Та’lim muassasasi — ma’naviyat targ‘iboti maskani
26.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: E’zoza Karimova.

tal_26_11_2014

Mаmlakatimizda yoshlarga, ularning kelajagiga doim alohida e’tibor qaratilib kelinadi, bu bejiz emas, albatta. Oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Bu – xalqimiz tomonidan o‘z yetakchisi, Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilishi shart va zarur bo‘lgan vazifalardir. Chunki kelajak – yoshlar qo‘lida. Zero, ajdodlardan meros xalqimiz ruhiyatini avlodlarga yetkazib beruvchilar ham, shu yurtga egalik qiluvchilar ham o‘zimizning yoshlarimizdir. Yoshlar — millat ishonchi, yurt ertasi, kelajak egalari.

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Zamon talabiga javob beradigan ilmli mutaxassislar tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar muhayyo qilindi va bu borada ishlar olib borilmoqda. Albatta, bilimdon, o‘z salohiyati va fikriga tayanib, mustaqil fikrlaydigan yoshlarimiz — ertangi kun vorislarimiz hisoblanadi.

Mamlakatimizda ma’nan yetuk va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ma’lumki, talabalarning zamon talabiga mos mutaxassis sifatida shakllanishi va kelgusidagi muvaffaqiyati, ularning har tomonlama kamol topishi ko‘p jihatdan o‘zlashtirgan bilimlarining sifati hamda ma’naviy muhitga bog‘liq.

tal_26_11_2014_1

Respublikamizda mustaqillik yillarida amalga oshiralayotgan keng ko‘lamdagi ijobiy ishlar, davlatimiz siyosatini o‘rganish, mazmunini talabalarga tushuntirish, ular dunyoqarashini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’limning tarbiya bilan uyg‘unlikda olib borilishiga katta e’tibor qaratilgan. Bu esa talabalarning ma’naviy-axloqiy va umumiy madaniy saviyasini oshirishlariga asos bo‘ladi.

Universitetda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirish, ta’limning tarbiya bilan uyg‘unligini ta’minlash borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida 1997-yildan buyon Ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi faoliyat yuritadi.

tal_26_11_2014_2

Universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 14-iyuldagi «Ma’naviy — ma’rifiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori, ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida «O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari» mavzusidagi ma’ruzasida, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirlik hay’ati qarori va Vazir buyruqlari, Oliy Majlis IX sessiyasida qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dastur» (1997-yil 27-avgust), «2013-yil — Barkamol avlod yili», «2014-yil — Sog‘lom bola yili» davlat dasturlari mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarni hayotga tatbiq qilish borasida faoliyat olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis ses-siyalari va hukumat yig‘ilishlaridagi ma’ruzalari, OAV’dagi chiqishlari, xalqaro anjumanlardagi nutqlari hamda ulardan kelib chiqadigan vazifalarni talaba-yoshlar, shuningdek, keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib-tashviq qilish hamda chuqur o‘rganish masalalariga keng o‘rin berilgan.

O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining farmon va buyruqlarida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ma’naviy axloqiy tarbiya ishlari o‘quv yili bo‘yicha tuzilgan ish rejasi asosida amalga oshirilib kelinadi. Universitetda har bir o‘quv yili uchun alohida ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-tarbiyaviy ishlar(MATI) rejasi tuzilib, Birlashgan Kasaba uyushma qo‘mitasi (BKUQ) bilan kelishilgan holda universitet rektori tomonidan o‘quv yilining boshida tasdiqlanadi. Ushbu umumiy tadbirlar rejasi asosida universitetdagi mavjud 6ta fakultetda ham fakultet miqyosida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-tarbiyaviy ishlar rejalari tuzilib, universitet MATI prorektori va fakultet dekani tomonidan tasdiqlanadi.

tal_26_11_2014_3

2013–2014 o‘quv yilida universitetda bevosita ma’naviy-ma’rifiy faoliyatga mo‘ljallangan reja 11 bo‘lim, 63 banddan iborat. Universitetda ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida, rektor raisligida Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tuzilgan. Kengash chorakda bir marta yig‘ilib, olib borilgan ishlar mazmuni va ahamiyatini tahlil qiladi, kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar hamda vazifalar haqida kelishib olinadi.

Umumiy tadbirlar rejasi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirishga doir tashkiliy masalalar, talabalarning siyosiy va huquqiy ongini hamda madaniyatini yanada yuksaltirish borasida o‘tkaziladigan tadbirlar, g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar, tarixiy sanalar, milliy bayramlar va buyuk ajdodlarimiz tavalludini nishonlashga doir o‘tkaziladigan tadbirlar, talabalarning badiiy, estetik ongini shakllantirish, mumtoz va zamonaviy san’at durdonalari bilan tanishtirishga doir olib boriladigan ishlar, talabalarda sog‘lom turmush tarzi hamda falsafasini shakllantirish, ularni sport-sog‘lomlashtirish ishlariga jalb etish borasida bajariladigan tadbirlar, talaba yoshlar o‘rtasida, qonunbuzarlikning oldini olish borasida bajariladigan tadbirlar kabi alohida ruknlarga bo‘lingan holda tuzilgan.

tal_26_11_2014_4

Universitetdagi ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida oyda ikki marta universitet rektorining, 6ta fakultetda ham chorakda bir marta fakultet rahbariyatining talabalar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishi an’anaga aylangan. Birgina 2013–2014-o‘quv yili davomida universitet rektori tomonidan 17 marta talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilgan.

Universitetda o‘z vataniga va xalqiga sodiq avlodni, erkin fikrlaydigan va izlanadigan, har bir fuqaro oldidagi vazifalarni ongli va mas’uliyatli his eta oladigan, istiqlol va mustaqillik g‘oyalariga sodiq yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy-axloqiy ishlar ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi, Ma’naviy axloqiy tarbiya kengashlari, Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti, Birlashgan kasaba uyushmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, murabbiylar kengashi, turli sport seksiyalari va badiiy havaskorlik to‘garaklari bilan birgalikda tashkillashtirilib, amalga oshirilgan.

Universitetda ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy faoliyatni yanada takomillashtirish va bugungi kunda, respublikamizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy ahvoldan kelib chiqqan holda bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

  • universitet kutubxonasi diniy aqidaparastlikning mohiyatini ochib beruvchi, ularning dinimizga va qadriyatlarimizga zidligini targ‘ib qiluvchi adabiyotlar bilan boyitildi;
  • universitet asosiy binosi va talabalar turar-joyida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, xavfsizlik xodimlari bilan hamkorlikda navbatchilik tashkil etilgan;
  • talabalar turar-joyida universitetning rahbar xodimlarining navbatchiligi jadvali va professor-o‘qituvchilardan iborat kunlik navbatchilik jadvali tuzilgan bo‘lib, har kuni amalga oshirilgan. Talabalar turar-joyida navbatchilik jurnali tashkil etilgan va kunlik faoliyat aks ettirilib borilgan;
  • alabalar turar-joyida o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir qavatda talabalarning o‘zidan qavat sardorlari saylangan. Ularning ishi esa qavat murabbiylari tomonidan nazorat etib borilgan;
  • talabalarning bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanish maqsadida 32ta turli to‘garaklar tashkil etilgan.

Talabalar turar-joylarida talabalarning yashashlari, dam olishlari va ommaviy-madaniy tadbirlarini o‘tkazishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Internet tarmog‘iga ulangan kompyuter sinflari tashkil qilingan. Sport mashg‘ulotlari uchun kerakli uskunalar bilan jihozlangan xona va sport maydonlari mavjud. Universitetning talabalar turar-joyi uchta 9 qavatli va 2ta 4 qavatli binolardan tashkil topgan bo‘lib, 2013–2014-o‘quv yilida 1234 nafar viloyatlardan kelib, tahsil olayotgan talabalar istiqomat qildi. Universitetda 2ta oshxona, 6ta bufet, tibbiyot punkti, katta sport majmuasi va 2ta dam olish maskanlari mavjud, ularda universitet talabalari, o‘qituvchilari va xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish agentligi tizimi xodimlari dam oladilar. Birinchi dam olish maskani — Oqtosh tog‘lari eng go‘zal joylaridan biri Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘ida joylashgan, bu yerda universitet talabalari va o‘qituvchilari hamda aloqa sohasi xodimlari dam oladilar. Dam olish maskanining umumiy maydoni taxminan 8 gektarga yaqin, 6ta kottej, talabalar uchun ikki qavatli bino, oshxona, bolalar va kattalar uchun 2ta suzish havzasi mavjud.

tal_26_11_2014_5

Bugun TATU zamonaviy tipdagi, yuqori ilmiy-pedagogik salohiyat, ta’lim kommunikatsiyalarining keng turlari, xalqaro aloqalarning rivojlangan tarmog‘i, jamiyatda mutaxassislar tayyorlash darajasi bo‘yicha yuqori mavqega ega bo‘lgan universitetdir. Mustaqillik yillarida universitetda yaxshi an’analar soni ko‘payib, yanada ortmoqda. Bakalavriatura ta’limining yangi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ochildi, moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, yangi o‘quv binolari qurildi.

Bu kabi amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi talabalarning yanada yaxshi natijalarga erishishlariga, yetuk mutaxassis bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishlariga zamin yaratadi. 2011–2012 o‘quv yili yakuniga ko‘ra, 3 nafar, 2012–2013 o‘quv yili yakuniga ko‘ra yana 3 nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasini olishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, 2013–2014-o‘quv yili yakuniga ko‘ra esa, jami 9 nafar talaba ushbu stipendiyani olishga tavsiya etildi. Shu bilan birga, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, «O‘zbektelekom» AK hamda O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyalari joriy qilingan.

O‘tgan o‘quv yilida 8 nafar talaba O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining stipendiyasiga, 5 nafar talaba O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyalariga sazovor bo‘ldilar. 2013–2014-o‘quv yili yakuniga ko‘ra esa, jami 33 nafar talaba nomzodlari O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyatining stipendiyalariga tavsiya etilmoqda.

Talabalarni rag‘batlantirishdan maqsad: mustaqil fikrga ega bo‘lgan, uddaburro, muomala madaniyatini egallagan, har taraflama yetuk, zakovatli, zamonaviy fan-texnika yangiliklari va amaldagi qonunchilikdan xabardor, turmush chorrahalarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda hodisalardan esankiramay, tez va to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan, jamoat ishlarida faol talabalarni aniqlash, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdir. TATU iqtidorli talabalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida soha korxonalari ham tashabbuskorlik qilmoqdalar. Jumladan, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi ham iqtidorli talabalar uchun o‘z stipendiyasini joriy etgan bo‘lib, ushbu o‘quv yili yakuniga ko‘ra, 15 nafar talabalar nomzodlari ushbu stipendiyaga tavsiya etilmoqda.

Isttelekom kompaniyasi ham 5 yildan buyon kompaniya stipendiyasini joriy qilib, talabalarni taqdirlab kelayotgan bo‘lsa, Xitoyning IP «Huawei tech. Invesment Tashkent» MCHJ kompaniyasi TATU bilan 2012-yil 27-fevralda tuzilgan 5 yillik shartnomaga muvofiq, umumiy miqdori 100 000 mln. so‘mlik rag‘batlantirish pulini universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun ajratgan. Bir yillik rag‘batlantirish puli miqdori 20 000 000 so‘mni tashkil etadi. 2012-yilda har yili universitet fakultetlaridan va filiallaridan jami 4 nafar professor-o‘qituvchi hamda 10 nafar talaba rag‘batlantirishga tavsiya etilishi mumkin. Professor-o‘qituvchilar uchun bir martalik rag‘batlantirish 2,5 mln. so‘mni, talabalar uchun esa bir martalik 1 mln. so‘mni tashkil etadi. Taqdirlash rahbariyat va kompaniya bilan kelishgan holda rejalashtiriladi.

Darhaqiqat, har birimizning ota-ona va mutaxassis sifatida bugungi vazifamiz yoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularning zamonaviy bilim hamda kasbga ega bo‘lishini, bugungi o‘ta murakkab va tahlikali zamonda mavjud bo‘lgan har qanday xatarlarga, zararli ta’sir va oqimlarga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lib yashash hamda jamiyatda mustaqil o‘rin olish, ish bilan bandligini ta’minlash, xullas, ularga yanada kengroq maydon yaratib berishdan iborat. Bugungi yoshlarimiz har tomonlama barkamol, zukko, dono bo‘lishga intilib, Vatanimiz istiqboli yo‘lida kuch-g‘ayratlarni sarflayapti. Ular nafaqat ilm-fan sohasida, balki san’at, sport, umuman ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida ham faol ishtirok etib, uning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shmoqdalar. Bunday yoshlar bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq