TATU da dasturlash bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi
18.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

uz_18_11_2014

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2 ta nufuzli tadbir – Middle Asia ACM ICPC – dasturlash bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida komandali jahon chempionatining chorak finali hamda dasturlash bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida Butunrossiya 15-olimpiadasining yarim final bosqichlari bo‘lib o‘tdi.

Middle Asia – Shimoliy-Sharqiy Yevropa davlatlari Oliy ta’lim muassasalarining talabalari orasida komandali jahon chemponati doirasidagi mamlakat jamoalari ishtirokidagi chorak final musobaqalarida 68 ta jamoalar ishtirok etdilar. Musobaqaning hududiy bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Aytib o‘tish joizki, mazkur musobaqa so‘nggi 30 yildan buyon yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘tkazilayotgan xalqaro nufuzli tadbir hisoblanadi. An’anaviy oliy ta’lim muassasalarining talabalari orasida komandali jahon chemponati xalqaro miqyosda ASM (Association for Computing Machinery) Hisoblash mashinalari xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan 1977 yildan boshlab dasturlash bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil qilib kelinmoqda hamda ko‘plab xalqaro AKT korporatsiyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Musobaqa shartlariga ko‘ra 3 nafar a’zodan iborat jamoa kompyuter yordamida 5 soat mobaynida taqdim etilgan masalalarning yechimini topishlari kerak bo‘ladi. Eng ko‘p masala yechimini topgan jamoa g‘olib hisoblanadi va tanlovning yarim finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, mintaqaning boshqa davlatlaridan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar bilan kuch sinashadi. Joriy yilda mazkur xalqaro musobaqaning final bosqichi Marokko davlati universitetlarida tashkil etilishi belgilangan.

Musobaqada O‘zbekistonning 20 dan ziyod jamoalari yuqori natijalarni qo‘lga kiritishdi. Mazkur ro‘yxat TATU veb-saytida e’lon qilingan. Quyidagi jamoalar 6-7 dekabr kunlari Tbilisida bo‘lib o‘tadigan yarim final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

1-o‘rin. TATU (Xojiyev, Abdukarimov, Baratov)
2-o‘rin. MDU ning Toshkent Filiali (Soliyev, Usmonov, Bistrigova)
3-o‘rin. TATU (Samadov, Toshkanov, Bozorboyev)

Shuningdek, TATU da tashkil etilgan dasturlash bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida Butunrossiya 15-olimpiadasining yarim final musobaqalarida yurtimiz maktablarining 40 ta jamoasi ishtirok etdi.

Maktab o‘quvchilarining ilmiy faoliyatga jalb etish, axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni izlab topish va rag‘batlantirishni maqsad qilgan mazkur nufuzli musobaqa Rossiya federatsiyasi ta’lim vazirligi, Sankt-Peterburg axborot texnologiyalari, mexanika va optika davlat universiteti, Altay davlat texnika universiteti tomonidan o‘tkazib kelinadi.

Musobaqaning final bosqichi joriy yilning 29-30 noyabr kunlari bir vaqtning o‘zida Sankt-Peterburg, Barnaul, Toshkent, Olmata hamda Batumi shaharlarida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq