Elektraloqa sohasining mashhur namoyandalari
28.04.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Marufa Azizova.

edison_28_04_2015

“Aloqa tarixi muzeyi”dagi “Elektraloqa asoschilari” stendi bilan tanishar ekansiz, jahon aloqa sohasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan mashhur olim va ixtirochi Tomas Alva Edisonning faoliyatiga oid ma’lumotlar e’tiboringizni tortadi. Taniqli olim, buyuk kashfiyotlari bilan jahon elektr aloqasi tarixidan munosib o‘rin egallashga muyassar bo‘lgan. Muzey eksponatlarida ham bu mashhur olim va uning kashfiyotlariga alohida e’tibor qaratilgan. Jurnalimizning navbatdagi sahifasi elektraloqa sohasining jahondagi mashhur namoyandasiga bag‘ishlandi.

Ko‘pincha, kirish qo‘ng‘irog‘i bo‘lganida: — labbay, eshitaman, — degan so‘zlar bilan telefon go‘shagini ko‘tarasiz. Javobingizni kutayotgan tomon so‘zlaringizni eshitib, darhol qanchalik milliy adabiy tilimizga bo‘lgan hurmatingiz va o‘zingiz haqingizda dastlabki tasavvurga ega bo‘ladi. Ha, insonni faqatgina ovozi va so‘zlash usuliga ko‘ra ham ma’lum ma’noda, baholash mumkin. Biroq hozir gap bu haqda emas, balki telefon go‘shagini ko‘tarishda, dunyoviy miqyosda ko‘pchilikka odatiy javob usuli bo‘lib qolgan «Allo» so‘zlari ustida ketmoqda. Bu so‘zlarni hozirgi zamonaviy dunyoda, bir kunda bir necha bor takrorlaydilar. Telefon so‘zlashuvlari muloqotlarida «Allo» so‘zidan foydalanishni, aynan bugungi sahifamizda hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz buyuk olim, Tomas Alva Edison taklif etgan.

Jahonga mashhur kashfiyotchi Edison o‘z hayoti mobaynida faqatgina AQSH’da 1093ta, dunyoning boshqa mamlakatlarida esa 3 mingga yaqin patentlarga ega bo‘lgan shaxsdir. U jahon ahliga fonograf, telegraf, telefon, kinoapparaturalar kabi ajoyib uskunalarni kashf etib, taqdim etgan va ularni takomillashtirgan, xavfsiz elektr qizdirish lampochkasini yaratgan, dastlabki elektrovozlarga asos solish kabi kashfiyotlari bilan tarix zarvaraqlarida o‘chmas iz qoldirgan.

edison_28_04_2015_1

Edison Tomas Alva 1847-yil 11-fevralda, Ogayo shtati Maylan shahrida tug‘ilgan. Dastlab (12 yoshidan) gazeta tarqatuvchi, keyin telegrafchi bo‘lib ishlagan. 1868-yildan ixtirochilik bilan shug‘ullangan. 1875-yilga kelib esa u yanada yangicha qulayliklarga ega bo‘lgan telegraf turini kashf qildi. Yangi apparat bir tizimda ikkitadan to‘rttagacha bo‘lgan xabarlarni uzata olardi. «Western Union» kompaniyasi o‘zining yillik hisobotlaridan birida Edison haqida shunday yozgan: «Uning ixtirolari bizga yiliga yarim million dollarni tejab qolish imkonini berdi». 1878-yilda Nyu-Yorkni elektrlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun u Edison Electric Light kompaniyasiga asos soldi.

Axborotlarni (birja kurslarini) telegraf orqali uzatish asbobini loyihalashtirgan (1869–1876), ko‘p karrali telegraflash bo‘yicha ishlagan, yozuv mashinkasini takomillashtirgan, fonograf ixtiro qilgan (1877), cho‘g‘lanma lanpani yaratgan va A. Bell ixtirosi bo‘lgan telefonni takomillashtirgan (1879). Elektr bilan yoritish tizimini ishlab chiqqan, elektr energiyasi bilan ta’minlashni markazlashtirish ustida ishlagan, shuningdek, kinotexnika, temir yo‘l, kon va qurilish ishlarida, kimyo va boshqa sohalarga doir loyihalari bilan ishtirok etgan.

edison_28_04_2015_2

1879-yilda havosi so‘rib olingan, ko‘mir tolali cho‘g‘lanma lampasining yangi turini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Edison loyihasi bo‘yicha 1882-yilda Nyu-Yorkda dunyodagi birinchi umumiy foydalaniladigan o‘zgarmas tok elektr stansiyasi qurilgan. 1891-yilda Germaniyada 175 km ga cho‘zilgan elektr liniya qurilib, ishga tushirildi. Bu esa elektrotexnika tarixida yangi davrni ochib berdi.1892-yil 15-aprelda u hozirgi mashhur General Electricga aylantirilgan. Edison buyuk kashfiyotlari uchun 1915-yilda Nobel mukofoti sohibi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan.

Umrining oxirgi yillarida Tomas Edison ko‘p minglab patentga egalik qilish bilan birga, hatto sobiq Ittifoq Fanlar Akademiyasining chet ellik a’zosi etib tanlangandi.

Tomas Edison 1931-yilning 18-oktabr kuni 84 yoshida vafot etdi. Edison o‘z intervyularidan birida: «Men hayotimdan mamnunman. Chunki umrim davomida qo‘limdan kelgan barcha imkoniyatlardan foydalana oldim, deb o‘ylayman» so‘zlarini faxr bilan aytgandi. Darhaqiqat, u yuksak iste’dodiga qaramay, o‘z ixtirolarining rohatini ko‘ra olmagan, minglab buyuk kashfiyotchilarga nisbatan eng omadli kashfiyotchiga aylandi.

«Amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lmagan narsani ixtiro qilishning keragi yo‘q», «Agar insonda xohish va kuch bo‘lsa, kun ham, tun ham, umuman har qanday vaqt va vaziyat uning qo‘l ostidadir» degan fikrlar uning hayotidagi asosiy tamoyillari bo‘lgandi.

edison_28_04_2015_3

Ha, aytgandek, yuqorida «Allo» so‘zining paydo bo‘lishi haqida fikr yuritib, uning tarixi Tomas Edisonga tegishli ekanligini ham tilga olgandik. Kunlardan birida Edison suhbat davomida «Hellou» degan so‘zlarni ayta turib, mazkur so‘z borasida o‘ylanib qolgan va uni telefon muloqotida doimiy foydalanish uchun taklif etgan. Bu so‘z «Salom» yoki «Hoy» so‘zilariga mos keladi. Aytgancha, «Xellou» so‘zi Edisonning ixtirosi bo‘lgan fonografiga ham yozilgan. Telefoniya tarixining jadal rivojlanishi bilan «Xellou» so‘zi ko‘p davlatlarda telefon muloqotining dastlabki so‘ziga aylandi. Jahon xalqlari tillarining fonetik o‘zgarishlariga asoslanib, boshqacha talaffuz etila boshlandi. Bora-bora «Allo» degan shaklda qo‘llanila boshlandi va jahon xalqlari tillarida mustahkamlanib qoldi. Faqatgina ayrim davlatlar adabiy tillarida, xususan o‘zbek tilida ham boshqa so‘zlar bilan go‘shakni ko‘tarish holatlari uchraydi.

Maqolani tayyorlashda O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi va boshqa manba materiallaridan foydalanildi. Maqola «O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi» va «infoCOM.UZ» jurnali tahririyati hamkorlikdagi loyiha asosida tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq