmatlar, tashkilotlar va mamlakat fuqarolari uchun registirdan ma’lumot taqdim etuvchi bir qancha servislar joriy etilgan. Hozirgi kunda, aholini hisobga olish tizimi bir yilda 40 millionga yaqin so‘rovlarni qayta ishlaydi.

Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasini shakllantirishda bir qancha davlat organlarining idoraviy axborot resusrslaridan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. O‘zbekistonda ma’lum bir yo‘nalishda foydalanish uchun yaratilgan, jismoniy shaxslar haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan davlat axborot-resurslari mavjud. Bular jumlasiga Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazining davlat axborot resursi, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi FHDYO organlarining davlat axborot resursi, Davlat soliq qo‘mitasining davlat axborot resursi, Moliya vazirligi qoshidagi Pensiya jamg‘armasining davlat axborot resursi va boshqalar kiradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan davlat axborot resurslaridagi ma’lumotlarni yagona, markazlashgan ma’lumotlar bazasi ostida birlashtirish uchun ma’lumotlarni unifikatsiyalash va yagona ma’lumotlar almashish formatlariga keltirish orqali erishish mumkin.

jis_28_04_2015

«Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi»ni boshqa davlat axborot-resurslari va axborot tizimlari bilan integratsiya qilishda yagona yondashuvni ta’minlash uchun O‘z DSt 2864:2014 (O‘z DSt 2864:2014 Axborot texnologiyasi. Idoralararo integratsiya platformasi. Umumiy texnik talablar.) davlat standartida belgilangan talablarga keltirish orqali erishiladi.

Xulosa qilib, aytish mumkunki «Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi» jismoniy shaxslarni yagona va universal identifikatsiyalash hamda ular haqidagi asosiy ma’lumotlarni saqlaydigan vositadir.

«Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi» Elektron hukumat tizimining asosiy bo‘lagi sifatida ishtirok etib, idoraviy axborot-resurslari tomonidan taqdim etiladigan davlat xizmatlari rivojlanishini ta’minlaydi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq