Elektraloqa sohasining mashhur namoyandalari
25.03.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

bell_25_03_2015

O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyiga tashrif buyursangiz, muzey binosining ikkinchi qavatida namoyish etilgan “Elektraloqa asoschilari” stendi e’tiboringizni tortadi. Stenddan Jahon aloqa sohasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan mashhur olim va ixtirochilaring suratlari va ularning faoliyatiga taalluqli ma’lumotlar o‘rin olgan. O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi eksponatlari bilan tanishishda davom etib, sahifalarimizda mazkur buyuk siymolar hayot va faoliyati haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni yoritib borishga ahd qildik. Bugungi sahifamiz Aleksa?ndr Gre?yam Bellga bag‘ishlandi.

Аleksandr Greyam Bell (1847-1922)
Aleksandr Bell — ixtirochi-olim, tadbirkor telefoniyaning asoschilaridan biri, telekommunikatsiya tarmog‘i rivojini belgilab bergan Bell Labs kompaniyasi (Bell Telephone Company) rahbari sifatida tanilgan. Jahonda nafaqat telefoniya, balki barcha telekommunikatsiya tarmoqlari taraqqiyotining asoschilaridan hisoblanadi. Jahonda birinchi telefon apparati yaralishida muhim o‘rin tutgan mashhur olim.

Aleksandr Grexem Bell 1847-yil 3-martda Shotlandiya poytaxti Edinburgda tug‘ilgan. Aleksandr London universiteti kollejida shifokor-fiziolog diplomiga ega bo‘ldi. 1871-yilda Aleksandr Bell oilasi bilan AQSH’ga ko‘chib o‘tdi, u yerda eshitishda nuqsoni bo‘lgan, kar bolalar uchun maktab tashkil etdi. Mazkur maktab keyinchalik Boston universitetiga aylantirildi, 1873-yilda Bell Boston universitetida o‘qituvchilik lavozimida faoliyat yurita boshladi. Bell universitet professori vazifasini amalga oshirdi. Uning eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun moslama yaratishga intilishi oqibatida telefon ixtiro etildi.

bell_25_03_2015_1

1875-yilda Grexem Bell tomonidan jahonda birinchi telefon yaratildi. Telefonni yaratish asosiy g‘oyasi natijasida izlanib, erishgan yutug‘i uchun 1876-yil 7-mart kuni patent olishga va telefoniya taraqqiyotining asoschilaridan biri degan nomni egallashga muyassar bo‘ldi.

Tadbirkorlik bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanib kelayotgan Bell telefon ixtirosidan keyin o‘zining dastlabki kom-paniyasi Bell Telephonega asos soldi va jahonda birinchi telefon stansiyasi yaratildi. Telefoniyaning kelgusi rivoji juda ham jadal sur’atlarda rivojlandi. Bell telefonining yuzlab va minglab prototiplari yaratildi, tashkil etilgan qator yangi telefon kompaniyalari esa katta daromadlar ola boshladi.

Bell telefon ixtirosidan tashqari, quyidagilarni:

  • 1874-yilda fonavtograf (ovoz yozish qurilmasi).
  • 1879-yilda audiometr (eshitish o‘tkirligini aniqlash asbobi).
  • 1880-yilda fotofon (yorug‘lik yordamida ovozni masofalarga uzatuvchi telefon).
  • 1881-yilda hattoki metall qidirish asbobini yaratdi.

Bell 1888-yildan to hozirga qadar chop etilayotgan «National Geographic» jurnaliga asos solgan. 1879-yilda «Western Union» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Bell kompani» firmasiga asos solindi, uning aksiyalarining ko‘p qismi Bellga taalluqli edi.

Keyingi yillarda telefonlar faol takomillashtirildi. 1900-yilga kelib, telefon qurilmalariga oid 3 mingdan ortiq ixtirolarga patent olindi. Shu sababli bu sohadagi tadbirkorlik muvaffaqiyatli yuritilardi. Olim o‘z ixtirolari va faoliyati bilan shug‘ullanishdan tashqari, ijtimoiy faoliyatida ham faol bo‘lgan.

bell_25_03_2015_2

Eshitishda nuqsonli odamlarga va umuman nochor odamlarga o‘z ilmiy va amaliy faoliyati natijalari hamda daromadlari orqali katta yordam ko‘rsatgan.

Buyuk olim 1922-yil 2-avgustda vafot etdi.

Aleksandr Grexem Bellning jahon fani taraqqiyotida e’tirof etilganligi:

  • Bell AQSH Milliy Geografik jamiyati asoschisi va prezidenti hisoblanadi. Bellga jahondagi o‘n ikkita universitetning faxriy doktori unvoni berilgan.
  • 1880-yilda Fransiya hukumati Bellning ixtirosi uchun Volt nomidagi mukofot bilan taqdirlagan.
  • 1970-yilda Oydagi krater Aleksandr Bell nomi bilan ataldi.
  • 1976-yilda (IEEE) xalqaro notijorat assotsiatsiyasi «Elektrotexnika va elektronika muhandislari instituti» tomonidan kommunikatsiyalar sohasidagi buyuk izlanishlari va amaliy ishlanmalar sohiblarini taqdirlash uchun Aleksandr Grem Bell nomidagi Oltin medal ta’sis etildi.
  • 2013-yilda Bell sharafiga NASA PhoneSat dasturi asosida tayyorlangan uchta dastlabki nanosun’iy yo‘ldoshlar uchirildi. Ularning bort kompyuterida Nexus smartfonlari seriyalaridan foydalanilgan.

Aleksandr Grexem Bellning hayot va faoliyatiga qiziqquvchi hamda uning ko‘plab, kashfiyotlari mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishishni xohlovchilar «O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurib, bu sohaga oid eksponatlar va soha mutaxassislari tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.

Maqola «O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi» va «infoCOM.UZ» jurnali tahririyati hamkorlikdagi loyiha asosida tayyorlandi. Unda O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, Vikipediya hamda boshqa tarixiy ma’lumotlar yoritilgan turli manbalardan foydalanidi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq