YOZ – bunyodkorlik sari undaydi
03.09.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: E’zoza Karimova.

yoz_03_09_2014

O‘zbekistonimizda yoz fasli. Ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlari tugab, ta’tillar mavsumi boshlandi. Ko‘pchilik bu davrda soya-salqin joylarga dam olish uchun yo‘l oladi, ayrimlar salomatligini tiklash uchun tog‘lar bag‘ridagi turli maskanlarga oshiqadi, o‘quvchi bolajonlarga ham bolalar oromgohlari o‘z quchog‘ini ochadi. Barcha sinov va imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan oliy ta’lim muassasalari talabalari esa allaqachon, ruhan yengillikni his etib, o‘z tanlagan kasbiy-mutaxassisliklari sohasida yana bir bosqichga ko‘tarildilar.

Yoz fasli mobaynida amalga oshirish uchun dillariga tugib qo‘ygan, rejalashtirgan maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga intiladilar. Yoshlik shijoati ularni jazirama yoz oftobidan himoya etuvchi soya-salqin joylarga borib dam olishni emas, balki ezgu-ishlarni amalga oshirishga undaydi.

Umuman olganda, Respublikamizning qaysi burchagiga bormang, «serquyosh o‘lka» deb ataluvchi mamlakatimiz aholisi doim bog‘u-rog‘lar barpo etish, qurish, bunyod etish kabi ishlarni amalga oshirayotganligining guvohi bo‘lamiz. Mehnatsevarlik xalqimizga xos xususiyatlardan biri, aholimiz o‘z yaratuvchanligi bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Bu xislat, ayniqsa, yoz faslida yaqqol namoyon bo‘ladi. Yoz faslida mamlakatimiz bo‘ylab har tomonda qurilish, bog‘u-gulzorlar barpo etish ishlari avj oladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) talabalari ham ta’til davrida bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishni maqsad qilib, ko‘plab ishlarni rejalashtiradilar. Masalan, o‘tgan yil yoz faslidagi ta’til kunlarida TATU talabalari tomonidan «Bunyodkor yoshlar — 2013» shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab kompyuter savodxonligi kurslari bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan edi. TATU va uning filiallari professor-o‘qituvchilari va 2–3 kurs ko‘ngilli talabalaridan «Bunyodkor yoshlar-2013» guruhlari tashkil etilib, mamlakatimiz hududlari bo‘ylab yashaydigan aholining kompyuter savodxonligini oshirish va ularga internetdan foydalanishni o‘rgatish ishlari bilan shug‘ullangan edilar. Bu ish chekka tumanlarda istiqomat qilayotgan yoshlarni, kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilarini va universitet talabalarining yozgi ta’tilini samarali tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish hamda zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim darajalarini oshirish maq-sadida tashkil etilgandi. 2013-yilda TATU va uning filiallaridan, jami 481 nafar talaba va 73 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilib, kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘quv kurslari ikki smenada tashkil etilgan va respublika bo‘yicha 9000dan ortiq aholi vakillari o‘qitilgan edi.

yoz_03_09_2014_1

2014-yilda ham ushbu an’ana davom ettirilib, «Bunyodkor yoshlar-2014» — 12 soatlik kompyuter savodxonligi kurslari tashkil qilindi. Kurslarga o‘qituvchi sifatida TATU va uning filiallari talabalaridan 496 nafari jalb etildi. 2014-yilda bu kurslarda respublikamiz aholisining 15 000dan ortig‘ini o‘qitish reja qilib olingan bo‘lib, hozirda respublikamizning barcha viloyatlarida belgilangan kasb-hunar kollejlari va akademik litsey binolari hamda mahallalarda aholi vakillarini o‘qitish ishlari olib borildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2013-yil 23-sentabrda tasdiqlangan 08/1-417-sonli «Respublika milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini 2013–2020 yillar mobaynida rivojlantirish kompleks dasturini amalga oshirishda qatnashuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va joylardagi mahalliy davlat hokimiyati xodimlarini o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha tadbirlar dasturi» hamda O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2014-yil 7-apreldagi 118-sonli buyrug‘iga muvofiq, joriy yilda hududlarda yashaydigan aholini va tadbirkorlik subyektlarining kompyuter savod-xonligini oshirish va ularga internetdan foydalanishni o‘rgatish bo‘yicha «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyalari filiallarida ochilgan markazlarda ham Kompyuter savodxonligi kurslari tashkil etildi.

Har yili yoz faslida TATU talabalari rejalashtirgan ishlarni samarali amalga oshiradilar, shunday ezgu ishlardan so‘ng ularning munosib hordiq chiqarish, sog‘liqlarini yaxshilab tiklab olishlari uchun universitet sog‘lomlashtirish oromgohlari o‘z bag‘riga chorlaydi. Ma’lumki, dastlabki dam olish (o‘quv-ishlab chiqarish bazasi) majmuasi 1961-yilda tashkil etilgan. U Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Xondayliq qishlog‘idagi bahavo tog‘ bag‘rida joylashgan. Dam olish majmuasida 6ta kottej, ikki qavatli bino, uchta ayvon, oshxona, tibbiyot xonasi, kattalar va yosh bolalar uchun 2ta suv havzasi mavjud. Dam olish majmuasining umumiy maydoni 8,1 gektar bo‘lib, unga turli mevali va manzarali daraxtlar ekilgan, gulzorlar barpo etilgan. Dam olish majmuasida bir yo‘la yuzga yaqin dam oluvchi hordiq chiqarishiga mo‘ljallangan.

Majmua hududidagi ariqlarda doimo tog‘ning zilol suvlari oqib turadi, oqshom chog‘i elektr yoritish tizimlari hudud manzarasini nurafshon etib, o‘zgacha chiroy bag‘ishlaydi. Majmuada universitetning ishchi-xodimlari, professor-o‘qituvchilari farzandlari bilan va talabalar dam olishlari uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Kapital ta’mirdan chiqarilgan kottejlarda doimo sovuq va issiq suv bor, yuvinish xonalari zamonaviy jihozlangan. Sovuq mavsumlarda dam oluvchilar uchun isitish tizimi mavjud. Dam oluvchilar sport turlari bilan shug‘ullanishlari, madaniy dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sog‘lomlashtirish, dam olish majmuasidagi oshxona bir kunda uch mahal dam oluvchilar xizmatida.

Ma’lumki, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga ham alohida katta ahamiyat beriladi. Universitet dam olish maskanlarida ham sportga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda sport va trenajyor zallari zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda muntazam ravishda, futbol, voleybol, tennis, shaxmat, shashka kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib boriladi. Talabalar an’anaviy universiadalariga tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelinadi, shu sababli ham TATU talabalari ko‘p yillar mobaynida, mazkur universiadalarda muvaffaqiyatli qatnashib, talaygina oltin, kumush, bronza medallarini jamlashga muyassar bo‘lganlar.

Oliy ta’lim muassasasida professor-o‘qituvchilar, ishchi xodimlar va talabalarni mukofotlash va zarur hollarda ularga moddiy yordam ko‘rsatish universitetning kasaba uyushmasi tomonidan budjetdan tashqari mablag‘lar evaziga amalga oshiriladi. Professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalarning ma’naviy hordiq chiqarishlari uchun konsert va teatrlarga universitet hisobidan chipta olib berish muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Universitet rahbariyati kasaba uyushmasi tomonidan talaba, o‘qituvchilarga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi, bu esa ularning kelgusi o‘quv yilidagi ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishlarida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatishiga shubha yo‘q.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq