Yuksak texnologiyalar universiteti
24.03.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

uz_24_03_2015

Prezidentimiz bundan rosa bir yil avval – 24-martda Toshkent shahrida Inxa universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkan edi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanayotgan ushbu oliy o‘quv yurti mamlakatimizda tashkil qilingan yettinchi xalqaro oliy ta’lim muassasasidir.

Universitet foyyesida e’lonlar va dars jadvali osilgan odatdagi doskalar o‘rniga interfaol monitorlar o‘rnatilgan. Ushbu monitorlarda o‘quv jarayoni bo‘yicha istalgan axborot, hatto talabalarning darslarni o‘zlashtirish reytingigacha taqdim etilgan. Shuningdek, bu yerda o‘rnatilgan va internet tarmog‘iga ulangan o‘nlab komputer talabalar ixtiyorida.

Mazkur universitetning birinchi kurs talabalari komputer va dasturiy injiniring yo‘nalishi bo‘yicha bilim olmoqda.

uz_24_03_2015_1

– O‘quv jarayoni dunyoning yetakchi universitetlari namunasi asosida tashkil etilgan, – deydi Toshkentdagi Inxa universiteti prorektori Nurilla Mahamatov. – Bu yerda talabalarga mamlakatimiz va xorijdan taklif etilgan professor hamda mutaxassislar dars bermoqda. Bu esa o‘qishda samarali natijalarga erishish imkonini berayotir.

Mutaxassislik bo‘yicha barcha asosiy fanlardan janubiy koreyalik professorlar saboq beradi. O‘quv dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Janubiy Koreyaning Inxa universiteti tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Talabalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash va bilimini boyitish maqsadida o‘quv dasturiga O‘zbekistonning yangi tarixi, falsafa, yurisprudensiya, ma’naviyat va ma’rifat asoslari kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar kiritilgan.

Universitetda darslar faqat ingliz tilida olib boriladi. Bu Prezidentimizning ayrim maxsus fanlarni chet tillarda o‘qitish ko‘zda tutilgan «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hayotga samarali tatbiq etilayotganidan bir namunadir.

uz_24_03_2015_2

Ingliz tilini kamida 5 ball darajasida bilishni tasdiqlaydigan IELTS xalqaro sertifikati bo‘lishi lozimligi universitetga kirish shartlaridan biridir. Biroq bu yerda saboq olayotgan bilimga chanqoq yoshlar tilni yanada mufassal o‘rganishi uchun o‘quv dasturiga ingliz tili kursi ham kiritilgan. Buning uchun nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlardan taklif etilgan mutaxassislar ham jalb etilgan. AQShdan taklif etilgan professor Alisha Xartgrouv ulardan biridir.

– Birinchi darsga kirgan paytimdayoq o‘zbekistonlik yoshlarning ingliz tilini bilish darajasi menda katta taassurot qoldirgan edi, – deydi A.Xartgrouv. – Talabalar ingliz tilida nafaqat yaxshi so‘zlashadi, balki o‘z his-tuyg‘ularini ham bemalol ifoda eta oladi. Bu har qanday chet tilini o‘rganishda murakkab jihatlardan biridir. Bundan tashqari, ular ingliz tilida yaxshi yozadi. Buni ularning yozma ishlarida ko‘rish mumkin. Talabalar berilgan barcha topshiriqlarni astoydil bajaradi. Menga ularning yana bir jihati yoqadi, ya’ni ular ingliz tilida hazil-mutoyiba qilishni xush ko‘radi.

Bo‘lajak muhandis va dasturchilar fizika fanini ham puxta o‘rganmoqda. Ularga ushbu fan bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiyotgan Bryussel erkin universiteti o‘qituvchisi Lyudovik Arno o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan, talabalarning tayyorgarlik darajasi kutganidan ham a’lo ekanini ta’kidladi.

– Talabalar ingliz tilini yaxshi bilishi tufayli ular bilan til topishish qiyin bo‘lmadi, – deydi L.Arno. – Ular fanni qunt bilan o‘rganmoqda, o‘z ustida ishlashdan charchamaydi. Muvaffaqiyatlari haqida gapiradigan bo‘lsam, ular men dars berayotgan Yevropa universitetlaridagi tengdoshlaridan aslo qolishmaydi.

Darhaqiqat, Toshkent shahridagi Inxa universiteti talabalari o‘z bilimi, iqtidori va mehnatsevarligi bilan ajralib turadi. Ular faqat o‘quv auditoriyalarida bilim olish bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Har bir talaba universitetdagi yuqori tezlikda ishlaydigan simsiz internet tarmog‘i va zamonaviy gadjetlar – smartfon, planshet va noutbuklardan unumli foydalanmoqda.

Universitetda zamonaviy komputer texnikasi bilan jihozlangan uch axborot-resurs markazi, kutubxona, keng va yorug‘ o‘quv zali talabalarga xizmat ko‘rsatayotir. Ular yuqori texnologiyali uskunalar bilan ta’minlangan ikkita laboratoriyada egallayotgan o‘z nazariy bilimini sinab ko‘rish imkoniyatiga ham ega.

Yaratilgan bunday keng imkoniyatlar yoshlarni o‘qish va innovatsion faoliyatda yangi yutuqlar sari undamoqda. Masalan, yaqinda talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan dasturiy ta’minot tanlovi yakunlari sarhisob qilindi. Unda “Notify” veb-ilovasini yaratgan Nuriddin Eminoxunov va Muhammad Karimov g‘olib bo‘ldi.

– Biz internet orqali ishlaydigan e’lonlar elektron doskasini yaratdik, – deydi N.Eminoxunov. – Undan o‘quv jarayonida ham foydalanish mumkin. Misol uchun, o‘qituvchi talabalarga dars qachon va qaysi auditoriyada bo‘lishi haqida xabar qoldirishi mumkin. Hozir o‘z dasturimiz imkoniyatlarini kengaytirtish ustida ishlamoqdamiz.

G‘oliblarning so‘zlariga ko‘ra, ular veb-ishlanmani yaratish ishlarini universitetga o‘qishga kirishdan avval boshlagan. Ingliz tilini o‘rganish uchun mo‘ljallangan sayt ularning dastlabki loyihasidir.

Azimjon Abdijalilov ham innovatsion faoliyatni yaxshi biladi. Kollejda o‘qib yurgan paytidayoq suv sathini o‘lchash mikrosxemalarini boshqaradigan dastur ishlab chiqqan. Ayni paytda u innovatsion mahsulotini ishlab chiqishni yakunlash arafasida va o‘z kashfiyoti uchun patent olishni rejalashtirmoqda.

Universitetda talabalarning yashashi va dam olishi uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan. Viloyatlardan kelgan yoshlar universitet talabalar turar joyida yashamoqda. Ular oliy o‘quv yurti hududida barpo etilgan futbol va basketbol maydonlarida darsdan so‘ng ushbu sport turlari bilan shug‘ullanishi mumkin.

Toshkent shahridagi Inxa universiteti hayoti va o‘quv jarayoni sifati kishida katta taassuroot qoldiradi. Oliy o‘quv yurti rahbariyati universitet imkoniyatlarini yanada kengaytirish strategiyasini belgilagan. Masalan, talabalarni informatsion texnologiyalar sanoatidagi eng so‘nggi yangiliklar bilan bevosita tanishtirish maqsadida “Microsoft”, “HP”, “SAP”, “Oracle”, “IBM”, “CISCO”, “Samsung”, “LG”, “ESET”, “Softline” va boshqa jahonga mashhur xalqaro korporatsiyalar hamda mamlakatimiz kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Nazariya va amaliyotni bu tarzda uyg‘unlashtirish, shubhasiz, kelajakda mamlakatimizda ham bu borada yetuk muhandis va dasturchilarning yangi avlodini tarbiyalash imkonini beradi.

Bobur Obidov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq