Navoiy viloyatida AKTdan foydalanish istiqbollari
10.09.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Fozil Teshayev.

nav_9_09_2014

WWW.NAVOI.UZ yangicha qiyofada va yangi interaktiv davlat xizmatlari bilan
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizning barcha jabhalariga izchil kirib bormoqda. Mamlakatimizda axborotlashgan jamiyat qurish bo‘yicha xalq xo‘jaligi sohalarida, ishlab chiqarish va ta’lim tizimi-da keng miqyosda islohotlar olib borilmoqda. Axborotlashtirish, zamonaviy AKT’ni jadal rivojlantirish hamda jamiyatning barcha sohalarida undan samarali foydalanish borasida ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, AKT’dan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar orasida tezkor muloqot va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlardan keng qamrovli foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 23-avgustdagi 181-sonli «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori asosida «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari haqidagi Nizom» va «Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reyestri» tasdiqlangan.

nav_9_09_2014_1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda hukumatimizning Qaror va Farmoyishlarini hayotga tatbiq etish orqali endilikda axborotlashgan jamiyat sohalarida ma’lumotlarga ishlov berish, qayta ishlash, maqsadga ko‘ra ularni shakllantirish va real vaqt oralig‘ida o‘z egasiga yetkazib berish kabi xizmatlarni amalga oshiruvchi axborot tizimlari yordamida ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlarga talablar kundan-kunga ortib bormoqda. Interaktiv xizmat deganda, soha yoki tashkilotda kechayotgan voqelik va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bazasidagi axborotlarni ehtiyojlar asosida foydalanuvchilarga o‘zaro muloqot yordamida keng qamrovli yetkazib berishni tushunish mumkin. Demak, har qanday sohada tezkor interaktiv xizmatlarni amalga oshirish uchun, avvalambor, tashkilot texnik jihozlar, kompyuterlar va ularga mos zamonaviy dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlangan hamda avtomatlashgan boshqaruv tizimiga ega bo‘lishi zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi hamda Viloyat kompyuterlashtirish markazi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 355-sonli qarori talablariga muvofiq Navoiy viloyati hokimligining rasmiy veb-sayti (www.navoi.uz) yangicha va zamonaviy ko‘rinishda ishga tushirildi hamda o‘zida 12ta interaktiv davlat xizmatlarini to‘liq ikki tomonlama (murojaat shakllarini ko‘chirib olish va elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratilgan) faoliyat ko‘rsata boshladi. Shuningdek, joriy yilda yana 70ga yaqin interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

nav_9_09_2014_2

Ushbu interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali Navoiy viloyat aholisi va tadbirkorlik subyektlari uchun vaqt hamda mablag‘ni tejagan holda sifatli davlat xizmatlaridan foydalanishga katta imkon yaratilmoqda. Bundan tashqari, hokimlikning ushbu veb-sayti orqali yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz)ga murojaat etish imkoniyati yaratilgan. Bu esa mamlakatimizda «Elektron hukumat» tizimiga o‘tishning yana bir muhim qadami hisoblanadi. Ayni paytda, my.gov.uz orqali viloyat hokimligi, shahar va tumanlar hokimliklariga tushayotgan murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi choralari ko‘rilmoqda.

nav_9_09_2014_3

Hokimlik veb-saytining ma’lumotnomalar bo‘limi orqali viloyatdagi ta’lim va tibbiyot muassasalari, oliy ta’lim muassasalari, FHDYO organlari, davlat arxivi idoralari, mahallalar, ichki ishlar bo‘limlari, tijorat banklari, soliq inspeksiyalari va moliya muassasalari, axborot-resurs markazlari, davlat notarial idoralari, sug‘urta kompaniyalari hamda mehmonxonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham olish mumkin.

Shuningdek, ushbu yangi portal orqali Navoiy viloyati hokimi qabuliga yozilish, onlayn qabulxona, fuqarolar murojaati, shahar va tuman hokimlariga taklif yoki shikoyatlar bilan murojaat etish kabi bir nechta yangi bo‘limlarning joriy etilganligi bu AKT sohasida viloyatdagi amalga oshirilayotgan ishlarning yaqqol misoli bo‘la oladi.

Elektron hujjat aylanish tizimi berayotgan samara
Davlat va boshqaruv organlari orasida elektron axborot almashishda eng ko‘p qo‘llaniladigan tizim bu elektron hujjat almashish tizimi hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011-yil 4-mayda «Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘r-tasida himoyalangan yagona korporativ elektron pochtani va elektron hujjat aylanish tizimini joriy etish choralari to‘g‘risida»gi 126-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, Navoiy viloyati, shahar va tuman hokimliklarida (is doc flow) elektron hujjat aylanish tizimi boshqaruvining butun vertikali bo‘yicha tashkil etilib, bunda viloyat hokimligining qaror va farmoyishlari, yig‘ilish bayonnomalari hamda topshiriqlari viloyat korxona va tashkilotlariga, tuman hokimliklari orqali esa tuman korxona va tashkilotlarigacha qog‘ozsiz elektron shaklda yetkazilishiga erishildi. Bu esa viloyat hokimligiga kelib tushgan hujjatlarning tez fursatda tegishlicha tuman, shahar hokimliklariga yoki korxona va tashkilotlarga yetkazish imkoniyatini yaratdi. Ushbu tizim imkoniyatlari yuqori darajada bo‘lib, ijro uchun kelgan hujjatlarning ijro muddati yaqinlashayotganini bildirib turuvchi indikatorlar o‘rnatilgan hamda ijro bo‘yicha ma’lumotlarni ham ushbu tizimga joylashtirish mumkin.

Tuman saytlari
Internet tarmog‘ida davlat idoralarining veb-saytlarini tashkil etish hamda ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi axborotlar bilan respublikamiz aholisi va xorijiy davlatlarni muntazam xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, Yurtboshimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010-yil 12-noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» nomli ma’ruzasida fuqarolarning axborot sohasidagi huquq hamda erkinliklarini ta’minlash masalasi insonning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi, erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanishini ta’kidlagan edi. Bu borada «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi.

nav_9_09_2014_4

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2014-yil 11-martda qabul qilinib, Senat tomonidan 2014-yil 10-aprelda ma’qullandi. 5-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonun imzolandi. Aytish joizki, mazkur qonun yuridik va jismoniy shaxslarga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan keng ko‘lamda foydalanishni ta’minlash, fuqarolarning axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish shakllarini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish tartib-qoidalarini belgilash, mahalliy hokimiyat organlarining qabul qilinadigan qarorlari yuzasidan javobgarligini oshirishning huquqiy jihatdan ta’minlanishiga xizmat qiladi. Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari, rasmiy veb-saytlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.

nav_9_09_2014_5

Yuqorida keltirib o‘tilgan Qonun va Qarorlarning talablaridan kelib chiqqan holda Navoiy viloyati, barcha tumanlari, Navoiy va Zarafshon shaharlar hokimliklarining o‘z rasmiy veb-saytlari yaratildi, mavjudlari esa Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 355-sonli qarori talablariga muvofiq yangilandi.

nav_9_09_2014_6

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-martdagi PP-1730-sonli «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining ijrosi yuzasidan Navoiy viloyatida o‘z rasmiy veb-saytiga ega bo‘lishi zarur deb topilgan viloyatdagi 38ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan 10tasi shahar va tuman hokimliklari hamda 28tasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridir. Bugungi kunda shahar va tuman hokimliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining 35tasi o‘z rasmiy veb-saytlarini ishga tushirgan.

«Elektron davomat» tizimi joriy qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi hamda «Navoiy PROGRESS» MChJ bilan hamkorlikda Navoiy informatika va elektron sanoat kasb-hunar kollejiga 2013–2014 o‘quv-yilida o‘quvchi, o‘qituvchi va ishchi xodimlarning ish va dars jarayonlariga qatnashishini elektron nazorat qilish uchun «Elektron davomat» tizimi o‘rnatildi.

Ushbu tizim orqali o‘quvchi va o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlariga to‘liq qatnashishlarini, ular orasida nazoratsizlik, jinoyat va huquqbuzarlikning oldini olish, jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda, ta’lim muassasasi hamda ota-onalarining o‘zaro amaliy hamkorligi va tezkor axborot almashinuv mexanizmini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan.

«Elektron davomat» tizimining ishlash tamoyili har bir o‘quvchi, o‘qituvchi va ishchi xodimga berilgan ruxsatnomasi maxsus shtrix kod bilan ta’minlangan bo‘lib binoning kirish va chiqish joyiga ushbu maxsus kodni o‘qiydigan skaner qurilmasi joylashtirilgan. Kirish va chiqish joyiga o‘rnatilgan veb-kameralar orqali o‘quvchilar ruxsatnoma skaner qurilmasidan o‘tkazilayotgan vaqtda suratga olinadi va serverning ma’lumotlar bazasida saqlanadi. Shuningdek, ushbu tizim orqali o‘quvchilarning davomatini kunlik, haftalik, oylik monitoring qilish imkonini yaratib berdi. Ish va dars mashg‘ulotlariga kechikib kelishlar, erta ketib qolishlarning oldini olishga hamda o‘quvchilarning kunlik o‘rtacha davomati 98 foizga ko‘tarilishiga erishildi. Shu bilan bir qatorda, dars mashg‘ulotlariga uch kun, bir hafta va undan ortiq kelmaganlar to‘g‘risida alohida ma’lumot olish mumkin.

Tizimning yana bir alohida muhim jihatlaridan biri — bu ota-onalarga farzandlarining dars mashg‘ulotiga borgan yoki bormaganligi to‘g‘risidagi xabar qisqa SMS-xizmati orqali mobil telefoniga yetkaziladi va xabardor qilinadi.

«Bemorlarni elektron ro‘yxatga olish» tizimi
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi hamda Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda «Bemorlarni elektron ro‘yxatga olish» tizimini joriy etish kelgusidagi ishlarning bosh rejasida turibdi. Ushbu tizimning afzalligi tibbiyot muassasasining ish faoliyatini avtomatlashtirishdan iborat bo‘lib, maxsus dasturiy mahsulot orqali tez fursatda bemorni ro‘yxatga olish va barcha zarur bo‘limlarga yo‘llanmalarni elektron shaklda berish imkoniyatini yaratib beradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq