2014 yilda aloqa tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 24,5 foizga o‘sdi
26.01.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

uz_25_01_2015

2015 yilning 24 yanvar kuni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Hay’atining 2014 yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qo‘mitaning rahbar va mas’ul xodimlari, hududiy boshqarma boshliqlari, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi aksiyadorlik kompaniyalari, korxonalar va tashkilotlar va ularning hududiy rahbarlari ishtirok etishdi. Shuningdek sohaning hududiy tashkilotlari xodimlari yig’ilishni videokonferensiya shaklida kuzatib borishdi.

Hay’at yig‘ilishida ta’kidlanganidek, 2014 yilda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 24,5 % ga, jumladan, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 25,4 % ga o’sgan, shuningdek, komyuter dasturlari bilan bog‘liq xizmatlar 21,6 % oshgan.

Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarga asosan korxonalarning o‘z mablag‘lari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar rejasi 100,7 foizga bajarildi.

Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 62 % ga o‘sib, bugungi kunda 16 640 Mbit/s.ni tashkil qilmoqda.

Operator va provayderlar uchun internet-xizmatlari (tashqi kanal) tarifi 1 Mbit/s. uchun 265,79 AQSh dollarigacha tushirildi. Narxlarning pasayishi 2014 yil boshi bilan solishtirilganda 15 foizga kamaygan.

“Bo‘zatau–Qo‘ng‘irot”, “G‘uzor–Boysun”, “Denov–Uzun–Sharg‘un”, “Jaslik–Qoraqalpog‘iston”, “Mo‘ynoq–Qibla Ustyurt”, “Uzun–Tojikiston chegarasi” uchastkalarida zamonaviy texnologiyalar asosida kengpolosali aloqani ta’minlovchi 2000 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyasi qurildi. Natijada ushbu tarmoq orqali mijozlarga videotelefoniya, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV-kanallar va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkoni yaratildi. Internetga kengpolosali ulanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘rnatilgan portlar soni 640 mingga oshirildi, foydalanilayotgan portlar soni esa 135,1 foizga o‘sdi.

“O‘zbektelekom” AK chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi Yagona markaz loyihasini joriy etish doirasida respublikamizning barcha hududlarida 13ta mintaqaviy markazlar tashkil etildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi telekommunikatsiya va internet-xizmatlar ko‘rsatish sifatining yanada yuqori bosqichga chiqishini ta’minlaydi.

Mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini yangi avlod texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil davomida respublikamiz bo‘ylab 26 ta zamonaviy kommutatsiya uskunalarining ekspluatatsiya qilinishi telefon raqamlari sig‘imini sezilarli miqdorda oshirishga imkon berdi.

Mamlakatimiz rahbarining “Xitoy Xalq Respublikasi Davlat taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmog‘ini modernizatsiya qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 117,6 mln. AQSh dollariga teng (shu jumladan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 100 mln. AQSh dollaridagi kredit vositalari hisobiga) loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu yirik loyihalar magistral ma’lumotlar uzatish tarmoqlari imkoniyatini kengaytirishga qaratiladi: xalqaro yo‘nalishda — 10 barobarga (100 Gbit/s.gacha), viloyatlar markazlarida — 4 barobar (40 Gbit/s.gacha) va tumanlar markazlarida — 10 barobar (10 Gbit/s.gacha).

Mazkur qarorga muvofiq, FTTx texnologiyasi asosida optiq aloqa liniyalarini kengaytirish, abonent liniyalarini modernizatsiya qilish, Toshkent shahrida 69 120 dona keng polosali internet portlariga xizmat ko‘rsatuvchi ma’lumotlar almashish uskunasini o‘rnatish uchun 6,9 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan televideniye sohasiga zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Dastur doirasida mamlakatimizda teleuzatishlarni raqamli formatga o‘tkazish ikki bosqichda: birinchisi 2013–2015 yillarni qamrab olsa, ikkinchisi — 2016–2017 yillarda amalga oshiriladi.

Davlat dasturining birinchi bosqichida 84ta yuqori kuchlanishdagi uzatgichlar o‘rnatiladi. Natijada mamlakatimiz yirik aholi maskanlarining 90 foizini raqamli televideniye bilan qamrab olish imkoni paydo bo‘ladi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 54 foizi raqamli televideniye bilan qamrab olingan. Hozirda Toshkent shahridan tashqari, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘plab tumanlarida raqamli televideniye dasturlarini yuqori sifatda tomosha qilishlari mumkin.

Zamonaviy AKT yo‘nalishida “elektron hukumat” tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi paytda mazkur tizimning alohida elementlari, xususan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish yuzasidan loyihalar amalga oshirilmoqda va bugungi kunda ushbu tizimning alohida elementlari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, soliq to‘lovchining portali, litsenziatning yagona portali, deklarantlarning yagona portali, e-Sud tizimlari orqali aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yuqori sur’atlarda rivojlanib bormoqda. O‘tgan vaqt mobaynida fuqarolar va tadbirkorlarga umumiy holatda 110 mingdan ortiq elektron xizmatlar ko‘rsatildi. Bugungi kunda portal orqali 230 ta interaktiv xizmatlar ko‘rsatilyapti.

2014 yili Yagona portal orqali tadbirkorlik sub’ektlariga 45,6 ming elektron xizmat ko‘rsatildi. 7 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari portal orqali elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tishgan, 400 bor fuqarolar davlat organlari rahbarlari qabuliga internet orqali yozilishgan.

Davlat idoralarida himoyalangan elektron pochta tizimi Ye-XAT orqali 485 mingdan ziyod elektron xatlar almashinilgan. Elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalanayotganlar soni 720 mingdan oshdi (o‘sish oldingi yilning shu davriga nisbatan 2 barobarni tashkil qiladi).

Davlat organlari veb-saytlari hamda elektron resurslari orqali 650 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron xizmatlar ko‘rsatishning muhim omili hisoblangan davlat axborot resurslari soni 226 ta, davlat organlari axborot tizimlari soni 297 taga yetgan.

“UZ” hududidagi domenlar soni ayni kunda 19 mingdan oshgan bo‘lib, oldingi yilning shu davriga nisbatan o‘sish 111 % ni tashkil qiladi. 2014 yilda milliy veb-saytlarga tashrif buyurishlar soni 86,5 million marotaba qayd etilgan va bu 2013 yilga nisbatan 2 marotaba ko‘p. Mazkur ko‘rsatkichlar milliy internet hududining jadal rivojlanayotganidan darak beradi. Ammo Hay’at majlisida bu natijalarning qoniqarli emasligi, mazkur yo‘nalishda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Ishlab chiqarish jarayonlari va sanoat tarmoqlari, iqtisodiyot jabhalariga axborot texnologiyalarin keng joriy qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan davlat dasturi doirasida 2014–2015 yillarda 330 mlrd. AQSh dollari qiymatidagi 86 ta loyiha bajarilgan.

Mahalliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oirish doirasida dasturchilarning Milliy reyestri tuzilib, unga 69 mahalliy kompaniya kiritilgan. Software.uz katalogiga 1600 mahalliy dasturiy mahsulotlar kiritildi.

Dasturiy ta’minot ishlab chiqarishni rivojlantirish, bunda xorijiy invetitsiyalarni jalb qilish, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot jabhalari, aholi turmush tarzida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ilg‘or tajribalar asosida muvaffaqiyatli joriy qilish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida, AKT sohasida jahonning yetakchi muassasalari bilan hamkorlikda “LG CNS Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

Pochta jo‘natmalarini yetkazib berish vaqtini qisqartirish maqsadida 2014 yilda pochta tizimiga 483 ta marshrut bo‘yicha harakatlanadigan 114 ta transport vositasi jalb qilingan.

2014 yil 1 oktabridan boshlab «O‘zbekiston pochtasi» AJ, buyurtmali, baholangan va qo‘ldan qo‘lga yetkazib beriladigan (Express) xalqaro pochta jo‘natmalari qidiruvi bo‘yicha e’tiroznomalarni pochta operatorlariga elektron shaklda almashish imkoniyatini beruvchi Butunjahon pochta ittifoqining «PRIME» tizimiga ulandi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ ning korporativ tarmog’i orqali aholiga elektron pul jo‘natmalarini yuborish, gibrid pul o‘tkazmalarini yetkazib berish, to‘lovlarni qabul qilish, nafaqalar to‘lovini hisobga olish, pochta jo‘natmalari monitoringini yurgizish kabi xizmatlar ko’rsatilmoqda.

Korporativ tarmoqqa ulangan avtomatlashtirilgan ish o’rinlari soni 2,758 taga yetkazildi. Shu bilan birga, 15 ta filial, 174 ta pochta uzeli va 1,522 ta bo‘linmalar mazkur tarmoqqa ulangan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoshidagi Pensiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda nafaqalar to‘lovini amalga oshirishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini integratsiyalash amalgaoshirildi. Shuningdek, “O‘zbekenergo” DAK ning billing tizimi orqali to‘lovlar qabul qilinmoqda. Toshkent viloyati va Toshkent shahrida internet tizimi orqali vaqtli matbuotga obuna bo‘lish va uni yetkazib berish bo‘yicha sinov loyiha amalga oshirilmoqda. Pochta tizimidagi 68 ta transport vositasiga GPS moslamalari o‘rnatildi.

Iqtisodiyotimizning turli sohalari uchun xalqaro standartlar darajasidagi AKT yo‘nalishidagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini yaxshilash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bir qator yangi yo‘nalishlarda, jumladan, kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring, telekommunikatsiya texnologiyalari, televizion texnologiyalar, AKT yo‘nalishida iqtisod va menejment kabi yo‘nalishlarda o‘qitishni boshladi.

Shuningdek, joriy yilda Prezidentimiz qaroriga asosan, universitetda magistraturaning ikki yangi yo‘nalishi ochildi: “Elektron hukumat” tizimi boshqaruvi hamda axborotlashtirish va kutubxonachilik.
Shu yilning 1 oktyabridan Toshkentda Koreyaning Inha Universiteti filiali o‘z faoliyatini boshladi. Prezidentimizning 2014 yil 24 martdagi “Toshkent shahrida INHA universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida ish boshlagan mazkur o‘quv dargohi kompyuter va dasturiy injiniring, kompyuter tarmoqlari injiniringi kabi yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlaydi.

2014 yil davomida TATU va filiallarining 60 nafardan ortiq yosh va iqtidorli o‘qituvchilari Janubiy Koreya va Germaniyada malaka oshirish kurslarini o‘tab qaytishdi.

AKT samaradorligini oshirishda turli soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish zarur. Shu maqsadda TATU qoshida elektron hukumat o‘quv markazi tashkil qilindi. Bu yerda davlat xo‘jaligi va boshqaruvi, mahalliy boshqaruv organlarining xodimlari va rahbarlari o‘qitilmoqda. Bugungi kunga qadar 63 idoraning 16 mingdan ortiq xodimi o‘quv kurslarini o‘tashga muvaffaq bo‘ldilar. Albatta, bu jarayonda aholining ham savodxonligini oshirib borish talab etiladi. TATUning zukko talabalari tomonidan tuzilgan “Bunyodkor yoshlar” kompyuter savodxonligi guruhi har yili iyul-avgust oylarida aholi va tadbirkorlarga zamonaviy texnologiyalar asoslarini o‘rgatadilar. 2011 yildan buyon o‘qishlarda qatnashganlar soni 33,6 mingni tashkil etadi.

Hay’at majlisida soha o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, ulardagi taklif va mulohazalarni o‘rganish, shikoyatlarni va muammolarni o‘z vaqtida bartaraf qilishga erishish O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi faoliyatining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

2014 yil mobaynida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korxona va tashkilotlarga aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 4001 marotaba murojaatlar yo‘llangan. Bu ko‘rsatkich 2013 yilda kelib tushgan murojaatlar soni (4955 ta) bilan taqqoslaganda, 19,6 foizga kamaygan.

2014 yilda kelib tushgan murojaatlarning 3171 tasi shikoyatlar bo‘lib, ularning 442 tasi bevosita aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korxona va tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq. Sohaga kelib tushgan shikoyatlar 2013 yilga nisbatan 2014 yilda 19,6 foizga kamaygan.

Hay’at yig‘ilishida korxona va tashkilot rahbarlariga aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlarning iste’molchilar bilan ishlash malakasini oshirish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, aholi bilan munosabatda bo‘lish va xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga alohida e’tibor qaratishlari bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, 2015 yilda soha oldida turgan dolzarb vazifa va istiqboldagi rejalarga urg‘u qaratildi.

Xususan, qishloq joylarida aloqa xizmati, bank-moliya va kommunal xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini inobatga olib, xizmatlar ko‘rsatish hajmini oshirish, Internet tarmog‘idan foydalanishning texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, keng polosali optik tarmoqlarni kengaytirish va optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ishlarini davom ettirish, barcha hududlarni, shu jumladan, uzoq va chekka hududlarni raqamli televideniyega o‘tkazish ishlarini oxiriga yetkazish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan birga, Hay’atda 2015 yil uchun quyidagi chora-tadbirlar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi:

  • Internetga keng polosali ulanish imkonini beruvchi portlar sonini oshirish;
  • Mamlakat bo‘ylab mobil aloqa tizimida ovoz uzatish texnologiyasi (2G GSM), ma’lumotlar uzatish (3G UMTS), yuqori tezlikda ma’lumotlar almashish imkonini beruvchi (4G LTE) texnologiyalarini rivojlantirish;
  • Yagona portalda tadbirkorlik subyektlariga faoliyatning ruxsat beruvchi turlari uchun hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyatini beruvchi interaktiv xizmatni joriy qilish;
  • “Elektron hukumat” tizimi uchun zarur axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratish yuzasidan yirik loyihalarni amalga oshirish;
  • Internet tarmog’ida Milliy kontentni rivojlantirish, yosh avlod ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy resurslarni ishga tushirish;
  • “ZiyoNET” axborot-ta’lim portal negizida ijtimoiy tarmoq, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, masofaviy ta’limga ixtisoslashtirilgan “Elektron akademiya” resursini yaratish;
  • Aholi va tadbirkorlarga interaktiv communal xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan www.e-kommunal.uz portal faoliyatini takomillashtirish;
  • Davlat boshqaruvi va ishlab chiqarish sohasiga AKT ni keng joriy qilish doirasida 35 yirik kompaniya va iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalarda 66 ta loyihalarni amalga oshirish.

Hay’at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq