Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda
18.01.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojlanishi masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

U, hususan kichik biznes subyektlari tomonidan statistik va soliq hisobotlarini taqdim etish mexanizmlarisezilarli darajada soddalashtirildi. Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizi soliq va statistika hisobotlari topshirishni, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni eski usuldagi qog‘oz to‘ldirish yo‘li bilan emas, balki bevosita – elektron shaklda amalga oshirmoqda deya ta’kidladi.

“Bu borada xizmatlar tarkibi ham tubdan o‘zgarib borayotganini ta’kidlash joiz. Mobil aloqa, yuqori tezlikda ishlaydigan internet, kabelli televizion aloqa, masofaviy bank xizmatlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar va texnologik uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish kabi zamonaviy yuqori texnologiyalar asosidagi xizmat turlari aholi o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda” – dedi davlat rahbari.

So‘nggi besh yilda an’anaviy maishiy va kommunal xizmatlar ulushi 16 foizdan 9,5 foizga tushdi, yuqori texnologiyalar asosidagi xizmatlar ulushi esa 21,2 foizga qadar ko‘tarildi.

Yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orasida keyingi yillarda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ushbu xizmatlar hajmi so‘nggi besh yilda 3,3 barobar, o‘tgan yili esa 24,5 foizga o‘sdi.

Iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining alohida va muhim o‘rin tutishini hisobga olib, 2013-yilda 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar 2014-yilda mamlakatimizda barcha avtomat telefon stansiyalarini raqamli tizimga o‘tkazishni yakunlash uchun zamin yaratdi. Bu esa xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish tezligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Aholi, jumladan, mamlakatimizning olis hududlarida yashayotgan aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, 2014-yilda yurtimizda, xususan, Qo‘ng‘irot, Boysun, Uzun, Mo‘ynoq kabi olis tumanlarda 2 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa tarmoqlari barpo etildi.

Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda ular 10 million 200 ming kishidan oshdi yoki mamlakatimiz aholisining uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Respublikamizda internetning o‘tkazuvchanlik darajasi 4 barobar oshirildi, internetga ulanish tezligi esa 1,5-marta ortdi. Shu bilan birga, undan foydalanish narxi 2013-yilga nisbatan 11,6 foizga kamaydi.

O‘tgan yili 500 dan ortiq yangi bazaviy mobil aloqa stansiyalari o‘rnatilishi hisobidan aloqaning ushbu zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan tizimi abonentlari soni qariyb 20 million kishini tashkil etdi, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi qariyb 26 foizga ko‘paydi.

Ayni paytda qishloq joylarda xizmatlar sohasi hali-beri yetarlicha rivojlanmaganini ham aytish joiz. Qishloqda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar ko‘rsatish hajmi shahardagidan hali-hamon sezilarli darajada ortda qolmoqda. Ayni paytda qishloq joylarda aloqa xizmati, bank-moliya va kommunal xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ham unutmaslik darkor.

Janubiy koreyalik sheriklar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Inxa universiteti tashkil etildi.Mazkur oliy o‘quv yurtida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda, dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Prezidentimiz shuningdek, “Biz O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013-2020-yillarda kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz darkor. Internet tarmog‘idan foydalanishning texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, keng polosali optik tarmoqlarni kengaytirish va optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ishlarini davom ettirish, barcha hududlarni, shu jumladan, uzoq va chekka hududlarni raqamli televideniyega o‘tkazish ishlarini oxiriga yetkazish zarur” deya ta’kidladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq