Ахborot uzatishda tasviriy va foto san’atining o‘rni
08.09.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Marufa Azizova.

axbo_8_09_2014

Mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasining rivojlanish yo‘llari bilan tanishish maqsadida «Aloqa tarixi muzeyi» bo‘ylab sayohatimizni davom ettirib, juda qiziqarli materiallarni jamlagan eksponatlardan biriga duch keldik. Bu pochta varaqchalari va tabrik otkritkalarini namoyish etgan eksponatlar qatori edi.

Mazkur pochta varaqchalarida ham rossomlar tomonidan mohirona ishlangan rasmlar, ham asrlar osha bizgacha yetib kelgan fotosuratlar aks ettirilgandi. Ularni tomosha qilar ekanmiz, insoniyat tarixida tasviriy san’at va foto san’ati ham axborot uzatuvchi vositalar safida muhim o‘rin tutganligiga guvoh bo‘ldik. Shu o‘rinda mazkur aloqa vositalaridan qachon va qanday foydalana boshlaganlar degan savol tug‘ildi. Ushbu savolga javob topish uchun yana tarixiy ma’lumotlarga nazar tashladik.

axbo_8_09_2014_1

Juda qadim zamonlardan odamlar orasida muloqot, tezkor axborot uzatish va qabul qilishga ehtiyoj paydo bo‘lib, kun sayin kuchaya borgan. Axborot almashish maqsadida bir qator axborot tashuvchi vositalar yaratilib, ulardan foydalana boshladilar. Davrlar o‘tishi bilan mehnat jarayonining takomillashishi va ilm taraqqiyoti natijasida, axborot almashishda ko‘plab yanada takomillashgan axborot tashuvchi vositalar ham yaratila boshlandi.

Asta turli sohalar qatori madaniyat va san’at namunalarining turlari ham paydo bo‘ldi va rivojlana boshladi. Mehnat jarayonida inson tafakkuri kamol topdi, go‘zallikka intilish hissi ortdi, voqelikning mazmun-mohiyatini anglash, atrofdagi go‘zallikni e’zozlash, har bir ishda qulaylik va manfaatdorlilikka intilish tushunchalari kengaydi.

axbo_8_09_2014_2

Ma’lumki, ajdodlar tomonidan yaratilib qoldirilgan qadriyatlar o‘zida inson aql-zakovati, hayot to‘g‘risidagi tushunchalarini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Jahon tarixida yaratilgan nodir yodgorliklar bilan tanishish, o‘tmish ajdodlarimizning hayotiy tajribalarini o‘rganish inson g‘oyaviy-estetik qarashlarining shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Avlodlarning hayotiy tajribalari boyib, hayotga yanada keng va atroflicha yondashuvda bo‘lishga yordam beradi. Tasviriy san’at ham insoniyat tarixida ana shunday — inson tafakkurining mahsuli sifatida paydo bo‘lgan, shakllangan va takomillashgan.

Tasviriy san’at — biror yuzalik (devor, qog‘oz, doska, polotno va xolst (rasm chizishda kanopdan tayyorlangan mato)da obyektni ranglar orqali haqiqiy hayotdagidek tasvirlab, tomoshabinga uzatish san’atidir. Tasviriy san’atdan maqsad — tasvirlangan rasmda ayrim badiiy g‘oyalar, davr ruhi, kayfiyatlar va sharoitlarni ifodalashdan iborat.

axbo_8_09_2014_3

Tasviriy san’at tarixi insoniyat taraqqiyoti bilan barobar yuzaga keldi va taraqqiy etdi. Qadimdan qoya toshlarida, devorlarda yaratilgan va axborot uzatishda foydalanilgan barcha belgi va yozuvlar aynan tasviriy san’atning boshlang‘ich qadamlari bo‘lgandi. O‘z vaqtida Leonardo da Vinchi ham tasviriy san’at — bu tabiat, vaqt va inson tomonidan yaratiladigan san’atdir deb ta’kidlagandi.

Tasviriy san’at tasviriy sujetlar orqali axborotni tomoshabinga yetkazuvchi san’at turi bo‘lib, unda voqelikni ranglar jilosida to‘laqonli aks ettira oluvchi musavvirlar o‘z asarlarida zamonaviy voqealarni turli ko‘rinishda tasvirlash va shu voqelikdan olgan dastlabki taassurotlarini tasvirlashga harakat qiladilar. Shuning uchun tabiatga alohida e’tibor berib, atrof-borliq va osmonni, nur va ranglar jozibasini bir mato yuzida jonlantirib, ifodalashga harakat qiladilar.

axbo_8_09_2014_4

Qadimdan mamlakatimiz hududida yashab, o‘zidan qimmatli tasviriy asarlar qoldirgan musavvirlar haqida ko‘p o‘qiganmiz, ularning asarlaridan bahramand bo‘lganmiz. Xususan, buyuk musavvir Kamoliddin Behzod nomi ko‘pchilikka tanish. Davrlar o‘tishi bilan tasviriy san’at sohasi ham taraqqiy etib bordi, ayniqsa, XX asrga kelib, bu sohada keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Asr boshlarida o‘lkamizdagi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar tasviriy san’atda ham o‘z ifodasini topdi. Buni tasviriy san’at asarlari mazmunida, ularning sujet va motivlarida, real hayot voqeliklarini mohirona tasvirlashga intilishlarida ko‘rish mumkin.

Bunday o‘zgarishlar jahon va o‘zbek tasviriy san’ati an’analarining bir-biriga yaqinlashishi va uyg‘unlashib ketishi natijasida paydo bo‘lgan yangi va yangi uslublarda ham namoyon bo‘la boshladi. Masalan, 1886-yil rassomlar ko‘rgazmasi o‘tkazilgan bo‘lib, unda A. Karazin, I. Kazakov, S. P. Yudin, R. Zommer, To‘xta-Sodiq Xo‘jayev kabi rassom va haykaltaroshlarning asarlari qo‘yilgandi.

axbo_8_09_2014_5

1915-yil bosmadan chiqqan S. Siddiqiyning «Ko‘ro‘g‘li» epik asariga ishlangan grafik illyustratsiyalar mazkur davrda tasviriy san’at rivojidan guvohlik berardi. Shu davrga kelib, O‘zbekistonda san’atni targ‘ib etish, ko‘rgazmalar uyushtirish, muzeylarni milliylashtirish kabi ishlar amalga oshirildi. 1918–1920 yillarda Toshkent, Samarqand shaharlarida badiiy maktablar ochildi.

Ularga ko‘plab mahalliy yoshlar jalb etildi. Bunda milliy rassomlar faol ishtirok etdi. Shu bilan birga, o‘zbek xalq san’atini o‘rganish orqali rassomlar haqiqiy milliy san’at namunasini yaratishga, o‘z asarlarida davrning muhim voqealarini aks ettirishga harakat qildilar. Davrlar o‘tib, mazkur san’at sohasi mamlakatimizda rivojlanib, zafarli yo‘llarni bosib o‘tdi, ayniqsa, mamlakatimiz istiqlolidan keyin yanada taraqqiy etib bormoqda.

Foto (grek tilida foto — nur) — san’atning nur bilan tasvir yaratish turidir. Foto san’ati bir vaqtda bir necha inson tomonidan yaratilgan. Mazkur ixtiro dunyoga kelishi zaminida jahonning ko‘plab mamlakatlari avlodlarining mehnatlari yotadi. Qadimdanoq odamlar rassomlarning mashaqqatli va uzoq muddatli mehnatlarini talab etmaydigan tasvirlarga ega bo‘lishga intilganlar. Bunga asta zamin yaratilib bordi. Masalan, quyosh nuri qorong‘u xonalarning kichik darchasidan tushib, taram-taram nurida tashqi olam manzarasini aks ettirishiga hayrat bilan boqqanlar.

axbo_8_09_2014_6

Bunda predmetlar aynan o‘z rangi va shaklida, biroq kichraygan holda ko‘rinadi. Qorong‘u xonaning mazkur xususiyati miloddan oldingi IV asrda yashab o‘tgan qadimgi yunon allomasi Arastuda katta qiziqish uyg‘otgan. Foto san’ati tarixida buyuk olim va musavvir Leonardo da Vinchi, XIII asr olimi Galileo Galiley, rus olimi M. V. Lomonosovning ilg‘or fikrlari asos bo‘lgan. Shu tariqa, ko‘p asrlik taraqqiyot yo‘lini bosib, ilmiy fikrlar jamlangan fotoapparat qurilmasi yaratilgan. Mazkur qurilma tashqi olam tasvirini ishonchli aks ettirish vositasi bo‘lib xizmat qilib keladi.

Mamlakatimizda kitoblar chop etilishi, ommaviy axborot vositalari rivojlanishi bilan foto san’ati ham keng doirada rivojlanib bordi. Hozirgi davrga kelib, fotoapparat qurilmasining ko‘plab zamonaviy ko‘p funksiyali, raqamli avlodlari ishlab chiqilganki, unda axborotni saqlash, uzatish juda qulay va tezkor tarzda amalga oshiriladi.

axbo_8_09_2014_7

«Aloqa tarixi muzeyi» zallarini aylanarkanmiz, fotoapparatlarning ayrim dastlabki turlari bilan ham tanishishga muyassar bo‘ldik. Biroq bu safar yuqorida tilga olingan pochta varaqchalari va tabrik otkritkalari haqida fikr yuri-tishni maqsad qilganligimiz sababli yana ular namoyish etilgan ekspozitsiyalarga e’tibor qaratdik. Ularni tomosha qilib, axborot almashishda, axborot uzatishda aynan tasviriy va foto san’atidan foydalanilganligining guvohi bo‘ldik.

Ma’lumki, pochta varaqchalaridan asosan axborot uzatishda foydalanilgan. Qiziqarli tomoni shundaki, mazkur pochta varaqchalarida ma’lumot qayerdan uzatilayotganligi uning yuzida ifodalangan rasm yoki suratda aks ettirilgan. Mana, ulardan birida XIX asrdagi Buxoro tasviri ifodalangan. O‘sha davrda, pochtachi qo‘lidan varaq-chani olayotgan shaxs — mazkur varaqcha Buxorodan xabar ekanligidan undagi tasvirni ko‘riboq voqif bo‘lgan. Shu tariqa, yana bir pochta varaqchasida o‘sha davrdagi Toshkent shahri tasviri, yana boshqasida esa qadimiy asori-atiqalarimiz tasviri yoki suratlari tasvirlangan. Ha, ularning har birida olam-olam tarixiy ma’lumotlar mujassam.

O‘sha davr otkritkalarida ham ko‘pincha, tabiat manzaralari, shaharlar ko‘rki-tarovati yoki tarixiy yodgorliklar aks ettirilgan. Yuqorida ta’riflangan pochta varaqchalari asosida ishlab chiqarilgan otkritkalar vositasida odamlar quvonchli damlar, bayram va tantanalar bilan bir-birlarini qutlaganlar. O‘z nomi bilan tabrik otkritkalari asosan shaxslararo munosabatlarda quvonch ulashuvchi aloqa vositasi bo‘lgan.

Bundan tashqari, turli tadbirlar, tantanalar va shaharlar manzaralarini namoyish etishga bag‘ishlangan alohida pochta otkritkalari ham chop etilgan. Ko‘plab nusxada nashr etilgan mazkur pochta varaqchalari va otkritkalar ham aloqa vositalari hisoblangan. Mamlakatimiz muqaddas qadamjolari, biror shaharning qutlug‘ sanasi arafasida bunday otkritkalar majmua, kitobcha shaklida ham chop etilgan.

axbo_8_09_2014_8

Ularning har birida mazkur shahar manzarasining turli qirralari, binoyu inshootlari, ishlab chiqarish korxonalari, muassasalar o‘z aksini topgan. Masalan, butun dunyo ahliga ma’lumu mashhur bo‘lgan Samarqand, Toshkent, Xiva, Buxoro shaharlari qutlug‘ sanalariga bag‘ishlangan otkritkalar to‘plamlarini ko‘rish mumkin.

Ularni tomosha qila turib, bir vaqtning o‘zida ham mamlakatimizda aloqa tarixining rivojlanishi, ham tasviriy san’at hamda foto san’atining taraqqiy etib borganligiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur pochta varaqchalari va tabrik otkritkalaridan uzoq davrlar mobaynida faol foydalanganlar. Ushbu aloqa almashish vositalari, ularning muallif-musavvirlari, fotosuratchilari, chop etilgan davrlari, nashriyotlar haqida uzoq fikr yuritish mumkin, mazkur ma’lumotlarga qiziqqanlar «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurishlarini tavsiya etgan bo‘lardik. Har holda: «Ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal» — deb bejiz aytmaganlar.

Yillar o‘tib, aloqa tarixida axborot almashish, saqlash va uzatishda yaratilgan yanada qiziqarli va tezkor vositalar pochta varaqchalari va tabrik otkritkalarining ham o‘rnini egallab bordi. Hozirgi davrga kelib, axborot texnologiyalarining rivoji va Internet tarmog‘i taraqqiyoti tufayli bayramlar yoki turli tantanalar munosabati bilan yaxshi kayfiyat uzatuvchi aloqa vositalari bo‘lgan aynan haqiqiy pochta tabrik otritkalariga o‘xshash, faqat virtual tabrik otkritkalarini ko‘pchiligimiz olishga muyassar bo‘lyapmiz.

Virtual otkritkalar ham kayfiyatingizni ko‘tarish va quvonch bag‘ishlashda haqiqiylaridan qolishmaydi. Aksincha yillar o‘tib sarg‘aymaydi va saqlash uchun joy ham talab etilmaydi. Haqiqiy pochta varaqchalari va otkritkalari esa kun sayin tarix zarvaraqlarida qolib, xususan muzeylardan joy olib, go‘yoki mamlakatmiz aloqa tarixi rivojida qanday o‘rin tutganligi haqida so‘zlaydi.

Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM. UZ jurnali xodimlarining hamkorlikdagi loyihalari asosida tayyorlandi. Maqolada turli adabiyotlar va manbalardan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq