Тоshkent viloyatida zamonaviy AKT rivojiga e’tibor
26.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Xursan Yuldoshev.

tosh_26_11_2014

Bugungi kunda, dunyoda shiddat bilan kechayotgan globallashuv sharoitida jadal taraqqiy etib borayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasining ham rivojiga alohida e’tibor qaratayotganligi davr talabidir. Mustaqillik yillarida yaratilgan keng huquqiy poydevor mamlakatimizda siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tezkor sur’atlarda rivojlanishi uchun qulay imkoniyat yaratildi. Bu borada eng avvalo, O‘zbekistonda mazkur sohani tartibga soluvchi mukammal qonunchilik bazasi yaratilganini alohida ta’kidlash joiz.

Darhaqiqat, hozirgi davrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali uzatiladigan axborot jamiyat rivojining eng muhim shartlaridan biri bo‘lib qoldi. U ishlab chiqarish resursi, insonlarora aloqani ta’minlovchi qudratli vositaga aylandi. Shu bois, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jarayoni izchil tarzda davom etib kelmoqda. Shu asnoda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, umuman, jamiyatning axborot uzatish tezligi hamda sifatiga bo‘lgan talablari kun sayin ortib bormoqda.

tosh_26_11_2014_1

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 355-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti yangi www.toshvil.uz va mobil versiyasi www.m.toshvil.uz ko‘rinishida ishga tushirildi. Veb-sayt orqali Hukumatimiz va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, viloyat hokimligi tuzilmasi, vazifalari, majburiyatlari, rekvizitlari, rahbariyati to‘g‘risidagi axborotlar berib borilmoqda. Bulardan tashqari, fuqarolarni qabul qilish tartibi, qabul kunlari, ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati va xizmat ko‘rsatish tartibi, rasmiy tadbirlar (majlis, anjuman, seminar, uchrashuv va boshqalar) tafsiloti bilan bevosita tanishish mumkin.

tosh_26_11_2014_2

Shahar va tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlarini o‘z ichiga olgan Toshkent viloyati saytida (www.toshvil.uz) viloyat va mamlakatimiz hayotiga oid tezkor yangilik va o‘zgarishlardan xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan. Jumladan, «Angren» maxsus industrial zonasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot, viloyatning investitsiya va eksport-import salohiyati, bu yerdagi yirik ishlab chiqarish obyektlari, namunaviy uy-joylar, ziyoratgohlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat hamda istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, mehmonxonalar, ishonch telefonlari haqida ma’lumotlar jamlangan. Mazkur veb-saytning o‘rnatilgan yangi talablar asosida takomillashtirilganligi, interaktiv davlat xizmatlari turini ko‘paytirilganligi va ma’lumotlar bazasini kengaytirilganligi hamda o‘ziga xos oydinlik holati yuzaga keltirilganligi unga murojat etuvchilar sonining keskin ortishiga olib keldi.

Hozirga kelib, saytda 12ta interaktiv davlat xizmatlari hamda hokimliklar tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan 32ta qo‘shimcha interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.

tosh_26_11_2014_3

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 355-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Nis.uz portali markaz tomonidan ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘ldi-rilmoqda. Ushbu portalga kiritib borilayotgan ma’lumotlar «Elektron hukumat markazi» tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, hozirda «Elektron hukumat markazi» bilan o‘zaro hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. 2014-yil 1-oktabr holatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash reyting natijalariga ko‘ra, viloyat hokimligining umumiy ko‘rsatkichi 74,95 foizni tashkil etib, Respublika miqyosida davlat boshqaruv organlari bilan solishtirilganda 2-o‘rinni egalladi.

tosh_26_11_2014_4

O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining Toshkent viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi hamda Toshkent viloyati hududlaridagi gazeta va jurnal tahririyatlari uchun «uz» domenida yaratilgan «umail.uz» hamda «inbox.uz» pochta tizimlaridan elektron pochta manzillari ishga tushirildi. Tadbirkorlik subyektlariga qator qulayliklar yaratish maqsadida, Toshkent viloyatidagi barcha shahar va tuman hokimliklari qoshidagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari internet tarmog‘iga ulandi hamda tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari Internet orqali onlayn tarzda amalga oshirila boshlandi. Toshkent viloyati hokimligining markaziy apparati, shahar va tuman hokimliklarida ishlovchi barcha xodimlar 100 foiz kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Bugunga kelib, hujjat almashinuv tizimini yo‘lga qo‘yish hamda qog‘oz sarf-xarajatini kamaytirish maqsadida, lokal va korporativ tarmoqlar tashkil etilgan va «E-Xat» himoyalangan elektron pochta orqali ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan hamda Toshkent viloyati hokimligi markaziy apparati, shahar va tuman hokimliklari hamda Toshkent viloyati boshqarmalarining barchasiga Korporativ boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi (KBAT) o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Xodimlarning ish sur’atini oshirish maqsadida yangi axborot tizimlaridan «Cadry 5L» (Kadrlar bazasi), «SMS» (Xodimlarga dastur orqali xabar yuborish), «Ijro nazorati», «Yurida» (Qabul qilingan huquqiy-normativ hujjatlarning bazasi), «Yurida orfo» (Matndagi xatolarni to‘g‘rilaydigan dastur) axborot tizimlari joriy etildi.

tosh_26_11_2014_5

Toshkent viloyatida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish hamda istiqbolli yoshlarga qulayliklar yaratish maqsadida, Samsung Electronics Co.LTD kompaniyasi tomonidan Angren shahrida «Samsung Smart School» dasturi ishga tushirildi. Koreyaning O‘zbekistondagi «Samsung Electronics» vakolatxonasi boshlig‘i va ushbu vakolatxona «Telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari mahsulotlarini rivojlantirish» yo‘nalishi direktori tomonidan Angren shahar 34-sonli bolalar internati tarbiyalanuvchilari uchun homiylik asosida o‘quv xonasini katta hajmdagi televizor, o‘zaro maxsus Wi-Fi lokal tarmog‘i dasturiy ta’minoti bilan bog‘langan 20 dona planshet, interaktiv doska, printerlar hamda 20 dona dars stol va stullari bilan to‘liq jihozlandi. «Samsung Smart School» dasturi namunaviy ko‘rinishda, Respublikamizda birinchilardan bo‘lib, Toshkent viloyatida tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2014-yil 10-sentabrdagi 219-F-sonli farmoyishi bilan Toshkent viloyati Quyi Chirchiq transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji ta’lim sifatini yaxshilash yo‘lida, o‘quv auditoriya va laboratoriya xonalarini hamda ishlab chiqarish ustaxonalari zarur anjomlar bilan jihozlandi. Kasb-hunar kolleji kompyuter tizimlarini sozlash texnik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv laboratoriyasiga «Uzinfocom» DUK tomonidan 15 dona zamonaviy kompyuterlar texnikalari xarid qilindi va o‘rnatildi. «O‘zbektelekom» AK «Biznesni rivojlantirish markazi» va Toshkent filiallari tomonidan kollej hududigacha 4,1 km optik tolali aloqa kabeli tortildi, internet tarmog‘ining sifati yaxshilandi hamda simsiz Wi-Fi tarmog‘i tashkil etildi va «ZiyoNET» milliy axborot tarmog‘iga ulandi. Kompyuterning ichki tizimlarini namoyish etadigan 2ta osma stendlar tayyorlanib, o‘quv xonalariga joylashtirildi. Laboratoriya xonasiga o‘quv jarayonida foydalanish uchun maxsus anjomlar jamlanmasi olib berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan kollejning 7 nafar iqtidorli o‘quvchilari «Samsung Galaxy Tab 4» planshetlari bilan taqdirlandilar.

tosh_26_11_2014_6

TATU hamda Quyi-Chirchiq transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘rtasida amalga oshiriladigan qo‘shma tadbirlar rejasiga muvofiq kollejning o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining salohiyati test-sinovidan o‘tkazildi. Yuqori ko‘rsatkichga erishgan 8 nafar kollej o‘qituvchilari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim jarayonini tashkil etish yo‘nalishida 5 kunlik o‘quv-trening o‘tkazildi.

tosh_26_11_2014_8

Bugungi kunda Toshkent viloyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bilan birga, mobil aloqa tizimini ham rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilning 17-oktabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida «COSCOM» xorijiy korxonasining «Ucell» savdo belgisi ostida yangi sotuvlar ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ochilish marosimida «COSCOM» Xorijiy korxonasi Bosh direktori Tonu Gryunberg, Olmaliq shahar hokimi o‘rinbosari N. Qudusov, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi, ommaviy axborot vositalari hamda Olmaliq shahar aholisi ishtirok etdi. Tadbirda yangi ofisning ochilishi munosabati bilan o‘z hisob-raqamini 5000 so‘mga to‘ldirgan va yangi ulangan mijozlar uchun «Scate Aqua» telefonlari, internet modemlari va qimmatbaho esdalik sovg‘alaridan iborat yutuqli lotereya o‘yinlari tashkil etildi.

tosh_26_11_2014_7

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-sentabrdagi «2013–2015 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi 259-sonli qarori ijrosi yuzasidan «O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filiali tomonidan Bo‘stonliq tumani Chorvoq va Chimyon hududlaridagi «Vacation in Mountain», «Edelwise» dam olish maskanlariga tashrif buyuruvchi aholi va sayyohlar uchun Wi-Fi zonalari tashkil qilindi. Parkent tumanidagi «Parkent», «Quyosh fizikasi» va Angren shahridagi «Angren» baza stansiyalari EV-DO texnologiyasi asosida qayta takomillashtirildi. Toshkent viloyatiga sayyohlarni jalb qilish maqsadida, www.tashregion.zn.uz veb-sahifasi yaratildi. Bugungi kunda ushbu veb-sahifa orqali Toshkent viloyatining ziyoratgoh va dam olish hududlari bo‘yicha ma’lumotlar keng yoritilib borilmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatining yirik sanoat korxonalarida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish yo‘lida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

  • «Toshkentpaxtasanoat» XABda «FidoDocflow» devonxona axborot tizimi, «Paxta» kompleks dasturi monitoring tizimi hamda IP-telefoniya tizimlari joriy etildi va hududlar bilan masofaviy yig‘ilishlar o‘tkazish maqsadida videoselektor tizimi ishga tushirildi;
  • «O‘zbekiston qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli metallar kombinati» OAJda ichki foydalanish uchun ma’lumotlar bazasi (kutubxona) yaratildi;
  • «O‘zmetkombinat» OAJ’da elektron hujjat aylanish tizimiga, normativ hujjatlar, ma’lumotlar bazasiga ulanish maqsadida xodimlar zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlandi, 17 km optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi va aloqa tezligi yuqori ko‘rsatgichga yetkazildi;
  • «O‘zmetkombinat» OAJ tomonidan AKT boshqarmasining 2 nafar xodimi 2014-yilning 1-choragida «Elektron hukumat», bir xodim «E-Government Standart Framework Center National Information Society Agency» kurslari bo‘yicha malaka oshirdilar;
  • Toshkent viloyati «Qishloqxo‘jalikkimyo» XAJ’da lokal tarmoq yaratildi va kompyuter texnikalarining barchasi ushbu lokal tarmoqqa ulandi;
  • Toshkent viloyati O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan 128ta ta’lim muassasalarini «E-Xat» himoyalangan elektron pochtasiga ulash bo‘yicha shartnomalar imzolagan hamda 66ta ta’lim muassasalari mazkur himoyalangan elektron pochtaga ulangan.

tosh_26_11_2014_9

Shu asosda, bosqichma-bosqich ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faoliyatning barcha sohalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tashkil etilishi, takomillashtirilishi va rivojlantirilishi, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va resurslari, maxsus dasturiy ta’minotlarining yaratilishi va ularning o‘zaro integratsiyasini tashkil etish, interaktiv davlat xizmatlarini keng miqyosda ko‘rsatilishini ta’minlash orqali «Elektron hukumat»ga o‘tish jarayoni kengaytirilib, poydevorlari mustahkamlanmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq