ICTExpo 2014 axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
24.09.2014
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

ictexpo_24_09_2014

Yurtimizda ICTExpo 2014 axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi o’z ishini boshladi. Ko’rgazma bir vaqtning o’zida yurtimizning Toshkent, Guliston hamda Urganch shaharlarida bo’lib o’tmoqda.

O‘n yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ICTExpo ko‘rgazmasi xalqaro IT sohasi, tadbirkorlik doiralari va ilm-fan hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda. Mazkur ko‘rgazma davlat hokimiyati organlari, bank, ta’lim, tibbiyot sohasi, tadbirkorlik, ilm-fan va ishbilarmonlik doiralari o‘rtasidagi samarali hamkorlikning ifodasiga aylangan. Aytish mumkinki, mazkur ko‘rgazma axborot texnologiyalari sohasida eng zamonaviy yutuqlar namoyish etiladigan nufuzli maydon, aloqa va axborotlashtirish mutaxassislari uchrashadigan, fikr almashadigan ahamiyatli tadbirdir.

ICTExpo 2014 ko‘rgazmasi an’anaga ko‘ra, tarmoqli ko‘rinishda tashkil etilib, bir vaqtning o‘zida Toshkent, Guliston va Urganch shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazmaning tarmoqli o‘tkazilishi AKTdan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy darajaning jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

Joriy yilgi ko‘rgazmada “Elektron hukumat” yo‘nalishi bo‘yicha texnologiya va xizmatlarni namoyish qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘rgazma davlat organlariga aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishda samarali usullardan boxabar bo‘lish imkoniyatini beradi.

Davlat boshqaruvi organlari ko‘rgazma mobaynida elektron hukumat tizimini joriy qilish bo‘yicha aniq takliflar bilan tanishish, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishda zarur bilim va malaka olishga, hamkorlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

ICTExpo 2014 ko‘rgazmasida mahalliy hamda xalqaro IT bozorining 150 ga yaqin yetakchi kompaniyalari tomonidan sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar, zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyish etiladi. Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, kompyuter texnikasini yig‘uvchi korxonalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, IT-kompaniyalar dillerlari, provayderlar, telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, vazirliklar, idoralar, bank va boshqa muassasalar vakillari o‘zlarining qiziqarli stendlarini tashkil etmoqdalar.

E’tiborli jihati, ko‘rgazmada qatnashayotganlar soni bilan bir qatorda, unda taqdim etilayotgan mahsulot va xizmatlar soni ham yildan yilga oshmoqda. O‘tgan yili ICTExpo 2013 ga 35 mingdan ziyod kishi qiziqish bildirgan bo‘lsa, bu yil ularning soni yanada oshishi kutilmoqda.

Uch kun mobaynida bo’lib o’tadigan ko’rgazma aholini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining eng so’nggi yangiliklari bilan tanishtiradi.

Manba: www.ccitt.uz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq