Ilmiy g‘oyalar ro‘yobi taraqqiyot asosidir
19.12.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zafar Hakimov.

Tоshkent axborot tenxnologiyalari universiteti (TATU) mamlakatimizda aloqa, axborotlashtirish hamda telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha nufuzli, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davr talabiga muvofiq respublikamiz iqtisodiyotining ehtiyojlariga javob beradigan, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatilgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugun TATU aloqa, telekommunikatsiya va axborot tizimlari sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi tayanch ta’lim maskanidir.

tuit_19_12_2014

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq TATU axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mazkur oliy ta’lim dargohi o‘z faoliyatini nafaqat zamon bilan hamnafas yetuk mutaxassislar tayyorlash, balki mustaqil tafakkurga ega, zamonaviy fan sirlarini chuqur o‘zlashtirgan, katta ilmiy salohiyatga ega, jahon ilmiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan ilmiy xodim va olimlar ham yetishib chiqadigan muqaddas ta’lim dargohidir.

Ma’lumki, o‘tgan asrda, Markaziy Osiyo Respublikalari mintaqalarida oliy ma’lumotli muhandis aloqachilarning keskin yetishmasligi va ushbu hududlarda telekommunikatsiya tizimlarining kelajakda rivojlanishiga buning ta’sirini hisobga olib, 1953-yilda, Toshkent shahrida aloqa instituti tashkil etilgan. Toshkent aloqa institutida birinchi o‘quv yili 1955-yildan boshlangan. Dastlab telefon-telegraf fakulteti va 1957-yildan radioaloqa va radioeshittirish fakulteti o‘z ishini boshlagan.

tuit_19_12_2014_1

To‘g‘ri tanlangan professor-o‘qituvchilar tartibining harakatlari va fidoiyligi sababli institut uzoq yillar shu sohaga oid jahondagi boshqa oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilaridan qolishmaydigan mutaxassislar va aloqa muhandislarini tayyorlashda yuqori mavqega erishdi. Institut o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki yillardan boshlab, professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalarga ta’lim-tarbiya berish bilan bir qatorda, ilmiy izlanishlar ham olib borildi. Xususan, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar tomonidan 1966–1980 yillar mobaynida aloqa sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash bilan birga, katta hajmda, xo‘jalik shartnomasi asosida ilmiy-tekshirish tadqiqotlarini ham amalga oshirildi. Xo‘jalik hisobida ilmiy-tekshirish tadqiqotlari olib boruvchi birinchi laboratoriya hozirgi Radiotexnika va Radioaloqa kafedrasi qoshida 1961-yilda tashkil etilgandi. Laboratoriya uchun alohida besh kishidan iborat shtat birligi ajratilgan. Laboratoriya o‘sha davrda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan magnitosriksion filtrlarni tadqiq etish ustida («Rubin» — mavzusi bo‘yicha) ish olib bordi.

Ilmiy ishlar olib borishda Radiotexnika va Radioaloqa, Radioaloqa qurilmalari, Radioeshittirish hamda Televideniya, Aloqa korxonalari elektr ta’minoti, Fizika, Elektr zanjirlar nazariyasi, Telematika tizimlari, Telekommunikatsiya uzatish tizimlari, Telekommunikatsiya tarmoqlari va kommutatsiya tizimlari, Antenna-fider qurilmalari hamda Aloqa liniyalari kafedralari faol qatnashdilar. Ilmiy ishlarga akademiklar A. A. Abdullayev, T. D. Radjabov, professorlar: S. N. Kolesov, V. V. Yakovlev, dotsentlar M. N. Aripov, Sh. Z. Tadjibayev, I. R. Berganov, M. G. Vasilyeva, O. A. Abduazizov, M. Sh. Zohidov, B. M. Son, E. X. Allayev, E. A. Li, T. B. Bezkakotova, R. B. Soliyeva, A. D. Kropovnitskiy va boshqalar ishtirok etdilar. Kafedralar bajargan ish hajmi katta mablag‘ni tashkil etdi. O‘tgan asr yetmishinchi yillarining oxirida ilmiy-tekshirish tadqiqotlari labo-ratoriyalarida asosiy ishchi-xodimlar soni 170 nafarga va o‘rindoshlik asosida ishlayotgan professor-o‘qituvchilar soni 135 nafarga yetdi. Mazkur ilmiy ishlarni olib borishda yuqori kurs talabalari ham faol qatnashganlar, olingan natijalar asosida ilmiy maqolalar chop etilgan.

tuit_19_12_2014_2

O‘sha davrda amalga oshirilgan ilmiy ishlar: optik elektronika elementlarini tahlil etish; qisqa to‘lqinli diapazon radiokanallarida signal fazasi o‘zgarishini tekshirish va tahlil etish; qurilish maydonlarida dispetcherlik aloqasini tashkil etish; EHM’ga telefon kanallari orqali axborotlarni kiritish; aloqa tizimlari barqarorligini tadqiq etish; zaryad orqali aloqa yarim o‘tkazgich asboblarini tahlil qilish va ular asosida uzatish kamerasi, elektron mikroskop yaratishga bag‘ishlangandi.

O‘zbekistonimizning issiq sharoitlarida qishloq aloqa tarmoqlarida, jumladan, foydalaniladigan kabellar parametrlari stabilligini tadqiq etish uchun institut Xondayliq o‘quv sog‘lomlashtirish bazasining maxsus poligonida ilmiy-tekshirish, o‘lchov ishlari olib borildi. Bu ishlarga 1976–1984 yillarda kafedraga mudirlik qilgan E. A. Li ilmiy rahbarlik qildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasi aloqa korxonalari va ishlab chiqarish korxonalari ham jalb etilgan. O‘tgan davrda bajarilgan ishlar natijasida 11ta monografiya, 850tadan ortiq ilmiy maqola chop etilgan va bir necha nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. 1997-yilda institutda «Zaryad orqali aloqa yarim o‘tkazgich asboblarini tahlil qilish va ulardan foydalanish» mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya tashkil etildi va o‘tkazildi.

Institut professor o‘qituvchilari, ilmiy-texnik xodimlari tomonidan o‘tgan yillar mobaynida quyidagi mavzularda ish olib borilgan:

  • aloqaning avtomatlashgan tizimlarini yaratish;
  • shahar telefon tarmog‘i abonent kanallarini doimiy nazorat qilish va ularning ishlash sifatini oshirish;
  • aloqa tizimi va qurilmalarining Markaziy Osiyo sharoitida barqaror ishlashini tahlil etish va tegishli tavsiyalar yaratish;
  • zaryad orqali aloqa yarim o‘tkazich asboblari asosida televizion uzatish kameralari va elektron mikroskop yaratish muammolari;
  • radiouzatgichlar uchun yuqori chastotada kalit rejimida ishlovchi generatorlarni tadqiq etish;
  • optik tolali aloqa liniyalari ish holatini Markaziy Osiyo sharoitida tekshirish va tavsiya berish;
  • ko‘p kanalli magistral analog aloqa tizimlari orqali raqamli signallarni uzatish tizimini yaratish va uni sohaga tatbiq etish va boshqalar.

Xo‘jalik shartnomasi asosida olib borilgan ilmiy-tekshirish tadqiqotlari Moskva, Sankt-Peterburg, Kaluga, Nijniy-Novgorod, Voronej shaharlaridagi yirik ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari bilan tuzilgan bo‘lib, natijalari xalq xo‘jaligining tegishli sohalarida ishlab chiqarishga qabul qilingan. Talabalar ilmiy-tekshirish laboratoriyalaridan tashqari, talabalar konstruktorlik byurosi (1965-yilda tashkil etilgan)da o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda izlanishlar olib borishlari maqsadida va turli radioelektron qurilmalar yaratishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Unga katta ilmiy, ishlab chiqarish va konstruktorlik tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar rahbarlik qilganlar.

O‘tgan asr 70-yillarida institut Respublikada eng nufuzli institutlardan biri bo‘lib hisoblanardi. Bu davrga kelib, ta’lim muassasasida o‘quv ishlari jarayonlaridagi ishlari bilan bir qatorda, o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lib hisoblangan ilmiy-tadqiqot ishlari ham yo‘lga qo‘yildi va tanlangan mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar amalga oshirishda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishildi. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarining birinchi yarmida, universitetda barcha mutaxassislik kafedralarida o‘quv mashg‘ulotlari va ilmiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi 212 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritardi. Jami 3 nafar fan doktori, professor; 44 fan nomzodi, dotsentlar, 81 katta o‘qituvchi va 131 nafar assistent va ilmiy-texnik xodim faoliyat yuritardi. Ulardan tashqari, ilmiy-tekshirish tadqiqotlari laboratoriyalarida 97 nafar ilmiy xodim ishlardi. 1975-yilga kelib, institut professor-o‘qi-tuvchilari safidagi ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lganlar soni 80 nafardan va 1980-yilda esa 100dan oshdi. Barcha mutaxassislik kafedralarida kamida 3–4 nafar fan nomzodlari mashg‘ulotlar hamda ilmiy izlanish ishlarini olib bordilar.

Institut 1976-yildan boshlab «Aloqa korxonalarini qurish va montaj qilish» mutaxassisligi bo‘yicha injenerlar tayyorlay boshladi. Bu mutaxassislarni tayyorlash va uni tashkil etish asosan aloqa liniyalari kafedrasiga topshirildi. Kafedra qisqa davr ichida mazkur mutaxassislik uchun o‘quv poligonini tashkil etib, tegishli texnika va qismlar bilan jihozlandi. Optik tolali kabellarni o‘lchash va montaj qilish uchun maxsus laboratoriya tashkil etildi. O‘tgan asr saksoninchi yillarida, yuqorida aytib o‘tilgan bir qator o‘quv-uslubiy va tashkiliy ishlar qatorida, talabalar diplom loyihalari mavzusi, mazmuniga, sifatini yanada oshirishga ishlab chiqarish korxonalari taklif etgan mavzularda, loyihalarning bir qismi yaratilgan real maketlar bilan himoyaga taqdim etishga, diplom loyihalarda EHM’dan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

tuit_19_12_2014_3

Institut professor-o‘qituvchilari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri talabalarga zamonaviy va kelajak aloqa, radioelektronika qurilmalari haqida chuqur bilim berish ekanligi, ular o‘quv uslubiy ishlarini ilmiy ishlar bilan birgalikda olib borishlarini taqozo etardi. Buning uchun har bir kafedrada, ayniqsa, umumtexnik va mutaxas-sislik kafedralarida davlat byudjeti va xo‘jalik shartnomasi asosida olib boriladigan ilmiy ishlar samaradorligini oshirish uchun, uni qayta tashkil etish kerakligi institut rahbariyati tomonidan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi natijasida bu yillarda ilmiy-tekshirish ishlarini olib borish yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Institut kafedralari qoshida 17ta ilmiy-tekshirish laboratoriyalari birinchi navbatda, aloqa sohasi yangi texnikasi avlodini yaratish, ular haqida amaliy va nazariy tadqiqotlar olib borish, bundan tashqari, xalq xo‘jaligining boshqa sohalari uchun dolzarb qurilmalar yaratish, tajriba konstruktorlik ishlarini amalga oshirish ustida tinmay ishladilar.

Ilmiy ishlarni qayta va yangidan tashkil etishda institutning ilmiy ishlari bo‘yicha prorektorlari professor T. S. Yo‘ldoshboyev, M. S. Yunusov (har ikkisi ham institutda ishlash davrida O‘zFA akademigi etib saylangan), M. N. Aripovlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Shu davrlarda davom ettirilgan va yangidan olib borilgan ishlar ro‘yxatida quyidagilarni alohida ko‘rsatish dozim:

Akademik D. A. Abdullayev ilmiy rahbarligi ostida bir guruh o‘qituvchi-ilmiy izlanuvchilar: signallarni raqamli qayta ishlash va uzatish; optik tolali kabel orqali raqamli signallar uzatish tizimlari va qurilmalari turli ko‘rsatkichlarini o‘lchash, tadqiq qilish, ulardan foydalanish uchun tavsiyalar yaratish ustida ish olib bordilar.

Ikkinchi guruh mazkur taniqli olim rahbarligida Amudaryo va Sirdaryo suv havzalarini boshqarish uchun axborotlarni avtomatik yig‘ish, qayta ishlash va uzatish tizimi, Orol atrofining ekologik holatini nazorat qilish muammolari bilan shug‘ullandilar. Bu ishni amalga oshirishda sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa tizimi va tarmoqlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqligi alohida asosiy xulosa shaklida tavsiya etilgan. Bu ishlar sobiq ittifoq suv xo‘jaligi vazirligi uchun xo‘jalik shartnomasi asosida bajarildi. Ushbu olib birilgan ishlar asosida V. Smorshevskiy, U. Amirsaidov, I. Levental, R. Arslonov nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar.

1986-yilda Sank-Peterburg davlat telekommunikatsiya universiteti (avvalgi ЛЭАИ) ilmiy kengashida institutni 1960-yilda birinchilar qatorida tugatgan M. N. Aripov o‘zining uzoq yillar davomida, sinchkovlik bilan olib borgan nostatsionar guruhlanuvchi halaqitlar ta’siridagi aloqa kanallari orqali axborotlar uzatish ishonchliligini oshirish masalalarini o‘rganish va tadqiq etish uslublariga bag‘ishlangan natijalar asosida texnika fanlari doktorligi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi. U bundan tashqari, 1981–1988 yillarda ikkita monografiya chop etdi va to‘rtta darslik va o‘quv qo‘llanmasiga ham mualiflik qildi. Mazkur kitoblardan uchtasi «Радио и связь», yana uchtasi O‘zFA «Fan» nashriyotlari tomonidan chop etildi. Uning rahbarligida va yordamida kafedra o‘qituvchilaridan M. B. Asqarova, M. I. Djalilov, Sh. Z. Yunusov, M. Z. Yakubova, Z. B. Tukubayev, E. D. Bo‘chkovlar nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar.

Bu davrlarda V. M. Son optik signallarni uzatish tizimlari modellini yaratish; kommutatsiya maydonining ishlash jarayonini immitatsiya yordamida modellash va algoritmlash nazariyasini yaratish ustida katta ilmiy izlanishlar olib bordi. Ushbu ilmiy ish avtomatik kommutatsiya texnikasida yangi yo‘nalish sifatida tan olingan. Ko‘p kanalli aloqa kafedrasi o‘qituvchi va ilmiy xodimlari optik tolali magistral aloqa liniyalari uchun telenazorat va teleboshqaruv tizimini yaratdi va sobiq butunittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining to‘liq medallar majmuasi bilan mukofоtlandi. Bu ishning asosiy bajaruvchisi va mas’ul R. I. Isayev edi. Kafedrada olib borgan ilmiy ishlar natijasida B. M. Mahkamjonov va S. N. Ursovlar nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar.

Тelevideniye va radioeshittirish kafedrasida ikki asosiy yo‘nalishda ilmiy-tekshirish tadqiqot ishlari olib borildi. Birinchi yo‘nalishda Sh. Z. Tojiboyev yetmishinchi yillardan boshlab olib borilgan ishlari natijasida rangli televizion mikroskop va rangli televizion kamera yaratdi. Ushbu yaratilgan elektron mikroskop mikromahsulotlar, materiallarni tekshirish va tadqiq etishda; astronomiya, biologiya, tibbiyot, elektron asboblar (mikrosxemalar) ishlab chiqarishda qo‘llashga mo‘ljallangan. Ushbu qurilma ham ko‘rgazmada namoyish etilib, oltin medalga sazovor bo‘lgan.

Ikkinchi yo‘nalishda akademik D. A. Abdullayev ilmiy rahbarligida Radioeshittirish va Televideniya kafedrasi mudiri (1980–2000 yillar) dotsent, Yu. S. Sagdullayev. 1983–1991 yillarda Kosmik apparatlarni yaqinlashtirish, bir-biriga qo‘shish jarayonida ularning nisbiy harakatini TV tasvirlar yordamida nazorat qilish va o‘lchash mavzusida ilmiy izlanish olib bordi. Ushbu ish natijasi va namunaviy qurilmasi (AIST-1, AIST-2m, AIST-3, AIST-4 shartli nom qurilmasi)dan Kosmosga uchishlarni boshqarish markazi (ЦУП) tomonidan «Союз», «Прогрeсс», «Мир» kosmik apparatlarini (KA) yaqinlashtirishda va bir-biriga qo‘shishda amaliy foydalanilgan.

Akademik D. A. Abdullayev ushbu olib borilgan ilmiy ish natijasida S. P. Korolev medali va Yu. Gagarin diplomi bilan taqdirlandi. Yu. S. Sagdullayev o‘z ilmiy izlanishlari natijasini 1991-yilda Kosmik tadqiqotlar instituti (ИКИ)da doktorlik ishi sifatida himoya qildi. Har ikkala olib borilgan ilmiy ishlar (natijasi sifatida mahsuloti) asosida uchta monografiya chop etildi. Radiotexnika va radioaloqa kafedrasida ham aloqa sohasi uchun muhim ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borildi. O. A. Abduazizov ilmiy rahbarligida dotsent, M. A. Mendelson, V. I. Lyutin va boshqalar Sank-Peterburgdagi «Dalnaya svyaz» IIChB bilan 1977–1989 yillarda xo‘jalik shartnomasi asosida analog signallar uzatish uchun mo‘ljallangan magistral ko‘p kanalli aloqa tizimlari orqali signallarni raqamli shaklda uzatish qurilmalarini yaratish, kabellar asosiy xarakteristikalariga tuzatishlar (korreksiya) kiritish va optimallashtirish (mutanosiblash) tadqiqot va tajribaviy konstruktorlik ishlari olib borildi. Ushbu ish natijalaridan K-3600, K-5400 va K-10800 ko‘p kanalli aloqa qurilmalari va tizimlari yaratishda foydalanildi va markaziy ilmiy-texnik jurnallarda maqolalar chop etildi. Kafedra mudiri A. D. Kropivnitskiy (1978–1993 yil) rahbarligidagi ilmiy-tekshirish laboratoriyasida axborotlarni yassi ekranlarda aks ettirish qurilmalarini yaratish ustida ish olib borildi.

Institutning Aloqa korxonalari elektr ta’minoti qurilmalari kafedrasida, kafedra mudirlari Yu. I. Kopnin (1975–1985 yillar) va I. A. Kildeyev (1986–2001) rahbarligida xalq xo‘jaligi va aloqa sohasiga bog‘liq ilmiy ishlar olib borildi. Bulardan biri dotsent, Yu. S. Risin tomonidan aloqa sohasi turli korxonalari uchun ish joylaridagi shovqinlarni tadqiq etish va ishchi-xodimlar faoliyati uchun xavfli bo‘lmagan shovqin sathi standartlariga kiritish uchun tavsiyalar berishga bag‘ishlandi. Ish natijalari ushbu muammoga tegishli davlat standartiga asos qilib olingan. Bundan tashqari, ish natijalari o‘quv qo‘llanmasi shaklida chop etildi. O‘tgan asr saksoninchi yillarida olib borilgan ilmiy ishlar natijasida sakkizta doktorlik va 40dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Shu davrda 100ga yaqin ixtirolar uchun mualliflik guvohnomalari olindi, 21ta monografiya va ilmiy to‘plamlar chop etildi. 1000dan ortiq ilmiy maqolalar turli jurnal hamda to‘plamlarda e’lon qilindi. O‘tgan davr mobaynida institutda, muntazam ravishda, professor-o‘qituvchilar ilmiy-texnik va ilmiy-uslubiy, talabalar ilmiy-texnik konferensiyalari va boshqa mavzularda ilmiy-anjumanlar o‘tkazish an’ana bo‘lib qoldi. 1980-yilda institutda 4 fan doktori va 99 nafar fan nomzodlari faoliyat olib borgan bo‘lsalar, 1990-yilga kelib, institutda 10 nafar fan doktori va 132 fan nomzodlari talabalarga turli fanlardan saboq berdilar.

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq — 1991-yildan universitetda aspirantura bo‘limi o‘z faoliyatini boshladi. Unda beshta ixtisoslik bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga kirishildi Universitetda nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash tashkil etilgan va o‘z faoliyatini muvaffaqiyat bilan davom ettira boshladi. Universitetda ilmiy-tadqiqot ishlarini bozor iqtisodiyoti sharoitini e’tiborga olgan holda tashkil etish va olib borish, oliy ta’limning qisman to‘lov-shartnoma asosida tashkil etilishi kabi masalalarga bag‘ishlangan mavzularida ilmiy-uslubiy konferensiyalar o‘tkazildi. Konferensiyalardagi ma’ruzalar va kiritilgan takliflar asosida talabalarga fanlardan chuqur bilim berish, ularni soha talabiga javob beradigan darajada tayyorlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi va qisman amalga oshirishga erishildi. 1991–1999 yillar davomida universitet professor-o‘qituvchilar universitetda va respublikada o‘tkazilgan ilmiy-texnik va ilmiy-uslubiy konferensiyalarda faol qatnashdilar. Ushbu konferensiyalarda qilingan ma’ruzalar matni to‘plam shaklida nashr etilib borildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yil 30-maydagi PF-385 sonli Farmoniga muvofiq, Toshkent aloqa elektrotexnika instituti Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga aylantirildi va universitetga axborot texnologiyalari bo‘yicha zamon talabiga javob beradigan yetuk mutaxassislarni ham tayyorlash vazifasi topshirildi. 2005-yilga kelib, Universitet o‘z 50 yillik qutlug‘ to‘yini nishonlashi arafasida mazkur ta’lim muassasasi bitiruvchilaridan 10dan ortiq doktorlik dissertatsiyalarini va 150ga yaqin nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan olimlar ro‘yxati shakllantirilgandi. Hozirgi kunda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ilmiy-tadqiqot izlanishlarini tiklash va ularni innavatsion yechimlarini topish maqsadida, 2014-yil sentabr oyida Universitetda 7ta ilmiy-tadqiqot lobaratoriyalari tashkil etildi. Bular: «Algoritimlash va dasturlash», «Ochiq kodli dasturlash ta’minoti», «Optik-tolali texnalogiyalar», «Raqamli televideniya», «Signallarni qayta ishlash apparat-dasturiy vositalari», «Ma’lumotlarni intellektual tahlili» hamda « Optik tolalali aloqa tizimida axborotlarni qayta ishlash» ilmiy-tadqiqot laboratoriyalaridir. Mazkur laboratoriyalarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlanishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining (FTRMQ) 8ta umumiy 227,01 mln. so‘mlik fundamental, 22ta umumiy 813,47 mln. so‘mlik amaliy hamda 4ta 60 mln. so‘mlik yosh olimlar ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tasarrufidagi tashkilotlar va boshqa korxonalar bilan 26ta umumiy 1193,53 mln. so‘mlik xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuni takidlab o‘tish lozimki, yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish maqsadida, universitet magistrantlari va talabalari uchun «Yangi g‘oya. Investitsiya. Innovatsiya» loyihalar tanlovi asosida 5ta talabalar umumiy miqdori 27 mln. so‘mlik loyihalarni amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2012-yil 24 iyuldagi PF-4456-sonli Farmoniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-sonli «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asoslan holda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda 12 nafar doktorant 3-bosqichda hamda 8 nafar doktorant 1-bosqichda ilmiy izlanish ishlarini olib bormoqda.

2014-yilda 2ta mustaqil tadqiqotchilar (A. Indiaminov, A. Axatov) dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Hozirda esa 4ta mustaqil tadqiqotchilar (I. Sidiqov, F. Nuraliyev, B. Rahimov va S. Beknazarova) dastlabki dissertatsiya ishlarini O‘zR VM huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etish jarayonida. 2015-yilga esa mustaqil tadqiqotchilar 12 nafar doktorant doktorlik dissertatsiyasi ishlari bilan himoyaga chiqishlari rejalashtirilgan.

Hozirgi davrda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchi xodimlari, olimlari oldida bir qator dolzarb masalalar o‘z yechimini kutmoqda. Shu munosabat bilan kelgusi ilmiy faoliyatimizda amalga oshirish uchun quyidagi vazifalarni rejalashtirganmiz:

  • universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini kamida 30–32 foizga yetkazish;
  • magistrantlari va talabalari uchun «Yangi g‘oya. Investitsiya. Innovatsiya» loyihalar tanlovida loyihalar soni va mablag‘larini 2 barobarga oshirish;
  • magistrlik dissertatsiyasi va bitiruv malakaviy ishlarining mavzularini 80 foizdan kam bo‘lmagan ulushini soha korxonalari muammolariga qaratish;
  • tashkil etilgan ilmiy maktablarning ish faoliyatini yanada takomillashtirish;
  • ilmiy-tadqiqot loyihalarini sifat va son jihatdan ulushini oshirish;
  • yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish maqsadida ilmiy seminarlar, anjumanlar va tanlovlarni tashkil etish;
  • respublika miqyosida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda munosib ishlanmalar bilan ishtirok etish;
  • xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalarida ishtiroklarni jadallashtirish;
  • milliy dasturiy mahsulotlarni jahon miqyosida raqobatbardoshligini oshirish va apparat-dasturiy vositalar bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lish.

Xulosa qilib aytganda, Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori iqtidorli va izlanuvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarishga oid ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, mustaqil ijodiy tafakkurini muttasil tarzda rivojlantirib borishning yangi istiqbollarini belgilab berdi. Mamlakatimizda fan va innovatsion texnologiyalarga oid ishlarni muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish, iqtidorli talaba, yosh olimlar bilan ishlash tizimini bugungi davr ruhi bilan hamohang tarzda yo‘lga qo‘yish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu imkoniyatlarni e’tiborga olib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchi xodimlari, olimlari ham mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida, o‘z ilmiy g‘oyalarini katta muvaffaqiyatlarga aylantirish maqsadida intilaveradilar.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq