Yanada qulay zamonaviy axborot tashuvchi vositalar
22.12.2014
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Marufa Azizova.

yan_22_12_2014

Mаmlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi”ga tashrif buyursangiz, eng avvalo, muzey binosining birinchi qavatida namoyish etilgan “Axborot tashuvchi vosita va qurilmalar” ekspozitsiyasini ko‘rishingiz mumkin. U erda axborotlarning tayyorlanishida qo‘llanuvchi, ularni jamlovchi va davrlar osha saqlovchi, tarqatuvchi hamda tashuvchi vosita va qurilmalar namoyishga qo‘yilgan.

Ekspozitsiya eksponatlari qatorida, o‘z davrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan vidiomagnitofon, keyinroq uning o‘rinini egallagan yanada takomillashgan DVD qurilmasi hamda axborot tashuvchi vosita va qurilmalarning deyarli barcha funksiyalarini o‘zida jamlagan, ularning o‘rniga xizmat qila oladigan komyuter qurilmalaridan namunalar mavjud. “Aloqa tarixi muzeyi” bo‘ylab navbatdagi sayohatimizda aynan shu qurilmalar tarixiga nazar tashlaymiz. Demak, mazkur sahifamiz axborotni ham ovozli, ham “jonli” tasvirli tarzda uzatuvchi – videomagnitofon va uning o‘rnini egallab borayotgan, yanada qulay, zamonaviy zamonaviy axborot tashuvchi qurilmalar haqida.

yan_22_12_2014_1

Videomagnitofon
Videomagnitofon (video va magnitofon) — tasvir va tovushlarning yuqori sifatli elektr signallarini magnit lenta (disk)ga yozib olib, uni qayta namoyish etish va eshittirishga imkon beradigan qurilmadir. Magnit lentali videomagnitofonning asosiy qismi aylanuvchi videokanallarni sozlaydigan tyuner va lenta tortuvchi mexanizm, signallarni yozib olish/qayta eshittirish kanallari, lenta o‘rashni va videokallakning aylanish chastotasini rostlovchi tizimlar hamda boshqarish blokidan iborat.

Videomagnitofon foydalanilishiga ko‘ra maishiy, professional va maxsus ixtisoslashgan, bir joyga o‘rnatiladigan va bir joydan ikkinchi joyga olib yuriladigan, rangli va oq-qora tasvirda ko‘rsatadigan turlari mavjud. Ishlash tamoyili: yozib olish vaqtida tasvir va tovushlarning elektromagnit signallari televizion priyom-nikdan (yoki boshqa qurilmalardan) videomagnitofonga keladi va magnit lentaga (diskka) yozib olinadi, qayta ko‘rsatishda magnit lenta (disk)dan tasvir va tovushlarning elektromagnit signallari televizion priyomnikka (qabul qilgichga) o‘tadi hamda televizor ekranida tasvir (tovush bilan birgalikda) hosil bo‘ladi.

Videomagnitofonda kadrni vaqtincha to‘xtatib turadigan qurilma mavjud. Videomagnitofon rang beruvchi signallarga ishlov berishning uch tizimiga ega. Bir tizimdan boshqasiga o‘tkazish uchun ularning mikrosxemalari o‘zgartiriladi yoki televizorga o‘rnatilgan dekoder yordamida amalga oshiriladi. Videomagnitofonlar yaratilgan davridagi dastlabki turlaridan davr ruhiga muvofiq o‘zgartirilib, takomillashtirilib borilgan. Zamonaviy videomagnitofonlarga rangli tasvirlarni va tovushni raqamli yozib olish va qayta ko‘rsatish tamoyili joriy etilgan.

yan_22_12_2014_2

Bunda tasvir va tovush sifati bir necha martaga yaxshilandi va videomagnitofon qurilmasining o‘zi ixchamlashtirildi. Videomagnitofon qurilmasi o‘z davrida inson hayotiga katta yangilik olib kirdi. Kompyuter va axborot texnologiyalari taraqqiy etguniga qadar, videomagnitofon televideniyeda, iqtisodiyotning turli sohalarida, tibbiyotda, sportda, o‘quv mashg‘ulotlari va boshqalarda keng qo‘llanilgan.

Aslida, videomagnitofon qurilmasining yaratilish tarixi qanday bo‘lgan, uning ixtirochilari kim?
Birinchi videomagnitofon o‘tgan asr 50-yillarida, AQSH’da keyin boshqa mamlakatlarda yaratildi. 1952-yil 11-noyabrda Kaliforniya shtatidagi Beverli Xillsda Jon Mallin va Ueyn Jonson o‘z hamkasblari oldida birinchi videoqurilma taqdimotini o‘tkazganlar. Biroq mazkur qurilma yana to‘rt yildan keyin Rey Dolbi, Charlz Ginzberg va Charlz Andersonlar tomonidan keng omma oldida taqdim etilgan videomagnitofon tomon qo‘yilgan dastlabki qadam edi. Mazkur texnika mo‘jizasining o‘lchami katta muzlatkichlar bilan teng va juda og‘ir bo‘lgan. Ko‘rgazmaning o‘zidayoq mazkur qurilma uchun Columbia Broadcasting System (CBS) kompaniyasiga buyurtmalar kelib tushgan. Videomagnitofon 75 ming dollardan sotilgan. Aynan 1956-yil 14-aprel kuni videomagnitofonning taqdim etilgan kuni deb hisoblanadi.

Aslida, mazkur qurilma ixtirosi Jone (Jek) Malinga tegishli bo‘lib, 29 yoshida unga ovoz yozishdan tashqari, «tirik» voqelik suratlarini ham yozish qurilmasi ustida ish olib borish topshirig‘i berilgan. Amerikalik ixtirochilar o‘tgan asr 40-yillarida yaratgan texnologiyalar ovozni sifatli bera oladigan bo‘lsada, Mallin ulardan elektronika sohasidagi o‘z bilimlari bilan o‘zib ketadi va yangi elektron texnika yaratishga erishadi. Uning ixtirosi go‘yo fantastik olam mo‘jizasi kabi qabul qilinadi.

O‘tgan asr 50-yillarining boshida ixtirochi video-qurilmasidan namunalarni Germaniyadan AQSH’ga zamonaviy magnitofonlarning bir turi sifatida jo‘natadi. Keyinchalik yanada takomillashgan ikkita dastlabki apparat yaratiladi. Mallinga hamkorlik qilgan Ueyn Jonson bilan ko‘zlangan maqsad tomon intilib, nihoyat yuqorida eslab o‘tilgan video-qurilma taqdim etiladi. Axborot tashuvchi vosita sifatida qurilma dastlab maxfiy tutilgan. Shu sababdan 1956-yilda ixtiro mavjud bo‘lsada e’lon qilinmagan, biroq mazkur ixtiro yo‘nalishida parallel ravishda, ish yuritgan rus olimlari va muhandislari ovoz yozishga oid televizion signallarni magnit lentaga yozish bo‘yicha izlanishlarini 1958-yilda videomagnitofonni eksperimental turining yaratilishi bilan yakunlaydilar va u ommaga e’lon qilinadi.

1960-yil 21-fevral kuni birinchi marta sobiq ittifoq markaziy televideniyesida videomagnitofonga yozib oligan eksperimental dastur efirga uzatildi. Dastur kichik konsert bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishi vaqtida yozib olinib, yana takroran efirga uzatilgandi. Bu videomagnitofon davrining boshlanishi edi. Dastlabki videomagnitofonning nomi — «Kadr-1» bo‘lgan. «Kadr-1» videomagnitofonining sanoat ishlab chiqarilishi 1964-yilda Novosibirsk mashinasozlik zavodida yo‘lga qo‘yildi.

Shundan keyin maishiy magnitofonlar «Melodiya» va «Kometa» ishlab chiqarildi. Dastlabki videomagnitofonlar ish faoliyatida foydalanish uchun telestudiyalarga berildi. Maishiy videomagnitofonlarni keng omma tomonidan sotib olinishi esa, faqat o‘tgan asr 80-yillarida keng ommalashgan. 1988-yilda Vladivostok videomagnitofonlar narxi qimmat baholangan. Yaponiyada esa mazkur qurilmaning ommaga taqdim etilishi 1969-yil 7-iyun kunidan boshlangan. Keyinchalik Yaponiya, Italiya kabi mamlakatlardan olib kelingan videomagnitofon turlari bozorlarni to‘ldira boshlagan.

1967-yilda «Malaxit» nomli oq-qora rangli videomagnitofon taqdim etilgan. Apparat videoni istalgan televizordan yozib olar va namoyish etardi. O‘z davrida «Malaxit» ixcham, olib yurish mumkin bo‘lgan qurilma hisoblansada, og‘irligi 36 kg bo‘lgan. Bunday qurilmadan asosan tashkilotlarda foydalanilgan. O‘tgan asr 70-yillarida maishiy qurilmalar ham asta ommalashib borgan. Asta-sekin kassetali videomagnitofonlarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi, masalan, «Spektr», «Saturn», «Elektronika» videomagnitofonlari ishlab chiqarildi, biroq ular juda qimmat turardi.

Bundan tashqari, bozorda videokassetalar ham yetarli emasdi. Chet ellarda bu sohada «VHS» formatli kassetalar yetakchilik qildi, ularni yaponiyaning «JVS» kompaniyasi ishlab chiqardi, 80-yillarda «VHS» bu sohada butkul yetakchilikni qo‘lga oldi. Bu sohada «Sony» korporatsiyasi ham, «Philips» kompaniyasi ham mashhur bo‘lganlar. O‘sha davrda videomagnitofonni sotib olishni hatto televizor, kir yuvish mashinasiga ham solishtirib bo‘lmasdi. Hatto o‘sha davrda avtomobilni videomagnitofonga almashtirish istagidagi e’lonlarni ham bergandilar. «Elektronika VM-12»ga ega bo‘lish ajoyib hodisa hisoblanardi.

Dastlabki televizor kabi video qurilmasi egalarining xonadonlarida ham qo‘ni-qo‘shnilar to‘planib, tamosha qilardilar. Qimmatbaholigiga qaramay, «VM-12» darhol sotilib, kamchil mahsulotga aylangandi. Uni sotib olish uchun navbatga turish, uzoq kutishga to‘g‘ri kelardi. Videomagnitofon egalari jamiyatda «hurmat va e’tiborga» loyiq shaxslar bo‘lib qolgandilar.

Dastlabki videomagnitofon mahsulot sifatida odamlarni hayratga solardi. 1985-yilda «Panasonic» videomagnitofoni keng tarqala boshladi. Videomagnitofon dastlabki videokassetalar orqali turli yozuvlarni televizorga uzatib, namoyish etardi. 1986-yilda odamlar dam olishi maqsadida videozallar ochilgandi. «Elektronika VM-12» o‘tgan asr 80-yillarining o‘rtalarida keng ommalashdi. Keyinchalik Yaponiyaning «Panasonic» rusumi ommalashib ketganligi sababli «VM-12»ni ijaraga bera boshladilar. 1984-yildan boshlab, ommaviy videomagnitofonlarni qismlari bo‘yicha bir necha zavodlarda ishlab chiqara boshladilar. O‘tgan asr 90-yillaridan boshlab, mamlakatimizdagi ishlab chiqarish korxonalari ham shunday qurilmalarni ommaga taqdim eta boshladi. Bugungi kunda videomagnitofonlar maishiy turmushda deyarli foydalanilmaydi. Jon Mallin ham mazkur qurilmasi bilan mashhur bo‘la olmadi.

Kassetali apparatlar texnologiyasi tez eskirib borardi. Bu ayniqsa, zamon o‘zgarishlari davriga to‘g‘ri kelib, odamlar endigina orzu qilib yurgan qurilmalarni xarid qilib, mazkur texnikadan ko‘ngildagidek foydalanishlariga ulgurmay, raqamli yozuvlar texnologiyasi davri boshlandi. DVD qurilmasi yanada sifatli yozib, namoyish etishiga qaramay, odamlar uzoq vaqt mobaynida jamlab yurgan «kassetali» qurilmalardan ham voz kechmagandilar, biroq ular yangi formatli qurilmalarga mos kelmay qolgandi. Bugungi kunda DVD’dan ham foydalaniladi, biroq uning egalari ham sevimli qurilmalari boshqasiga o‘rnini bo‘shatib berayotganini anglab yetganlar. Videotexnika qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyalar ishlab chiqarishni tez-tez takomillashtirib, boshqa yo‘nalishda ish yuritishga majbur bo‘lmoqdalar.

Kompyuterlar
Asrimiz mo‘jizasi bo‘lgan kompyuterlar yaratilishi bilan axborotlarni jamlash, saqlash, uzatishda juda ishonchli imkoniyatlarni taqdim etdi. Kompyuter (ing. computer — hisoblayman) — oldindan kiritilgan dastur bo‘yicha ishlaydigan avtomatik qurilma elektron hisoblash mashinasi (EHM) bilan bir xil nomga ega. Biroq, kom-pyuter hisoblash ishlarini bajarishdan tashqari, ancha keng funksiyaga ega. EHM’larning rivojlanishida kompyuterning bir necha avlodlarini ko‘rsatish mumkin.

yan_22_12_2014_3

Bu avlodlar element turlari, konstruktiv-texnologik xususiyatlari, mantiqiy tuzilishi, dastur ta’minoti, texnik ko‘rsatkichlari, texnikadan foydalanishning qulaylik darajasi bilan bir-biridan farq qiladi. Kompyuterning dastlabki avlodida (Ural-1, Minsk-2, BSEM-2) asosiy element elektron lampa bo‘lgani uchun hajmi ham juda katta bo‘lgan. So‘ngra bu lampa o‘rnida tranzistorlar ishlatilgan kompyuter (Razdan-2, M-220, Minsk-22 va boshqalar), integral mikrosxemalar ishlatilgan kompyuter (IBM-360, IBM-370, (AQSH), ESEVM (Rossiya) va boshqalar, integratsiya darajasi katta bo‘lgan integral sxemalar o‘rnatilgan shaxsiy kompyuterlar paydo bo‘ldi.

Shaxsiy kompyuter (mikro va makro EHM) tushunchasi XX asr 70-yillarining oxiridan boshlab keng tarqala boshladi. Shaxsiy kompyuterning keyingi avlodlarida mikroelektron va biosxemalardan foydalanildi; ularning hajmi kitob kattaligidek hajmgacha kichraydi, massasi ham kamaydi. 1981-yilda IBM firmasi shaxsiy kompyu-terning yanada takomillashgan modellarini ishlab chiqara boshladi. Keyinchalik boshqa firmalar IBM bilan PC biriktirilgan kompyuterni, Apple firmasida esa Macintosh («Makintosh») deb ataladigan kompyuterlar yaratildi.

XX asr boshlarida dunyoda o‘nlab mln. shaxsiy kompyuterlar, 1 mln.ga yaqin EHM (shu jumladan, bir necha o‘n super EVM) bo‘lgan. Kompyuterlar masalalarni yechishda foydalaniladigan tarkibiy qismlar va ko‘rsatkichlari jihatidan bir-biridan farq qiladi. Murakkab masalalarni yechishda kuchli qurilmalar o‘rnatilgan kompyuterdan, hujjatlarni bosishda harf bosish qurilmasi bo‘lgan kompyuterdan foydalaniladi. Istalgan kompyuter tizimlar bloki, monitor va klaviaturadan iborat. Zarur bo‘lganda, boshqa qurilmalar ham ulanadi.

Tizimlar blokida kompyuterning ishlashi uchun zarur muhim qismlar (diskni yuritkich, vinchester — qattiq disk, mantiqiy amallarni bajaruvchi mikrosxemalar) bo‘lib, unga qolgan qurilmalar ulanadi. Monitor (displey) matn va turli tasvir ko‘rinishidagi axborotlarni ekranda aks ettiradi. Klaviatura kompyuterga buyruq va turli axborotlarni kiritadi. Ko‘pincha, kompyuter tarkibiga «sichqoncha» manipulyatori va printer kiritiladi. «Sichqoncha» ikki yoki uchta tugmasi bo‘lgan qurilma bo‘lib, uning yordamida kompyuter ishini osonlashtiradi. Printer esa axborotlarni qog‘ozga tushirish uchun xizmat qiladi. Zamonaviy kompyuterlar, asosan, to‘rt qurilma: boshqarish, protsessor, xotira va kiritish-chiqarish qurilmalaridan iborat.

Boshqarish qurilmasi kompyuterning barcha qurilmalari ishini muvofiqlashtiradi va boshqaradi. Protsessor kompyuterning asosiy qurilmasi bo‘lib, axborotlarga ishlov beradi, ya’ni hisoblash amallari, solishtirish va uzatish kabi arifmetik-mantiqiy amallarni bajaradi. Qurilma bajaradigan amallar dasturlar orqali belgilanadi. Xotira qurilmasi axborotlarga ishlov berish vaqtida uni saqlash uchun xizmat qiladi. Foydalanayotgan dasturlar ichki xotirada, uzoq, muddat saqlanadigan axborotlar tashqi xotira (disketa, fleshka va boshqalar)da saqlanadi. Ichki va tashqi xotiralarda axborot almashinuvi kiritish-chiqarish qurilmalari yordamida amalga oshiriladi.

Kompyuterning universalligi axborotni aniq maqsad yo‘lida qayta ishlay olishiga, inson faoliyatining turli sohalarida ishlab chiqarishni tubdan o‘zgartirishga, hayot-faoliyatni osonlashtirishga imkon beradi. Turli axborotlarni yig‘ib va tahlil qilib, juda katta hisoblash ishlarini bajarib, qulay bo‘lgan shaklda ifodalaydi. Ma’lumki, kompyuterda axborotni saqlovchi, xususan, protsessor registrlari, registr KESH-xotirasi va boshqa juda ko‘p qismlari mavjud. Eng muhim qismlaridan biri operativ xotirasi va doimiy xotirasi bo‘lib, ularni axborot tashuvchi deb atash mumkin.

Kompyuter operativ xotirasi
Kompyuterda axborotni saqlashning ko‘plab vositalari mavjud. Ma’lumotlarni saqlab qolishning tezkor vositasi — bu elektron mikrosxemalardir. Mazkur xotira operativ xotira deb ataladi. Operativ xotira yacheykalardan iborat. Har bir yacheykada bir bayt ma’lumot saqlanishi mumkin. Har bir yacheykaning o‘z manzili mavjud. Yacheykalarni manzilli yacheykalar deb ham nomlash mumkin. Kompyuter ma’lumotlarni operativ xotiraga yo‘naltirishida u mazkur ma’lumotlar qaysi manzilda joylashganini eslab qoladi. Manzilli yacheykaga murojaat etib, kompyuter ulardan ma’lumotlar baytlarini topadi. Operativ xotira manzilli yacheykalarida bir baytdan ma’lumot saqlanadi, bayt sakkiz bitdan iborat bo‘lganligi sababli unda yana sakkiz bitli yacheykalar mavjud. Har bir bitli yacheyka operativ xotira mikrosxemasi bo‘lib, elektr zaryadini saqlaydi. Zaryadlar yacheykada uzoq saqlana olmaydi — ular «oqib ketadi». Bor-yo‘g‘i soniyaning o‘ndan bir qismidayoq yacheykadagi zaryad kamayib, ma’lumotlar o‘chib ketadi.

Kompyuterda ma’lumotlarni doimiy saqlash uchun axborot tashuvchilardan foydalaniladi. Kompakt disklar va disketalar nisbatan tezkor axborot uzatuvchi qurilmalar hisoblanadi. Axborotni saqlashda qattiq disklar uchun doimiy ulanish imkoni bo‘lishi zarur. Barcha axborotlar fayllar shaklida diskda saqlanadi. Axborotga ulanish uchun fayllar tizimi mavjud va hozirgi kunla ko‘plab fayllar tizimi yaratilgan. Kompyuter qattiq diskida ma’lumotlarni shunchaki yozish emas, balki o‘qish uchun uni qayerda joylashganligini bilish va topish kerak bo‘ladi.

Shu maqsadda diskdagi ma’lumotlar tuzilmasini ham yaxshi bilish zarur. Barcha ma’lumotlarning o‘z manzili mavjud. Qattiq diskda yozilgan barcha ma’lumotlar o‘z manziliga ega bo‘lib, ularni topish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu faylli tizimlar bo‘lib, diskdagi ma’lumotlar tuzilmasi fayllar tizimining turiga bog‘liq. Barcha fayl tizimlari ma’lumotlarni saqlash va ularni boshqarish uchun tuzilmalardan tashkil topgan. Mazkur tuzilmalar operatsion tizimga yuklangan yozuvlardan iborat bo‘ladi, bu: kataloglar va fayllardir. Fayllar tizimi uchta asosiy vazifani bajaradi:

1. Band va bo‘sh joylarni kuzatish.
2. Katalog va fayllar nomini qo‘llab-quvvatlash.
3. Diskda har bir fayl joylashgan manzilini kuzatishdan iborat.
4. Ko‘plab fayllar tizimidan turli operatsion tizimlar (OT)da foydalaniladi. Boshqa OT’lar barcha fayllar tizimini taniy va o‘qiy olgan holda, ayrim OT faqat bir fayllar tizimini o‘qiy olishi mumkin. Quyida keng tarqalgan fayllar tizimlarining nomi keltirilgan:

  • FAT (File Allocation Table)
  • FAT32 (File Allocation Table 32)
  • NTFS (New Technology File System)
  • HPFS (High Performance File System)
  • NetWare File System
  • Linux Ext2 va Linux Swap

Disketalar
Yaqindagina disketalar kompyuterdan-kompyuterga axborotni uzatishda eng ommaviy vosita edi, sababi Internet hozirgidek taraqqiy etmagan, kompyuter tarmoqlaridan ham keng foydalanilmasdi, kompakt disklardagi yozuvlarni o‘qish qurilmalari juda qimmat turardi. Disketalardan hozirgi vaqtda juda kam holatlarda bo‘lsada, foydalaniladi. Asosan turli axborotlarni saqlashda disketalardan foydalanilgan.

yan_22_12_2014_4

Dastlabki qattiq disk 1956-yilda ishlab chiqarilgan, biroq uzoq yillar mobaynida qo‘llanilib, muntazam takomillashtirib borilgan. Disketa — axborotni portativ magnitli tashuvchi qurilma bo‘lib, nisbatan kichik hajmli ma’lumotlarni ko‘p martalik yozish, saqlash va uzatishda foydalanilgan. Mazkur axborot tushuvchi qurilmadan, ayniqsa, 1970-yillarning oxiridan 1990-yillarning oxirigacha keng foydalanilgan. «Disketa» atamasining o‘rnida ba’zan EMD — «egiluvchan magnit diski» nomidan foydalanganlar (shunga muvofiq disketalar bilan ishlovchi qurilma EMDJ — «egiluvchan magnit disklarining jamlovchisi» deb atalgan).

Odatda, egiluvchan magnit disketalari plastik plastinkadan iborat bo‘lib, usti ferromagnit qatlami bilan qoplangan, shu sababli ingliz tilidagi nomi «floppy disk» («egiluvchan disk»)dir. Mazkur plastinka plastmassali korpusga joylashtirilgan bo‘lib, magnit qoplamni tashqi jismoniy ta’sirlardan himoya qiladi. Qobig‘i yumshoq egiluvchan yoki qattiq bo‘lishi mumkin. Disketalarga yozish yoki uni o‘qish maxsus qurilma — egiluvchan disk diskovodlari (floppi-diskovod) yordamida amalga oshiriladi.

Odatda, disketalar yozuvdan himoya funksiyasiga ega bo‘lib, uning yordamida faqat axborotni o‘qish rejimida foydalanishga taqdim etiladi. Mazkur qurilma axborot tashuvchi vositalar orasida keng ommalashib, uzoq yillar foylalanilgan. Keyinchalik an’anaviy disketalar qatorida magnitli optik axborot tashuvchilar, Iomega Zip, Iomega Jaz va boshqalar ishlab chiqildi va ommalashib bordi. Mazkur mahsulotlarning barchasini ba’zan disketa deb ataydilar. Hozirgi davrda disketalardan deyarli foydalanilmaydi.

Yaratilish tarixi

  • 1971-yilda — Dastlabki 200 mm (8”) diametrli shunga muvofiq diskovodli disketa IBM firmasi tomonidan taqdim etilgan. Diskovod va disketalar ixtirosi IBM mutaxassisi Alan Shugart tomonidan o‘tgan asr 60-yillarining oxirida ishlab chiqilgan.
  • 1973-yilda — Alan Shugert xususiy Shugart Associates firmasiga asos solgan.
  • 1976-yilda — Alan Shugert 5,25” diametrli disketani ishlab chiqdi.
  • 1981-yilda — Sony firmasi tomonidan bozorga 3,5” (90 mm) diametrli disketalar taqdim etilgan. Dastlabki versiyasida hajmi 720 kilobayt (9 sektor)ni tashkil etgan. Keyinchalik yaratilgan versiyasining hajmi 1440 kilobayt yoki 1,40 megabayt (18 sektor)dan iborat. Aynan mazkur turdagi disketalar standart etib belgilandi (IBM o‘zining IBM PC’da qo‘llay boshladi). Yana biroz vaqtdan so‘ng 2880 kilobayt (36 sektor) hajmga ega ED-disketalari (ing. Extended Density — «kengaytirilgan zichlik») paydo bo‘ldi va juda keng miqyosda ommalashdi.

Vinchester
Shaxsiy kompyuterlarda magnit disklari sifatida «vinchester» deb ataluvchi qattiq magnit disklari keng tarqaldi. Vinchester atamasi (ing. Nard disk — qattiq disk) — Qattiq magnit disk bo‘lib, kompyuterdagi barcha dastur va ma’lumotdar saqlanadigan xotira qurilmasidir. Vinchester nomi 1973-yilda ishlab chiqilgan 16 Mbayt sig‘imli IBM qattiq magnit disklari birinchi modelining nomidan kelib chiqqan, u 30 sektor bo‘yicha 30 yo‘lakchadan tashkil topgan va tasodifan mashhur ov miltig‘i «Vinchester» kalibri 30/30ga mos kelib qolgan. Shu tariqa, mazkur qurilma nomiga aylangan, kompyuterda yozib, tayyorlangan axborotni boshqa qurilmalarga uzatishda turli axborot uzatish qurilmalaridan foydalanilgan. Aslida, CD va DVD bir-biriga juda yaqin texnologiyalar bo‘lsada, nafaqat axborot tashish borasida, balki unga axborotni yozish texnologiyasi bilan ham farq qilgan. Vinchester yig‘ilganda bir nechta qattiq disklardan iborat bo‘lib, germetik yopiq korpusdagi magnit kallagi blokiga joylashtiriladi.

yan_22_12_2014_5

Mazkur axborot yig‘uvchisining sig‘imi konstruksiyasi hisobiga erishiladigan o‘ta yuqori yozish zichligi tufayli bir necha ming megabaytgacha yetadi; tezligi juda yuqoridir. 1997-yildagi eng katta qiymatlar: (sig‘imi 9000 Mbayt (1997-yilga sig‘im standarti — 1200 Mbayt); (aylanish tezligi — 8000 ayl./daqiqa. Disk diametri ko‘pincha 3,5” (89 mm), lekin boshqalari ham mavjud, xususan, 5,25” (133 mm) va 1,8” (45 mm) ham bor. Diskovodning eng ko‘p tarqalgan korpusining balandligi SHK’larda — 25 mm, mashina — serverlarda — 41 mm, ixcham SHK’larda 12 mm va boshqalardan iborat.

Zamonaviy vinchesterlarda zonali yozish usuli ishlatila boshlandi. Bu holatda diskning butun yuzasi bir nechta zonalarga bo‘linadi, shu bilan birga, sektorlarning tashqi zonalariga ichkisiga nisbatan ko‘proq qiymatlar joylashadi. Bu, xususan, qattiq disklarning sig‘imini taxminan 30 % oshirish imkonini beradi. O‘z tarkibiga yo‘lkalarni va sektorlarni olgan disk strukturasini magnit tashuvchida tasvirlash uchun unda fizik yoki past darajali formatlash deb ataladigan jarayon bajarilishi kerak. Bu jarayonni bajarish paytida nazoratchi tashuvchiga xizmatchi ma’lumotni yozadi, u sektorda disk silindrlarini belgilashni aniqlaydi va ularni raqamlaydi. Past darajali formatlash diskni ishlatish jarayonida buzuq sektorlarga murojaat etishni inkor qilish uchun ularni markirovka qilib ham chiqadi.

Maksimal sig‘im va qiymatlarni uzatish tezligi yig‘uvchi ishlaydigan interfeysga bog‘liqdir. Standart aylanish tezligi, masalan, EIDE interfeysi uchun — 3600, 4500 va 5400 ayl./daqiqa. Protsessorning disklar bilan ma’lumotlar almashish tezligini oshirish uchun QMDY’ni keshlash kerak, disklar uchun kesh xotira asosiy xotira uchun keshning funksionalligi kabi vazifaga egadir, ya’ni diskka yozilayotgan yoki undan o‘qilayotgan ma’lumotlarni qisqa vaqt saqlash uchun tez harakatlanadigan xotira buferi bo‘lib xizmat qiladi.

Kesh-xotira diskovodga nisbatan sozlangan bo‘lishi mumkin, tezkor xotirada dasturli yo‘l (masalan, Microsoft Samartdrive drayveri) bilan yaratilishi ham mumkin. Protsessorning disk kesh xotirasi bilan ma’lumotlarni almashish tezligi 100 Mbayt/s. ga yetishi mumkin. SHK’da odatda bitta, kam hollarda bir nechta qattiq magnit disklardagi yig‘uvchilar bo‘ladi. MS DOS’da vositalari bilan bitta fizik disk bir nechta «mantiqiy» disklarga bo‘linishi mumkin. Olinadigan vinchesterlar ham ishlatiladi — ularning sig‘imi odatda 1 Gbaytdan oshmaydi. Samsung kompaniyasi to‘rt liniyali qattiq disklarni ham ishlab chiqargan. Spin Point TP80, Spin Point PL 40, Spin Point V80 va Spin Point VL40. P80 va VL 40 seriyasi tezligi bir daqiqada 7200 aylanishdan iborat, V80 va VL40 seriyasidagi disklar aylanishi bir daqiqada 5400 aylanishdan iborat. Pl40 va VL40 seriyali disklar past profelli, ularning konstruksiyasida bitta disk va bitta kallak ishlatiladi. Har xil xarakteristikali texnika va katta sig‘imli xotirada saqlashi, ko‘plab foydalanuvchilarni qondiradi. Hamma modellarda 80Gbaytli keng yozuvchi plastina qo‘llaniladi.

Hozirgi kunda mazkur axborot tashuvchi kompyuter qurilmalari qatoriga yanada takomillashgan va qulay noutbuk, netbuk, planshetlar va smartfon kabi kompyuterlashgan mobil qurilmalari yaratilib, insonlarga har qanday manzil va vaqtga bog‘liq bo‘lmagan holda axborotlarni olish, uzatish, jamlash va saqlash imkoni taqdim etilmoqda. Mazkur imkoniyatlardan barcha qatorida, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod keng foydalanadi. Davrimiz taqdim etayotgan bunday imkoniyatlar ularning ta’lim olishlarida, dunyoqarashlarini kengaytirish va axborotlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha salohiyatlarini oshirishda mamlakatimiz buyuk kelajagi uchun xizmat qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xalqimizda «Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal» — degan naql bor, mazkur axborot tashuvchi vositalar haqida yanada batafsilroq ma’lumotlar bilan tanishish istagida bo‘lsangiz, «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurib, ulardan namunalarni tomosha qilib, zarur axborotlarni olishingiz mumkin.

Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnali tahririyatining hamkorlikdagi loyihasi asosida tayyorlandi, unda quyidagi: O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi, Vikipediya, T. Xolmatov, N. Taylaqov, Informatika va hisoblash texnikasi darsligi, T., 2001. va boshqa manbalardan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq