Taraqqiyotning zaruriy sharti
30.12.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

image description

Hayot charxpalagi aylanib, 2014 yil ham tarix zarvaraqlariga bitilmoqda. Tugayotgan yil aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida sezilarli iz qoldirdi. Ma’lumki, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish – istalgan davlat taraqqiyotining zaruriy sharti hasoblanadi. Bozor iqtisodiyoti va demokratik islohotlar yo‘lidan borayotgan O‘zbekiston ham bundan mustasno emas.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida erishilgan yutuqlar, natijalarga bugun barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. 2014 yil – nafaqat AKT sohasi, balki shu yo‘nalishda mehnat qilayotgan har bir inson hayotida yodda qolarli voqealarga boy bo‘lgani, shubhasiz.

Rivojlanish strategiyasi

Yurtimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish strategiyasi 2013-2020 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini kompleks rivojlantirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur Prezidentimizning 2013 yilning 27 iyunidagi qarori bilan tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi oldiga Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini kompleks rivojlantirish dasturida belgilangan loyiha va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish vazifasi qo‘yilgandi.

Telekommunikatsiyalar

Telekommunikatsiyalar infratuzilmasi AKTni rivojlantirishning asosi hisoblanadi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bu yo‘nalishda qator natijalarga erishildi.

Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 2014 yil davomida 42,3 foizga o‘sdi va 15,5 Gbit/s.ga yetdi.

Operator va provayderlar uchun internet-xizmatlari (tashqi kanal) tarifi 1 Mbit/s. uchun 276,27 AQSh dollarigacha tushirildi. Narxlarning pasayishi 2014 yilda 11,6 foizni tashkil etdi.

“Bo‘zatau–Qo‘ng‘irot”, “G‘uzor–Boysun”, “Denov–Uzun–Sharg‘un”, “Jaslik–Qoraqalpog‘iston”, “Mo‘ynoq–Qibla Ustyurt”, “Uzun–Tojikiston chegarasi” uchastkalarida zamonaviy texnologiyalar asosida kengpolosali aloqani ta’minlovchi 2000 km.dan ortiq optik tolali aloqa liniyasi qurildi. Natijada ushbu tarmoq orqali mijozlarga videotelefoniya, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV-kanallar va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkoni yaratildi. Internetga kengpolosali ulanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘rnatilgan portlar soni 640 mingga oshirildi, foydalanilayotgan portlar soni esa 135,1 foizga o‘sdi.

Yirik loyihalarning amalga oshirilishi simsiz aloqaning taraqqiy etishiga ham xizmat qilmoqda. Bugungi kunda mobil aloqa operatorlari to‘rtinchi avlod tarmog‘i – 4G (LTE)ni joriy qilishmoqda. Ushbu texnologiyalar internet-foydalanuvchilarning AKTdan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.

“O‘zbektelekom” AK chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi Yagona markaz loyihasini joriy etish doirasida respublikamizning barcha hududlarida 13ta mintaqaviy markazlar tashkil etildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi telekommunikatsiya va internet-xizmatlar ko‘rsatish sifatining yanada yuqori bosqichga chiqishini ta’minlaydi.

Mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini yangi avlod texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil davomida respublikamiz bo‘ylab 26ta zamonaviy kommutatsiya uskunalarining ekspluatatsiya qilinishi telefon raqamlari sig‘imini sezilarli miqdorda oshirishga imkon berdi.

Mamlakatimiz rahbarining “Xitoy Xalq Respublikasi Davlat taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmog‘ini modernizatsiya qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 117,6 mln. AQSh dollariga teng (shu jumladan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 100 mln. AQSh dollaridagi kredit vositalari hisobiga) loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu yirik loyihalar magistral ma’lumotlar uzatish tarmoqlari imkoniyatini kengaytirishga qaratiladi: xalqaro yo‘nalishda — 10 barobarga (100 Gbit/s.gacha), viloyatlar markazlarida — 4 barobar (40 Gbit/s.gacha) va tumanlar markazlarida — 10 barobar (10 Gbit/s.gacha).

O‘zbekiston Respublikasida 2014–2015 yillar davomida Wi-Fi texnologiyasi bo‘yicha kengpolosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish dasturi ham amalga oshirilyapti. Mazkur dasturdan ko‘zlangan maqsad – barcha viloyatlarda, jumladan aeroportlarda, vokzallarda, sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan joylarda, istirohat bog‘lari, savdo markazlari va boshqa jamoatchilik joylarida simsiz kengpolosali ulanishni tashkil qilishdan iborat.

Raqamli televideniye

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan televideniye sohasiga zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Dastur doirasida mamlakatimizda teleuzatishlarni raqamli formatga o‘tkazish ikki bosqichda: birinchisi 2013–2015 yillarni qamrab olsa, ikkinchisi — 2016–2017 yillarda amalga oshiriladi.

Davlat dasturining birinchi bosqichida 84ta yuqori kuchlanishdagi uzatgichlar o‘rnatiladi. Natijada mamlakatimiz yirik aholi maskanlarining 90 foizini raqamli televideniye bilan qamrab olish imkoni paydo bo‘ladi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 54 foizi raqamli televideniye bilan qamrab olingan. Hozirda Toshkent shahridan tashqari, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘plab tumanlarida raqamli televideniye dasturlarini yuqori sifatda tomosha qilishlari mumkin.

Zamonaviy AKT

Ushbu yo‘nalishdagi asosiy e’tibor “Elektron hukumat” tizimini rivojlantrishga qaratiladi. Hozirgi paytda mazkur tizimning alohida elementlari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda, jumladan:

  • O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (32,6 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z ichiga olgan).
  • Soliq to‘lovchining portali (soliq hisobotlarini elektron shaklda qabul qilish va qayta ishlash imkonini berib, bugungi kunda tizimdan tadbirkorlarning 99 foizi foydalanishmoqda).
  • Litsenziatning yagona portali (unda litsenziya va ruxsatnomalar olish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlar, litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomilllari haqidagi ma’lumotlar to‘liq taqdim qilingan).
  • Deklarantlarning yagona portali (tizim orqali yil boshidan buyon barcha bojxona yuk deklaratsiyalarning 99 foizi elektron shaklda ro‘yxatga olingan).
  • “eStat” avtomatlashtirilgan elektron statistika hisoboti tizimining joriy qilinishi natijasida firma nomlarini elektron tartibda zaxiralash ulushi 97 foizga yetdi.
  • Kommunal xo‘jaligi va uy-joy fondi portali murojaat va shikoyatlarni qabul qilish va qayta ishlash, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, tariflar haqidagi ma’lumotlar kabi keng turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.
  • E-Visa axborot tizimining joriy qilinishi evaziga xorijliklarning O‘zbekistonga vizani elektron shaklda rasmiylashtirilishi ulushi 90 foizdan oshdi.
  • Xo‘jalik sudlariga 35 mingdan ortiq da’vo arizasi va iltimosnoma e-Sud tizimi orqali elektron shaklda taqdim qilingan.

“Elektron hukumat” tizimini kelgusida yanada rivojlantirish maqsadida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun davlat buyurtmasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra elektron hukumat sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, jumladan, “Tadbirkor” axborot tizimi majmuasini yaratish, jismoniy va yuridik shaxslar ma’lumotlar bazasini shakllantirish, Milliy geografik axborotlar tizimi va boshqalarni yaratish kabi ishlar olib borilmoqda.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yuqori sur’atlarda rivojlanib bormoqda. O‘tgan vaqt mobaynida fuqarolar va tadbirkorlarga umumiy holatda 96 mingdan ortiq elektron xizmatlar ko‘rsatildi. Yagona portalning ma’lumotlar markazi 40 mingdan ortiq chaqiruvlarni qabul qildi. Bugungi kunda portal orqali 230ta interaktiv xizmatlar ko‘rsatilyapti.

2014 yili Yagona portal orqali tadbirkorlik sub’ektlariga 45,6 ming elektron xizmat ko‘rsatildi. 7 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari portal orqali elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazildi, 400 bor fuqarolar davlat organlari rahbarlari qabuliga internet orqali yozilishdi.

2014 yilning yanvaridan Yagona portalda yangi interaktiv xizmat yo‘lga qo‘yilib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziriga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Bugungi kunga kelib portal foydalanuvchilari mazkur xizmatdan 2,2 ming bora foydalanishdi.

Mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalari ZiyoNET ta’lim tarmog‘iga ulangan. 2014 yilda yangilangan portal kutubxonasida o‘quv qo‘llanmalari, dissertatsiya ishlari, ilmiy maqolalar va boshqa turdagi materiallarni jamlagan 75 mingdan ortiq axborot-ta’lim resursi jamlangan. Xorijiy tillarni o‘rgatish uchun tashkil etilgan interaktiv bo‘lim 4 mingdan ortiq materiallar va ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha 400 axborot resursini o‘z ichiga olgan.

Respublikamizdagi axborot-kutubxona markazlarini texnik jihozlash davom etmoqda. 2014 yili Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahri axborot-kutubxona markazlari yangi zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

Mahalliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oirish doirasida dasturchilarning Milliy reyestri tuzilib, 69 mahalliy kompaniya unga kiritildi. Software.uz katalogiga 1600 mahalliy dasturiy mahsulotlar kiritildi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini ishlab chiqish sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma korxonalar tuzish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada Koreyaning LG CNS kompaniyasi bilan hamkorlikni misol keltirish mumkin.

Bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanmoqda, ushbu sohada professional kadrlarga talab ortmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishida kadrlarni tayyorlash vazifasiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Pochta tizimida AKT

Pochta jo‘natmalari yetkazilishi muddatlarini qisqartirish maqsadida 2014 yili 114ta avtomobil transporti xizmati shakllantirildi, ulardan 483 yo‘nalishda foydalanilmoqda.

Joriy yilning oktyabr oyida “O‘zbekiston pochtasi” AJ “PRIME” tizimiga ulandi. Mazkur tizim xalqaro jo‘natmalarni tez va samarali qidirish, “IBIS” xalqaro tizimi orqali xorijiy pochta ma’muriyatlari bilan elektron ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘yish orqali pochta xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston pochtasi” AJning istiqboldagi asosiy vazifalaridan biri pochta aloqasi tizimini modernizatsiya qilish, AKT bazasida yangi xizmat turlarini joriy etish va rivojlantirish hisoblanadi. Jamiyatda korporativ tarmoq tashkil etilib, uning bazasida bir nechta avtomatlashgan tizimlar ishi yo‘lga qo‘yilgan:

  • elektron pul o‘tkazmalari;
  • gibrid pul o‘tkazmalari;
  • to‘lovlarni qabul qilish;
  • pensiya va nafaqalarni to‘lash hisobi;
  • ro‘yxatga olingan pochta jo‘natmalari va boshqalarning monitoringi.

Korporativ tarmoqqa jami bo‘lib “O‘zbekiston pochtasi” AJning 15 filiali, 174 pochta aloqasi tarmog‘i, 1522 pochta aloqasi bo‘limi va 2758 avtomatlashtirilgan ish o‘rni ulangan.

Toshkent viloyati va poytaxtda davriy nashrlar uchun internet orqali obuna bo‘lish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan obuna tizimining sayyor loyihasi amalga oshirilmoqda.

Magistral va viloyatichi pochta marshrutlarida harakatlanuvchi 68 avtomobilni GPS tizimi orqali masofadan nazorat qilish kompleks tizimi joriy qilingan.

Kadrlar tayyorlash

Iqtisodiyotimizning turli sohalari uchun xalqaro standartlar darajasidagi AKT yo‘nalishidagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimni yaxshilash maqsadida Toshkent axboro texnologiyalari universiteti bir qator yangi yo‘nalishlarda, jumladan, kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring, telekommunikatsiya texnologiyalari, televizion texnologiyalar, AKT yo‘nalishida iqtisod va menejment kabi yo‘nalishlarda o‘qitishni boshladi.

Shuningdek, joriy yilda Prezidentimiz qaroriga asosan, universitetda magistraturaning ikki yangi yo‘nalishi ochildi: “Elektron hukumat” tizimi boshqaruvi hamda axborotlashtirish va kutubxonachilik.

Shu yilning 1 oktyabridan Toshkentda Koreyaning Inxa Universiteti filiali o‘z faoliyatini boshladi. Prezidentimizning 2014 yil 24 martdagi “Toshkent shahrida INHA universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida ish boshlagan mazkur o‘quv dargohi kompyuter va dasturiy injiniring, kompyuter tarmoqlari injiniringi kabi yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlaydi.

2014 yil davomida TATU va filiallarining 60 nafardan ortiq yosh va iqtidorli o‘qituvchilari Janubiy Koreya va Germaniyada malaka oshirish kurslarini o‘tab qaytishdi.

AKT samaradorligini oshirishda turli soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish zarur. Shu maqsadda TATU qoshida elektron hukumat o‘quv markazi tashkil qilindi. Bu yerda davlat xo‘jaligi va boshqaruvi, mahalliy boshqaruv organlarining xodimlari va rahbarlari o‘qitilmoqda. Bugungi kunga qadar 63 idoraning 16 mingdan ortiq xodimi o‘quv kurslarini o‘tashga muvaffaq bo‘ldilar. Albatta, bu jarayonda aholining ham savodxonligini oshirib borish talab etiladi. TATUning zukko talabalari tomonidan tuzilgan “Bunyodkor yoshlar” kompyuter savodxonligi guruhi har yili iyul-avgust oylarida aholi va tadbirkorlarga zamonaviy texnologiyalar asoslarini o‘rgatadilar. 2011 yildan buyon o‘qishlarda qatnashganlar soni 33,6 mingni tashkil etadi.

Yakunda alohida ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish strategiyasi asosida AKTning barcha yo‘nalishlarida yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari kuzatilmoqda. Soha mutaxassislari va jonkuyarlari 2014 yilni shunday salmoqli yutuqlar bilan kuzatib, yangi 2015 yilni ulkan rejalar, ezgu maqsadlar bilan qarshi olishmoqda.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotlari asosida tayyorlandi

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq