Maqsad ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan
24.03.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Malika Muhamedova.

maq_24_03_2015

Ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayonining sifati ko‘pgina omillarga, eng avvalo, o‘quv qo‘llanma va darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida davr ruhiga muvofiq kadrlar tayyorlashda muhim omil sifatida, aynan mazkur masalaga ham katta e’tibor qaratiladi.

Universitet kutubxonasi mazkur ta’lim muassasasining dastlabki kunlaridayoq, ya’ni 1955-yilda tashkil etilgan. Kutubxonaga umumta’lim va mutaxassislik fanlari bo‘yicha dastlabki darslik va o‘quv qo‘llanmalari Moskva, Sankt-Peterburg, Odessa elektrotexnika aloqa institutlari tomonidan taqdim etilgan. Kutubxonani tashkil etishda uning birinchi boshlig‘i Aysha Legkova sezilarli hissa qo‘shgan. Uning boshchiligida kutubxonadagi o‘quv, ilmiy-uslubiy kitoblar va turli jurnallar soni jadallik bilan reja asosida ko‘payib bordi. O‘n yillik oxiriga kelib, institut kutubxonasida 200 mingga yaqin o‘quv darsliklari, jurnallar, referatlar va badiiy adabiyotlar talabalarga chuqur bilim olishida asos bo‘lib xizmat qila boshladi.

Kutubxona ishi yanada rivojlanishiga 1962–1977 yillar davomida faoliyat yuritgan Kaleriya Orlovaning xizmatlari katta. 1977-yildan boshlab, to mamlakatimizda istiqlol tantanasiga qadar kutubxona ishini tashkil etishda katta tajribaga ega bo‘lgan, o‘z kasbining fidokori Taisiya Slinko rahbarlik qildi. Agar 1956-yil 1-yanvar holati bo‘yicha kutubxonada 4395ta kitob, uslubiy qo‘llanmalar bo‘lib, 153 nafar talaba va 15 nafar o‘qituvchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda 5 mingdan ortiq talaba, ilmiy-xodim va professor-o‘qituvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda, kutubxona fondi 300 mingga yaqinni tashkil etadi. Bundan tashqari, kutubxona fondidan aloqa va axborotlashtirish sohasi xodimlari, boshqa oliy ta’lim muassasalari talaba va o‘qituvchilari, malaka oshirish kurslari tinglovchilari foydalanishlari uchun imkoniyat yaratilgan.

Agar o‘tgan asr saksoninchi yillarining oxiri, to‘qsoninchi yillarning birinchi yarmida har yili kutubxonaga 160 mingga yaqin kitobxon tashrif buyurgan bo‘lsa, 2002-yildan boshlab ularning soni 300 mingdan oshdi. 2004-yilda esa 325 mingtani tashkil etdi. Oxirgi 5 yil mobaynida kutubxonaga 50 mingga yaqin turli adabiyotlar xarid qilindi, bularning aksariyatini mutaxassislik fanlari bo‘yicha yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalari tashkil etadi. Hozirgi vaqtda kutubxona: o‘quv, ilmiy, badiiy va chet tilidagi adabiyotlar bo‘limiga, uchta o‘quv zaliga va uchta kompyuterlar bilan jihozlangan elektron o‘quv zaliga ega. O‘quv zallariga 40ta zamonaviy kompyuter o‘rnatilgan bo‘lib, ular universitet ichki lokal tarmog‘iga va Internet tizimiga ulangan. Elektron kutubxona 2001-yil oktabr oyida tashkil etilgan. Bundan tashqari, kutubxona 1990-yildan boshlab, fonddagi kitob va jurnallar alifbosi elektron katalogini tuzib kelmoqda, shu bilan birga, ilmiy mavzudagi maqolalar doimiy katalogini tuzib, to‘ldirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Kutubxona xodimlari respublika va xalqaro darajadagi turli seminar va konferensiyalarda faol qatnashib kelmoqdalar. Masalan, 1988-yilda Antverpen (Belgiya) oliy maktabi kutubxonasi bilan Libanta qo‘shma loyihasi bo‘yicha ishlab, aspirantlar qiroatxonasi tashkil etildi; 2ta kompyuter, magnitofonli televizor, nusxa ko‘chirish qurilmasi, fanlar bo‘yicha videokassetalar, lazer-disklari, ingliz tilida mutaxassislik bo‘yicha kitoblar va kutubxona ishida foydalanish uchun IRBIS dasturi olindi. Libanta loyihasi asosida Rossiya davlat ilmiy-texnik kutubxonasi bilan birgalikda, Toshkentda kutubxona xodimlari uchun seminar tashkil etildi. Unda O‘zFA, Respublika Alisher Navoiy nomidagi kutubxona, TDTU, O‘zMU va boshqa ilmiy hamda ta’lim muassasalaridan jami 20tadan ortiq yirik kutubxona vakillari qatnashdilar. Institut kutubxonasi bu davrga kelib, 300 mingdan ortiq kitob va jurnal fondiga ega bo‘ldi. Talabalarning darsliklar bilan ta’minlannish darajasi yuqori ko‘rsatkichlarga yetdi.

Bundan tashqari, Respublika kutubxonalari xodimlari uchun kutubxonalarda Internetdan foydalanish mavzusida uch kunlik seminar kutubxona kompyuterlashtirish va avtomatlashtirish bo‘limi tomonidan tashkil etildi. 2002-yilda «Ednet bilim tizimi» grant asosida server va chop etish qurilmasi olindi. Universitet kutubxonasi xodimlaridan T. A. Slinko va O. V. Kolachinskaya «Ochiq jamiyat instituti» va kitobxonlar assotsiyasi tomonidan tashkil etilgan «Markaziy Osiyo-99», «Markaziy Osiyo-2002» xalqaro konferensiyalarida «Kutubxona ishida Internetdan foydalanish va «Elektron-kompyuter texnologiyalaridan oliy ta’lim muassasasi kutubxonalarida foydalanish» nomli ma’ruzalar bilan qatnashdilar.

Natijada elektron kutubxona zaxiralaridan foydalanish imkoniyati va samaradorligi oshdi, kitobxonlarga quyidagi xizmat turlari tashkil etildi:
1. Elektron katalogdan foydalanish. IRBIS dasturi asosida yaratilayotgan elektron katalogga; tabiiy fanlar, texnik fanlar bo‘yicha, tilshunoslik va jamiyatshunoslik bo‘yicha adabiyotlar to‘liq kiritilgan. Hozirda tarix va badiiy adabiyotlar elektron katalogi tuzilmoqda. Elektron katalogga hozirda 20 mingdan ortiq nomdagi kitob va jurnallar kiritilgan.
2. Rus va ingliz tilidagi 8000dan ortiq turli (EBSCO-Publishing, Oxford University Press, The Royal Society of London kompyuterlari) jurnallardan olingan maqolalar to‘liq matnidan foydalanish mumkin. Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan fanlar ma’ruza matnlari va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan tanishish uchun imkoniyat yaratilgan.
3. Mutaxassislik fanlari bo‘yicha noyob, qimmatbaho kitoblar elektron nusxalari kutubxona serveriga kiritilgan.

Bundan tashqari, qiziqtirgan mavzu bo‘yicha asosiy kalit so‘zlar (mobil aloqa, modulyator, detektor, optik-tolali aloqa va boshqalar) orqali universitet saytidagi axborotlardan foydalanish mumkin. Shu bilan birga, universitet professor-o‘qituvchilari olib borayotgan ilmiy ish yo‘nalishlari bilan, «Universitet professor-o‘qituvchilari ilmiy ishlari» elektron katalogi va to‘liq matnlari bilan tanishish mumkin.

Universitet kutubxonasi 2007-yilda Axborot-resurs markazi (ARM)ga aylantirildi. Hozirgi kunda ARM yagona kitobxonlik guvohnomasi bilan 5 mingdan ziyod kitobxonga va elektron manbalardan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Kitobxonlar orasida universitet talabalari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, xodimlari, doktorantlardan tashqari boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilari, malaka oshirish kursi tinglovchilari, telekommunikatsiya sohasidagi korxona xodimlari ham mavjud. ARM abonement tizimi orqali kitoblarni uyda hamda qiroatxonalarda foydalanishning keng imkoniyatini yaratadi. ARM an’anaviy, ya’ni qog‘ozda tashuvchi va elektron ma’lumotlardan iborat. An’anaviy kutubxona 4ta abonementdan: ilmiy, o‘quv, badiiy va chet el adabiyotlari, 2ta qiroatxonadan, adabiyotlarni komplektlash va ilmiy ishlov berish va ma’lumot-bibliografik bo‘limlardan iborat.

O‘tgan yillar mobaynida kutubxona ishining rivojida E. A. Psaxya, S. I. Velyunskaya, L. Abibullayeva, V. A. Krinitskaya, O. A. Moskvina va boshqalar katta hissa qo‘shdilar. Keyingi yillarda davlat tilida ma’ruzalar matnini chop etish, fanlardan virtual laboratoriya ishlarini yaratish, axborot texnologiyalarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish, elektron kutubxona tashkil etish va uning manbalarini doimiy ravishda boyitib borish, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik uslublarni tatbiq etish, ilmiy-amaliy va ilmiy-uslubiy konferensiyalarda fan-texnika yangiliklari va yangi pedagogik uslublarini kadrlar tayyorlash jarayoniga tatbiq etish natijalarini muhokama etish; talabalar ongiga vatanparvarlik g‘oyalarini chuqur singdirish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Universitet kutubxonasi yangi ta’mirdan chiqarilgan alohida o‘quv zallariga ega.

2014-o‘quv yili mobaynida jami 66 million so‘mlik mablag‘ga o‘quv adabiyotlari xarid qilindi. Bundan tashqari, «O‘zbektelekom» AK tomonidan homiylik asosida 10 millonlik xorijiy adabiyotlar, O‘zbek-Hind markazi tomonidan 5000 nusxa chet tilida dasturlash texnologiyalari bo‘yicha adabiyotlar beg‘araz hadya etildi. Shuni ta’kidlash kerakki, fanlar bo‘yicha universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 40 nomdagi 1500 nusxa o‘quv qo‘llanmalar yaratilib, kutubxonaga taqdim etildi. ARM imkon darajasida universitetning mavjud 5ta filialini doimiy adabiyotlar bilan ta’minlab keladi. 2014-yil filiallarga 749 nusxadagi adabiyotlar ajratildi. Yil davomida an’anaviy kutubxona foydalanuvchilarga 230 mingdan ziyod bosma nashrlar bilan xizmat ko‘rsatildi. Kutubxona fondini bugungi kunda 316 ming nusxadagi kitoblar, risolalar, jurnallar tashkil etadi. Fondning 61 foizi o‘quv adabiyotlar, 32 foizi — ilmiy, 5 foizi — badiiy va boshqa adabiyotlar tashkil etadi. Yil mobaynida kutubxona 7 mingta kitob oladi, 50 nomli jurnallar va 65 nomli gazetalarga obuna bo‘ladi.

Bundan tashqari, kutubxona kitobxonlar bilan turli tadbirlarni ham olib boradi:

  • oyda bir marta kafedra kunlari uyushtiriladi;
  • mavzuli kitobli-illyustrativli hamda yangi adabiyotlar ko‘rgazmalari o‘tkaziladi;
  • har doim yangi kelgan adabiyotlarga bulletenlar ochiladi;
  • 1983-yildan bitiruvchilar, hozir esa bakalavriat bitiruvchilari kunlari, adabiyotlarni ochiq ko‘rish, ma’lumotli sharhlar olib boriladi.

So‘nggi yillarda yangi axborot texnologiyalarini kiritish, kutubxona-axborot jarayonini kompyuterlashtirishga katta ahamiyat berildi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha ilk qadamlar o‘tgan asrning 90-yillarida yo‘lga qo‘yilgan. 1998-yilning dekabr oylarida Antverpen oliy maktabi kutubxonasi bilan Libanta qo‘shma loyihasini ishlab chiqib, aspirantlar qiroatxonasi tashkil etildi, 2ta kompyuter, televizor magnitofon bilan, videokasseta va lazer disklarning katta kolleksiyasi, ingliz tilidagi kitoblar, IRBIS dasturi, yangi UDK jadvalining elektron nusxasi sotib olindi. Libanta loyihasi asosida Rossiya Davlat ilmiy-texnika kutubxonasi mutaxassislari tomonidan seminar o‘tkazilib, unda Toshkentning katta kutubxonalari xodimlari ishtirok etdilar. Shu vaqtdan boshlab, TATU kutubxonasida Irbis dasturi bazasida elektron katalog yaratila boshladi. 2001-yil universitet Elektron kutubxona yaratish ishlarini boshladi.

Elektron kutubxona uchun 3ta zal, ulardan 2tasi talabalar uchun (65ta kompyuter) va bittasi o‘qituvchilar va xodimlar uchun (8ta kompyuter) kitobxonlar xizmatida. ARM o‘zining 3ta serveriga ega bo‘lib, Internet tezligi sekundiga 15 Mbit tashkil etadi. Asosan barcha xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida 15 ming kitobxonga xizmat ko‘rsatiladi. Kutubxonadan kun mobaynida barcha bo‘limlar tomonidan o‘rtacha hisobda 520 kitobxon foydalanadi, adabiyotlarni va elektron resurslarni berish yiliga taxminan 280 mingni tashkil etadi. Elektron hujjatlar fondi 11863 nomda, shulardan elektron darsliklar 2367 nomda, elektron o‘quv qo‘llanmalar 4001, elektron ilmiy adabiyotlar 4995, xorijiy adabiyotlar 175, badiiy adabiyot 325 nomdan iborat.

Elektron katalogda hozirgi kunga kelib, 42010dan ortiq hujjatlar qayd etilgan. Jumladan, 8000dan ortiq elektron hujjatlarning to‘liq matni biriktirilgan. Mazkur hujjatlardan TATU’ning beshta filiali http://library.tuit.uz sayti orqali foydalanish imkoniyatiga ega. Elektron kutubxona uchun 2013–2014 o‘quv yilida 35ta yangi kompyuter va orgtexnika vositalari, televizor ajratilgan. Hozirgi kunda ARM kompyuteri talabalar xizmatida. ARM’ning kirishdagi ko‘rgazmalar devoriga televizorlar o‘rnatilgan. Ularda kun davomida yangi kelgan adabiyotlar, jurnallar va ma’naviy-ma’rifiy slaydlar berib boriladi. TATU ARM Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ARMAT tizimidagi korporativ tarmog‘iga ulangan bo‘lib, unda 42010 hujjatlar qayd etilgan. TATU’ning ARM’ga a’zo bo‘lgan 2–4 kurs bakalavr va 2-kurs magistrant talabalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 1-kurs talabalarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

RAKM(Respublika axborot kutubxona markazi) bilan tuzilgan shartnomaga asosan 2014-yil mobaynida 1981 nusxadagi adabiyotlar raqamlashtirildi. RAKM’ning 20 000dan ortiq elektron resursidan www.dilib.uz sayti orqali TATU talabalari ro‘yxatdan o‘tgan holda foydalanish imkoniyatiga ega. TATU kutubxonasi mavjud bo‘lgandan boshlab uzluksiz kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning va ular bilan ishlash metodlarining yangi ko‘rinishi amaliyotda tatbiq etilmoqda. Kutubxona ishini rejalashtirish, uning kitob, jurnal va gazetalar fondini to‘g‘ri tashkil etish, kitobxonlar bilan ishlash sifatini oshirish va boshqa bir qator muammolarni birgalikda muhokama qilish va ijobiy hal etishda kutubxona kengashi faollik bilan ish yuritib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Axborot-resurs markazlarining vazifasi kitobxonlarni zarur ma’lumotlar bilan tanishtirish hamda ularning kitob bilan ishlay olish malakalarini shakllantirishga yordam berishdan iborat. Bu ishda axborot-resurs markazlari konferensiya, davra suhbati, uchrashuvlar, kitob taqdimoti, viktorina, kitob ko‘rgazmasini tashkil etish kabi tadbirlar talabalar ma’naviy olamini boyitishda muhim ahamiyatga molik.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq