Surxondaryo viloyatida AKT — rivojlantirish istiqbollari
01.01.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Rustam Toxtamishev.

Surxondaryo viloyatida aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish borasida ham bir qator yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari Davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi tizimidagi korxonalarda hukumatimiz tomonidan tasdiqlangan bir qator davlat dasturlari asosida mehnat zafarlari qo‘lga kiritilmoqda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari samaradorligini oshirish, AKT’dan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar orasida tezkor muloqot va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 355-sonli Qarori ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimining 2014-yil 23-yanvardagi 8-sonli qarori tasdiqlandi va qaror ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti qaror ilovasida keltirilgan talablar asosida qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirildi va o‘zida 12ta bazaviy hamda 18ta qo‘shimcha interaktiv xizmatlarini jamlagan holda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari orqali viloyat aholisi va tadbirkorlik subyektlari uchun vaqt hamda mablag‘ni tejagan holda sifatli davlat xizmatlaridan foydalanishga katta imkoniyat yaratib berildi. Bu esa «Elektron hukumat» tizimiga o‘tishdagi o‘ta muhim va dadil odimlardir. 2014-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan 195 mln. so‘mlik 12ta loyihalar manzilli dasturi Qo‘mita bilan kelishib, tasdiqlandi. Rejaga asosan 2014-yil 1-dekabr holatiga 10ta loyiha amalga oshirildi va 162 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.

Vazirlar Mahkamasining 355-sonli Qarori talablari asosida takomilliashtirilgan NIS.UZ milliy axborot tizimi — idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimiga mahalliy davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish hamda Yagona portal orqali «Rahbar qabuliga onlayn yozilish» tizimidan foydalanish bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 2014-yil mart oyida videokonferensiya orqali o‘tkazilgan o‘quv seminarida ishtirokchilarga bu haqda keng tushunchalar, ma’lumotlar berildi. Yilning o‘tgan davrida viloyat hokimligiga jami 50ta elektron murojaatlar kelib tushdi va shundan 50tasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, hal etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi 73-sonli Qaroriga asosan qabul qilingan Surxondaryo viloyati hokimining 2014-yil 4-apreldagi 66-sonli qarori talablariga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida barcha darajadagi xodimlarning malakasini oshirish kurslarini samarali tashkil etildi. Surxondaryo viloyati bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladigan 7ta o‘quv auditoriyalarning barchasi multimediyali proyektor, printer va skaner uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lib, sinf xonalardagi jami kompyuterlar 91tani tashkil etadi

Viloyatda 70dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan shartnomalar tuzilib, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha 1.5 mingdan ortiq tinglovchi malakasini oshirdi.

sur_1_01_2015

sur_1_01_2015_1

«O‘zbektelekom» AK Surxondaryo filiali tomonidan Termiz shahar aloqa uyida tashkil etilgan zamonaviy «Call-centr» markazida 10dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, foydalanuvchilarga bir qator qulayliklar yaratilishiga erishildi. Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish, xususan, CDMA standartidagi mobil tarmoqlar orqali keng po-losali ma’lumotlarni uzatishni tashkil etish maqsadida, «O‘zbektelekom» AK «Uzmobile» filiali Surxondaryo uchastkasida EVDO texnologiyasi asosida 12ta baza stansiyalari, 26ta antenna machta va 22ta konteynerlar o‘rnatildi. Ushbu loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida viloyat aholisining tarmoq bilan qamrab olinishi darajasi 72 foizga yetadi. «O‘zbektelekom» AK TTT 7-bog‘lamasi tomonidan tumanlar kesimida DWDM qurilmalari o‘rnatilishi orqali ma’lumotlarni uzatish oqimining tezligi viloyat markazigacha 10 Gbit/s. dan — 40 Gbit /s.ga va tumanlar markazigacha 1 Gbit/s. dan — 10 Gbit/s.ga oshirildi.

«O‘zbektelekom» AK Surxondaryo filiali va «O‘zI Termiz» filiali tomonidan yangi avlod tarmoqlari NGN texnologiyalari asosida aholiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida, 31 108 abonentga mo‘ljallangan 42ta MSAG rusumli raqamli stansiyalari foydalanishga topshirildi. Natijada, viloyatimiz aholisiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati oshirildi hamda yangi turdagi — IPTV, videotelefoniya kabi zamonaviy xizmatlar soni kengaytirildi. Viloyatda keng polosali Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar sonini oshirish bo‘yicha 2014-yil 9 oyi davomida 3601ta mijoz tarmoqqa ulanib, ushbu xizmatdan foydalanuvchilar soni 7500taga yetkazildi.

sur_1_01_2015_2

sur_1_01_2015_3

Viloyat aholisiga sifatli televizion dasturlarni namoyish etish, raqamli televideniyani rivojlantirish Dasturiga muvofiq, 2013-yilda Oltinsoy tumani «Vaxshivor» RTS (radio televizion stansiyasi)da o‘rnatilgan 2 kVtli raqamli TV uzatgich orqali viloyat aholisiga 12 turdagi teledasturlar namoyish etish yo‘lga qo‘yilib, viloyat hududining 55,3 foizi teleko‘rsatuvlarni raqamli TV orqali ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shundan, viloyatning Denov, Uzun, Sariosiyo, Sho‘rchi, Oltinsoy va Qumqo‘rg‘on tumanlari raqamli TV signallar bilan to‘liq qamrab olingan. 2014-yilning yakuni bilan raqamli televideniya qamrovini 65 foizga yetkazish maqsadida «Uchqizil» RTS’ga yangi uzatish stansiyasi o‘rnatish va ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatda soha tashkilotlariga biriktirilgan 7ta kasb-hunar kollejlarining 2626 nafar (shundan 1448 nafari AKT sohasi bo‘yicha) bitiruvchilaridan 2458 nafarining bandligi ta’minlangan.

Viloyatdagi «O‘zbektelekom» AK tomonidan yangi texnologiya tarmoqlari (kompyuter, NGN, IMS va boshqalar) osma stend maketlari asosida tayyorlangan materiallar viloyatidagi biriktirilgan 7ta kasb-hunar kollejlarida o‘quv mashg‘ulotlari va amaliyot laboratoriyalari xonalariga ta’minlab berildi. Termiz axborot texnologiyalari va maishiy xizmat KHK’ning o‘quv laboratoriya xonasiga SDH uskunasi o‘rnatilib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-iyuldagi «Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 155-sonli Qarori bajarilishini ta’minlash maqsadida, Viloyat, tuman va shahar hokimligi hamda boshqa korxonalarda 250dan ortiq «E-xat» himoyalangan elektron pochta tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, hozirda Viloyat hokimligi tizimida joriy etilgan «Ijro intizomi» axborot tizimini boshqa korxonalarda tatbiq etish ishlari davom etmoqda. Barcha tuman va shahar hokimliklari 2 MBit/s. tezlikda Internet (TAS-IX, Xalqaro tarmoqlarsiz) tarmog‘iga ulangan bo‘lib, ularning barchasi kompyuter korporativ tarmog‘i orqali o‘zaro axborot almashinishi yo‘lga qo‘yildi.

Barcha korxonalar, xususan, «O‘zbektelekom» AK Surxondaryo filiali va «O‘zI Termiz» filiali jamoasi tomonidan aloqa tizimida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar samarasi tufayli viloyat aholisiga ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini yanada ko‘paytirish, kengaytirish, sifatini tobora yaxshilashga erishilmoqda. Oldinda esa istiqbolli rejalar, muhim dolzarb vazifalar turibdi va bu soha xodimlarini yanada chuqurroq izlanishga, fidoyilik bilan mehnat qilishga safarbar etaveradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq