Dastlabki ovoz yozib oluvchi va uzatuvchi qurilmalar
04.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Ma'rufa Azizova.

pat_4_11_2014

O‘smir-yoshlarimiz kompyuter, smartfon, planshet va mobil telefonida kuy-qo‘shiqlar tinglashni yoqtiradilar. Aslida, sog‘liqlariga zararli ta’sirga ega bo‘lsada, xohlagan vaqtlarida, har qanday joyda, ayniqsa, transportda mobil telefoni yoki pleyerdagi yozib olingan musiqani tinglab ketayotganlarini deyarli har kun uchratamiz.

O‘zimiz ham bu imkoniyatlardan foydalanamiz. Kompyuter va axborot texnologiyalari rivojlanayotgan davrda tug‘ilib, ulg‘ayayotgan o‘smir-yoshlarimiz mazkur zamonaviy qurilmalar ommalashguniga qadar shunday imkoniyatni beruvchi qanday axborot tashuvchi vositalar mavjud bo‘lganligi va ular qanday amal qilganligi haqida katta yoshdagilar, darsliklar va filmlar orqaligina tanish bo‘lishlari mumkin. Axborot tashuvchi qurilmalar orasida fonografdan keyin patefon va grammofon kabi asboblar ham mavjud bo‘lgan bo‘lib, ushbu qurilmalar allaqachon nodir qadimiy buyumlar ishqibozlari jamlanmalari va tarixiy muzeylardan joy olishga ulgurgan. Aloqa tarixi muzeyi bo‘ylab navbatdagi sayohatimizni aynan shu qurilmalar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishga bag‘ishladik.

Ovoz uzatuvchi qurilmalar, ovozli moslama va o‘yinchoqlar yaratish sohasidagi dastlabki urinishlar XVI asrda mexanik uskunalar — «ovozli» tamakidon va buyumlar qutisi, uyg‘otkich soatlardan tortib to murakkab xona va binolarga osib qo‘yiladigan hamda minora soatlarida amalga oshirilgan. Shu davrda musiqiy o‘yinchoq va asboblar ham yaratila boshlangan. Bu sohada musiqiy qutilar yaratilishi va ommalashuvi XIX asrning oxiri va XX asrning boshlariga to‘g‘ri kelgan. Avvalgi sahifada hikoya qilganimiz fonograf qurilmasi yaratilishi bilan shunday ovoz yozib oluvchi va uzoq yillar saqlab tinglovchilarga yetkazuvchi turli-tuman qurilmalar yaratilishiga keng yo‘l ochib berildi. Fonograf yaratilgan 1877-yilda plastinkalar o‘rnida valik bo‘lgan. Shunday qilib, «chuqur yozuvlar» usuli yuzaga kelgan.

Dastlab grammofon ixtiro etilib, jahondagi xalqlar o‘rtasida keng ommalashib bordi. Birinchi ovoz yozib oluvchi qurilma — fonograf bilan bir davrda, hattoki, undan ilgariroq, yani 1877-yilning aprel oyida, mashhur fransuz shoiri, musiqachi va olim Sharl Kro (Charles Cros, 1842–1888) o‘zining ixtiro qurilmasi tavsifi va ba-yonnoma hujjatlarini Fanlar akademiyasiga «paleofon» — «o‘tmish ovozi» nomi bilan taqdim etib, loyihasini amalga oshirishda mablag‘ ajratishlarini so‘raydi. Mazkur qurilmaning ishlash tamoyili: disk ustida ovozli yo‘lkalardan membranaga mahkamlangan ignaning aylanishiga asoslangandi. Igna fonografdagi kabi vertikal yuza ustida emas, balki gorizontal yo‘nalishda tebranardi.

Afsuski, shu yil dekabr oyida jahonshumul hodisa — Edison ixtirosi, uning ovoz yozib oluvchi qurilmasi e’lon qilindi. Gazetalardan birida bu haqdagi maqolani o‘qigan Kro akademiyaga kelib, ixtirosining istiqboli uchun texnik taklif berishlarini so‘raydi. Ma’lum bo‘lishicha, uning taqdim etgan arizasini shu vaqtgacha ko‘rib ham chiqmagan ekanlar. Kro ixtirosining ishlash metodi texnik jihatdan mukammalroq edi. Har ikki ixtiro ham ovoz yozish metodini jonlantirib, rivojlantirib yubordi. Qurilma materialda ovoz izini qoldirish usulida yozilganligi uchun «fotoavtograf» deb nomlandi. Axir shu davrgacha bunday ovozli «dastxat»ni qoldirishning imkoni yo‘q edi. Grammofonning tuzilishi va ishlash tamoyillari bilan tanishgan Akademiya olimlari tomonidan Sharl Kro g‘oyalarining to‘g‘ri ekanligi tan olindi, biroq moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasini rad etdilar.

10 yildan so‘ng uning g‘oyasini olim Emil Berliner (Emile Berliner, 1851–1929) rivojlantirdi. Yoshligidan bo‘sh vaqtlarini kutubxonada ilmiy-texnik adabiyotlar mutolaasi bilan o‘tkazadigan Berliner kunlardan birida Sharlya Kro maqolalarini ko‘rib qoldi va chuqur tanishib chiqdi. G‘oyalardan ilhomlangan ixtirochi qisqa vaqt ichida olimning g‘oyalarini rivojlantirib, amalga oshirishga muyassar bo‘ldi. Fotokimyo usulida olingan plastinka ustidan membranaga mustahkamlangan ignaning aylanishi bilan sifatli ovoz tarala boshladi.

Shunday qilib, 1887-yil 26-sentabr kuni Berliner grammofon deb nomlangan qurilmaga patent oldi va grammofon qurilmasi ixtirochisiga aylandi. Keyingi besh yil mobaynida grammofon qurilmasi, shuningdek, ovoz yo‘lakchalari tushiriladigan plastinkalar yaratish texnologiyasini takomillashtirish ustida ishladi. Avval u fotokimyoviy usulni mum bilan qoplangan plastinkaga rux kislotasi asosida ishlov berish metodi bilan o‘zgartirdi. Natijada nafaqat sifatini yaxshilash, balki ovoz balandligiga ham erishildi.

pat_4_11_2014_1

Grammofonlar jahon bo‘ylab tezda tarqala boshladi. Ularni ishlab chiqarish qator mamlakatlarda yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki ixchamlashtirilgan grammofon va keyinroq yaratilgan patefonlar ham savdoga chiqarila boshlandi.

Patefonni aka-uka Patlar ixtiro qilgan va patent olganlar (qurilma nomini ham mualliflar sha’niga shunday ataganlar), mazkur qurilma grammofondan tashqi qiyofasi bilangina emas, balki ovoz yozish usuli bilan ham farq qilgan. Patefon — grammofon plastinkalari uchun mexanik qurilmadir. Grammofondan farqli ravishda, patefonda korpusga kiritilgan kichik karnay o‘rnatilgan. Yana boshqa manbalarda patefonni — portativ grammofonning nomi sifatida, pate — patefon ishlab chiqaruvchi taniqli fransuz firmasining nomi va fon — ovoz so‘zlaridan tashkil topgan deb ko‘rsatilgan. Patefon — grammofonning olib yurishda qulay turi edi. O‘sha davrlarda patefonning ko‘plab turlari ishlab chiqarilgan.

Patefonning portativ turlari juda ko‘p ishlab chiqarilgan bo‘lib, 1930–1940 yillarda ommaviy savdoga qo‘yildi. O‘sha davr patefonlari mexanik bo‘lib, prujinalar orqali ishga solingan. Plastinkalarining ham bir tomonidangina yozuvlarda foydalanilardi. Mazkur qurilma elektr tarmog‘iga ulashni talab etmasdi. Uning taratgan ohanglarida istirohat bog‘larida raqs tushish mumkin edi. Ovozi yetarli darajada baland bo‘lib, uni boshqarish, ya’ni pasaytirish yoki balandlatishning iloji yo‘q edi.

pat_4_11_2014_3

XIX asr grammofoni, Rossiya.

Grammofondan farqli tomoni sifatida yana patefon qurilmasining ixcham va nisbatan yengil qutiga joylashtirib, olib yurish imkoniga egaligini aytib o‘tish lozim. Plastinkadagi ovoz igna vositasida o‘qilardi. Ignani tez-tez almashtirib turish kerak edi va plastinkasi ham tezda ishdan chiqardi. Qutisida zaxira ignalar ham mavjud bo‘lib, bundan tashqari, uni arzon narxda sotib olish mumkin edi. Patefon ignasi ko‘p martalik foydalanishga mo‘ljallangan ko‘kish yoqutdan, grammofonda esa po‘latdan ishlangan edi.

Shu tariqa, grammofon-patefonlar shov-shuvi sodir bo‘lib, aholining barcha qatlamlariga mos qurilmalar ishlab chiqarila boshlandi. Grammofonlarning kumush kabi qimmatbaho materiallardan ishlangan hashamatli turidan arzon baholi turlarigacha ishlab chiqarildi. Patefonlarning har xil joyga mo‘ljallangan turlari: salonlar, sayru-sayohatlar davrida olib yuriladigan, ko‘pchilik ishtirok etadigan oqshom ziyofatlari uchun mo‘ljallangan turlari taqdim etildi. Hattoki, cho‘ntakka solib yurish mumkin bo‘lgan mitti qurilmalar ham ishlab chiqarildi.

Amerikada grammofonlarni Grafofon, Fonograf, «Gapiruvchi mashinalar» va boshqalar deb ataganlar. Har bir grammofon va patefonni haqiqiy san’at asari deb atash mumkin. Ular shunchaki buyum bo‘lmay, buyuk ustalarning turli murakkab texnik ishlanmalari, naqsh-o‘ymakorlik, ganjkorlik va boshqa usullar orqali turli qimmatbaho hamda tabiiy materiallarda ishlab, bezatilgan qurilmalar bo‘lgan.

pat_4_11_2014_2

Dastlabki plastinkalar rekord (ingliz tilidan «record» — «yozuv») deb atalgan. Ular juda qalin va og‘irligi yarim kilogrammga yaqin bo‘lgan. Bundan tashqari, faqat bir tomoniga ovoz yozilgan xolos («rekordlarda» ikki tomonlama yozuvlar 1930-yildan keyin amalga oshirilgan), orqa tomonida boshqa ma’lumotlar yozilgan yorliq yopishtirilgan. Plastinkalar og‘ir va qo‘pol bo‘lib, juda tez ishdan chiqardi.

XX asr boshida ko‘plab sonli gramplastinkalar ishlab chiqarila boshlandi va mashhur qo‘shiqchilar yanada ommalashuviga imkoniyat yaratildi. Ko‘plab ovoz yozuvchi firmalar paydo bo‘lib, ishlab chiqilgan standartlar asosida plastinkalarning daqiqasiga 78 aylanish tezligi belgilab qo‘yildi. Bu uch daqiqalik qo‘shiq yozishni ta’min-laydi. Biroq muhandislarning harakatlari bilan patefon diapazoni chastotasi — 150dan 4000 Gts.gachani tashkil etdi. Shunday gramplastinkalar mamlakatimizda ham ishlab chiqarilgan. Toshkent shahrida M. Toshmuhamedov nomidagi gramplastinkalar ishlab chiqaruvchi korxona mahsulotlarini katta yoshdagi qo‘shiq ixlosmandlari yaxshi eslaydilar.

Shu tariqa, faqatgina lampali kuchaytirgichlar, pyezokristallik qurilmalar va plastinkalardan ovoz chiqaruvchi elektr qurilmalari paydo bo‘lishi oqibatida musiqa yozilgan plastinkalar bozori avj olib ketdi. Plastinkalar ham shunga muvofiq o‘zgarib bordi: uni vinildan ishlab chiqara boshladilar. Daqiqasiga 33 aylanishdek, aylanish tezli-gining kamayishi va yozuvlarning takomillashtirishi evaziga, plastinkalar ikki tomonidagi taronalar uzunligi 40 daqiqagacha yetdi. Yillar o‘tib, ovozni stereofonik yozuvlar orqali ifodalash imkoniyati yuzaga keldi.

pat_4_11_2014_4

Ovoz yozish qurilmalari qatorida magnit yozuvlari ham alohida o‘rin tutadi. Bu haqda dastlabki fikrlar amerikalik muhandis-olim Oberlin Smit (Oberlin Smith, 1840–1926) tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, u olimlar e’tiborini magnitli material yozilgan ovozli to‘lqinlarda axborotni ham saqlashga qodirlik xususiyatlariga qaratdi. Agar axborot elektromagnit to‘lqinlarida yozilgan bo‘lsa, uni o‘qish mumkinligini tavsiflab berdi. Muallif faqat nazariy fikrlar beribgina cheklangan va bunday qurilma loyihasiga taalluqli fikrlarni bayon etmagan.

Texnika taraqqiyoti bilan magnityozuvlarini ham amalga oshirish hamda ulardan bahramand bo‘lish davri keldi. Shu tariqa, kompakt-kassetalardan foydalanila boshlandi hamda kompakt-disklar va raqamli texnologiyalar yaratilmaguniga qadar deyarli yigirma yillar foydalanishda davom etdi. Kopengagen telefon stansiyasi laboranti Valdemar Paulsen (Valdemar Poulsen, 1869–1942) Smit nazariyasi bo‘yicha «telegrafon» modeliga patent oldi. Ovozni yozib olib, tinglovchiga yetkazuvchi mazkur elektromagnit qurilmasining aylanish tezligi ham oshirilgandi. Magnityozuvidagi ovozni eshittirishda signal telefon membranasiga tushardi. Yozuvlar kuchli doimiy magnit yordamida o‘chirilardi. Qurilmaning ovoz balandligi kuchli emasdi, chastotasi ham: 150–2500 Gts.ni tashkil etardi.

pat_4_11_2014_5

XX asr 30-50 yillar patefonlari

1900-yilda Parijda o‘tkazilgan jahon ko‘rgazmasida telegrafon Gran-pri olishga sazovor bo‘ldi. Bir yildan keyin u «haqiqiy» magnitofonga o‘xshash yangi qurilmani yaratdi. Yozuvlar kengligi 3 mm, qalinligi 0,5 mm bo‘lgan lentalariga yozilardi. Lentalar bir yozilgan g‘altakdan ikkinchisi o‘qiydigan g‘altakka o‘tib o‘rala boshlardi. Yozuvlarni naushniklar orqali tinglash mumkin edi.

Gulelmo Markoni (Guglielmo Marconi, 1874–1937) ham shu sohada ilmiy izlanish olib bordi. Uning magnityozuvchi qurilmasining og‘irligi bir tonnaga yaqin edi, lentali g‘altaklari diametri esa 60 sm edi. Agar uzilib ketgudek bo‘lsa, elektr payvandlagich bilan ulanardi. Xalqaro kongreslarda ma’ruzalarni magnitofonga yozish uchun ikki yarim tonnaga yaqin og‘irlikdagi yuzlab kilometr lentalar zarur bo‘lardi. Uzog‘i bilan o‘n to‘rt soatlik yozuvlarni amalga oshirish imkoni mavjud edi.

Magnitofonlarga 1940-yil oxiriga qadar deyarli talab mavjud emasdi, shunga qaramay, muhandislar bu sohadagi takomillashtirish ishlarini olib bordilar. Mazkur qurilma ustida uzoq yillar ishlab, lentalar ferromagnit qatlam bilan qoplangan plastmassalilari bilan almashtirildi. 1935-yilga kelib, Germaniyaning AEG firmasi konstruktiv tuzilmali va elektrik sxemali magnitofonlarni ishlab chiqara boshladi. Mazkur magnitofonlar g‘altaklari lentasining diametri 30 sm bo‘lib, yigirma daqiqalik musiqani tinglash imkonini berar va chastotasining diapazoni 100dan 6000 Gts.gachani tashkil etardi.

pat_4_11_2014_6

Vinil plastinkalar, gramplastinkalar

Magnitofonlar jahonda 1947-yildan keyin boshlab ommalasha boshladi. Sobiq ittifoqda dastlabki maishiy magnitofon «Dnepr» nomi bilan ommaga taqdim etildi. U davrda magnitofon qimmatbaho buyum hisoblanardi, bundan tashqari, uni juda kam sonda ishlab chiqarganlar. Keng ommalashuvi o‘tgan asr 60-yillariga to‘g‘ri keldi. O‘tgan asr 60–90 yillarida ko‘pchilik mazkur qurilmaga ega bo‘ldi.

Biroq asr oxiriga kelib, ularni egallab turgan o‘rnidan kompakt-disklar siqib chiqara boshladi. Kassetali qurilmalar va pleyyerlar ishlab chiqarila boshladi. Raqamli texnologiyalar davri boshlandi. Shu bilan barchaga xohlagan vaqti va joylashgan joyidan qat’iy nazar, ovozli ko‘chma qurilmalardan keng foydalanish imkoniyati taqdim etildi. Bugungi kunda yuqoridagi qurilmalar o‘rniga ovozni raqamli shaklda saqlash va xohlagan joyga olib borish mumkin bo‘lgan xotira chiplaridan foydalanadilar. Taraqqiyotning global odimlashiga muvofiq yuqorida tavsiflangan axborot tashuvchi qurilmalar asta-sekin o‘rnini keyingisiga bo‘shatib berish holati sodir bo‘la boshladi.

pat_4_11_2014_7

Gramplastinkalar

Mazkur qurilmalar haqida «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurib, batafsil ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnali tahririyatining hamkorlikdagi loyihasi asosida tayyorlandi. Uni tayyorlashda sohaga oid adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari va manbalardan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq