Ravshan Askarov, “Аloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” direktori bilan suhbat
27.12.2014
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

muzey_27_12_2014

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” o‘z faoliyatini 2008-yilda boshlagan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Aloqa va axborotlashtirish sohasining yaratilish tarixini, rivojlanish va taraqqiyotini nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, balki butun jahonga targ‘ib qiluvchi soha muzeylarini va ularning hududiy bo‘limlarini tashkil etish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Fond tashkil etilishidan boshlab to hozirgi kunga qadar o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarni amalga oshirib kelyapmiz. Shuni alohida ta’kidlash joizki, muzeylarga bo‘lgan e’tibor Vatanimizda Davlat miqyosida ekanligi albatta, quvonarli hol.

Aslini olganda esa, O‘zbekiston hududida muzeylar tizimi qadimdan shakllangan bo‘lib, bu tizimni yanada shakllantirish, muzeylarning xalq ma’naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzey fondlarida saqlanib kelayotgan xalqimizning boy tarixini, mustaqilligimiz odimlarini aks ettiruvchi, noyob eksponatlarni avaylab asrash, o‘rganish, boyitib borish, dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy g‘urur va iftixor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish yo‘lida keng foydalanish, muzeylarni zamon talablariga mos yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, jahon muzeyshunosligi tajribalarini qo‘llashga zarur shart-sharoitlar yaratish kabi vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 12-yanvardagi PF-1913-sonli Farmonida aniq belgilab berilgan.

Ma’lumki, mamlakatimiz mustaqillik yillarida aloqa va axborotlashtirish sohasining barcha yo‘nalishlari yuqori su’ratlar bilan rivojlanmoqda. Aloqa sohasining faoliyati, erishgan yutuqlarini, sohamizning o‘ziga xos chuqur tarixini o‘zida aks ettirgan «Aloqa tarixi muzeyi» 2008-yilda poytaxtimiz markazida qad ko‘targan muhtasham binoda o‘z faoliyatini boshladi. Muzey tashkil etilgan kundan boshlab, to hozirgi kunga qadar faoliyatini yuritishda, barcha tadbirlarni tashkil etishda, yangi ekspozitsiyalar yaratishda Fond tashabbusi hamda soha korxonalarining homiylik ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda.

muzey_27_12_2014_1

Muzeyimizning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, tashkil etilib ochilish marosimida barcha tashrifchilarni hayratga solgan qiziqarli ekspozitsiyalar yaratilganicha qolib ketmasdan, Fond hamda Muzey rahbar va mutaxasislarining tinimsiz izlanishlari va samarali mehnatlari natijasida har yili kamida to‘rtta yangi ekspozitsiya yaratilmoqda. Bunga misol qilib aytish mumkinki, joriy yilda ham to‘rtta yangi ekspozitsiya tashkil etilib, tashrifchilar e’tiboriga havola etildi. Ularning har biri o‘ziga xos individual va qiziqarli bo‘lib, muzeyga tashrif buyuruvchilarni befarq qoldirmayapti. Ayniqsa, muzeyning ikkinchi qavatidan joy olgan yangi «Radioqabulqilgichlar» ekspozitsiyasi XX asrning 50–60 yillarida foydalanishda bo‘lgan radioqabulqilgichlardan tashkil topgan bo‘lib, qiziqarliligi shundaki, bu ekspozitsiyada aynan o‘sha davrning ruhiyatini beruvchi detallardan foydalanib, bu bilan uning «jonli» chiqishini ta’minladik.

Ikkinchi ekspozitsiya muzeyning birinchi qavatidan joy olgan bo‘lib, jahonda o‘zining betakrorligi bilan yuqori o‘rinlarda turuvchi teleminoralar maketlaridan foydalanib, o‘ziga xos «Buyuk teleminoralar» ekspozitsiyasini yaratdik. Bu ekspozitsiyaning o‘ziga xosligi shundaki, dunyo xaritasini maxsus podiumga biriktirib, unda turli davlatlarning tasviriga teleminoralar maketini aynan joylashgan shaharlari ustiga o‘rnatdik. Yana yangi ekspozitsiyalardan biri, muzeyga kiraverishda sohaning tarixi va hozirgi kuniga oid slaydlardan, shuningdek, tarixiy eksponatlardan foydalanib, ekspozitsiya yaratdik. Yaratilayotgan har bir yangi ekspozitsiyani qiziqarli bo‘lishiga harakat qilamiz va albatta muzeyga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, bolajonlarimizning ko‘zidagi quvonch va hayratni ko‘rib, qilayotgan mehnatimiz besamar emasligidan quvonamiz.

Buning natijasi shundaki, kundan-kunga muzeyga tashrif buyuruvchilar soni ortib bormoqda. Muzey tashkil etilgan kundan bugungi kunga qadar, oltmish besh mingga yaqin tashrifchilar muzey ekspozitsiyalaridan bahramand bo‘ldi. Nafaqat yurtdoshlarimiz, balki bir qancha chet el va hamdo‘stlik mamlakatlaridan tashrif buyurayotgan yurtimiz mehmonlari muzeyga jahon talablarga javob bera oladigan ajoyib muassasa deya baho bermoqdalar. Ular o‘zbek, rus va ingliz tilida ekspozitsiyalar bilan tanishish imkoniyatiga egalar. Shuningdek, soha muzeylarini rivojlanishi va takomillashtirilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan Xiva shahrida joylashgan «Aloqa tarixi muzeyi» qayta rekonstruktsiya qilindi. Muzeyni hozirgi kun talablariga mos keladigan qilib jihozlash bo‘yicha Jamoat fondi hamda Muzey mutaxassislari jalb qilingan holda ish olib borildi va foydalanishga topshirildi.

muzey_27_12_2014_2

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, Toshkent «Aloqa tarixi muzeyi» qoshida tashkil etilgan, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan kinozalda yurtiimiz va jahon muzeylarining virtual ekspozitsiyasi va xalqimizning boy madaniy merosi to‘g‘risidagi filmlar doimiy ravishda tashrifchilarga nomoyish etib boriladi. Ishonamizki, muzeyning keng imkoniyatlari bilan yosh avlodning dunyoqarashi va tarbiyasiga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz.

Bundan tashqari, muzeyning uchinchi qavatida joylashgan ikkita so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan majlislar zalida soha faoliyatiga doir o‘quv-seminar, konferensiya va yig‘ilishlar doimiy ravishda o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyasi davlat qo‘mitasining ko‘r-satmalariga asosan Fond va Muzey rahbariyati va mutaxassislari tomonidan tayyorgarlik ishlari natijasida ta’minlanadi. Joriy yil boshidan hozirgi kunga qadar qirqdan ziyod anjuman va yig‘ilishlar o‘tkazildi, jumladan:

  • 18-fevralda «Ma’muriy kodlar va ma’nolarni standartlashtirish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish» mavzusida Koreyalik mutaxassislar tomonidan trening va taqdimot;
  • 11-martda «Davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi boshqarma va davlat boshqaruvlarida AKT’ni tatbiq etish effektlari va uslublari» mavzusida yig‘ilish;
  • 17-iyunda Crow your code Bluemix Days. bluemix.net ni rasmiylashtirish bo‘yicha seminar-trening yig‘ilishi;
  • 15-iyulda «Milliy domen UZ-2014» internet-festivalining ochilishi;
  • 5–8 avgustda O‘zbekistonlik dasturchilar bilan «LG» kompaniyasi vakillarining hamkorlik doirasida olib boriladigan ishlar yuzasidan suhbati va kelishuvlar haqida yig‘ilish;
  • 19-sentabrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi «INFOCOM 2014»;
  • 22-sentabrda «Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida axborot xavfsizligi. Muammolar va ularni hal qilish yo‘llari» mavzusida Internet va xavfsizlik bo‘yicha Koreya agentligi (KISA) va Jahon banki bilan hamkorlikda Respublika seminari;
  • 25-sentabrda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalari bo‘yicha Departamentining mintaqalararo bosh maslahatchisi R. Kerbi bilan uchrashuvlarni misol qilish mumkin.

Yuqorida sanab o‘tilgan tadbirlarni muzeyda o‘tkazilishi muzeyning soha tarqqiyotiga qo‘shayotgan o‘ziga xos hissasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 2014-yil amalga oshirilgan ishlar qisqacha sarhisobi shulardan iborat. Yaqinlashib kelayotgan 2015-yilga rejalar va oldinga qo‘yilgan maqsadlar ko‘p, ular asosida Reja-dastur tuzilgan. Unda muhim vazifalar qatorida elektron televideniye asoschilaridan biri — B. P. Grabovskiyga bag‘ishlangan ekspozitsiyani yaratish, mobil aloqa operatori «Bilayn», AT «Aloqabank» va «Alskom» ekspozitsiyalarini takomillashtirishni maqsad qilganmiz. 2015-yil Reja-dasturini «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlatib, Fond va Muzey faoliyatini rivojlantirish ishlarini yanada faol davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimiz, infoCOM.UZ jurnali muxlislarini yaqinlashib kelayotgan Yangi 2015-yil bilan qutlaymiz. Kirib kelayotgan yil har tomonlama samarali bo‘lishini tilab, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ulkan maqsadlari va faoliyatlariga zafarlar tilab qolamiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq