«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi ishlarining natijalari
08.09.2014
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

gov_08_09_2014

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli Qarori, Respublika komissiyasining 2-sonli Bayoni hamda Vazirlar Mahkamasining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida» 2013-yil 25-maydagi 18-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi tomonidan davlat buyurtmasi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ahamiyatli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Hukumatimiz tomonidan tasdiqlangan 2013–2014 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha jami 20ta davlat buyurtmasi loyihalaridan O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tashabbusi asosida 13ta loyihalarning loyiha hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar imzolanib, loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi (2ta loyiha), Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbuskorligida jami 7ta davlat buyurtmasi loyihasini amalga oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ishchi guruhlari tashkil qilinib, tegishli davlat tashkilotlari va idoralar bilan hamkorlik qilinmoqda. Hozirgi kunda ushbu loyihalar bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlash va axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini tatbiq etish va amalga oshirish yuzasidan tanlov o‘tkazilib, tomonlar o‘rtasida shartnomalar imzolanib, texnik topshiriqlar (TZ) ishlab chiqildi. Shu bilan birgalikda, 12ta loyiha bo‘yicha Dastlabki texnik iqtisodiy hisob-kitoblarni(DTIH) ishlab chiquvchini tanlov asosida oldindan aniqlanib, DTIH ishlab chiqish boshlab yuborildi.

gov_08_09_2014_1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609 sonli «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, amalga oshirilish muddatlari jadallashtirilgan 6ta (Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasini yaratish, Yuridik shaxslar ma’lumotlar bazasini yaratish, «Litsenziya» axborot tizimlari kompleksi (ATK)sini yaratish, «Bojxona» Axborot tizimlari kompleksini integratsiyalash, «Soliq» Axborot tizimlari kompleksini integratsiyalash, «Kommunal» Axborot tizimlari kompleksini integratsiyalash) loyihalar bo‘yicha yangi reja-jadval va chora-tadbirlar ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishildi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Ushbu loyihalar bo‘yicha bugungi kunda tezkor tartibda DTIH ishlab chiqilmoqda.

Litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat etuvchi tadbirlarni rasmiylashtirishni elektron ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan:

  • «Elektron hukumat» tizimi doirasida tadbirlarni tezlashtirish, litsenziyalash sohasida litsenziya berish jarayonlarini interaktiv ko‘rinishga o‘tkazish chora-tadbir tizimini yaratish yuzasidan Davlat aloqa qo‘mitasi va davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda ushbu chora-tadbirning ijrosini tezlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 15-apreldagi PQ-2164-sonli «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosi doirasida elektron shaklda hisobotlarni taqdim etish, interaktiv xizmatlar va to‘lovlarni amalga oshirish uchun interaktiv davlat xizmatlari Yagona portalida «Tadbirkorlik subyekti shaxsiy kabineti»ni yaratishni tezlashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan Kompleks chora-tadbirlar tasdiqlangan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlar yuzasidan muntazam ravishda ishlar reja asosida olib borilmoqda.
  • Shuningdek, interaktiv davlat xizmatlari Yagona portali orqali litsenziya shartnomalari talab va shartlari ijrosi bo‘yicha tadbirkorlik subyektlaridan elektron shaklda davriy hisobotlar olish uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ruxsat berish tartib-tamoyillarini o‘z ichiga oluvchi quyidagi tadbirlar bajarildi.
  • Yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsat berish, ko‘chmas mulkka egalik huquqini qayd etish, ularni elektr ta’minoti tarmoqlariga ulash bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasiga ularni soddalashtirish va elektron shaklga o‘tkazishni tezlashtirish bo‘yicha takliflar kiritildi. Mazkur takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi, jumladan, ruxsat berish tartib-taomillari bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni joylashtirish va keyinchalik ularni doimiy ravishda yangilab borish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur masala bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 355-sonli «O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yaqin istiqbolda esa quyidagi ruxsat berish bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlar elektron shaklga o‘tkazish arafasida turibdi:

  • mobil telefon raqami orqali tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
  • suv, kanalizatsiya, elektr va gaz tarmoqlariga elektron arizasi orqali ulanish;
  • mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotib olishga elektron ariza berish.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi holatini baholash tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan:

O‘z navbatida, «Elektron hukumat» markazi tomonidan mazkur o‘zgartirishlar asosida joriy yilning III choragidan boshlab davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi va rivojlanishi samaradorligini baholash jarayonida ularning veb-saytiga qo‘yilgan ushbu talab ijrosini ham inobatga olish lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni talablaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 2-iyulda 176-sonli qarori bilan «Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida Nizom» tasdiqlandi va 2015-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritiladi. Aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan xo‘jalik boshqaruvi organining korporativ veb-sayti Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 355-sonli «O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan talablarga ham muvofiq bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yildi.

Yuqorida keltirilgan talablarni amalga oshirish uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2013–2020 yillarda Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish Kompleks dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi holatini baholash metodikasi»ga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi o‘rganib chiqilmoqda. Shu bilan birga, Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi holatini baholash tizimi samaradorligini oshirish, xususan, baholashda ekspertlar ishtirokining xolisligini ta’minlash, baholash uslubida aniqlik va baholash natijasida, ravshanlikni ta’minlash maqsadida mazkur tizimni avtomatlashtirish masalasini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Chunonchi, mavjud tartibga asosan ekspertlarning birgina davlat tashkilotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi holatini mukammal darajada baholashga o‘rtacha hisobda 5 soat talab etilishi, umumiy hisobda barcha tashkilotlarning baholash samarasiga ta’sirini ko‘rsatadi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini rivojlantirish bo‘yicha:

Yagona portalda keng ko‘lamli, yirik loyihalar amalga oshirilgan ishlarni alohida ta’kidlab o‘tish joizdir. Xususan:

  • yagona portalga bugungi kunga kelib, 600dan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimiyatlar, jumladan, shahar va tuman hokimliklari ulandi;
  • turmush tarzining turli jabhalarini qamrab oluvchi 200 xildagi xizmatlar joriy qilindi;
  • davlat organlari rahbarlari qabuliga onlayn yozilish, davlat organlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari uchun ma’lu-motnomalarni yuborish, biometrik pasportni olish yuzasidan onlayn arizani yuborish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishda ba’zi bir ruxsat berish jarayonlarini onlayn amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek, aholi va davlat organlari uchun boshqa qator qulayliklar yaratildi;
  • yagona portaldan foydalanish bo‘yicha davlat organlari mas’ullari uchun huquqiy-me’yoriy hujjatlar, qo‘llanmalar ishlab chiqildi;
  • aholi murojaatlarini olish, qayta ishlashning markazlashgan tizimi joriy qilinib, uning yordamida aholi murojaatlariga nisbatan davlat organlarining munosabatini — muddatini, sifatini nazorat qilish, monitoringini yurgizish mumkin bo‘ldi;
  • davlat organlari mas’ul xodimlarining Yagona portalda ishlash bo‘yicha ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan o‘quv-kurslari yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan davr ichida aholi tomonidan davlat organlariga Yagona portal orqali 30 mingdan ziyod murojaat yuborildi. Ulardan 87 foiziga vakolatli davlat idoralari tomonidan javob yo‘llangan. Murojaatlarning 3962tasi (13%) ko‘rib chiqish jarayonida. Murojaatlarning 2916tasi (10%) yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan. Mazkur murojaatlarning 61,3 foizini arizalar, 8,8 foizini takliflar, 28,6 foizini shikoyatlar tashkil etadi.

Tahlillar murojaat yo‘llayotgan aholining 85 foizi davlat organlarining javobini elektron pochta orqali olishni afzal ko‘rishini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda quyidagi xizmatlar Yagona portaldagi eng ommabop, ko‘p foydalanilayotgan xizmatlarga kiradi:

  • murojaat yo‘llash;
  • sudlanganlik yoki sudlanmaganlik holati to‘g‘risida ma’lumot olish;
  • mehnat staji to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomasini olish;
  • yuridik shaxsni tashkil qilmasdan tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun onlayn ariza yuborish;
  • Toshkent shahrining Olmazor tumanida joriy qilingan sinov loyiha — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun biometrik pasport olishda onlayn ariza yuborish.

Shuningdek, Yagona portalda tadbirkorlik sohasi rivojiga xizmat qiluvchi, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlarni joriy qilishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Yana shuni ta’kidlab o‘tish joizki, 2014-yil 1-yanvardan boshlab Yagona portalda tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatga olish xizmati joriy qilingan bo‘lib, bugun xohlovchilar tadbirkorlik subyekti sifatida ruxsat berish jarayonlarini onlayn amalga oshirishlari mumkin.

Tadbirkorlik subyektlari o‘z haq-huquqlari buzilgan, to‘siqlarga duch kelgan, ishlariga asossiz ravishda aralashish yuz bergan holatlarda Yagona portal orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, adliya organlariga murojaat etishlari mumkin.

Aholining internetdan foydalanmaydigan qismi uchun tashkil etilgan Yagona portal «Call-center» — Ma’lumotlar xizmati «8-800-200-18-18» raqami orqali yurtdoshlarimiz qo‘ng‘iroq orqali ariza, taklif va shikoyatlarini davlat organlariga yubormoqdalar. Mazkur qulaylikni yanada soddalashtirish maqsadida, ushbu telefon raqamlari qisqa — «1060» raqamida ishga tushirildi. «1060» raqami orqali xizmat ko‘rsatish bepul, qo‘n-g‘iroq narxlari abonentning shahar telefonlariga chiqish tarifi narxlarida belgilangan.

«Call-center» orqali bir yil mobaynida 7630ta qo‘ng‘iroq qabul qilingan bo‘lib, davlat organlariga 1240dan ziyod aholi murojaatlari yuborilgani qayd etildi.

Yagona davlat interaktiv xizmatlari portalining ishga tushirilishi davlat organlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, xizmat ko‘rsatish munosabati samaradorligini yanada oshishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birgalikda, ayrim davlat organlari xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida yangi tashabbuslar bilan chiqayotgani kuzatilmoqda. Misol uchun, Yagona portalda «O‘zarxiv» agentligi tashabbusi bilan «Arxiv ma’lumotlarini onlayn taqdim qilish», O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi asosida «Sudlanganlik yoki sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotni onlayn taqdim etish», O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining taklifiga binoan «Iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlari to‘g‘risida Yagona portal orqali shikoyat yo‘llash», O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Bojxona to‘lovlari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etish» hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi ta’lim muassasalarida Elektron ta’limni joriy etish markazi bilan hamkorlikda «Abituriyentlarning hujjatlar to‘plamini qaytarib olish uchun elektron murojaat yuborish» kabi ommabop xizmatlar joriy etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PF-4609-son Farmoni hamda 2014-yil 15-apreldagi PQ-2164-sonli «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, joriy yilda Yagona portalda qator yangi xizmatlar joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Yagona portalda tadbirkorlik subyektlari huquqlari buzilish holatlari bo‘yicha shikoyat yo‘llash, O‘lchov vositalarining davlat metrologik tekshiruvini o‘tkazishga ariza berish, Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun arizalarni rasmiylashtirish, kommunal xizmatlarga oid yuzaga keladigan muammolar, xususan, suvning kuchsiz bosimi, issiq suvning past harorati, elektr energiyasi va gazni ogohlantirishlarsiz uzib qo‘yilishi, suv-oqava muammosi yoki chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmasligi bilan bog‘liq masalalarda shikoyatlarni yo‘llash imkoni aynan yuqorida sanab o‘tilgan qonun hujjatlariga muvofiq ishga tushirildi.

Davlat interaktiv xizmatlari Yagona portalini takomillashtirish bo‘yicha Loyiha guruhi tuzilishi bilan birga yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni amalga oshirish ishlari jadallashdi. Xususan, 2014–2015 yillar mobaynida 25ta davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining yuzdan ortiq xizmatlarini optimallashtirish va davlat interaktiv xizmatlari Yagona portaliga joriy etish vazifasi qo‘yilgan. Jumladan, 2014-yilning 2-choragi davomida 13ta davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining 24ta xizmatlari tanqidiy o‘rganib chiqildi va BPR metodikasi asosida ushbu xizmatlarning istiqbolli modellari ishlab chiqildi. 2014-yilning 3 va 4-choraklari, shuningdek, 2015-yil davomida yana 12ta davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining 80ga yaqin xizmatlarni tanqidiy o‘rganib chiqish va xizmat ko‘rsatishning istiqbolli modellarini ishlab chiqish va davlat interaktiv xizmatlari yagona portaliga joriy etish rejalashtirilgan.

Yagona portalda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida katta loyihalar rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda mazkur loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik sohasida eng istiqbolli imkoniyatlardan biri bo‘lishi ko‘zda tutilayotgan «Tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kabineti»ni yaratish oldimizda turgan muhim maqsadlardan biri hisoblanadi. Ma’lumot uchun yana shuni ta’kidlash mumkinki, istiqbolda To‘lov terminallari va nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlash uchun elektron ariza berish, Mobil telefon raqami orqali tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, suv, suv-oqava, elektr va gaz tarmoqlariga elektron arizasi orqali ulanish, Shtrix kod olish uchun elektron ariza yuborish kabi xizmatlarni joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish imkoniyatini beruvchi tashqi savdo faoliyati subyektlari uchun interaktiv xizmatning joriy etilishi borasida ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq