O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2015” “Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot- kutubxona resurslari” IX Xalqaro anjumani o‘z ishini boshladi
22.04.2015
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
2015 yil 22 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2015” “Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot- kutubxona resurslari” IX Xalqaro anjumani o‘z ishini boshladi.
Anjuman maqsadi – fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot-resurslarini qo‘llash va rivojlantirishda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ta’sirchan hamda samarali hamkorlikni faollashtirish.
Konferensiyaning birinchi kunida axborot-kutubxona makoni rivojlanishida kutubxonalarning tutgan o‘rni va ahamiyati, axborot-kutubxona faoliyatining ilm-fan, madaniyat va ta’limni rivojlantirishdagi roli va ahamiyati, axborot-kutubxona muassasalarining nashriyotlar, arxivlar va muzeylar bilan hamkorligi, axborot-kutubxona muassasalari foydalanuvchilarining mutolaa madaniyati, axborot madaniyati va media savodxonligini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan sho‘ba majlislari bo‘lib o‘tdi.
Axborot-kutubxona makoni rivojlanishida kutubxonalarning tutgan o‘rni va ahamiyati mavzusiga bag‘ishlangan birinchi sho‘ba majlisida Germaniya kutubxonachilik uyushmasining xalqaro faoliyati, Rossiya Prezident kutubxonasini yaxlit holatga keltirishda kompleks uslubiy shakillantirish, Britaniya kutubxonasining foydalanuvchilarga 2023 yilda axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishdagi tasavvuri, Ukraina davlat o‘smirlar kutubxonasida innovatsion texnologiyalardan foydalanish, qo‘lyozmalarning xalqaro raqamli kutubxonasida ma’lumotlarning choksiz agregatsiyasi, axborot-kutubxona muassasalari rivojlanishini boshqarish, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil qilingan o‘quv kurslari, mamlakatimizda axborot — kutubxona muassasalari faoliyatida huquqiy mexanizmlar, taraqqiyot jarayoni va dolzarb masalalari, ARM va umumta’lim muassasalari kutubxonalarida axborot kutubxona fondini shakllantirish va ularning saqlanishini ta’minlash to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Germaniya kutubxonachilik uyushmasi raisi F.Redis Germaniya kutubxonachilik uyushmasining xalqaro faoliyati to‘g‘risida gapirar ekan, xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va ularni tadbiq etishda IFLA Germaniya Milliy Ko‘mitasi, EBLIDA Yevropa kutubxona byurosi, BID Internatsional axborot kutubxonasi va BIB Germaniya professional axborot kutubxonasi faoliyatlariga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Ikkinchi sho‘ba majlisida axborot-kutubxona faoliyatining ilm-fan, madaniyat va ta’limni rivojlantirishdagi roli va ahamiyatiga bag‘ishlangan bo‘lib unda yoshlar bilan ishlovchi kutubxonalarning imkoniyatlari, axborot-kutubxona faoliyatining ilmiy jihatlari, kitobshunoslikni tarixiy-tipologik o‘rganishda kommunikatsion tizimlar ahamiyati, Sog‘liqni saqlash mutaxassislariga masofaviy axborot xizmati ko‘rsatilishida elektron kutubxona resurslari, korporativ axborot-kutubxona tizimlarda ishlov berishga mo‘ljallangan minimal bibliografik yozuv tarkibi, badiiy adabiyot sohasida biobibliografik ko‘rsatkichlar, EBSCO Discovery Service kompaniyasi misolida kutubxonaning barcha ma’lumotlar bazasi va katalogi ishini optimallash va ZEUTSCHEL kompaniyasidan rejalashtirish, boshqarish, kundalik nazorat va raqamli kolleksiyalarni taqdim etish bo‘yicha takliflaridan iborat ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzachilar axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etish, kutubxonalar faoliyati va imkoniyatlari, alohida e’tiborga loyiq bo‘lgan axborot fanlarining umumiy tizimida kutubxonalar roli to‘g‘risida gapirdilar.
EBSCO kompaniyasi menejeri I.Kreysarova kutubxonaning ma’lumotlar bazasi va katalogi ishini optimallashda qo‘l keluvchi EBSCO Discovery Service ishlanmalarini taqdim etdi. T.f.d. professor E.Oxunjonov esa kitobshunoslikning tarixiy-tipologik ta’limotiga bag‘ishlangan ma’ruzasida kitob nashri, kitob sotuvi, kutubxonachilik va bibliografiya tarixi haqida so‘zladi.
Uchinchi sho‘ba majlisi axborot-kutubxona muassasalarining nashriyotlar, arxivlar va muzeylar bilan hamkorligiga bag‘ishlangan bo‘lib unda Madaniyat muassasalari o‘rtasida hamkorlik, Ilm-fanni rivojlantirishda patent axborotlarining o‘rni va ahamiyati, Arxiv faoliyatida axborot texnologiyalarining qo‘llanilishi va arxiv hujjatlari qidiruvini avtomatlashtirish, Audiovizual hujjatlarning elektron katalogini yaratish masalalari muhokama qilindi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tizimidagi sanatoriy-kurortlar kutubxonalari va Sirdaryo viloyat ko‘zi ojizlar maxsus axborot-resurs markazi faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivi katta ilmiy xodimi, t.f.n., dotsent M.Isakova o‘z O‘zbekiston arxivlarida axborot resurslaridan foydalanishni tashkil qilishning huquqiy jihatlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida ilmiy tadqiqotlarning katta qismi arxivlar, muzeylar va kutubxonalardan olingam ma’lumotlarga tayanganligini, va u yerlarda hujjatli meroslarni targ‘ib etish keng yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidlab o‘tdi.
To‘rtinchi sho‘ba majlisi axborot-kutubxona muassasalari foydalanuvchilarining mutolaa madaniyati, axborot madaniyati va media savodxonligini shakllantirish masalalariga bag‘ishlandi. Unda axborot-kutubxona muassasalari media makoni va uning o‘sib kelayotgan avlod kamolotiga ta’siri, o‘quvchilar mutolaa madaniyati tarbiyasiga qaratilgan ijtimoiy-madaniy tadbirlar, kichik yoshdagi maktab o‘quvchilarining ta’lim jarayonida media savodxonligini shakllantirishning innovatsion usullari, Qoraqalpog‘iston ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida mediata’limni rivojlantirishga kompleks yondoshuv, turli yoshdagi foydalanuvchilarda o‘qish madaniyati va internet manbalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish kabi ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan muxokama jarayonida axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishning yangi yo‘llari va ijtimoiy-madaniy muhitda axborot-kutubxona muassasalarining intellektual makondagi roli va o‘rnini oydinlashtiradigan fikrlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.