AKT sohasida kadrlar tayyorlashda Koreya bilan hamkorlik
04.11.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yilning sentyabr oyida Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida axborotlashtirish sohasida imzolangan hamkorlik Memorandumiga asosan, yurtimizda “elektron hukumat” tizimini joriy qilishda mazkur yo‘nalishda yetakchi hisoblangan Koreya Respublikasi tajribasini o‘rganish maqsadida ikki davlat o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan.

Janubiy Koreyaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida nufuzli Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha Milliy agentlik(NIA)O‘zbekistondagi tegishli muassasalar bilan idoralararo yagona axborot tizimini yaratish, idora faoliyatini axborotlashtirishning muhim jihatlari, loyihalarni rejalashtirish va boshqarish, kadrlarni qayta tayyorlash va baholash, faoliyatni amalga oshirishda qo‘llaniluvchi tizimlar yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha Milliy agentlik (NIA) Janubiy Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi qoshida faoliyat yurituvchi davlat idorasi bo‘lib, Koreya Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining istiqboldagi taraqqiyoti, AKT tuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishga mas’ul hisoblanadi.

2007 yilning 25 oktyabrida mazkur Agentlik hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi ommaviy foydalanish vositasini yaratish, mahalliy aholining axborot texnologiyalarini samarali foydalanishi va davlatlararo axborot texnologiyalarini rivojlantirishmaqsadida Toshkent shahrida Anglashuv Memorandumi imzolangan edi. Mazkur Memorandum asosida TATU da O‘zbekiston-Koreya axborot almashish markazi tashkil etilgan.

ict_4_11_2014

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining eng so‘nggi yutuqlari bilan jihozlangan o‘quv xonasi, masofaviy ta’limga mo‘ljallangan Markazda Koreyalik mutaxassislar tomonidan universitet talabalariga axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha kurslar, dasturiy mahsulotlar ko‘rgazmalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat organlari xodimlari uchun “Elektron hukumat” haftalik o‘quv kurslari, masofaviy ta’lim shaklida trening-seminarlar tashkil etib kelinmoqda.

Mazkur turdagi markazlar Janubiy Koreya hukumati tomonidan dunyoning 40 ga yaqin mamlakatlarida tashkil etilgan. Mazkur markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida Koreyaning Fan, AKT va kelajakni rejalashtirish Vazirligi (Ministry of Science, ICT & Future Planning) tomonidan muntazam chora-tadbirlar amalga oshirib kelinadi.

ict_4_11_2014_1

Joriy yilning 20-22 oktyabr kunlari Koreya Respublikasining Pusan shahrida Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha Milliy agentlik bilan hamkorlikda navbatdagi “2014 1stGlobal IAC Networking Conference” (global axborot almashish markazlari aloqalari) anjumani tashkil etildi. Mazkur anjumanda dunyoning 40 ga yaqin mamlakatlaridan axborot almashish markazi vakillari ishtirok etdilar. Taqdimot va muhokamalar jarayonida vakillar markazlarda tashkil etilgan o‘quv-tashkiliy jarayon, imkoniyatlar, markaz o‘quvchilari tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar, markazlarning sohada kadrlar tayyorlashdagi o‘rni xususida tashkilotchilarga ma’lumot berdilar. Xususan, O‘zbekiston-Koreya axborot almashish markazining faoliyati anjuman tashkilotchilari va ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Qizg‘in bahs-munozara, mulohaza va fikrlar, natijalarga muvofiq, O‘zbekiston-Koreya axborot almashish markazi faoliyati yuksak baholanib, eng faol markaz sifatida birinchi o‘ringa munosib deb topildi. Natijada Markaz Koreya Respublikasi hukumati tomonidan ajratilgan moddiy-texnik bazasini yangilash, faoliyatini yanada kengaytirish va rivojlantirish imkoniyatini beruvchi moliyaviy ko‘makni qo‘lga kiritdi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlovchi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bugungi kunda xorijlik hamkorlar bilan qo‘shimcha o‘quv kurslarini tashkil etish, xalqaro dasturlarda ishtirok etish va ilmiy loyihalarni amalga oshirishmaqsadida 5 ta markaz tashkil etilgan. Universitet AKT sohasida 24 davlatning 57 ta universiteti, 10 ta ilmiy-tadqiqot markazlari, 15 ta tashkilot va kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Universitetda Germaniya Xalqaro Migratsiya va Rivojlanish Markazi (CIM), Yaponiyaning JICA va boshqa xalqaro tashkilotlar markazlari, o‘quv laboratoriyalari va mutaxassis-ekspertlari faoliyat yuritmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq