Axborot texnologiyalari sohasida bo‘lajak kadrlarida zaruriy kasbiy sifatlarni shakllantirish
25.03.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Botir To‘rayev, Saida Beknazarova.

axb_25_03_2015

Axborotlashgan jamiyatga o‘tish ta’lim tizimidan, atrofdagi real voqeliklarga tezda moslasha oladigan, nafaqat axborotlarni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash, balki yangilarini yaratish, axborot oqimlarini boshqarish hamda ularga samarali ishlov berishga qodir bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashning printsipial jihatdan yangi muammolarini hal etishni talab etadi. Mutaxassislarga quyilayotgan talabalarning o‘zgarishi, kutilishi mumkin bo‘lgan natijalarning globalligi, nostandartligi, tizimli va fanlararo xususiyatlari bilan farqlanuvchi yangi turdagi nazariy va amaliy vazifalarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq.

Bunday vazifalar oddiy va birgina ma’noga ega bo‘lgan yechimlarga ega emas, balki mutaxassislarning butun kasbiy faoliyati xarakterini jiddiy ravishda o‘zgartirilishini talab etadi va vaziyatlarni butun holatda ko‘ra oladigan, eng samarali qarorlar qabul qilish yo‘lini topadigan, uning natijalarini tashhislay biladigan, o‘ziga tegishli ulushni va mas’uliyatni tushunib yetadigan yangi ko‘rinishdagi mutaxassislar tayyorlash zaruriyati kelib chiqadi. Zamonaviy jamiyatda, axborotlarning muhimligi moddiy resurslar bilan bir darajada turadi, bugungi kunda eng zarur bo‘lgan axborotlarning shiddat bilan oshib borishi natijasida uning hajmi ortishi, shu bilan birga, ularni saqlash va qayta ishlash esa faqatgina kompyuter texnikasi yordamida amalga oshirilishi mumkin. Ushbularga bog‘liq holda zamonaviy axborot texnologiyalari (AT) sohasidagi mutaxassislar tayyorlash sifatida takomillashtirilgan talablar taqdim etiladi. Xalqaro miqyosda olib qaraydigan bo‘lsak, hozirgi vaqtda kompyuter texnologiyalari bilan ishlovchi mutaxassislarni uch guruhga ajratish qabul qilingan:

Birinchi guruhga tegishli: kompyuterlar, tashqi qurilmalar va avtomatlashgan tizimlarni tuzatish va sozlash, texnik xizmat ko‘rsatish, ishlov berish bo‘yicha mutaxassislar; tizimli, amaliy dasturchilar; axborotlarni himoyalash bo‘yicha mutaxassislar.

Ikkinchi guruhga ikki sohaning tutashgan chegarasida joylashadigan: predmetli va dasturiy faoliyat mutaxassislari tashkil etadi. Ularga loyihalar menejeri, zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida top-menejerlar; zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yirik tashkilotlarning boshqaruv vazifalarini hal etuvchi mutaxassislar kiradi.

Uchinchi guruh mutaxassislariga o‘zining kasbiy faoliyatida axborot texnologiyalarini faqat birgina tor doirada faol qo‘llayotgan barcha shaxslarni keltirish mumkin, masalan, tashkilotning moliyaviy faoliyatini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan dasturiy ta’minotdan foydalanuvchi hisobchi yoki huquqiy faoliyatni ta’minlaydigan ma’lumot-axborot tizimi bilan ishlovchi huquqshunoslar tashkil etadi.

Keltirilgan guruhlarga mansub mutaxassislar kasbiy faoliyatlarida turlicha amaliy dasturiy mahsulotlardan foydalanib kelmoqdalar. Kasbiy faoliyatning turli sohalariga axborot texnologiyalarining kirib borishi va uning rivojlanishi ko‘pchilik tomonidan dasturchilar tayyorlash sur’atining ilgarilab ketganligi bilan izohlanmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ishlab chiqarish bilan o‘zaro aloqada bo‘lmaslik, OTM bitiruvchilarining raqobatbardoshligini pasaytirib yuboradi. Bundan tashqari, belgilangan yo‘nalishdagi dasturchilarga bo‘lgan talab hududga bog‘liq ravishda turlicha bo‘ladi. Shuning uchun OTM tomonidan ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshi-rishda eng ko‘p talab qilinadigan texnologik ta’minotni qo‘llashlik va rivojlanish yo‘nalishlarini hisobga olmaslik mumkin emas. Nihoyat, AT-mutaxassislarining uzluksiz ta’lim tizimini mehnat bozori talablariga moslab amalga oshirmaslik mutlaqo mumkin emas.

Bo‘lajak mutaxassislarning raqobatbardoshligini shakllantirish — dunyo miqyosidagi zamonaviy oliy ta’lim rivojining asosiy tendensiyalaridan biri hisoblanadi. Kasbiy muammolar bo‘lajak dasturchining muammolarni hal etishi uchun zarur bo‘ladigan resurslarga mos zaruriy sifatlar to‘plamini belgilaydi. Mutaxassisning raqobatbardoshligini uning turlicha sifatlari, qobiliyatlari, ularning rivojlanganlik darajasi, yuzaga keladigan muammolarni ushbu sohadagi mutaxassislarga nisbatan samarali hal qilish uchun yetarli bo‘lgan resurslari holati orqali belgilanadi.

Oliy ta’lim muassasasida dasturchilarni tayyorlashda mavjud ish beruvchilar bilan chambarchas aloqani o‘rnatish va ko‘mak olish eng muhim hisoblanadi. Bugungi kunda yosh mutaxassislarning ish o‘rinlariga moslashishlari bilan bog‘liq talaygina muammolar mavjud. Ulardan biri, ish jarayonida yuzaga keluvchi, guruhda yangi yosh mutaxassislarni kasbiy rivojlantirish, ularda dasturiy ta’minotni jamoaviy ishlash tamoyillari va qoidalari haqidagi ma’lumotlarning amalda mutlaqo mavjud emasligi muammosi bo‘ldi. Bunga qo‘shimcha ravishda dasturiy ta’minot yaratishning umumiy tamoyillarini yetarlicha tushunmasligi, shuningdek, ingliz tilini va algoritmlashning qoniqarsiz darajada bilishi.

Axborot texnologiyalari sohasida tayyorlanayotgan bo‘lajak mutaxassislarga zamonaviy ish beruvchilarning talablarini o‘rganib va tahlil qilib, quyida bizning fikrimizcha, eng muhim deb hisoblangan jihatlarni keltirdik:

  • Ingliz tilini bilish. U malakalar majmuidan tashkil topib, uning tarkibida quyidagilarni belgilash mumkin: matnlarni o‘qish va yozish malakasi, og‘zaki nutqni tushunish va so‘zni tinglab talaffuz qilish malakasi.
  • Matematikaga oid bilimlarni yaxshi egallaganlik. Dasturchi o‘zining fikrlarini aniq va ravshan ifodalashi lozim. Mantiqiy fikrlash, matematik apparatga ega bo‘lish, matematikadan to‘g‘ri foydalanish uzoq fikrlashdan vaqt tejalishiga olib keladi.
  • Dasturlashtirishning asosiy g‘oyalaridan foydalanishni bilish. Eng muhim sanalganlardan ba’zilarini keltiramiz: tizimli dasturlashtirish g‘oyasini bilish zarur, obyektga yo‘naltirilgan dasturlashtirish asoslari va yuqoridan-pastga va pastdan-yuqoriga loyihalash ta’minoti vositalarini tasavvur qilish; ma’lumotlar tuzilmasini bilish zarur, oddiylardan murakkablarni qura olish; oddiy va hodisaga yo‘naltirilgan dasturlashtirish o‘rtasidagi farqni tushunish foydali; Internet uchun dasturlashtirish va mijoz-server arxitekturasi haqida tasavvurga ega bo‘lish; relyatsion ma’lumotlar bazasi mohiyatini bilish va ularga so‘rovlarni yoza olish; makrovositalar haqida, quyi darajadagi tillar haqida tasavvurga ega bo‘lish.
  • Dasturiy ta’minot ishlab chiqishning hayotiy davri mohiyatini bilish va hujjatlar bilan ishlay olish.
  • Guruhda, jamoada ishlash malakasiga ega bo‘lish.
  • Texnikaga oid fanlarni bilish va amal qilish. Yosh mutaxassis shuni to‘g‘ri tushunishi kerakki, u jamoada qanday o‘rinni egallab turibdi, uning qanday huquq va mas’uliyatlari bor.
  • Internetda ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi.

E. Deykstra, G. S. Tseytina, Ch. Uezerella kabi olimlarning ishlari asosida dasturchi lavozimi uchun nomzodlarga taqdim etiladigan yuqorida keltirilgan talablardan tashqari, professional dasturchilarning o‘ziga xos xususiyatlari, sifatlari va fikrlash qobiliyatlarini belgilaymiz.

  • Dastur arxitekturasini belgilash qobiliyati, ya’ni murakkab vazifani elementar qismlarga bo‘lish va ularning kombinatsiyasini belgilash. Bu dasturchining dastur yozish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan asosiy sifatidir.
  • Qismlarga ajratishning turlicha darajalarida vazifalarni bir vaqtda ko‘ra olish.
  • Dinamikada loyihalashtirilayotgan jarayonni o‘zida ifodalay olish. Ishlov berilayotgan ma’lumotlar vaqtning qandaydir lahzalarida bitta qiymatga va o‘zaro bog‘lanishga ega bo‘lishi mumkin, keyingi lahzalarda ulardan ba’zilari o‘zgarishi mumkin.
  • Keyinchalik dasturning ayni paytda bitta jarayonga ishlov berayotganini ko‘ra olish. Ushbu qismli topshiriqning keng qamrovli ekanligini va ba’zi umumiy tizimga kiritish mumkinligi hisobga olish. Ushbu xususiyat sezilarli darajada professional dasturchining aniq natijani olishga yo‘naltirilgan xarakteridan farq qiladi.
  • Odatdagi vaziyatlarni umumlashtira olish. Ushbu jihat dasturda g‘oyaviy sohalarni topa olish zaruriyatini anglatadi. Bunday sohalar uchun ularni umumlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilish zarur, uning chegaralari aniqlashtirish va topilgan yechimning dasturli amalga oshirilishi uchun yaxshi usulni tanlash. Bu funksiya yoki paketni ishlab chiqishda bo‘lgani kabi, xuddi shunday yangi dasturda eskilarning qismlaridan nusxa olish bo‘li-shi mumkin.
  • Yaxshi ma’lum bo‘lgan dasturlashtirish usullari va namunali algoritmlarni kombinatsiyalash va qo‘llay olish. Aksariyat yangi g‘oyalar allaqachon ma’lum bo‘lgan g‘oyalar va metodlar bilan uzviy aloqada bo‘lishi kerak.
  • U yoki bu masalani yechish uchun bosib o‘tish kerak bo‘lgan bosqichlarni oldindan belgilay olishni o‘z ichiga olgan majmuaviy fikrlashning mavjudligi.
  • O‘zigagina xos mehnat madaniyati, ishlash uchun zaruriy asboblar bilan o‘zini ta’minlay olish.
  • O‘zi yo‘l qo‘ygan xatolarini tahlil qilish qobiliyati. Ushbu jihat bir tomondan, dasturchining o‘ziga nisbatan talabchanligini ko‘rsatadi va boshqa tomondan, dasturlashtirish usullarini qo‘llash xatoliklar sonini kamayishiga olib keladi.
  • Jamoada ishlash malakasi. Amalda har qanday yirik ishlanmalar jamoaviy xarakterga ega bo‘ladi. Ishdagi barcha muvaffaqiyatlar jamoadagi hamjihatlik, o‘zaro munosabatlarni va funksiyalarni taqsimlashga bog‘liq.
  • Foydalanuvchilar bilan ishlay olish. Professional dasturchi foydalanuvchi ehtiyojlarini tushunishi, interfeys shaklining qulayligini baholay olish, yangi tizim va vositalarga foydalanuvchilarni o‘rgatish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Dasturchi foydalanuvchilar bilan muloqotda bo‘lishiga yordam beruvchi minimum psixologik bilimlarga ega bo‘lishi zarur.
  • Abstraksiya, hisoblash, matematik induksiya singari dasturlarni tushunish uchun qo‘llaniladigan intellektual vositalarga ega bo‘lish.
  • Umuminsoniy axloq normalariga rioya qilish.
  • Mavjud qiyinchiliklarni aniq ko‘rish va ishga aloqador bo‘lmaganlarini bir chetga surishga qodirlik.
  • Nazariyani qayerda qo‘llash mumkin, uni qo‘llashni mustaqil ravishda hal qilish yoki ancha tajribali dasturchiga maslahat olish uchun murojaat etish bilan bog‘liq barcha hodisalarni amalga oshirishga qodirlik.
  • Muvaffaqiyatsizlikka duch kelganda o‘zini qo‘lga olish va boshqa yondashuvlarni izlashga qodirlik.

Shunday ekan, ilmiy va texnik jarayonlarning yuqori sur’atlar bilan rivojlanishini hisobga olib, yuqori malakali, raqobatbardosh va kasbiy kompetentli dasturchilarni tayyorlash vazifasini birinchi o‘ringa qo‘yish mumkin. Bunday kadrlar mamlakatimizning axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirishga va haqiqiy dasturiy mahsulotlar yaratib ichki va tashqi bozor ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.

Adabiyotlar:
1. Oliy ta’limning Davlat ta’lim standarti. Informatika va axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarning tayyorgarlik darajasi va zaruriy bilimlar mazmuniga qo‘yilgan talablar. Toshkent — 2010. O‘zDSt 1980:2010. — 24 б. UDK002:651.1/7
2. Профессиональные стандарты в области IT: http://www.apkit.ru/committees/education/meetings/standarts.php
3. Л. З. Давлеткиреева. Информационно-предметная среда в процессе профессиональной подготовки будущих специалистов в университете. Монография. / Л. З. Давлеткиреева. — Магнитогорск: МаГУ, 2008. — 142 с.
4. М. В. Махмутова. Образовательная информационная среда подготовки ИТ-специалиста с использованием технологии дистанционного обучения. Монография. / М. В. Махмутова, И. Г. Овчинникова. — Магнитогорск: МаГУ, 2009. — 162 с.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq