Mutaxassislar tayyorlashda masofaviy ta’lim jarayonini takomillashtirish imkoniyatlari
24.02.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Mаqsuda Tillashayxova.

Sifatli mutaxassislar tayyorlash va aholi bilim darajasini oshirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zamin yaratadi. Hozirgi kunda mamlakat istiqboli ko‘p jihatdan ishlab chiqarish salohiyatining kuchaytirilishi hamda mahsulot importi hajmining oshirilishiga bog‘liqdir. Jahon bozorida yuqori foyda olish yangi fan va texnika yutuqlari negizida yaratilgan texnologiyalar asosida tayyorlanuvchi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni doimiy zamonaviylashtirib, rivojlantirib borishni taqozo etadi. Shu sababli kadrlar sifati va malakasi yuqori, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan hamda doimiy rivojlanishda bo‘lgan mamlakatlarda ko‘proq ichki va tashqi sarmoyalar jalb etish imkoniyatlari mavjuddir.

Rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitida sarmoyadorlar ishlab chiqarish kuchlarining malakaviy saviyasiga faqat ishchi kuchi sifatida emas, balki yangi mahsulot va xizmatlar ustida ilmiy izlanishlar olib boruvchi, yangiliklar yaratuvchi ijodkorlar sifatida qaraydilar. Shu sababli kadrlar salohiyati rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy yuksalishining asosidir. Bunday mamlakatlar siyosatida ta’lim tizimiga innovatsion texnologiyalarni qo‘llash doimo ustivor vazifa deb qaraladi.

Har bir mamlakatda mutaxassislarning bilimi va malakasining darajasi iqtisodiy rivojlanishning asosidir. Shu sababli O‘zbekistonda ham takomillashgan maxsus ta’lim dasturlari ishlab chiqilib, ta’limni moliyalashtirish manbalari kengaytirilmoqda hamda ular rivojlantirilmoqda. Respublikamizda kadrlar tayyorlashga davlat tomonidan katta hajmdagi mablag‘larning sarflanayotganligi va bu masala respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida asosiy o‘rin tutayotganligini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-sonli «Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ham yaqqol isbotlab turibdi.

Jamiyatning yuqori malakali kadrlarga ega bo‘lishi va ularning umumiy aholi sonidagi salmog‘ining yuqoriligi, uning bilimlar iqtisodiyoti indeksiga katta ta’sir etuvchi omillardandir. Jahon Banki ekspertlari Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyotining ilmiylik darajasini baholashda quyidagi ko‘rsatkichlardan foydalandilar.

mut_24_02_2014

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2001-yilda 1 million aholiga 8250 nafar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlar talabalar to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2008-yilga kelib, ular 11041 nafarni tashkil etdi. Statistik ma’lumotlar bo‘yicha korrelyatsion-regression tahlil asosida respublikamizda talabalar sonining istiqboldagi ko‘rsatkichlari aniqlandi.

mut_24_02_2014_1

O‘zbekiston Respublikasioliyta’limmuassasalaridata’limoluvchitalabalarsoni, mingkishi, 2006-2012 yillar

Ko‘rinib turibdiki, talabalar soni o‘zgarishi dinamikasi o‘suvchi tavsifga ega. Trend chizig‘i grafigiga qo‘shilgan o‘zgarish tendensiyasini ko‘rsatuvchi tenglama quyidagi ko‘rinishga ega:

Stal.=6,989*t+272,99
Bu yerda: Stal. — o‘quv yili boshiga talabalar soni, ming kishi;
t — vaqtli parametr, yillar.

Tenglama koeffitsentlariga ko‘ra, har yiliga talabalar soni o‘rtacha 6,989 ming kishiga ko‘payadi. Shunga ko‘ra 2016-yilda, ya’ni t=11 bo‘lganida, Stal. ning qiymati quyidagicha aniqlanadi.

Stal.= 6,989*11+272,99

Demak, 2016-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari soni prognoz qiymati, o‘rtacha 350 ming kishini tashkil etadi. Determinatsiya koeffitsiyenti R2 ning qiymatiga ko‘ra mazkur bashorat qiymatining ishonchlilik darajasi 98 foizga teng. Agar 2017-yil uchun prognozni amalga oshiradigan bo‘lsak, talabalar soni 2017-yilda 357 ming kishini tashkil etishi aniqlandi. Mamlakatning jahon axborot hamjamiyatiga kirib borishining rivojlanish dinamikasini aniqlashda, so‘nggi yillardagi mobil aloqasi mijozlarining va Internet foydalanuvchilari sonining o‘suvchi dinamikasi mezon bo‘la oladi.

MDH davlatlari bo‘yicha Internet bilan ta’minlanganlik darajasiga e’tibor bersak, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekistonda 16,8 foizni tashkil etib, boshqa davlatlarga nisbatan yuqoriligini kuzatish mumkin. MDH davlatlari bo‘yicha Internet bilan ta’minlanganlik darajasi (www.internetworldstats.com) ma’lumotlari asosida grafik qurib, grafik trend chizig‘ini hamda shu chiziq regressiya tenglamasi va determinatsiya koeffitsiyentini MS Excel dasturining grafik qurish hamda «Диаграмма» — «Добавить линию тренда» vositalaridan foydalangan holda aniqlaymiz.

mut_24_02_2014_2

mut_24_02_2014_3

Internetdan foydalanuvchi aholi sonining o‘zgarish dinamikasi (ming kishi)

Bu grafikning chiziqli trendi aniqlanganda, uning quyidagi regressiya tenglamasi orqali ifodalanishi kelib chiqdi:

If=1332,2*t–781,07

Bu yerda: If — Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni;
t — vaqt birligi, ya’ni yillar.

Internetdan foydalanuvchilarning 2006–2013 yillardagi o‘sish dinamikasi asosida quyidagi grafik qurildi.

Bu tenglamadan foydalangan holda kelgusi davrlar uchun bashorat qilish mumkin bo‘ladi. Ma’lumki, mavjud statistik ma’lumotlar 8 davrni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ya’ni 2006-yildan 2013-yilning 1-yarmigacha, 2015-yil uchun Respublikamizda Internet tarmog‘i foydalanuvchilari sonini prognoz qilinganda, Internet tarmog‘idan foydala-nuvchilar sonini ushbu yil uchun 12 mln.dan ortishi aniqlandi (prognoz qilishda TQ (talabalar qabuli) 10 deb qabul qilingan).

O‘zbekiston Hukumati axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqda. Buni qabul qilinayotgan Qonunlar, mamlakat Prezidentining Farmon va Qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan ham ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish haqida fikr yuritganda, yuqori texnologik telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish biz uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etish darkor.

Huquqiy asoslar hatto AKT segmenti talablaridan ham ko‘ra tezroq rivojlanayotganligi kuzatiladi. Aholiga Internet-xizmatlar ko‘rsatish huquqini beruvchi litsenziyalar olish uchun hech qanday cheklovlarning mavjud emasligi ham bunga misol bo‘la oladi. Internet-provayderlar soni allaqachon 100dan ortib ketdi, jamoa tarzda Internetdan foydalanish shoxobchalari esa bir necha yuzdan ortiqdir. Internet-kartalarning barcha joylarda keng tarqalishi ham aholiga tarmoqda ishlashni qulaylashtirmoqda. Hozirgi kunda aholiga ADSL-bog‘lanishlarni taklif qiluvchi xizmat turlari rivojlanib bormoqda. Yana respublikamizdagi asosiy hisoblangan mobil aloqa provayderlari axborot bozoriga o‘zlarining innovatsiyasi 3G UZB-modemi orqali chiqib, Internetga qulay ulanish imkoniyatini yaratdi. O‘zbekistonning deyarli barcha yirik provayderlar tomonidan jismoniy shaxslar uchun ADSL, korporativ mijozlarga esa alohida tarmoqlar taklif etilmoqda.

Yuqorida keltirilgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ta’limga, xususan, oliy ta’limga talab yillar davomida ortib borayotganligini ta’kidlash mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yuqori darajada rivojlanganligi ham masofaviy ta’limni amalga oshirish uchun yetarli shart-sharoitlar mavjudligidan dalolatdir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq