El ardog‘idagi san’atkorlar bilan davra suhbati
20.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: M.Turdaliyevа.
Uchrashuvni kultura.uz sayti muharriri Boris Boboyev bilan jurnalist Nigora Umarova olib bordilar. Davra suhbatini an’anaga muvofiq kutubxona rahbari Asadjon Ho‘jayev ochib berdi. Keyingi so‘z navbatini olgan yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining samimiy tilaklarini bildiribgina qolmay, san’atkorlarga bo‘lgan cheksiz hurmatlarini izhor etdi.
O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov muxlislarni qiziqtirgan barcha savollariga javob berdi. U 1976-yildan beri “Yalla” ansamblining badiiy rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yillar davomida o‘zining mazmunli, unutilmas, ommabop, betakror, urfga aylangan qo‘shiqlari bilan mashhur bo‘lib kelgan ansambl bugungi kunda ham o‘z o‘rnini saqlab kelmoqda.
Kechaning fayziga-fayz qo‘shgan san’atkorlarimizdan biri O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva ham ana shu tadbirda ishtirok etdi. Xonandaning bastalangan kuy va qo‘shiqlari har bir yurtdoshimizning ko‘nglidan chuqur joy olibgina qolmay, balki Nasibaxonim Markaziy Osiyo xalqlari san’atiga o‘zining munosib hissa qo‘shganlari bilan ajralib turadi.
Ushbu buyuk san’atkorlarimiz yillar davomida o‘zlarining takrorlanmas musiqiy namunalari bilan xalqimiz ko‘nglidan joy olganlar. Uchrashuv so‘nggigacha muxlislar sevimli san’atkorlarimizni qarsaklar bilan olqishladilar. Ushbu tadbir o‘tgan yili ham uyushtirilganini hisobga olsak, bundan keyin an’anaga aylanishiga tilakdoshmiz.