BankExpo-2015: Bank tizimi salohiyati namoyish etildi
24.03.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

bank_24_03_2015

Toshkentdagi Ko‘rgazma Savdo markazida Respublika Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitalari, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi, Banklar Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari VIII yillik BankExpo-2015 milliy ko‘rgazmasi tashkil etildi.

bank_24_03_2015_1

Navbatdagi anjuman mehmonlari — tadbirkorlik subyektlari va mijozlar bank-moliya tizimining so‘nggi yutuqlari va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari, yangi texnologiya va xizmatlar bilan yaqindan tanishtiriladi.

bank_24_03_2015_2

Joriy yilda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishi mamlakatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorida ilgari surilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, kichik tadbirkorlik subyektlari, oilaviy biznes, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan bank xizmatlari bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar berishga qaratilmoqda.

Mamlakatimizda bozor munosabatlari tobora ilgarilab borar ekan, bank tizimi milliy iqtisodiyot ravnaqini belgilovchi asosiy mexanizmga aylanib, aholi va xo‘jalik subyektlarining bo‘sh pul mablag‘larini akkumulyatsiya qilish va ularni sohalar bo‘yicha qayta taqsimlash, tadbirkorlik tuzilmalarining ichki va tashqi munosabatlaridagi hisob-kitoblarni ta’minlab kelmoqda.

bank_24_03_2015_3

Mamlakatimiz bank tizimi faoliyatining mukammal kasb etib borishini bugungi kunda balog‘at yoshidagi aholining barchasi bank xizmatlari bilan qamrab olingani, bank xizmatlaridan foydalanish darajasining o‘sishini mamlakatimizda har yuz ming katta yoshdagi aholiga 49,7ta bank muassasasi to‘g‘ri kelayotgani, har ming kishi nomiga 1028ta bank hisob-raqami ochilganida ham ko‘rishimiz mumkin. Tadbirkorlik subyektlari va mijozlarning bank bilan munosabatlari elektron platformaga ko‘chirilmoqda. Bundan tashqari, yetakchi xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan mamlakatimizning barcha tijorat banklariga «barqaror» reyting bahosi taqdim etilgan.

Ko‘rgazma bank faoliyatining taktik va strategik yo‘nalishlarini aniqlash, xizmatlar turlarini kengaytirishga sharoiyat yaratadi. Ko‘rgazma mehmonlari banklar tomonidan taqdim etilayotgan kreditlar turlari va ajratish mexanizmlari, jamg‘arma va depozitlar, boshqa xizmatlari, umuman, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha to‘liq axborot olish, banklarning mas’ul xodimlari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

bank_24_03_2015_4

Yillik anjuman davomida salohiyatli mijozlarni kreditlash shartlari, boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirildi. Ko‘rgazmada mamlakatimizning barcha tijorat banklari, Lizing beruvchilar assotsiatsiyasi, yetakchi sug‘urta kompaniyalari hamda mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari ham o‘z mahsulotlari va xizmatlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi stendlari bilan ishtirok etdi.

Shu bilan birga, ko‘rgazmada bugungi kunda kichik biznesni, xususan, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda bank tizimi bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan Davlat soliq qo‘mitasi, «Kamolot» YOIH, Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi va boshqa bir qator tashkilotlar ham qatnashdi.

bank_24_03_2015_5

Ko‘rgazma dasturi keng va rang-barang bo‘lib, unda davra suhbatlari, seminarlar, taqdimotlar, uchrashuvlar, mahorat maktablari tashkil etildi. Eng muhimi, bank xizmatlari iste’molchisi qisqa muddat ichida bozorga taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishish, taqqoslash, mutaxassislardan kerakli maslahatlar olish, muzokaralar o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda tijorat banklarining keng ommaga, biznes tuzilmalarga yetkazishi, ko‘rsatishi lozim bo‘lgan xizmatlari bir talay. So‘nggi paytda bank infratuzilmasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Kredit axboroti almashinuvi tizimining yo‘lga qo‘yilishi mijozlar haqida obyektiv va xolis axborot olish, bank tavakkalchiliklarini kamaytirish, xususan, kredit axborotidan foydalanuvchilarga kredit axboroti subyektlarining kredit qobiliyati, moliyaviy holati, to‘lov qobiliyati va to‘lov intizomini baholash va boshqa xizmatlar ko‘rsatishda qo‘l kelib, bank tizimining samarali faoliyat yuritishiga sharoit hozirlayotgan bo‘lsa, garov reestrining joriy etilishi kreditlar, zayomlar va boshqa moliyaviy operatsiyalarni rasmiylashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish, garov mulkiga asosan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadigan kreditorlar tavakkalchiliklarini kamaytirish va garov oborotini kengaytirish hisobiga kichik biznes vakillarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Natijada banklarning amaldagi operatsiyalari va xizmat turlari sifat jihatdan takomillashdi. Kichik tadbirkorlik tuzilmalarini kreditlash tartibi soddalashtirildi, bank ishi sohasida tadbirkorlik subyektlariga ruxsatnoma berish tartibi erkinlashtirildi.

bank_24_03_2015_6

Bank tizimining moliyaviy barqarorligi va o‘sish ko‘rsatkichlari, xalqaro indikatorlar asosida tahlil qilinganda, yuqori darajadagi baholarga muvofiq keladi. Jumladan, bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari, chunonchi, «banklarning umumiy kapitali yetarliligi», «tijorat banklarining likvidligi», «depozitlar hajmining dinamikasi», «kredit qo‘yilmalari hajmining o‘zgarishi» 2014-yil yakunlari bo‘yicha yuqori bahoga mosdir. Aynan ushbu ko‘rsatkichlar banklarning kredit va investitsiyalash imkoniyatlarini oshirish, yangi bank texnologiyalarini amaliyotga dadil joriy etish asosi bo‘lmoqda.

bank_24_03_2015_7

Shu munosabat bilan ko‘rgazma davomida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilayotgan «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi ham turli soha vakillari ishtirokida keng muhokama etildi. Mazkur hujjat tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda qo‘shimcha sharoitlar, shu jumladan, xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infrastrukturasi ravnaqini ta’minlaydi.

bank_24_03_2015_8

Mamlakatimiz banklari mijozlarning yangi avlodi talablariga javob beradigan yuqori texnologik ishlanmalardan keng foydalanib, zamon bilan qadamba-qadam bormoqda. Bu sa’y-harakatlar samarasi sifatida, banklar tomonidan iste’molchilarning ehtiyojini oldindan sezish va ularning istak-xohishlariga mos ravishda xizmat ko‘rsatishga sharoit yaratilmoqda. Binobarin, ko‘rgazmada, omma e’tiboriga O‘zbekiston bank-moliya sohasining yangi zamonaviy texnologiyalari va mahsulotlari, interaktiv xizmatlar, xususan, internet banking, bank-moliya muassasalari va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuqori pog‘onaga olib chiquvchi eng yangi axborot dasturlari havola etildi.

Mazkur ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlarining bank tizimi yutuqlari, rivojlanish istiqbollari haqida o‘zaro axborot va tajriba almashish, manfaatli hamkorligini kengaytirishga, umuman olganda, mamlakatimizda bank ishi taraqqiyotiga, iqtisodiyot subyektlari va aholining bank xizmatlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirishiga qulay sharoit yaratadi.

bank_24_03_2015_9

BankExpo 2015: Ko‘rgazmaning faol ishtirokchilari taqdirlandi
Toshkentdagi muhtasham «Turkiston» saroyida Markaziy bank, Axborot texnologiyalari tashkilotlari assotsiatsiyasi, Banklar assotsiatsiyasi hamkorligida, BankExpo 2015 yillik ko‘rgazmasi doirasida unda faol ishtirok etgan banklar va tadbirkorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar bank tizimida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar. Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ishbilarmonlikka qulay muhit yaratilayotgani, ortiqcha qog‘ozbozliklarga barham berilgani, tizimga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal olib kirilishi tadbirkorlik subyektlari uchun vaqt va moddiy xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratilgani, bularning barchasi banklarning tadbirkorlarga ishonchli hamkor sifatida qaralayotganiga omil bo‘layotganini qayd etdilar.

bank_24_03_2015_10

Marosimda bu yil banklar tomonidan kichik biznes subyektlari uchun jami 9 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi, shundan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga 1,2 trln so‘m, ta’lim muassasalari bitiruvchilariga 250 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgani bayon etildi. Shuningdek, banklar tomonidan hozirgi paytda kreditdan foydalanish jarayonlarini kengaytirish borasidagi rejalar ham tilga olib o‘tildi.

Tadbir davomida yangi ishlab chiqarishlarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ichki bozorni yangi mahsulotlar bilan to‘ldirishga qaratilgan tadbirkorlarning 200ta biznes-rejasi imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar bilan taqdirlandi.

bank_24_03_2015_11

Tantanali anjumanda BankExpo 2015 natijalari ko‘rib chiqildi. Bank sohasidagi so‘nggi yutuqlar va yangi imkoniyatlar, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar, yangi texnologiyalar, xizmatlar taqdim etildi. Respublikamizning barcha viloyatlari va Toshkentda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmalarga 120 mingdan ziyod bank xizmatlari iste’molchilari tashrif buyurdi.

bank_24_03_2015_12

Milliy ko‘rgazmani tashkil etishda, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlayotgan, davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etgan bank muassasalari turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar deb topildi va ularga qimmatbaho mukofotlar topshirildi.

  • «Ipoteka-bank» ATIB — «Tadbirkorlarning eng yaxshi hamkori va ishonchli tayanchi»;
  • «Mikrokreditbank» ATB — «Eng yaxshi mikrokreditlash xizmati»;
  • «Agrobank» ATB — «Ta’lim muassasalari bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlovchi eng yaxshi bank»;
  • DT Xalq banki — «Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi eng yaxshi bank»;
  • ATB «Qishloq qurilish bank» — «Innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi eng yaxshi bank»;
  • ATB «Qishloq qurilish bank» — «Qishloq farovonligiga qo‘shayotgan hissasi uchun»;
  • O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki — «Xorijiy kredit liniyalarini jalb etayotgan eng yaxshi bank»;
  • «O‘zsanoatqurilishbank» ATB — «Eng faol investitsion bank»;
  • «Asaka» bank (DATB) — «Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlovchi eng yaxshi bank»;
  • «InFinBank» XATB — «Hududlarda faoliyatini kengaytirayotgan eng yaxshi bank»;
  • «Orient Finans» XATB — «Innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga intiluvchan eng yaxshi bank»;
  • «Trastbank» XABB — «Mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatuvchi eng yaxshi bank»;
  • «Hamkorbank» ATB — «Hududiy BankExpo-2015 ko‘rgazmasida eng faol ishtirok etgan bank»;
  • «Kapitalbank»ATB — «Bank tizimi nufuzini oshirishga qaratilgan xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan yilning eng yaxshi anjumani»;
  • AITB «Ipak yo‘li banki» — «Mijozlarga masofadan xizmat ko‘rsatuvchi eng yaxshi bank»;
  • O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki — «So‘rov natijalariga ko‘ra eng ko‘p ovoz to‘plagan bank»;
  • «Ipoteka-bank»; ATIB — «Eng yaxshi reklama kompaniyasi»;
  • «Kapitalbank» ATB — «Eng yaxshi axborot bilan ta’minlangan stend»;
  • ATB «Qishloq qurilish bank» — «Eng yaxshi stend personali xizmati»;
  • «Asaka» DATB — «Eng yaxshi stend dizayni»;
  • Xalq banki — «Tashrif buyuruvchilar e’tibori sovg‘asi»;
  • XATB «Orient Finans»; — «Eng ko‘p tashrif buyurilgan stend»;
  • AT «Aloqabank» — «Eng yaxshi texnik jihozlangan stend» Markaziy bankning Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi «Eng yaxshi hududiy BankExpo-2015 ko‘rgazmasi»;
  • ATB «Asia Alliance Bank»; — «Eng samarali moliyaviy loyiha»;
  • «Mikrokreditbank» Qorovul filiali, ATB «Asia Alliance Bank»ning Qarshi filiali, «Ipak yo‘li banki»ning Chilonzor filiali, XABB «Trastbank»ning Andijon filiali, «Aloqa» bankning Samarqand filiali «Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgan eng yaxshi hududiy bank filiali» nominatsiyalari g‘olibi deb topildi.
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq