O‘xshash matnlarni qidirishga mo‘ljallangan dasturiy vositalar
26.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Ulug‘bek Karimov.

oxsh_26_11_2014

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi, Internet tarmog‘ining hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi, elektron resurslarning kundan-kunga ko‘payib borishi bir tomondan, turli shakldagi va ko‘rinishdaga axborotlarga kirish, ega bo‘lishni osonlashtirgan bo‘lsada, ikkinchi tomondan, bir qator muammolarni ham yuzaga keltirdi. Ulardan biri bu «mualliflik huquqi» bilan bog‘liq muammolardir.

Talabalarning ko‘pchiligi Internet tarmog‘idan samarali foydalanib, berilgan topshiriqlarni sifatli bajarishga harakat qiladilar. Ammo ayrim hollarda, «kurs ishi», «bitiruv malakaviy ishi» yozayotganda va hatto «magistrlik» ilmiy darajasini olish uchun harakat qilayotgan hamda dissertatsiya tayyorlayotgan talabgorlar orasidan ham «mualliflik huquqini» e’tibordan chetda qoldirayotganlar uchrab turadi. Bu holat, ayniqsa, «bitiruv malakaviy ishlar» yozayotgan talabalar orasida ko‘proq uchraydi. Demak, Internet tarmog‘iga joylashtirilgan elektron-resurslardan foydalanishda «mualliflik huquqi»ga rioya qilinishini ta’minlash bugungi kunda dolzarb muammolardan biriga aylangan.

Тalabalar tomonidan yozilgan «kurs ishi», «bitiruv malakaviy ishi», «magistrlik dissertatsiyasi», tadqiqotchilar tomonidan tayyorlargan dissertatsiyalar, ilmiy maqolalar va monografiyalar matnlarining necha foizi nodir va necha foizi boshqa manbalardan olinganligini aniqlash kadrlar tayyorlash sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘chirmachilikning oldini olish talabalarning mustaqil ishlarini sifatli bajarishlarini ta’minlaydi. Quyida Internet tarmog‘ida joylashtirilgan o‘xshash matnlarni qidirib topishga mo‘ljallangan ikki dastur imkoniyatlari to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarimizni bildirmoqchimiz.

«Etxt Antiplagiat» dasturi Internet tarmog‘ida joylashtirilgan elektron resurslar orasidan originallikka tekshiriliyotgan matnga o‘xshash bo‘lgan matnlarni aniqlashga mo‘ljallangan. Dasturning ishlashini tekshirib ko‘rish uchun U. Karimov va O‘. Karimov tomonidan infoCOM.UZ jurnalidagi «Oliy ta’lim tizimida korporativ elektron kutubxonadan foydalanish» nomli maqolani Internet tarmog‘idagi elektron-resurslar orasidan qidirib ko‘raylik. Buning uchun maqola matnini «Etxt Antiplagiat» dasturining «текст» maydoniga joylashtiramiz.

oxsh_26_11_2014_1

Etxt Antiplagiat tizimining bosh sahifasi

«Проверка уникальности» tugmasini sichqoncha bilan chertamiz. Natijada Etxt Antiplagiat tizimi Internet tarmog‘ida joylashtirilgan resurslar orasidan yuqorida keltirib o‘tilgan maqolani izlay boshlaydi.

oxsh_26_11_2014_2

Matnni originallikka tekshirish

Etxt Antiplagiat tizimi bir necha daqiqa ichida biz izlayotgan matnga o‘xshash bo‘lgan matnni 87% unikal(original)likda aniqladi va resurs joylashgan manzilni aniq ko‘rsatdi.

oxsh_26_11_2014_3

Etxt Antiplagiat dasturi yordamida Internet tarmog‘ida joylashtirilgan elektron-resurs matnlari orasidan izlanayotgan matnga o‘xshash matnlarni qidirib topish imkoniyati mavjudligini ko‘rdik. Mazkur dasturiy vositaga ega bo‘lgan ixtiyoriy foydalanuvchi elektron shaklga o‘tkazilgan matnli hujjatni unikallikka tekshirish mumkin. Dasturni http://www.etxt.ru/antiplagiat manzildan ko‘chirib olish mumkin.

Yuqorida o‘xshashlikka tekshirilgan maqolani Advego Plagiatus dasturi orqali ham originalikka tekshirib ko‘raylik.

oxsh_26_11_2014_4

Tizimning bosh sahifasi

Unikal(original)likka tekshirilayotgan matnni Advego Plagiatus dasturining tegishli maydoniga joylashtiramiz va «Проверка уникальности» tugmasini sichqoncha bilan chertamiz.

oxsh_26_11_2014_5

“Проверка уникальности” sahifasi

Izlanayotgan maqola matni buxoro.uz, infocom.uz va buxoro.gov.uz manzillarida e’lon qilinganligini ko‘ramiz. Haqiqatdan ham «Oliy ta’lim tizimida korporativ elektron kutubxonadan foydalanish» nomli maqola» Advego Plagiatus dasturi tomonidan aniq topildi. buxoro.uz saytida infocom.uz jurnalining «yangilik»lariga bog‘lanish borligini ko‘rishimiz mumkin.

oxsh_26_11_2014_6

Internet tarmog‘ida joylashtirilgan elektron resurslar orasidan izlanayotgan matnga o‘xshash matnlarni qidirishga mo‘ljallangan «Etxt Антиплагиат» va «Advego Plagiatus» dasturlarini ko‘chirib olish va foydalanish bepul. Har ikkala dasturdan foydalanishni o‘rgatuvchi multimediali o‘quv qo‘llanma ham taqdim etilgan. Dasturni http://advego.ru/plagiatus manzilidan ko‘chirib olish mumkin.

Bugungi kunda Internet tarmog‘ida ko‘plab jurnallarning elektron versiyalari taqdim etilgan. Ularning kontenti foydalanuvchilarga qiziqarli bo‘lishi uchun mazkur jurnallar tahririyatlari e’lon qilinayotgan maqolalarning original bo‘lishiga intilishlari kerak. Boshqa saytlarda e’lon qilingan materiallarni ko‘chirib bosish jurnalga bo‘lgan qiziqishni pasaytirib yuboradi. Demak, tahririyatga kelib tushayotgan maqolalar avval Internet tarmog‘idagi biror-bir saytda e’lon qilinganligini (yoki e’lon qilinmaganligini) bilish maqoladan jurnalda foydalanish (yoki foydalanmaslik) to‘g‘risidagi qaror chiqarishga yordam beradi. Internet tarmog‘ida joylashgan elektron resurs matnlari orasidan o‘xshash matnlarni qidirishga mo‘ljallangan ikki dasturiy vositaning tahlili quyidagi xulosalarni chiqarishga imkon berdi.

1. Dasturiy vositalarni Internet tarmog‘idan bemalol ko‘chirib olish va foydalanuvchi o‘z kompyuteriga o‘rnatishi mumkin.
2. Oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari mazkur dasturiy vositalar yordamida talabalar tomonidan topshirilayotgan ishlarni oriinallikka tekshirishlari mumkin. Bu esa o‘z navbatida, «ko‘chirmachilikning oldini olish» orqali ta’lim sifatini oshirishga imkoniyat yaratadi.
3. Himoya qilinayotgan magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini ekspertizadan o‘tkazishda ekapertlarga aniq ma’lumotlar olishga imkoniyat yaratadi.
4. Jurnallar tahririyatlari kelib tushayotgan maqolalarni ekapertizadan o‘tkazish (ya’ni maqolani unikallikka tekshirish)lari osonlashadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq