O‘zbek blogerlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan ikkinchi chempionat haqida ma’lumot
20.03.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

uz_20_03_2015

21-mart kunidan o‘zbek blogerlari o‘rtasida ikkinchi chempionatga start beriladi. Mazkur chempionat O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining moliyaviy ko‘magida tashkil etilayotgan bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zbekistonlik internet-foydalanuvchilari orasida professional blog yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali ularning fuqarolik jamiyatidagi faolligini oshirishdir.

Chempionat jami 3 bosqichda tashkil qilinadi va aprel oyining oxiriga qadar davom etadi. Tanlovning umumiy sovrin jamg‘armasi qariyb 10 mln. so‘mni tashkil etmoqda.

Mazkur tanlovda qatnashish shartlari va o‘tkazilish tartibiga oid asosiy savollarga quyida javob olishingiz mumkin:

O‘tkazilish muddati qachon?

1-bosqich: 21-mart – 2-aprel, ishtirokchilar soni cheklanmagan;
2-bosqich: 7-14 aprel, eng yaxshi 30 nafar bloger ishtirokida;
Final: 19-26 aprel, eng yaxshi 10 nafar bloger ishtirokida.

G‘oliblar qanday sovrinlar bilan mukofotlanadi?

G‘oliblar quyidagi sovrinlar bilan taqdirlanishadi:
1-o‘rin: 4 million so‘m.
2-o‘rin: 2 million so‘m.
3-o‘rin: 1 million so‘m.

Shuningdek, quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi:

  1. “Vatanparvarlik mavzusida yozilgan eng yaxshi ish” – 750 ming so‘m.
  2. “O‘zbekistonda yoshlar hayotini yoritgan eng yaxshi bloger” – hamkorimiz Telegraf.uz axborot-tahliliy portali tomonidan 500 ming so‘m bilan mukofotlanadi.
  3. “Ijtimoiy muammolarni noodatiy tarzda yoritgan bloger” – eng sara badiiy kitoblar to‘plami (Telegraf.uz mukofoti).
  4. “Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan eng yaxshi bloger” – hamkorimiz Championat.asia sayti tomonidan 500 ming so‘m bilan mukofotlanadi.
  5. “IT Blog” – hamkorimiz UzInfoCom kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi mazkur nominatsiya bo‘yicha 3 nafar blogerga 2 yil muddatga 500 mb. xosting ajratadi hamda tanlangan blogerlarga www.index.uz texnoblogida 3ta tekin PR-maqola joylashtirish huquqini berishadi (aslida, texnoblogda bitta PR-maqola joylash 150 ming so‘m). Shuningdek, “IT Blog” nominatsiyasi bo‘yicha tanlab olingan blogerlar uchun www.index.uz texnoblogida alohida sahifa ham ajratiladi.

Maxsus nominatsiya:

“O‘z ishlarida o‘zbek tilining imlo qoidalariga amal qilgan eng yaxshi bloger” – O‘zbekiston Milliy entsiklopediyalar to‘plami (13 ta tom) (Telegraf.uz mukofoti)

Shuningdek, hamkorimiz UzInfoCom markazi tomonidan finalga yo‘l olgan barcha 10 nafar blogerlarga 2 yil muddatga tekin xosting ajratiladi. Bunda 1-3 o‘rinlarni olgan blogerlarga 1 gb. hajmdagi, qolgan 7 nafar finalchilarga esa 250 mb. hajmdagi xosting taqdim etiladi.

Kimlar qatnashishi mumkin?

Tanlovda millati, jinsi, yoshi va yashash joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar qatnasha oladi.

Chempionatda o‘zbek yoki qoraqalpoq tilida yozilgan ishlar qabul qilinadi.

E’tiborli tomoni, tanlovda nafaqat blog yuritadigan, balki blogi mavjud bo‘lmagan shaxslar ham bemalol qatnashishi mumkin.

Qаtnashish tartibi qanday?

  1. Qatnashish tartibi juda oddiy:
  2. Eng avvalo tanlovni o‘tkazish uchun maxsus yaratilgan http://blog.telegraf.uz saytida ro‘yxatdan o‘tiladi;
  3. Shundan so‘ng o‘zining blogposti manzilini ushbu sayt orqali tashkilotchilarga taqdim etadi. Bo‘ldi, ishtirokchilardan boshqa ortiqcha narsa talab qilinmaydi.

Shaxsiy blogi mavjud bo‘lmagan shaxslar esa o‘z ishlarini uzblogerlar@gmail.com elektron pochtasiga yuborishsa bo‘ldi, tanlovga qabul qilinadi.

Birinchi bosqich uchun 2015-yil 1-yanvardan 2015-yil 2-aprelga qadar yozilgan blogpostlar qabul qilinadi. Qolgan bosqichlar uchun esa yangi blogpost yozilishi kerak.

Har bir bosqichda faqat bir dona blogpost topshiriladi.

Blogi yo‘q shaxslarning ishlari qayerda e’lon qilinadi?

Blogi yo‘q shaxslar tomonidan uzblogerlar@gmail.com elektron pochtasiga yuborilgan ishlar Fikr.uz saytida «Blogerlar chempionati» umumiy rukni ostida muallifi ko‘rsatilgan holda chop etiladi.

Qаnday mavzuda yozish kerak?

Tanlovning barcha bosqichida blogerlar erkin mavzuda ijod qilishlari mumkin. Aynan tanlab olingan mavzu berilmaydi.

Blogpostga qanday talablar qo‘yiladi?

Blogerlar istalgan ko‘rinishda blogpost yozishi mumkin. Blogpost hajmi cheklanmagan. Blogpost shakliga (matn, foto, video, audio va boshqalar) ham cheklov yo‘q. Bu blogerning o‘z uslubiga va kreativligiga havola. Kimdir faqat matn, kimdir faqat she’r, kimdir faqat foto yoki video taqdim qilishi mumkin. Barcha ishlar qabul qilinadi.

G‘oliblar qanday aniqlanadi?

G‘oliblar ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. 1-bosqichda faqat hakamlar hay’ati ovoz berishi mumkin, ikkinchi va final bosqichida esa hakamlar, blogerlar va oddiy o‘quvchilarning ovozi ham hisobga olinadi.

Tanlovning to‘liq qoidalari bilan quyidagi:
http://xushnudbek.uz/blogerlar-tanlovining-rasmiy-qoidalari/ sahifasi orqali tanishishingiz mumkin

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq