Eng maqbul usul va yangi qulaylik
27.03.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 4 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2015 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 45-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga asosan 2015 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarining soliq hisobotini telekommunikatsiya kanallari orqali elektron hujjat tarzida taqdim etishi belgilab berildi.

Davlat soliq xizmati organlarining tadbirkorlik subyektlaridan hisobotlarni elektron hujjat aylanishi orqali qabul qilish bo‘yicha interaktiv davlat xizmati ko‘rsatishning asosiy maqsadi va vazifasi soliq to‘lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.

Mazkur interaktiv davlat xizmatini ko‘rsatish soliq to‘lovchilarning sarf-xarajatlarini kamaytirishga va soliq to‘lovchilarning vaqtini tejashga zamin yaratadi. Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan axborot xizmatlari sifati oshiriladi. Bundan tashqari soliq to‘lovchi hamda soliq organlarining o‘zaro munosabatlarida subyektiv aralashuvlar cheklanadi.

Davlat soliq organlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlarni takomillashtirish maqsadida, korxona va tashkilotlardan tushayotgan takliflar inobatga olingan holda kamchiliklarni tuzatish yuzasidan dasturiy mahsullarga o‘zgartirishlar kiritib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Soliq to‘lovchilarga zamon talablaridan kelib chiqib, qulayliklar yaratilmoqda.

Bugun soliq to‘lovchilar soliqqa oid masalalar bo‘yicha biron-bir tushunmovchilikka duch kelsalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz sayti orqali interfaol xizmatlardan foydalanib, sohaga oid har qanday savolga javob topishlari mumkin.

O‘zining savoli yoki murojaatiga javob topolmagan fuqarolar esa saytdagi «Elektron qabulxona»ga kirib, unga zarur ma’lumotlarni kiritsa, «Fuqarolar murojaatlarini qayd etish kartochkasi» ochiladi. Shunga asosan aniq vaqtda ular uchun tegishli rahbar yoki mutaxassis bilan uchrashuv tashkil etiladi.

Mazkur xizmatdan smartfonlar uchun mo’ljallangan «SOLIQ» mobil ilovasi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali www.my.gov.uz orqali ham foydalanish mumkin.

«SOLIQ» mobil ilovasi o‘zbek va rus tillarida yaratilgan bo‘lib, u orqali «STIRingizni aniqlang», «Normativ-huquqiy hujjatlar», «Sizning soliq xizmatingiz», «Soliq qarzini aniqlang», «QQS to‘lovchi», «Ko‘p uchraydigan savollar», «Murojaatlar haqida ma’lumot olish», «Soliq nizolarini ko‘rib chiqish», «Kichik biznes toifasiga mansubligini aniqlash», «So‘rovnoma», «Imtiyoz ma’lumotnomasi», «Elektron qabulxona», «Tekshirishlar reje-jadvali», «O‘z biznesingni yarat» kabi interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud.

Joriy yildan boshlab soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni bankka bormasdan «Click» va «Mbank» to‘lov tizimlari yordamida mobil telefon yoki internet orqali onlayn rejimida to‘lash mumkin. Ushbu to‘lov tizimlaridan foydalanishda qo‘shimcha pul olinmaydi. To‘langan soliqlar haqidagi ma’lumotlar soliq to‘lovchilarning shaxsiy kartochkalariga avtomatik ravishda qayd qilinadi. Buning uchun tijorat banklari tomonidan muomalaga chiqarilgan Online-UZCARD plastik kartalardan foydalanish mumkin.

F.URMANOV, Sergeli tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq