TIAV- multimedia tizimlarida axborot resurslari almashuvi haqida
25.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Saida Beknazarova, Kamoliddin Beknazarov.

tiav_25_11_2014

O‘zbekiston Respublikasida ilmiy-texnikaviy sohalar ham keskin rivojlanmoqda. Xalq xo‘jaligi va barcha sohalar uchun yuqori malakali mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, ayniqsa, maxsus texnikaviy bilimga ega bo‘lgan mutaxassislarga talab darajasi kun sayin ortib bormoqda. Respublikamizdagi ijobiy o‘zgarishlar o‘z navbatida, ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan mutaxassislarning bilimlarini doimiy tarzda oshirib, malakalarini mukammallashtirib borishlarini talab etadi.

Ta’kidlash lozimki, hozirgi davrda ta’lim muassasalarida talabalarga chuqur bilim berish, ularning ko‘nikma va malakalari shakllantirish hamda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq vaqt o‘tishi bilan ba’zi hollarda o‘quv jarayonining o‘zidayoq talabalarning olgan bilimlari eskirib qolmoqda. Natijada esa mutaxassis kadrlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini uzluksiz ravishda yangilanib turilishi hamda takomillashtirib borilishini ta’minlash muammolari paydo bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan hududiy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini rivojlantirish hamda yagona axborot maydonini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar axborot tizimlari, EHT, ma’lumotlar bazalarini (MB) zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida keng joriy etishga qaratilgan.

tiav_25_11_2014_1

YUNESKO tashkilotining rezolyutsiyalarida hamda tavsiyalarida mediata’lim tizimi muhimligi alohida takidlanib, (YUNESKO tashkilotining Gryunvaldda, 1982; Tuluzda, 1990; Parijda, 1997; Venada, 1999; Sevilyada, 2002-yildagi va boshqa) konferensiyalarida. YUNESKO tashkilotining tavsiyalarida alohida takidlanishicha: «Mediata’lim (mediaeducation) barcha media turlari (elektron, bosma, grafik, audio, ekranli va boshqa) hamda turli texnologiyalar bilan uzviy bog‘langan holda rivojlanadi; insonlarda quyidagi bilimlarni shakllantiradi: 1) mediamatnlarni tahlil qilish, tanqidiy anglash va yaratish; 2) mediamatnlarning manbasi hamda ularning siyosiy, ijtimoiy, tijorat yoki madaniy manfaatlarni aniqlashtirish va ularning kontekstini o‘rganish; 3) mediamatnlarni interpretatsiya etish; 4) shaxsiy mediamatnlarni yaratish, tarqatish hamda ulardan qiziqadigan va foydalanadigan auditoriyaga ega bo‘lish uchun, mos ravishda, kerakli media manbalarni aniqlash; 5) o‘rganish hamda mahsulot sifatida foydalanish uchun har qanday mediaga ochiq erkin kirish imkoniyatiga ega bo‘lish talab etiladi.

TIAV-obyektlarni uzatish va ularga ishlov berish ishonchliligini avtomatlashgan nazorat qilish usul va vositalarini tabiiy til xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqot ishlari AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Avstriya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Turkiya, Isroil, Kanada, Koreya, Lotin Amerikasi (Braziliya, Argentina, Chili) va boshqa mamlakatlar olimlari tomonidan olib borilib, ma’lum darajadagi natijalarga erishilmoqda. TIAV-obyektlarni uzatish ishonchliligini oshirish muammosining tadqiq etish uslubiyatini taraqqiy etgan hamda, axborotning sun’iy ortiqchaligini qo‘llashga asoslangan kodlash nazariyasi va apparatli uslublar tashkil etadi, bu soha, o‘z navbatida, ko‘p sonli monografiya, dissertatsiya tadqiqotlari va ilmiy maqolalarda o‘z aksini topgan. Ta’kidlash joizki, EHTlarda TIAV-obyektlarni ma’lumotlarni uzatish va qayta ishlashning asosiy xususiyatlaridan biri bu ularda ishlatilayotgan hujjat va xabarlar tarkibida sun’iy, tabiiy, statistik informatsion va tarkibiy-texnologik ortiqchalikning mavjudligidir.

tiav_25_11_2014_2

Ushbu muammolarni hal etishda mediata’limning «butun hayot uchun ta’lim» konsepsiyasi muhim o‘rinlardan birini egallaydi. XXI asrda mutaxassis kadrlarning o‘z xizmat vazifalarini hal etishlarida zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritishlari, shuningdek, o‘z bilimlari va salohiyatlarini zamonaviy talablarga javob bera oladigan holda saqlab qolishlari muhim ahamiyatga ega. Bu borada ko‘mak vazifasini o‘taydigan mediata’lim tizimi uchun dasturiy ta’minotni yaratish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda mediata’lim mustaqil yo‘nalish sifatida rivojlanib, ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonida o‘z ahamiyatini tobora kuchaytirmoqda, u intensiv tarzda rivojlanib, oliy ta’lim o‘quv jarayonining sifatiga ta’sirini o‘tkazmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish usullarini mukammallashtirishda talabalarning o‘rganish faoliyatini faollashtirish markaziy o‘rinda turadi va talabalarning mustaqil, anglangan, bilim to‘plash maqsadiga yo‘naltirilgan faoliyati nazarda tutiladi.

TIAV-obyektlarga asoslangan mediata’lim tizimining loyihalashtirish nazariyasi, muammolari va vazifalari holatining retrospektiv tahlili shuni ko‘rsatadiki, tizimni yaratish bo‘yicha quyidagi muammo va vazifalar mavjud:

  • TIAV-obyektlarga asoslangan mediata’lim tizimining yaratilishi uchun konseptual, informatsion, funksional hamda dinamik modellarni, mediakontentlarning strategik loyihalashtirish modelini va yaratilgan mediata’lim tizimining sifat ko‘rsatkichini analitik baholash integral modelini yaratish;
  • TIAV-obyektlarga asoslangan mediata’lim tizimini, mediakontentlarni loyihalashtirish onlayn konstruktorning hamda mediakontentlarni yaratish algoritmlarini loyihalashtirish;
  • TIAV-obyektlarga asoslangan mediata’lim tizimining hamda mediakontentlarni loyihalashtirish onlayn konstruktorning dasturiy ta’minoti, tashkiliy tuzilmasi, interfeysini yaratish.

Intensiv axborotlar almashish jarayonida ta’lim sifatini oshirish hamda talabalarda mustaqil, tanqidiy, ijodiy fikrlash faoliyatini tashkil etish maqsadida maxsus dasturiy ta’minot, ya’ni mediakontentlarni loyihalashtirish onlayn konstruktoriga ega bo‘lgan mediata’lim tizimini loyihalatirishning amaliy usullarini yaratish dolzarb vazifadir. Yaratilgan tizim nafaqat turli sohalar bo‘yicha yangi bilimlarga ega bo‘lishni ta’minlaydi, balki ma’lumotlardan to‘g‘ri foydalanishni ham o‘rgatadi. Kompyuter texnologiyalarini rivojlantirishda asosiy e’tibor algoritm va dasturlarni yaratishga qaratiladi. Amaliy masalalarni yechishda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish, ularning matematik va informatsion modellarini tadqiq qilish, masalalarni yechish usullarini qayta ishlash, unga mos algoritm va dasturlarni yaratish hamda olingan natijalarni tekshirish va tahlil qilish shular jumlasiga kiradi.

tiav_25_11_2014_3

Tizimli dasturni yaratish juda ham murakkab jarayon bo‘lib, ko‘p mehnat talab etadi va u quyidagi jarayonlardan tashkil topadi: yechiladigan masalalar sinflarining tavsifi; yechiladigan masalalar sinfining algoritmlarining modulli tahlili; kiruvchi dasturiy tillarni qayta ishlash; funksional va modulli tizimlarni yaratish tizimlari; sozlovchi va testlovchi modullar va unga to‘la mos keluvchi muammoga yo‘naltirilgan tizimlar; ti-zimlarni tekshirish va ularning ishonchliligini ta’minlash. Ushbu ko‘rsatilgan jarayonlarning har birini amalga oshirish uchun mos usullar va dasturiy texnologiyalar qo‘llaniladi. Shunga ko‘ra, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda fundamental va amaliy, ilmiy tadqiqotlar uchun markaziy yo‘nalishlar qatorida hisoblangan matematik modellar, samarali algoritmlar va ularning bazalarida mediata’lim tizimining dasturiy komplekslarini ishlab chiqish, turli sohalar uchun masalalar to‘plamini yechishga mo‘ljallangan tizimlar yaratish zarurligi ilmiy ishning dolzarbligini belgilaydi.

Muammoni hal qilish uchun quyidagi ilmiy yo‘nalishlarda olib borilgan tadqiqot ishlarini va tadqiqot usullarini bilish lozim: o‘quv jarayoniga mediata’limni tatbiq etish muammolari, elektron o‘qitish majmualarini yaratish muammolari hamda qo‘yilayotgan muammolar asosida modellarni yaratish masalalari. O‘quv jarayoniga media-ta’limni tatbiq etish muammolariga bag‘ishlangan tadqiqot ishlari va adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularda o‘quv jarayoniga mediata’limni integratsiyalash muammolari ko‘rib chiqilgan, xolos. O‘rganilgan tadqiqot ishlari va adabiyotlardan o‘quv jarayoniga mediata’limni tatbiq etishning texnik mexanizmlari yaratilmaganligi, jarayonlarni modellashtirish, modellar asosida algoritmlarni hamda dasturiy ta’minot yaratish muammolari hal etilmaganligi, bundan tashqari, mediata’lim sohasi uchun maxsus mediakurslar yaratilmaganligini ko‘rish mumkin.

tiav_25_11_2014_4

TIAV-obyektlarga asoslangan mediata’lim tizimini shakllantirish bilan birga, mediata’lim portalini modellashtirish, uning modellarini, algoritmlarini hamda tarmoq texnologiyalarini dasturlash usulida dasturiy ta’minotini yaratishdan iborat. Yaratilgan mediata’lim tizimi oliy ta’limdagi mediata’lim yagona tizimida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, mediata’lim elementlaridan foydalangan holda ta’lim jarayonining sifatini oshirishga ko‘maklashadi hamda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning va dasturiy ta’minotlarning rivojlanishiga, bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy mediata’lim jarayonining samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, har bir shaxsning mediamadaniyatini shaklantirishga ko‘mak beradi. O‘quv rejasidagi fanlarni o‘qitish jarayonida talabalarni faol mustaqil mediata’lim faoliyatiga jalb qilish talabalarda mediata’lim potensialining ketma-ket ortib borishini ko‘rsatadi, bu esa o‘z navbatida, ta’lim sifatining ko‘tarilishiga hamda zamonaviy talablarga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassis kadrlar tayyorlash jarayonining samaradorligini ta’minlashga sabab bo‘ladi.

Adabiyotlar:
1. Чернецова Е. А. Системы и сети передачи информации. Часть 2. Сети передачи информации. — СПб., изд. РГГМУ, 2008. — 200 с.
2. Березкин Е. Ф. Основы теории информации и кодирования: Учебное пособие. — М.: НИЯУ МИФИ, 2010. — 312 с.
3. Бекназарова С. С. Модели и программное обеспечение медиаобразовательного портала, LAP LAMBERT Academic Publishing GmbH & Co. KG, Saarbrucken, Germany, 2012, 178

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq