O‘zbekistonda “elektron hukumat”ning rivojlanish masalalari muhokama qilindi
22.01.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

uz_22_01_2015

2015 yilning 20 yanvar kuni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida tegishli vazirlik va davlat idoralari vakillari ishtirokida “elektron hukumat”ni rivojlanish reytingidagi “elektron xizmatlar” subindeksi ko‘rsatkichlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatlarni “elektron xizmatlar” subindeksi bo‘yicha reytingini shakllantirishda BMT ekspertlari tomonidan mamlakatlardagi 8 ta davlat organlarining milliy veb-saytlari, shuningdek uchta asosiy ko‘rsatkich – elektron xizmatlar, AKT-infratuzilmasi va inson omilining rivojlanganligiga ko‘ra baholanadi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “elektron xizmatlar” subindeksi bo‘yicha o‘rnini belgilashda Hukumat portali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi veb-saytlarida mavjud interaktiv xizmatlar, imkoniyatlar o‘rganib boriladi. Bu esa, o‘z navbatida mazkur internet resurslar faoliyatini takomillashtirish, ularning negizida zamonaviy interaktiv xizmatlar ko‘rsatadigan portallar yaratishni taqozo qiladi.

Qayd etilganidek, mazkur davlat organlari veb-saytlari Koreya Respublikasining Axborot jamiyati milliy agentligi (NIA) ekspertlari tomonidan o‘rganilgan va manzilli tavsiyalari tayyorlangan. Ularning faoliyatini mazkur tavsiyalar asosida takomillashtirish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, ishtirokchilar Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi vakillarining mamlakatlarning “elektron hukumat” reytingida muhim ahamiyat kasb etuvchi, umumfoydalanishga ruxsat etilgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ma’lumotlarni turli shakllarda o‘zida mujassam qiluvchi Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalini yaratish, davlat xizmatlari reyestrini shakllantirishning muhim vazifalari, tranzaksion, onlayn xizmatlarni ko‘paytirish, davlat organlari veb-saytlarini takomillashtirish va ularda ochiq ma’lumotlar bo‘limini tashkil qilish, Hukumat portali faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ham taqdimotlar tinglandi. Xususan, Ochiq ma’lumotlar portalini muvaffaqiyatli ishga tushirgan Koreya Respublikasi, Hindiston, Singapur, AQSh, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar tajribasi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilish mobaynida davlat organlarida AKT ni rivojlantirishga mas’ul mutaxassislar tomonidan axborot tizimlari hamda veb-saytlarni yaratish, AKT xizmatlarini ko‘rsatishga haq to‘lash va loyiha qiymatini baholash, texnik vazifalarni aniq ishlab chiqish va moliyaviy manbaalarni asoslab berish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Mutaxassislarga Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati uchun tegishli vazirlik va davlat idoralarining ochiq ma’lumotlar ro‘yxatini shakllantirish va taqdim qilish vazifasi yuklatildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq