Тоhirjon Nazardjanov, “Aloqa tarixi” muzeyi direktori bilan suhbat
27.12.2014
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

muzey_27_12_2014_3

Muzey – ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlar xazinasi
Muzey – ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlar xazinasi sifatida, o‘zida ota-bobolardan qolgan boy bilimlar olamidan axborotlarni keyingi avlodlarga yetkazish maqsadida saqlab, ularning mazmun-mohiyatini targ‘ib etuvchi, ajdodlar tarixini o‘zaro bog‘lovchi bo‘g‘in va o‘zlikni anglashda bebaho ma’naviy xazinadir. Ma’lumki, tarixiy taraqqiyotning har bir bosqichida o‘ziga xos olamshumul hodisalar, nomi abadiy saqlanishi zarur bo‘lgan ulug‘ allomalar bo‘lib o‘tgan, ularning nomini yod etish keyingi avlodlar uchun ham qarz, ham farz sanaladi.

Shu sababli ham kundalik hayotimizni doim tarix bilan bog‘liq holda davom ettiramiz. O‘tmish ajdodlarimiz tarixiga nazar tashlab, ulardan eng nodir xazinalarini o‘zlashtirishga, xalqimiz urf-odatlari, an’analari hamda qadimiy ilmiy-adabiy merosilni o‘rganishga va saqlashga intilamiz.

Ana shu ezgu ishlarni amalga oshirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha sohalari bo‘yicha muzeylar tashkil etilgan, bu borada aynan muzeylarning o‘rni beqiyos. Muzeylar ilmiy, madaniy, ma’rifiy sahadagi axborotlar hamda milliy yodgorliklarini tizimlashtirib, jamlangan va asl nusxalarga zarar yetkazmaslikka intilgan holda saqlab, o‘z ko‘rgazma eksponatlarida namoyish etadi. Muzeylar eng avvalo, tarixiy taraqqiyot bosqichlaridagi axborotlarni yig‘ish va saqlash muassasasidir. Biroq mazkur vazifalaridan tashqari, muzey ta’lim muassasasi ham hisoblanadi. Mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalari qatorida muzeylarning ham o‘rni beqiyos katta. Shu sababdan ham mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan muzeylar hamda ularning moddiy hamda ma’rifiy sohadagi axborotlarni jamlash, saqlash, kelajak avlodga targ‘ib etishi borasida ko‘plab qaror va farmoyishlar qabul qilingan.

Mazkur muhim hujjatlarda oldinga qo‘yilgan vazifalarni ijro etish maqsadida, ma’naviy va ma’rifiy ilm o‘chog‘i sifatida muzeylar doim o‘z faoliyatlarida takomillashish, rivojlanish va o‘zgarishlarni amalga oshiradilar. Har bir muzey xodimi mazkur ta’lim muassasasida saqlayotgan axborotlar doirasini boyitib borish, boy ma’rifiy meroslarni kelajak avlodlarga yetkazish, asrab-avaylash alohida mas’uliyat talab etishini yaxshi his etadilar. Xususan, O‘zbekistan Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tizimidagi «Aloqa tarixi muzeyi» xodimlari ham shular jumlasidandir.

Mazkur muassasa mamlakatimiz aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi meroslarining ko‘zgusi hisoblanadi. Muzeyimizda saqlanayotgan axborotlarni, nodir materiallarni hamda mustaqil O‘zbekiston aloqa tizimidagi taraqqiyot odimlarini o‘zida aks ettirgan noyob eksponatlarni saqlash, kelajak avlodlarga asrab-avaylab yetkazishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, muzeyimizda o‘tayotgan yilimizning nomiga xos qabul qilingan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi, mamlakatimiz Prezidentining 2014-yil 6-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori kabi muhim hujjatlarga muvofiq qator tadbirlar ham o‘tkazildi. Ish faoliyatimizdan asosiy maqsad mamlakatimiz aloqa tarixi yo‘lidagi axborotlarni chuqur o‘rganish, o‘sib kelayotgan o‘quvchi-yoshlarimiz orasida ularning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, farzandlarimizning har tomonlama yetuk avlod, qadriyatlar va merosilarimizga hurmat ruhida, barkamol shaxs bo‘lib yetishishlarida, ularda Ona-Vatanga cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini shakllantirish ishiga o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat.

Ma’lumki, muzeyning asosiy vazifalaridan biri — bu turli toifalardagi tashrifchilarni, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarni qo‘shimcha bilim olishga qiziqishlarini oshirish maqsadida, muzeyga jalb qilib, ularga ekskursiyalarning sifatli va qiziqarli olib borilishini ta’minlashdir. Bu borada muzey xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshiriladi, ish faoliyatlari mazmunini boyituvchi yangiliklar kiritib boriladi. O‘tayotgan 2014-yil mobaynida ham faoliyat yo‘nalishimiz aynan assosiy maqsadni amalga oshirishga qaratilib, quyidagi ishlar olib borildi:

  • soha tizimidagi ta’lim muassasalari bilan tashrif-jadvallari tuzildi;
  • O‘zbekistan Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari bilan muzey pedagogikasi elementlarini bosqichma-bosqich tatbiq etish yuzasidan «Kelishuv loyihasi» ishlab chiqildi va muvofiqlashtirish uchun ta’lim muassasalari rahbarlariga yuborildi.

Muzey pedagogikasining elementlaridan biri bo‘lgan — «Muzey ish varaqlari»ni tatbiq etish yuzasidan quyidagilar amalga oshirildi:

  • mamlakatimiz umumta’lim maktablarining 1–4, 5–9 sinflari o‘quvchilariga mo‘ljallangan jami 20ta o‘zbek tilidagi «Ish varag‘i» fotoshop dasturida qayta ishlanib, laminatsiya qildirildi va amalda qo‘llanilmoqda;
  • kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun jami 40ta yangi «Ish varag‘i» o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqildi. Shundan, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarga mo‘ljallangan o‘zbek tilidagi 10ta variant fotoshop dasturida chiqarishga tayyorlandi.

«Muzey ish varaqlari»dan tashqari yosh tashrifchilar saviyasi va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda yangi usullar ham tatbiq etilmoqda, jumladan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 2ta sohaviy mozaika fotoshop dasturida tayorlanib, kerakli o‘lchamlarda kesib foydalanishga topshirildi, universitet talabalariga mo‘ljallangan 3ta yangi krossvord fotoshop dasturida tayyorlandi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, 2013-yil noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universiteti va «Aloqa tarixi muzeyi» o‘rtasida tuzilgan «Hamkorlik shartnoma»siga muvofiq, muzey xodimlari tomonidan taqdim etilgan taklifga binoan, «Muzey ish varaqlari»ning elektron dasturi bitiruvchi kurs talabalari tomonidan ishlab chiqildi va foydalanishga topshrildi.

Mazkur «Elektron ish varaqlari» dasturi sensor kioskga mo‘ljallangan holda, klaviatura bilan boyitildi hamda dasturning Internet sahifasida ham ishlatilishi inobatga olindi. Dastur o‘zbek va rus tillarida teng ishlaydi. Hozirda dasturning Internet sahifasiga mo‘ljallangan shakli ustida ish olib borilmoqda.

Muzey veb-sayti (aloqamuzeyi.uz) bo‘yicha quyidagilar amalga oshirildi:

  • muzey veb-sayti WordPress dasturida (3.1 versiyasida) shakillantirilgan edi. Mazkur dastur hozirgi kun holatidagi eng so‘nggi versiyasi, ya’ni 3.9 versiyasiga o‘zgartirildi;
  • tashrifchilarga qulaylik yaratish va interaktiv xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida onlayn buyurtma shakli o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqildi va «Onlayn buyurtma» sahifasi ochilib, joylashtirildi;
  • veb-saytning yanada jozibali va qiziqarli bo‘lishini ta’minlash maqsadida, unga «Catch Kathmandu» temasi o‘rnatildi va saytning ko‘rinishi o‘zgartirildi;
  • muzeylar direksiyasining nomi o‘zgarganligi munosabati bilan saytga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Muzey faoliyatining keng targ‘ib qilish maqsadida saytga muntazam ravishda tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari davom ettirildi. Muzey fondida saqlanayotgan va AKSESS dasturi asosida tayyorlangan eksponatlar ro‘yxatlari asosiy va ilmiy-ko‘makchi fondlarga bo‘lindi va 1, 2-qavatlarda, saqlash xonasida joylashtirilgan eksponatlar va kolleksiyalar o‘rnatilgan tartibda qayta hisobdan o‘tkazildi. Shuningdek, asosiy ko‘rgazma zalidagi eksponatlarga berilgan INV. raqamlari kirim kitobiga, kirim kitobidagi raqamlar ilmiy ro‘yxatlash kitobiga mutanosib ravishda kiritildi.

Muzey kutubxonasidagi mavjud materiallardan foydalangan holda 141ta eksponatga ilmiy ro‘yxatlash kartochkalari tuzildi. Bugungi kunda SKM tizimiga jami 5074ta eksponatlar kiritilgan. Joriy yil mobaynida muzey kutubxonasiga 1,5 mingdan ziyod texnik adabiyotlar birliklari «UNICON.UZ» DUK tomonidan sovg‘a qilindi va shulardan 1,1 ming birliklari AKSESS dasturi asosida ro‘yxatga olindi. Joriy yilning jami 750dan ziyod ekskursiyalar o‘zbek, rus va lozim bo‘lgan hollarda ingliz tillarida olib borildi va bu borada 15 000 nafardan ziyod tashrifchilarga, shular ichida soha o‘quv tizimidagi kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar va TATU’da tahsil olayotgan 5 000 nafardan ziyod o‘quvchi va talabalar, shuningdek, 7 000 nafardan ziyod umumta’lim maktablari o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatildi.

Muzeyda yangi ekspozitsiyalar yaratish bilan bir qatorda, yosh tashrifchilarga hamda masofadagi foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish, ularga eksponatlarni yanada qiziqarli yetkazish maqsadida muzeyning veb-saytida bir qator qulayliklar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, aloqamuzeyi.uz saytida guruhli tashrifchilar uchun onlayn buyurtma interaktiv xizmati ikki tilda, o‘zbek va rus tillarida joriy etildi. Bunda buyurtmachi o‘zi haqida asosiy ma’lumotlarni hamda guruhli tashrif rejalashtirilayotgan oy, kun, soati, ekskursiya olib boriladigan til va ekskursiya turini tanlab, buyurtmalar jadvaliga o‘z tashrifini osongina qayd etib qo‘yish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur buyurtma qabul qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumot buyurtmachi tomonidan ko‘rsatilgan elektron manzilga yuboriladi.

Shu bilan bir qatorda, muzeyning rasmiy veb-saytida «qabul qilingan buyurtmalar» rukni ochilib, joriy oy uchun qabul qilingan guruhli ekskursiyalar ro‘yxati jadval holida joylashtirib borilmoqda va kundalik qabul qilinuvchi tashriflar bilan to‘ldirib borilmoqda. Yuqorida tilga olingan muzey pedagogikasining elementlaridan biri bo‘lgan «ish varaqchalari» ustida olib borilayotgan ishlar natijasi mazkur vazifalarni hal etish o‘quvchi va talabalarning katta qiziqishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Bularni inobatga olgan holda, «ish varaqchalari» takomillashtirilib, varaqchalarning elektron shakli ishlab chiqildi hamda onlayn viktorina shaklida muzey veb-saytiga ikki tilda, o‘zbek va rus tillarida joylashtirildi. Shu bilan bir qatorda, mazkur elektron «ish varaqlari»dan muzeyga kelgan o‘quvchi-talabalar ham foydalanishlari uchun kompyuter xonasi tashkil etildi hamda tashrifchilar muzeydagi ekskursiya davomida olgan bilimlarini mazkur xonada tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu o‘z o‘rnida o‘quvchi-talabalarning muzeyga maqsadli tashriflarini amalga oshirishga turtki bo‘luvchi vositadir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq