Interaktiv xizmatlar: vaqt va mablag‘ tejalishida qo‘l kelmoqda
27.03.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar tufayli ishbilarmonlik muhiti tobora yaxshilanib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari safi yil sayin kengaymoqda. Bu jarayonda sohaga qo‘shimcha soliq imtiyozlari tatbiq etilayotgani uning istiqboli uchun katta rag‘bat bo‘lmoqda.

Yangi tashkil etilayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq to‘lovini to‘lash muddatini bir yilga kechiktirish, kechiktirilgan summani imtiyozli davr tugagandan keyin teng ulushlarda 12 oy davomida to‘lash huquqi berilgani bunga yaqqol misoldir.

Mazkur norma 2005 yil 20 iyunda qabul qilingan «Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonga muvofiq qo‘llanilayotgan bo‘lib, u 2008 yil 1 yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 354-moddasida ham mustahkamlab qo‘yildi. Quvonarlisi, tadbirkorlik faoliyatini endi boshlagan yurtdoshlarimiz ushbu imtiyozdan foydalanish uchun davlat soliq idoralariga borishlariga hojat qolmadi.

Gap shundaki, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Yagona soliq to‘lovini to‘lash muddatini uzaytirish yuzasidan arizalarni qabul qilish va qaror chiqarish» interaktiv xizmati ishlab chiqilib, 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab amaliyotga joriy etildi. Natijada yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalar rahbarlari ushbu xizmat orqali yagona soliq to‘lovini to‘lash muddatini uzaytirish yuzasidan arizani elektron shaklda to‘ldirib, soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasiga yuborish, ular tomonidan qabul qilingan qarorni elektron ko‘rinishda olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shu o‘rinda aytish joizki, ushbu interaktiv xizmat Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz sayti orqali «Soliq to‘lovchi yuridik shaxslarning shaxsiy kabineti»da amalga oshiriladi. Buning uchun yuridik shaxslar elektron raqamli imzoga ega bo‘lishi lozim.

Yangi interaktiv xizmatning afzalligi shundaki, undan foydalanuvchilar murojaat qilgandan so‘ng ularning so‘rovlari qabul qilinganligi to‘g‘risida xabarnoma darhol arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yuboriladi va shaxsiy kabinetida aks etadi. Tegishli tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining mazkur ariza bo‘yicha xulosasi esa uch ish kunidan kechiktirilmasdan yuridik shaxsning shaxsiy kabinetida aks ettiriladi. Murojaat rad etilgan taqdirda arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga davlat soliq inspeksiyasining xulosasi yuboriladi.

Ushbu interaktiv xizmatning yana bir qulayligi u foydalanuvchilarga kunning istalgan vaqtida davlat soliq xizmati organiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkonini beradi. Pirovardida ularning vaqt va mablag‘larini tejab, davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlaydi va faoliyat samaradorligini oshiradi.

Normo‘min JABBOROV, Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq